Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi VERTEBROGEN VA NOVERTEBROGEN OG‘RIQLAR

VERTEBROGEN VA NOVERTEBROGEN OG‘RIQLAR


Vertebrogen va novertebrogen og‘riqlarni bir-biridan farqlay olish o‘ta muhim diagnostik ahamiyatga ega. Umurtqa pog‘onasi patologiyasi sababli yuzaga kelgan og‘riqlarga vertebrogen og‘riqlar deyiladi. Orqa miya, uning pardalari, ildizchalari, spinal gangliyalar va nervlar zararlanishi sababli yuzaga kelgan og‘riqlarga novertebrogen og‘riqlar deb aytiladi.

 

2.6jadval

Vertebrogen va novertebrogen og‘riqlar etiologiyasi

Vertebrogen og‘riqlar

 

Novertebrogen og‘riqlar

Umurtqa osteoxondrozi

Orqa miya, uning pardalari, ildizchalari, spinal nervlarning yallig‘lanish kasalliklari

Disk churralari

Spetsifik kasalliklar (zahm, OITS, brutsellyoz)

Umurtqa jarohatlari

Orqa miya o‘smalari (ayniqsa, ekstramedullyar o‘smalar, miya pardalari kartsinomatozi)

Osteofitlar

Tunnel sindromlar

Umurtqa pog‘onasi o‘smalari

Herpes zoster va postgerpetik nevralgiyalar

Umurtka kanali stenozi

Periferik vegetativ etishmovchilik

Umurtqa osteomieliti

Metabolik, toksik, radiatsion poli-

va mononevropatiyalar

Umurtka osteoporozi

Pankost sindromi

Spondiloartrit

Spinal arteriyalar patologiyasi (spinal insult va gematoraxis)

Spondilolistez

Siringomieliya

Spondilit (sil, brutsellyoz va h.k)

Epidural abstsess

Metabolik va toksik spondilopatiyalar

Spinal operatsiyalar asorati

Spondilez

Venoz trombozlar, limfoadenopatiya 

Kifoz, skolioz, giperlordoz

Vaskulitlar, arterial trombozlar

Giperostoz

Miofastsial sindrom, miozit

Umurtqa pog‘onasi turg‘unsizligi

Psixogen og‘riqlar

Kraniovertebral anomaliyalar

Tarqoq skleroz 

Lyumbosakral anomaliyalar (sakralizatsiya, lyumbalizatsiya)

Bezovta oyoqlar sindromi

Pedjet kasalligi

Paraneoplastik sindrom

Spetsifik va nospetsifik spondiloartropatiyalar

Talamik sindrom

(talamik og‘riqlar)

Umurtqa pog‘onasida o‘tkazilgan operatsiyalar asorati

Alkogolizm va giyohvandlik

Umurtqa pog‘onasini zararlovchi boshqa kasalliklar

Boshqa sabablar (ichki a’zolar kasalliklari)

 

Bo‘yin, elka va qo‘llar sohasidagi og‘riqlar

Bo‘yin-elka va qo‘llar sohasidagi og‘riqlarning asosiy sababchisi ostexondrozdir. Osteoxondroz (osteo – suyak, chondros – tog‘ay) suyak va tog‘ay to‘qimasining distrofiyasi degan ma’noni anglatadi. Osteoxondroz turli darajada ifodalangan og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi. Og‘riqlarning qanday nomlanishi 2.7-jadvalda keltirilgan.

 

2.7-jadval

Og‘riqlar bilan namoyon bo‘luvchi kasalliklar nomi

Kraniotservikalgiya

 

Boshning ensa qismi va bo‘yin sohasidagi og‘riqlar

Tservikobraxialgiya

 

Elkaga tarqaluvchi bo‘yindagi og‘riqlar

Tservikalgiya

 

Bo‘yin sohasidagi og‘riqlar

Pleksalgiya

 

Nerv chigallari innervatsiya qiladigan sohadagi og‘riqlar

Nevralgiya

 

Nerv tolasi va uning shoxchalari bo‘ylab tarqaluvchi og‘riqlar

Mialgiya

 

Muskullarda kuzatiladigan og‘riqlar

Torakalgiya

 

Ko‘krak sohasida kuzatiladigan og‘riqlar

Radikulalgiya

 

Spinal ildizchalar innervatsiya qiluvchi sohadagi og‘riqlar

Dorsalgiya

 

(lot. dorsum orqa) – tananing orqa qismidagi og‘riqlar

Lyumbago yoki lyumbalgiya

Bel sohasidagi og‘riqlar

 

Lyumboishialgiya

Bel va quymich nervi sohasidagi og‘riqlar

 

Sakralgiya

Dumg‘aza sohasidagi og‘riqlar

 

Koktsigodiniya

Dum sohasidagi og‘riqlar

 

 

Bo‘yin, elka va qo‘l sohasidagi og‘riqlarning asosiy sabablari – bular bo‘yin umurtqalari osteoxondrozi, travmatik jarohatlari, o‘smalari, sil kasalligi, osteomielit, epidural abstsess, subaraxnoidal gemorragiya va yallig‘lanish kasalliklaridir. Bu sohadagi og‘riqlar, shuningdek, skelet muskullari yallig‘lanishi, pay cho‘zilishi yoki ichki a’zolar kasalliklari sababli ham yuzaga kelishi mumkin.

Bo‘yin osteoxondrozi – vertebrogen radikulyar og‘riqlarning asosiy sababchisi. Bu og‘riqlar umurtqalararo disklar, fibroz halqa, fasetkali bo‘g‘imlar, spinal ildizchalar zararlanishi hisobiga paydo bo‘ladi. Agar disk churrasi rivojlansa, radikulyar og‘riqlar kuchayadi va nerv tolalari bo‘ylab irradiatsiya qiladi. Bo‘yin umurtqalari atrofidagi to‘qimalar simpatik chigallarga boy bo‘lib, ularning zararlanishi radikulyar og‘riqlarni yanada kuchaytiradi. Simpatik tolalar zararlanishi achishtiruvchi, kuydirguvchi og‘riqlarni yuzaga keltiradi. Disk siljib fibroz halqaning tashqi tolalarini eza boshlasa, og‘riqlar yanada kuchayadi. Chunki fibroz halqaning tashqi tolalari og‘riq sezuvchi retseptorlarga boy. Agar siljigan disk spinal ildizchalarni bosib qo‘ysa, irradiatsiya qiluvchi radikulyar tipdagi og‘riqlar yaqqol namoyon bo‘ladi, ya’ni radikulopatiyalar rivojlanadi. Bu og‘riqlar irradiatsiyasiga qarab qaysi spinal ildizcha zararlanganini bilib olish mumkin.

Radikulopatiyada kuchli, sanchuvchi va irradiatsiya qiluvchi og‘riqlar bilan birgalikda, radikulyar tipdagi sezgi buzilishlari (giperesteziya, gipesteziya), reflekslar pasayishi va muskullar gipotoniyasi ham kuzatiladi. Bu og‘riqlar yo‘talganda, aksirganda, boshni turli tomonlarga burganda kuchayadi. Bo‘yin sohasidagi spinal ildizchalar zararlanishi bilan bog‘liq radikulopatiyalar bilan tanishib chiqamiz.

S1 ildizcha zararlanishi. Ushbu ildizcha umurtqa arteriyasi egatida yotadi va uning zararlanishi juda kam uchraydi. Turli jarohatlar sababli atlant o‘z  o‘rnidan siljisa yoki kraniovertebral anomaliyalarda (Kimmerli anomaliyasi) S1 ildizcha zararlanishi mumkin. Klinik simptomlar boshning tepa sohasidagi og‘riqlar va sezgi buzilishlaridan iborat.

S2 ildizcha zararlanishi. Ushbu ildizcha zararlanishi juda kam uchraydi. Kraniovertebral anomaliyalar, osteofitlar va turli xil jarohatlarda zararlanadi. Kasallik klinikasi boshning tepa va ensa qismidagi og‘riq hamda sezgi buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi.

S3 ildizcha zararlanishi. Kam holatlarda zararlanadi. Ushbu ildizcha SII-SIII umurtqalararo disk churrasi, osteofitlar, bo‘yin jarohatlari va yallig‘lanish kasalliklarida zararlanadi. Bo‘yin sohasida segmentar tipda sezgi buzilishlari va og‘riqlar vujudga keladi. Shuningdek, dizartriyaga o‘xshash holatlar va til osti muskullari gipotrofiyasi va falajligi kuzatilishi mumkin. Buning natijasida bemor ovqatni beo‘xshov chaynaydi, chaynalgan ovqatni og‘izning orqa tomoniga itarishga qiynaladi. Bunday simptomlarning paydo bo‘lishi S3  ildizchasining XII nerv ildizchasi tolalari bilan anastomozi borligi bilan izohlanadi.

S4 ildizcha zararlanishi. SIII–IV umurtqalararo disk churrasi, osteofitlar va bo‘yin umurtqalari jarohatlarida zararlanadi. Elka kamari ustida va o‘mrov suyagi sohasida og‘riq va segmentar tipda sezgi buzilishlari paydo bo‘ladi. Kamarsimon, trapetsiyasimon va kurakni ko‘taruvchi muskullar atrofiyasi va gipotoniyasi kuzatiladi. Diafragma nervi tolalari S4 ildizcha tolalari tarkibida o‘tganligi uchun nafas olish buzilishi, disfoniya va hiqichoq kabi simptomlar paydo bo‘lishi mumkin.

C5 ildizcha zararlanishi. SIV–V umurtqalararo disk churralari, osteofitlar va turli xil jarohatlarda zararlanadi. Elka ustida va elkaning tashqi yuzasi bo‘ylab segmentar tipda sezgi buzilishi va og‘riqlar paydo bo‘ladi. Og‘riq bo‘yindan elkaga o‘tadi va uning tashqi yuzasi bo‘ylab tarqaydi. Deltasimon muskul kuchi pasayadi va uning gipotrofiyasi kuzatiladi. 

C6 ildizcha zararlanishi. Bu ildizchaning zararlanishi juda ko‘p uchraydi. SV–VI umurtqalararodisk churrasi, osteofitlar va turli xil jarohatlarda zararlanadi. Elka ustida va elkaning tashqi yuzasi bo‘ylab segmentar tipda sezgi buziladi. Og‘riq bo‘yin, kurak, elka sohasining tashqi yuzasi bo‘ylab tarqalib bilakning oldingi qismiga o‘tadi va birinchi barmoqqacha tarqaydi. Og‘riq kuzatilgan sohada (n. radialis sohasi) paresteziyalar ham kuzatiladi. Bu og‘riqlar boshni yon tomonlarga burganda kuchayishi mumkin. Ikki boshli muskul kuchi pasayadi, unda gipotrofiya va gipotoniya rivojlanadi. Bitseps refleks pasayadi yoki yo‘qoladi. 

S7 ildizcha zararlanishi. Bu ildizchaning zararlanishi juda ko‘p uchraydi. SVI–VII umurtqalararo disk churrasi, osteofitlar va turli jarohatlanishlarda zararlanadi. Og‘riq bo‘yindan kurakka, undan bilakning tashqi-orqa yuzasi bo‘ylab tirsakning orqa tomoniga tarqalib 2 va 3-barmoqlargacha etib boradi. S7 dermatomasi sohasida sezgi buziladi. Ba’zan faqat shu barmoqlarning o‘zida og‘riq va paresteziyalar kuzatiladi. Uch shoxli muskul kuchi pasayadi, unda gipotrofiya va gipotoniya rivojlanadi. Tritseps refleks pasayadi yoki yo‘qoladi.

S8 ildizcha zararlanishi. SVII–TI disk churrasi, osteofitlar va boshqa jarohatlanishlarda zararlanadi. Og‘riq bo‘yin va elka sohasidan qo‘lning orqa tomoni bo‘ylab 5-barmoqqacha tarqaydi. Ushbu sohalarda, ya’ni S8  dermatomasida gipesteziya aniqlanadi. Qisman uch shoxli muskul gipotrofiyasi va gipotenar atrofiyasi kuzatiladi. Tritseps refleks biroz pasayadi.

Lateral disk churralari spinal ildizchalarni ezib qo‘ysa, medial disk churrasi orqa miyani ezishi bilan havflidir. Ayniqsa, umurtqa kanali toraygan bemorda medial disk churrasi mielopatiya rivojlanishiga olib keladi. Bunday paytlarda vertebrogen mielopatiya haqida so‘z boradi. Umurtqa kanalining torayishida osteofitlar o‘rni kattadir. Osteofitlar nafaqat radikulopatiya va mielopatiyalar, balki umurtqa arteriyasini ham ezib qo‘yib vertebrobazilyar sindrom rivojlanishiga ham sababchi bo‘ladi.

Osteoxondroz, ko‘p hollarda fasetkali bo‘g‘imlar zararlanishi bilan  ham kechadi. Bunday paytlarda spondiloartroz (spondiloartrit) haqida so‘z boradi. Fasetkali bo‘g‘imlar, ayniqsa turli xil infektsiyalar (sil, bod, brutsellyoz) va sistem kasalliklarda (SQB, Bexterev kasalligi) ko‘p zararlanadi. Fasetkali bo‘g‘imlarning zararlanishi umurtqa pog‘onasi deformatsiyasiga olib keladi. Spondiloartrozda umurtqa pog‘onasi sohasida surunkali og‘riqlar rivojlanadi. Bu og‘riqlar vaqti-vaqti bilan kuchayib turadi va bo‘yinning spastik qiyshayishiga sababchi bo‘ladi. Tana harorati ko‘tarilishi bilan namoyon bo‘luvchi infektsiyalarda og‘riqlar kuchayib ketib, yanada surunkali tus oladi. Noto‘g‘ri harakat va og‘ir yuk ko‘tarish patologik sinishlar sababchisi bo‘lishi ham mumkin. Bunday paytlarda o‘tkir mielopatiya rivojlanadi. Artroz uchun umurtqalar harakatining chegaralanganligi va ushbu harakatlarni bajarganda og‘riqlarning kuchayishi xos. Biroq radikulyar tipdagi og‘riqlar artrozlar uchun xos emas. Bunday og‘riqlar spinal ildizchalar ta’sirlanganda yoki zararlanganda paydo bo‘ladi. Fasetkali bo‘g‘imlar artrozini aniqlash uchun paravertebral soha perkussiya qilib yoki bosib tekshiriladi.

Ensa nervi nevralgiyasi ensa sohasida qisqa muddat ichida sanchib o‘tib ketuvchi og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi. Ushbu og‘riqlarni bemor shunday ta’riflaydi: “Xuddi ensamga o‘tkir tig‘li pichoq tiqib olgandek”. Ensa nervi nevralgiyasi tashxisini aniqlash qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ushbu nerv chiqish nuqtasini bosib tekshirganda og‘riq kuchayib ketadi. Bu sohada giperesteziya ham aniqlanadi. Bu nerv chiqadigan joyni novokainli blokada qilish og‘riqni keskin kamaytiradi.

Bo‘yin-elka sohasida miofastsial og‘riqlar ham ko‘p uchraydi. Ularning paydo bo‘lishi muskullar spazmi va fastsiyalar cho‘zilishi bilan bog‘liq. Miofastsial og‘riqlar, ko‘pincha, ensa-bo‘yin sohasi, trapetsiyasimon va kuraklararo muskullarda kuzatiladi. Oldingi narvonsimon yoki kichik ko‘krak muskuli spazmida elka chigali ezilib kuchli og‘riqlar paydo bo‘lishi havfi bor. Zararlangan sohada kuchli lokal va diffuz og‘riqlar aniqlanadi. Muskullarni paypaslaganda gohida og‘riqli tugunli nuqtalar aniqlanadi. Ushbu og‘riqli nuqtalarga trigger nuqtalar deb aytiladi. Muskullarda yuzaga kelgan lokal og‘riqlar nerv tolalari bo‘ylab boshqa joylarga ham uzatilishi mumkin.  Miofastsial og‘riqlarni bartaraf etish uchun trigger sohalarga novokain va kortikosteroidlar bilan blokada qilinadi, dimeksid eritmalari applikatsiya qilinadi, og‘riq qoldiruvchi plastirlar yopishtiriladi, mazlar bilan uqalanadi. Maxsus gimnastika va nuqtali uqalashlar yordamida muskullar spazmi bartaraf etiladi. Yallig‘lanishga qarshi nosteroid dorilar (diklofenak, ketoprofen) beriladi. Bemorni tinchlantirish uchun karbamazepin va amitriptilin tavsiya etiladi.

Elka-kurak sindromi, asosan, yumshoq periartikulyar to‘qimalar patologiyasi (ko‘pincha, yallig‘lanish) bilan bog‘liq. Kasallik klinikasi elka-kurak sohasida diffuz va lokal og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi va elkaning har qanday harakatlarida ular zo‘rayadi. Ayniqsa, elkani tanadan uzoqlashtiruvchi harakatlar og‘riqni kuchaytirib yuboradi. Elka-kurak atrofi palpatsiya qilinganda og‘riqli nuqtalar aniqlanadi. Dastlab bemor og‘riq sababli elka va qo‘lini qimirlatishga qiynalsa, keyinchalik esa ushbu bo‘g‘im funktsiyasi izdan chiqqanligi sababli harakatlar chegaralanib qoladi. Og‘riq ko‘krak va bilak muskullariga ham tarqaladi. Ushbu sindromni bartaraf etish uchun kortikosteroidlar, yallig‘lanishga qarshi nosteroid dorilar, analgetiklar, desensibilizatsiya qiluvchi dorilar, og‘riyotgan joyga dimeksid applikatsiyasi yoki gidrokortizon fonoforezi qilinadi, og‘riqsizlantiruvchi plyonkalar yopishtiriladi.

Bo‘yin-elka sohasidagi og‘riqlarning yana bir sababi – bular  distsit,  sil spondiliti va epidural abstsessdir. Ushbu kasalliklar uchun doimiy xususiyatga ega og‘riqlar xos bo‘lib, ular tana vaziyatini o‘zgartirganda kamayadi. Qonda yaqqol ifodalangan yallig‘lanish reaktsiyalari aniqlanadi.

Bo‘yin umurtqalari jarohatlari. Turli nojo‘ya harakatlar, yiqilib tushish, noto‘g‘ri o‘tkazilgan manual terapiya kabi omillar bo‘yin umurtqalari jarohatiga sababchi bo‘ladi. Ushbu travmatik omillar natijasida bo‘yin umurtqalari paylari va muskullari cho‘ziladi, lat eydi, fasetkali bo‘g‘imlar o‘rnidan siljib ularning kapsulasi yorilishi mumkin. Natijada bo‘yin turli holatlarda qiyshayib qoladi, og‘riqlar paydo bo‘ladi. Bunday jarohatlar har doim ham spinal ildizchalar yoki spinal nervlarning zararlanishi bilan namoyon bo‘lavermaydi. Bo‘yin qiyshayib qolishi ko‘pincha bosh aylanishi, quloq bitib qolishi yoki shang‘illashi, yurganda chayqalib ketish bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Ob’ektiv tekshiruvlar paytida bo‘yin umurqtalari harakati chegaralanganligi, qiyshayganligi, paravertebral muskullar tonusi o‘zgarganligi va palpatsiyada lokal og‘riqlar aniqlanadi. Qo‘llardagi pay reflekslari va muskullar tonusi o‘zgarmaydi. Bunday paytlarda bo‘yin umurtqalarini rentgen qilib ularning chiqqan yoki singanligini va boshqa patologik holatlarni inkor qilish kerak.

Davolash muolajalari jaroxatlanish darajasi va rentgen ma’lumotlariga asoslanib olib boriladi. Bo‘yinga korset taqiladi, og‘riqsizlantiruvchi dorilar qilinadi, fizioterapevtik muolajalar va davolash gimnastikasi o‘tkaziladi. Og‘riqni olish uchun novokainli blokadalar qilinadi.

Umurtqa pog‘onasi bo‘yin qismi o‘smalari ham bo‘yin-elka sohasi og‘riqlari sababchisidir. Bu o‘smalar, ko‘pincha, metastatik xususiyatga egadir. Shuning uchun ham boshqa a’zolarda (o‘pka, ko‘krak bezi, prostata) xavfli o‘smalar aniqlanish ehtimoli juda yuqori. Og‘riqlar doimiy xususiyatga ega bo‘lib, tinch holatlarda va kechasi kuchayadi. Metastatik o‘smalar, ko‘pincha ekstramedullyar joylashgan o‘smalar kuchli radikulyar og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi. O‘sma orqa miya tomon o‘ssa Broun-Sekar sindromi, keyinchalik markaziy tetraparez rivojlanadi. Odatda bemorning ahvoli bu darajaga etmasdan tashxis qo‘yiladi va davolash muolajalari boshlanadi. Tashxis qo‘yishda KT yoki MRT tekshiruvlari o‘rni katta. Agar metastatik jarayon elka chigaliga ham tarqalsa, elka va qo‘lda kuchli kauzalgik og‘riqlar vujudga keladi, qo‘l muskullari atrofiyaga uchrab boshlaydi, pay reflekslari pasayadi. Atrofdagi simpatik chigallar ham zararlansa, kuydurguvchi og‘riqlar, trofik buzilishlar va psevdostenokardiya belgilari (chap tomonda) paydo bo‘ladi.

Pankost sindromi. O‘pkaning yuqori bo‘lagi rakida elka chigalining pastki qismi, ya’ni S8 va Th1 ildizchalar va simpatik tugunlar zararlanadi. Bunda elka va qo‘l sohasining ulnar yuzasi bo‘ylab kauzalgik tipdagi og‘riqlar va sezgi buzilishlari kuzatiladi. Gorner sindromi (ptoz, mioz, enoftalm) – Pankost sindromining ajralmas qismidir. Xuddi shunday simptomlar ushbu soha sarkomasi va limfogranulematozda ham rivojlanishi mumkin.

Bo‘yin-elka sohasidagi og‘riqlar o‘mrov osti arteriyasi trombozida ham kuzatiladi. Kuchli og‘riqlar bilan birgalikda barmoqlarning oqarib-ko‘karib ketishi paydo bo‘ladi, og‘ir holatlarda esa gangrena rivojlanadi.

Ko‘krak sohasidagi og‘riqlar (torakalgiyalar)

Ko‘krak sohasidagi og‘riqlar, ya’ni torakalgiyalar ko‘krak umurtqalari osteoxondrozi, travmatik jarohatlari, birlamchi va metastatik o‘smalar, meningoradikulit, epidural abstsess, qovurg‘alararo nevralgiya, Nerpez zoster, spondiloatrit, osteoporoz, distsit, disk churrasi, spondilit, miofastsial sindrom, o‘pka raki, zotiljam, bronxit, plevrit, diafragmal abstsess, stenokardiya, miokard infarkti, aorta anevrizmasi, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, pankreatit, oshqozon va 12 barmoqli ichak yarasi yoki raki, xoletsistit, oshqozon osti bezi rakida ko‘p kuzatiladi. Shuningdek, psixogen etiologiyali torakalgiyalar (nevroz va depressiyalarda) ham uchrab turadi.

Bo‘yin osteoxondrozi ikkala kurak orasida uchraydigan og‘riqlarning asosiy sabablaridan biridir. Sanchuvchi va achishtiruvchi xususiyatga ega bu og‘riqlar ba’zida miozit sababli yuzaga kelgan deb xulosa qilinadi. Ushbu og‘riqlar noto‘g‘ri holatda uxlab qolganda, bir xil vaziyatda uzoq o‘tirganda, bo‘yin  bilan keskin harakatlar qilganda kuchayadi. Og‘riq pastki bo‘yin umurtqalarini perkussiya qilganda ham paydo bo‘ladi.

Ko‘krak osteoxondrozi boshqa soha osteoxondrozlariga qaraganda kam uchraydigan kasallik. Ko‘krak umurtqalarida degenerativ jarayonlarning kam uchrashi ularning topografiyasi va kamharakatlanishi bilan bog‘liq. Og‘riqlar shu sohaning disk churralari, spondiliti va osteoporozida ko‘p uchraydi. Ko‘krak osteoxondrozi orqa tomonda  o‘tkir va surunkali radikulyar og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi. Bu og‘riqlar gavda bilan noto‘g‘ri harakatlar qilganda paydo bo‘ladi yoki zo‘rayadi. Ba’zida ko‘krak qafasining pastki qismida o‘ta kuchli og‘riqlar kuzatiladi. Bu og‘riqlar pastki qovurg‘alarning umurtqaga birikkan joyidagi tog‘ay to‘qimaning patologiyasi bilan bog‘liq bo‘lib, engashib o‘tirganda, gavdani yon tomonlarga burganda kuchayadi. Og‘riqlar xuddi buyrak xurujini eslatadi va noto‘g‘ri xulosalar sababchisi ham bo‘ladi. Tashxisni to‘g‘ri aniqlash uchun pastki qovurg‘alarni bosib tekshirish kerak. Bunda og‘riqlar kuchayadi.

Umurtqa kanali stenozi, ya’ni  torayishi turli og‘riqlar sababchisi bo‘lib, 40 yoshdan oshganlarda ko‘p uchraydi. Yosh oshgan sayin umurtqa kanali stenozini yuzaga keltiruvchi etiologik omillar ko‘paya boradi. Umurtqa kanali stenozi quyidagi patologik holatlarda rivojlanadi: osteoxondroz, umurtqa pog‘onasi jarohatlari, spondilolistez, disk churrasi, osteofitlar, umurtqa kanalining oldingi yuzasi bo‘ylab joylashgan sariq boylam va umurtqa kanalining orqa yuzasi bo‘ylab joylashgan orqa uzun boylam gipertrofiyasi va kaltsifikatsiyasi, spetsifik jarayonlar (sil kasalligi, brutsellyoz), nospetsifik yallig‘lanish kasalliklari, o‘smalar va h.k. Umurtqa kanali stenozi surunkali tarzda rivojlanishi yoki disk churrasi va travmatik jarohatlarda to‘satdan ro‘y berishi ham mumkin. Agarda patologik o‘zgargan disk uni o‘rab turgan fibroz halqani yorib chiqib umurtqa kanali tomon siljisa, orqa uzun boylamni kanal ichiga itaradi va uni toraytirib qo‘yadi. Umurtqa kanali stenozi avvalombor mielopatiya rivojlanishi bilan havflidir. Mielopatiya, asosan, spastik falajliklar, o‘tkazuvchi tipda sezgi buzilishlari, tos a’zolari funktsiyasining markaziy tipda buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Umurtqa kanali stenozi bor-yo‘qligini klinik simptomlarga asoslanib aniqlash ancha mushkul albatta. Shuning uchun ham bu patologik jarayon rentgenologik va MRT tekshiruvlari yordamida aniqlanadi.

Umurtqa osteoporozi ham turli xil og‘riqlar (ayniqsa, ayollar va katta yoshdagilarda) sababchisidir. Bu og‘riqlar, ko‘pincha umurtqa pog‘onasining ko‘krak qismida kuzatiladi va turli harakatlarda paydo bo‘ladi yoki kuchayadi.  Ortopedik va vertebronevrologik tekshiruvlar ularda kifoz, skolioz va lokal og‘riqlar mavjudligini ko‘rsatadi. Osteoporoz rentgenologik tekshiruvlarda juda oson aniqlanadi. Ba’zida osteoporoz shu qadar kuchli bo‘ladi-ki, xatto patologik sinishlar ham ro‘y beradi. Bunday paytlarda kuchli radikulyar og‘riqlar paydo bo‘ladi va spinal falajliklar rivojlanadi. Agar osteoporoz kuchli bo‘lsa, umurtqa pog‘onasining sinishi uchun noto‘g‘ri harakatning o‘zi kifoya. Shuning uchun ham umurtqa pog‘onasi bo‘ylab ro‘y berayotgan har qanday og‘riqlarga shikoyat qilgan bemorni rentgenologik tekshiruvdan o‘tkazish lozim bo‘ladi.

Gerpetik radikulopatiya – ko‘krak sohasida uchraydigan novertebrogen og‘riqlarning yaqqol namoyondasi. Nerpes zoster bilan bog‘liq radikulyar og‘riqlar bu sohada ko‘p kuzatiladi. Agar belbog‘ tipidagi sanchuvchi, kuydirguvchi va achishtiruvchi kuchli og‘riqlar boshlansa, bemorda gerpetik radikulopatiya rivojlanayotgan bo‘lish ehtimoli yuqori. Gerpetik og‘riqlarni tasavvur qilish uchun biror joyingiz kuyganda kuzatiladigan og‘riqlarni eslang. Bu og‘riqlar xuddi shunday namoyon bo‘ladi va bunga qo‘shimcha ravishda sanchuvchi og‘riqlar ham qo‘shiladi. Keyinchalik bu sohaga gerpetik toshmalar toshsa, tashxis butunlay tasdiqlanadi.

Yurak ishemik kasalligida (YuIK) kuzatiladigan og‘riqlar to‘sh suyagi orqasi va ko‘krak qafasining chap tomonida ro‘y beradi. YuIK yosh bilan bog‘liq kasallik bo‘lib, 40–50 yoshdan so‘ng ko‘p uchrab boshlaydi. YuIK, asosan , AG va AS fonida rivojlanadi. Bu og‘riqlar kuchli psixoemotsional va jismoniy zo‘riqishlardan keyin paydo bo‘ladi. Shuningdek, og‘riqlar to‘yib ovqatlanish, sovqotish, issiq va kislorod kam bo‘lgan joyda bo‘lish, tinmay sigaret chekish yoki spirtli ichimliklarni ortiqcha qabul qilish bilan ham bog‘liq.

Stenokardiya va miokard infarkti ham o‘tkir tarzda paydo bo‘luvchi torakal og‘riqlar sababchisi ekanligini bilamiz. Ular sanchuvchi, siquvchi va bosuvchi xususiyatga ega bo‘lib, odatda 1–15 daqiqa davom etadi. Qisqa muddatli og‘riqlar stenokardiya uchun xos bo‘lsa, uzoq muddatli, ya’ni 15 daqiqadan oshuvchi og‘riqlar miokard infarkti uchun xos. Og‘riqlar, ko‘pincha chap qo‘lga, ba’zida pastki jag‘ sohasi va o‘ng  ko‘krak qafasiga irradiatsiya qiladi. Kardiogen og‘riqlar bilan bir qatorda nafas etishmovchiligi, yurakning tez-tez urishi, kuchli ter bosishi, qo‘rquv, holdan toyib o‘tirib qolish yoki xushdan ketib yiqilish kabi belgilar ham kuzatiladi. AQB keskin pasayadi (kasallik ro‘y berayotganda AQB oshgan bo‘ladi). Stenokardiya va miokard infarktida kuzatiladigan og‘riqlar jismoniy harakatni to‘xtatganda va nitroglitserin qabul qilganda keskin kamayadi yoki o‘tib ketadi. Har qanday ortiqcha harakat (xattoki qo‘lni ko‘tarish) og‘riqni kuchaytirib yuboradi.   

Tashxis qo‘yishda kasallikning boshlanishi va klinik simptomlar xronologiyasiga e’tibor qaratiladi. EKG – kardiogen og‘riqlar sababini aniqlashda eng asosiy tekshirish usulidir. Miokard ishemiyasi xurujida T tish shakli o‘zgaradi va ST segmenti izometrik chiziqdan tepaga (subendokardial ishemiya) yoki pastga (transmural ishemiya) siljiydi.

 Niqoblangan depressiya. Depressiya – eng ko‘p tarqalgan patologiyalardan biri. Uning rivojlanishida uzoq davom etuvchi psixoemotsional zo‘riqishlar etakchi o‘rinni egallaydi. Yurak sohasi psixoemotsional buzilishlar eng ko‘p aks etadigan sohadir. Shuning uchun ham depressiyada kardiosenestopatik simptomlar ko‘p uchraydi. Sanchuvchi, siquvchi va tez-tez qo‘zg‘ab turuvchi og‘riqlar, uvishish va achishishlar, giperesteziya kardiosenestopatik sindromning asosiy belgilaridir. Bu bemorlarda ham nafas etishmasligi, bo‘g‘ilib qolish, terlab ketish, o‘lim qo‘rquvi, holdan toyish kuzatiladi. Psixosomatik tibbiyotda bunday og‘riqlar psixogen kardialgiya deb yuritiladi. Somatik buzilishlar bilan namoyon bo‘ladigan depressiya esa niqoblangan depressiya nomini olgan.

Psixogen kardialgiyada og‘riqlar gohida o‘tkir boshlanadi va bir necha soat ichida o‘tib ketadi, gohida sekin-asta rivojlanib bir necha oylar (ba’zida yillar) mobaynida bemorni bezovta qiladi. Niqoblangan depressiyadagi yurak sohasidagi og‘riqlar xronologiyasi “organik tibbiyot” qonunlariga ko‘p hollarda zid keladi. Bu bemorlarda ipoxondriya, qo‘rquv va xavotir juda kuchli ifodalangan bo‘ladi. Kardiofobiya – psixogen kardialgiyaning doimiy yo‘ldoshidir. Ba’zi bemorlar har doim og‘riqqa shikoyat qilib doktorga murojaat qilishi kerakligini atrofdagilarga aytib yurishadi, biroq “doktorga borishga hech vaqt topishmaydi”.  Boshqa birlari esa har bir og‘riq xurujida infarktdan qo‘rqib doktorga qatnayveradi va undan EKG qilishni talab qilaveradi. Bu erda quyidagi aforizm o‘rinli bo‘lsa kerak: “Miokard infarktida vrach bemorning oldiga otlansa, psixogen kardialgiyada bemor vrachning oldiga otlanadi”. Biz psixogen kardialgiya bilan og‘rigan 35 yoshli ayolning 3 oy ichida 30 marotaba vrachga borib EKG qildirgani guvohi bo‘lganmiz. Undan “Mana 2 kun ichida 2 marotaba EKG qildiribsiz, nega yana shu tekshiruvni talab qilayapsiz” deb so‘ralsa, bemor “Axir infarkt to‘satdan rivojlanadi-ku, men har gal og‘riq xuruji paytida ana endi infarkt bo‘ldim shekilli deb o‘ylayveraman va darrov tez yordam chaqiraman” deb javob bergandi. Bu qo‘rquv unda 46 yashar akasi miokard infarktidan to‘satdan vafot etgandan so‘ng boshlangan. Har qanday kardialgiyada bemor albatta klinik tekshiruvlardan o‘tishi va unga EKG qilinishi shart. “Avvalombor organik kasallikni inkor qilish” psixosomatik tibbiyotning oltin qonunidir. Buni har bir vrach esda tutishi lozim.

Ko‘krak qafasining suyak-tog‘ay to‘qimasi zararlanishi bilan bog‘liq og‘riqlar (torakalgiya) ko‘krak qafasining old yuzasi bo‘ylab namoyon bo‘ladi. Bunday og‘riqlar qovurg‘alarning to‘sh suyagiga birikkan qismi patologiyasi bilan bog‘liq. Chuqur nafas olganda, tanani o‘z o‘qi atrofida burganda, oldinga yoki orqaga engashganda, to‘sh va uning atrofini bosib tekshirganda va yo‘talganda og‘riqlar kuchayadi. Demak, ko‘krak qafasi siljishi bilan bog‘liq har qanday harakatlar og‘riqlarni kuchaytirib yuboradi. To‘sh atrofidagi bunday og‘riqlarning surunkali tarzda davom etishi kardiosenestopatik va giperventilyatsion sindrom rivojlanishiga turtqi bo‘ladi. Bunday bemorlarga chuqur klinik (kardionevrologik), rentgenologik va EKG tekshiruvlari o‘tkazish lozim. Bu toifadagi torakalgiyalar sistem yallig‘lanish kasalliklarining (bod, SQB va h.k) klinik simptomi bo‘lishini ham esda tutish kerak. Ba’zida to‘sh atrofiga o‘tkir tig‘li narsa sanchgandek bu og‘riqlar tez yordam ko‘rsatishni taqozo etadi. Bu sohaga turli anestetiklar applikatsiyasi yoki kortikosteroidlar qilinishi og‘riqni kamaytiradi.

Ko‘krak qafasining oldingi yuzasida uchraydigan og‘riqlarning asosiy sabablari – ko‘krak qafasida joylashgan a’zolarning havfli o‘smalari, bronxit, zotiljam, plevrit, diafragmal abstsess, aorta anevrizmasi, YuIK, miozit va ko‘krak bezi rakidir. Bemorni tekshirayotganda ko‘krak qafasi shakliga diqqat bilan razm solinadi, palpatsiya, perkussiya va auskultatsiya qilinadi, bo‘yin, o‘mrov usti va qo‘ltiqosti limfa tugunlari tekshiriladi. Palpatsiya paytida aniqlangan og‘riqli nuqtalar belgilab qo‘yiladi. Qovurg‘alarning to‘sh suyagiga birikkan joydagi tog‘ay to‘qimalar patologiyasi sababli yuzaga kelgan og‘riqlarni miofastsial og‘riqlardan farqlash kerak. Miofastsial sindromda muskullarda joylashgan trigger nuqtalarni palpatsiya qilib og‘riqlarni yuzaga keltirish mumkin. Har qanday klinik simptomni o‘zaro qiyoslash zarur.

 

Bel va oyoqlardagi og‘riqlar

Bel va oyoqlardagi og‘riqlar eng ko‘p tarqalgan og‘riqlar sirasiga kiradi. Buning asosiy sabablaridan biri – umurtqa pog‘onasining bel-dumg‘aza sohasida osteoxondrozning ko‘p uchrashidir. Chunki, ushbu joydan bel va oyoqlarni innervatsiya qiluvchi spinal ildizchalar chiqadi.

Umurtqalararo disk churrasi – umurtqa osteoxondrozining  eng jiddiy asoratlaridan biri. Disk churrasi 40 yoshdan oshganlarda ko‘p uchraydi. Yosh oshgan sayin disk churrasining uchrash havfi oshib boradi. Biroq, og‘ir jismoniy mehnat bilan shug‘ullanadiganlar, travmatik jarohatlar yoki har doim bir xil holatda o‘tirib ishlaydiganlarda ham disk churrasi rivojlanadi. Disk churrasi ko‘p kuzatiladigan soha – bular LV–SI va LIV–Lv umurtqalari orasidir. Chunki, tananing og‘irligi, asosan, ushbu umrtqalarga tushadi.

Disk churrasi sababli yuzaga keladigan og‘riqlar spinal ildizchalar bo‘ylab irradiatsiya qiladi. Shuningdek, muskullarning bir tomonlama spazmi sababli gavda qiyshayib qoladi, harakat cheklanadi, paravertebral soha va periferik nervlar bo‘ylab og‘riqli nuqtalar paydo bo‘ladi. Har qanday harakat (xatto yo‘talish, aksa urish) og‘riqlarni kuchaytirib yuboradi. Shu bois bemor iloji boricha qimirlamay yotishga harakat qiladi. Og‘riqli simptomlarning qay tarzda namoyon bo‘lishi va lokalizatsiyasi qaysi spinal ildizcha zararlanishiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Spinal ildizchalar zararlanishining klinik simptomlari haqida to‘xtalib o‘tamiz.

L4 ildizchasi zararlanishi. L3–L4 disk churrasi sababli rivojlanadi. Og‘riq va paresteziyalar sonning old va ichkari yuzasi bo‘ylab tarqalib ba’zida tizzagacha o‘tadi. Son nervi bo‘ylab bosib tekshirganda og‘riqli nuqtalar aniqlanadi, ayniqsa chov boylami sohasida. Sonning to‘rt boshli muskulida gipotrofiya va gipotoniya aniqlanadi. Tizza refleksi pasayadi, biroq so‘nmaydi.

L5 ildizchasi zararlanishi. L4–L5 disk churrasi sababli rivojlanadi.  Umurtqalararo disk churralari ichida L4–L5 disk churrasi eng ko‘p uchraydigan xilidir. Bel sohasida paydo bo‘lgan og‘riq sonning tashqi, boldirning old va tashqi yuzasi bo‘ylab tarqalib oyoq panjasining ustki va ichki yuzasiga o‘tib oladi. Og‘riq shu yo‘nalishda oyoq panjasining birinchi barmog‘igacha tarqaydi. Erb nuqtalari bosilsa, og‘riq paydo bo‘ladi. Ba’zida og‘riq oyoq panjasi sohasida yuzaga keladi va harakatlanganda, yo‘talganda kuchayadi. Laseg simptomi musbat bo‘ladi. Deyarli har doim bosh barmoqni yozuvchi uzun muskul hamda boldirning oldingi katta mushagi gipotrofiyasi va engil falajligi aniqlanadi. Agar ushbu muskulda falajlik yaqqol ifodalangan bo‘lsa, u holda oyoq panjasi osilib qoladi.

S1 ildizcha zararlanishi. L5–S1 disk churrasida ko‘p zararlanadi. Bu sohada disk churrasi uchrashi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Kasallik odatda radikulyar og‘riqlar bilan boshlanadi va lyumbago yoki lyumboishialgiya ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Og‘riqlar bel-dumg‘aza sohasidan dumbaning orqa sohasi, sonning orqa-lateral yuzasi, boldir va oyoq panjasining tashqi yuzasi bo‘ylab 5-barmoqqa tarqaydi. Boldirning orqa yuzasi va oyoq panjasining tashqi yuzasi bo‘ylab radikulyar tipda gipesteziya ham kuzatiladi. Boldirning uch boshli muskulida gipotrofiya va gipotoniya aniqlanadi. Bemor tovoni bilan tik tura olmaydi. Axill refleks pasayadi yoki so‘nadi. Laseg simptomi paydo bo‘ladi. Quymich nervi bo‘ylab Erb nuqtalari bosib tekshirilganda og‘riq aniqlanadi. Skolioz ham kuzatiladi, ya’ni bemorning gavdasi og‘riq tomonga qiyshayib qoladi. L5–S1 umurtqalarning medial joylashgan disk churrasida “ot dumi” sindromi rivojlanadi, kuchli og‘riqlar paydo bo‘lib, oyoqlar falajlanadi. Bunday paytlarda zudlik bilan neyroxirurgik muolaja o‘tkazish kerak!  

Diskogen radikulopatiyalarda muskullar falajligi va atrofiyalar kam uchraydi. Chunki bemor bu simptomlar rivojlangunga qadar kuchli radikulyar og‘riqlar sababli darrov doktorga murojaat qiladi va tegishli davolash muolajalarini oladi. Agar faqat og‘riqni qoldiruvchi dorilar bilan chegaralanib qolinsa, keyinchalik muskullar atrofiyasi va falajlik rivojlanishi mumkin. Shuningdek, fasetkali bo‘g‘imlar gipertrofiyasi, osteofitlar, umurtqalararo bo‘g‘imning o‘z o‘rnidan noto‘g‘ri siljishi,  sariq boylam gipertrofiyasi ham spinal ildizchalarning ezilishi (bosilishi) ga sababchi bo‘ladi. Bu patologik holatlar, ko‘pincha, katta yoshdagilarda kuzatiladi. Demak, bel-dumg‘aza sohasida o‘tkir tarzda paydo bo‘lgan yoki surunkali ravishda davom etayotgan og‘riqlarni har doim ham disk churrasi bilan bog‘layverish kerak emas. To‘g‘ri tashxis zarur tekshiruvlar o‘tkazilgandan keyin aniq bo‘ladi.

Noksimon muskul sindromida  bel va oyoq sohasidagi og‘riqlar quymich nervining bosilishi (ezilishi) bilan bog‘liq. Bu sindrom L5 va S1 ildizchalarning kompressiyasi, noksimon muskul sohasiga qilingan noto‘g‘ri in’ektsiyalar yoki ushbu sohadagi yallig‘lanish jarayonlarida rivojlanadi. Noksimon muskul spazmi, pay cho‘zilishlari yoki buralishlari ham  quymich nervini ezib qo‘yadi. Demak, noksimon muskul sindromi vertebrogen va novertebrogen etiologiyali bo‘ladi.

Noksimon muskul sindromida og‘riqlar bel sohasidan emas, balki dumba sohasidan boshlanib, son va boldirning orqa sohasi bo‘ylab irradiatsiya qiladi. Og‘riqlar sonni ichkariga rotatsiya qilganda kuchayadi. Ba’zida boldir va oyoq panjasini bukuvchi muskullar falajligi aniqlanadi. Noksimon muskul sindromi har doim ham to‘g‘ri aniqlanavermaydi va “disk churrasi” tashxisi bilan chagaralanadi. Bu sindromni to‘g‘ri aniqlash uchun noksimon muskul va shu erdan o‘tadigan quymich nervi topografiyasini yaxshi bilish va uning klinik simptomlaridan voqif bo‘lish kerak. Noksimon muskul sohasiga novokainli blokada qilganda og‘riqlarning keskin kamayishi ham tashxisni to‘g‘ri aniqlashga yordam beradi.

Lyumbalgiya va lyumboishialgiya. Sovuqda ko‘p qolib ketish, ya’ni “shamollash”, noto‘g‘ri haraqat qilib qo‘yish, bir xil vaziyatda uzoq vaqt o‘tirib ishlash ham bel sohasidagi kuchli og‘riqlar (lyumbalgiya) sababchisi bo‘ladi. Bu og‘riqlarning asosiy sababi – spinal muskullar spazmi yoki paylar cho‘zilishidir. Lyumbalgiyada og‘riqlar faqat belda joylashadi va oyoqlarga irradiatsiya qilmaydi. Og‘riqlar oyoqlarga irradiatsiya qilsa, lyumboishialgiya rivojlangan bo‘ladi. O‘tkir lyumbalgiya belga quruq issik qo‘yganda (sollyuks) yoki reflektor ta’sirga ega mazlar surganda o‘tib ketadi. Ob’ektiv nevrologik simptomlar aniqlanmaydi. Agar shu kuniyoq tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, lyumbalgiya surunkali tus olishi mumkin.

Umurtqa osteoxondrozi. Umurtqa osteoxondrozi umurtqalar va ularni bir-biri bilan bog‘lovchi tog‘ay to‘qimalar hamda umurtqalar orasidagi disklar distrofiyasi bilan namoyon bo‘luvchi surunkali kasallik. Umurtqa osteoxondrozida umurtqalar tanasi kichrayadi, disklar mo‘rtlashib yupqalashadi, fibroz halqacha parchalanadi, umurtqalararo yoriq torayadi, osteofitlar shakllanadi. Ushbu distrofik o‘zgarishlar disk churrasi paydo bo‘lishiga olib keladi. Osteoxondrozda orqa miya o‘tadigan umurtqa kanali va umurtqa pog‘onasining yon tomonlarida joylashgan spinal ildizchalar o‘tadigan teshiklar ham torayadi. Ma’lumki, radikulyar arteriyalar va venalar ham yon teshiklardan o‘tadi. Shuning uchun ham mielopatiya, radikulopatiya va pleksopatiyalarning kelib chiqishining asosiy sabablaridan biri – bu umurtqa osteoxondrozi. Umurtqa osteoxondrozi deyarli har doim  spondiloartroz bilan namoyon bo‘ladi va keyinchalik deformatsiyalovchi spondilyoz rivojlanishiga olib keladi.

Deformatsiyalovchi spondilyoz – umurtqa suyagi, uning boylamlari va  umurtqalararo disklarda distrofik o‘zgarishlar bilan kechuvchi va oxir-oqibat umurtqa pog‘onasi deformatsiyasini yuzaga keltiruvchi surunkali kasallik. Spondilezda qush tumshug‘iga o‘xshash osteofitlar shakllanadi, umurtqa kanali torayadi, umurtqa pog‘onasining uzun boylamlariga kaltsifikatlar yig‘iladi va ular ossifikatsiyaga uchraydi. Bir-biriga qarab o‘sayotgan osteofitlar o‘zaro birlashib sinostozlar hosil qiladi. Suyak o‘siqchalari yoki bo‘lakchalarining o‘zaro birlashib bitib ketishiga sinostoz deb aytiladi. Umurtqa suyaklarining orqa-lateral yuzasi bo‘ylab paydo bo‘lgan osteofitlar va sinostozlar xavfli hisoblanadi. Chunki ular umurtqalararo teshiklardan o‘tadigan spinal ildizchalarni siqib qo‘yadi va radikulopatiyalar rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Umurtqa suyaklarida paydo bo‘ladigan osteofitlar va sinostozlar bir necha yil ichida shakllanadi. Deformatsiyalovchi spondilyoz, asosan, yoshi kattalarda uchraydi.

Rentgenologik tekshiruvlarda, shuningdek, umurtqa pog‘onasining boshqa etiologiyali turli deformatsiyalari, anomaliyalari, umurtqa jarohatlari, sili va o‘smalari, skolioz, spondilolistez kabi bir qator patologiyalar yaxshi aniqlanadi. Rentgenologik tekshiruvlar yordamida disk churralari va orqa miyaning yumshoq to‘qimalari kasalliklarini aniqlab bo‘lmaydi. Buning uchun KT va MRT tekshiruvlarini o‘tkazish zarur.  

Spondiloartroz. Umurtqalarni bir-biri bilan bog‘lovchi bo‘g‘imli o‘siqchalar mavjud. Ushbu o‘siqchalar orasidagi bo‘g‘imlarda kuzatiladigan distrofik o‘zgarishlarga spondiloartroz deb aytiladi. Spondiloartrozda umurtqaning deyarli barcha juft bo‘g‘imlari zararlanadi. Spondiloartroz, ko‘pincha, umurtqa pog‘onasining bo‘yin va bel qismlarida shakllanadi.

Rentgenologik tekshiruvlarda bo‘g‘imlararo yoriqlarning torayishi, tog‘ay to‘qimalarning mo‘rtlashuvi, bo‘g‘imlar ankilozi va umurtqa o‘siqchalarida osteofitlar aniqlanadi. Bo‘g‘imlar ankilozi bo‘g‘imlarning harakatlanish xususiyati yo‘qolishi degani. Spondiloartroz yoshga bog‘liq kasallik bo‘lib, asosan, yoshi kattalarda uchraydi. Umurtqa pog‘onasi kasalliklariga sabab bo‘luvchi aksariyat etiologik omillar spondiloartroz rivojlanishiga ham olib keladi. Spondiloartroz bora-bora umurtqa pog‘onasi deformatsiyasini yuzaga keltiradi. Shuning uchun ham spondiloartroz va deformatsiyalovchi spondilyoz ko‘p hollarda birgalikda uchraydi. Rentgenologik tekshiruvlarda bu o‘zgarishlar juda yaxshi aniqlanadi. 

Bel muskullari mioziti. Bel muskullari mioziti nisbatan ko‘p uchraydigan kasallik bo‘lib, uni bel-dumg‘aza chigallarining zararlanishi bilan qiyoslashga to‘g‘ri keladi. Og‘riqlar kuydiruvchi xususiyatga ega bo‘lib, asosan, zararlangan muskullarda uchraydi. Muskullarni paypaslab yoki perkussiya qilib tekshirganda og‘riq kuchayadi. Bu og‘riqlar nerv tutamlari bo‘ylab irradiatsiya qilmaydi, gipesteziyalar kuzatilmaydi. Zararlangan muskullarni paypaslab tekshirganda ularning qotishganini aniqlash mumkin. Shuningdek, muskul aponevrozlarida dumaloq yoki uzun shaklga ega tugunlar paydo bo‘ladi. Bel muskullari ishtiroki talab qilinadigan har qanday harakatlarda og‘riq kuchayadi, bemor harakatlanmay yotsa og‘riq pasayadi yoki to‘xtaydi. Og‘riq to‘xtagan holatda ham zararlangan joyda achishtiruvchi yoqimsiz sezgilar qoladi.

Sakroileit – dumg‘aza-yonbosh bo‘g‘imi yallig‘lanishi. Dumg‘aza va chanoq suyaklarining quloqsimon yuzasi bir nechta boylamlar orqali bir-biriga birikkan. Ushbu birikkan joylarda dumg‘aza-yonbosh bo‘g‘imi hosil bo‘ladi. Ushbu bo‘g‘im turli xil infektsiyalarda yallig‘lanadi va bel-dumg‘aza pleksopatiyasiga o‘xshash klinik simptomlar bilan namoyon bo‘ladi. Og‘riq dumg‘aza sohasida paydo bo‘ladi va dumg‘aza suyaklarini perkussiya qilganda hamda gavdani oldinga engashtirganda kuchayadi. Og‘riq tik turganda ham kuchayadi yoki paydo bo‘ladi. Oyoqni yon tomonlarga burganda dumg‘aza-yonbosh bo‘g‘imi sohasida og‘riq kuzatiladi. Sakroileitda radikulyar simptomlar aniqlanmaydi, og‘riqlar nerv tutamlari bo‘ylab irradiatsiya qilmaydi, reflekslar va muskullar tonusi o‘zgarmaydi.

Psoit – yonbosh-bel muskuli (m. iliopsoas) yallig‘lanishi. Yonbosh-bel muskuli chanoqning oldingi guruh muskullariga kiradi. Uning yuqori qismi umurtqa pog‘onasining bel umurtqalaridan (L1–L4) boshlanib pastga tushib keladi va chanoqning ichidan o‘tib son suyagining kichik ko‘stiga yopishadi. Yonbosh-bel muskulining vazifasi sonni oldinga bukish va qisman tashqariga burishdan iborat. Ushbu muskulning yallig‘lanishida kuydiruvchi og‘riqlar paydo bo‘ladi. Muskulning tonik qisqarishi sababli oyoq chanoq-son bo‘g‘imida bukilib ichkariga burilib qoladi. Uni yozish va tashqariga burish juda chegaralangan bo‘ladi, ba’zida imkoni bo‘lmaydi. Bu holat nafaqat m. Iliopsoas ning yallig‘lanishi, balki muskul atrofida joylashgan a’zolarning yallig‘lanishi (paranefrit, kichik tos abtsesslari) va o‘smalarda ham kuzatiladi. Psoit uchun irradiatsiya qiluvchi radikulyar og‘riqlar va nervlarning tortishish simptomi xos emas.

Obliteratsiyalovchi endaarteriit – arteriyalar endotelial qavatining yallig‘lanishi bo‘lib, tomirlar obliteratsiyasi, periferik qon aylanish buzilishi va ishemik nekroz rivojlanishi bilan namoyon bo‘ladi. Ko‘pincha, oyoq arteriyalari zararlanadi. Og‘riqlar yurganda paydo bo‘ladi, dam olganda o‘tib ketadi. Bu holat o‘zgarib turuvchi oqsoqlanish sindromi deb aytiladi. Og‘riqlar boldirning yuqori qismida va ko‘pincha uning ichki yuzasida kuzatiladi. A. dorsalis pedis da tomir urishi keskin pasayadi yoki umuman aniqlanmaydi. Vegetativ–trofik o‘zgarishlar oyoqning distal qismida yaqqol ifodalangan bo‘ladi. Oyoqning tizzadan pastki qismi, ayniqsa, oyoq panjalari “muzlab” yuradi, tsianoz kuzatiladi, tirnoqlar mo‘rtlashadi. Obliterlovchi endaarteriit uchun radikulyar og‘riqlar, reflekslar o‘zgarishi, muskullar atrofiyasi xos emas. Zararlangan tomonda “paypoq” tipida sezgi buzilishi mumkin va uning sababi vaza nervorum da qon aylanishining buzilishi va ikkilamchi nevropatiyadir. Tashxis arteriyalarni ultratovush tekshirish usullari (dopplerografiya, dupleksli skanirlash) orqali qo‘yiladi.

Bel-dumg‘aza meningoradikuliti – orqa miya pardalari va ildizchalarining bel-dumg‘aza sohasida yallig‘lanishi. Meningoradikulit klinikasi xuddi bel-dumg‘aza pleksopatiyasi klinikasiga o‘xshab ketadi. Meningoradikulit uchun radikulyar og‘riqlar xos bo‘lib, ular bel-dumg‘aza sohasida paydo bo‘ladi va ikkala oyoqqa irradiatsiya qiladi. Meningoradikulitda og‘riqlar bel qismida kuchliroq, ikkala oyoqda esa sustroq ifodalangan bo‘ladi. Bu og‘riqlar, shuningdek, qorin sohasiga, chov burmasiga ham irradiatsiya qiladi. Og‘riqlar yo‘talganda, aksa urganda va turib yurganda kuchayadi. Og‘riqlar umurtqa suyaklarini perkussiya qilganda, paravertebral nuqtalarni bosganda kuchayadi. Meningoradikulitda kuzatiladigan og‘riqlar bel-dumg‘aza pleksopatiyasidagi og‘riqlarga o‘xshab gavdani bir tomonga qiyshaytirib tashlamaydi.

Meningoradikulitni bel-dumg‘aza pleksopatiyasidan farqlovchi asosiy simptom – bu Kernig simptomi. Kernig simptomi bel-dumg‘aza pleksopatiyasi va radikulopatiyalarda kuzatilmaydi. Meningoradikulit uchun Neri simptomi ham juda xos. U deyarli har doim uchraydi. Laseg simptomi esa o‘ta sust ifodalangan bo‘ladi. Pay reflekslari dastlab ikkala oyoqda ham oshadi, Babinskiy simptomi paydo bo‘ladi. Chunki bu kasallikda biroz bo‘lsa-da, yon ustun ham zararlanadi. Bu holat radikulomedullyar arteriyalarda qon aylanishining buzilishi bilan ham izohlanadi. Biroq keyinchalik periferik buzilishlar ustunlik qiladi, ya’ni axill va tizza reflekslari so‘na boshlaydi.

Meningoradikulit etiologiyasi deyarli doimo virusli va bakterial infektsiyalardir. Shuning uchun ham kasallik qariyb har doim tana harorati ko‘tarilishi, bel og‘rig‘i va qonda yallig‘lanish reaktsiyalari paydo bo‘lishi bilan boshlanadi. Likvorda pleotsitoz kuzatiladi. Meningoradikulitni araxnomielitdan farqlash o‘ta mushkul. Ammo, klinik simptomlarni chuqur tahlil qilish ularni qiyoslash imkonini beradi. Agar meningoradikulitlarda periferik simptomlar, radikulyar og‘riqlar va radikulyar tipda sezgi buzilishlari ustunlik qilsa, araxnomielitda mielitik simptomlar – markaziy tipda harakat buzilishlari, o‘tkazuvchi tipda sezgi buzilishlari ustunlik qiladi. Araxnomielitda tos a’zolari funktsiyasi ham buziladi, og‘riqlar meningoradikulitdagidek kuchli bo‘lmaydi. Araxnomielitda likvor yo‘llari bekilib, shu sababli oqsil-hujayra dissotsiatsiyasi aniqlanishi mumkin.

            Koksit  – chanoq-son bo‘g‘imi yallig‘lanishi. Bolalik va o‘smirlik davrida ko‘p kuzatiladi. Koksit, ko‘pincha, sil kasalligida uchraydi. Koksit chanoq-son bo‘g‘imida harakatning keskin chegaralanishi va ushbu sohada og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi. “Koksit” tashxisini bemorning yurishiga qarab ham qo‘yish mumkin. Bemor yurganda gavdasi oldinga biroz engashgan bo‘ladi, orqa tomoni biroz chiqib turadi. Harakatlarning chanoq-son bo‘g‘imida chegaralanganligi bemorning qadam tashlashidan shundoq bilinib turadi, u engil qadam tashlab yura olmaydi. Cho‘kkalab o‘tirgan bemorning tizza va chanoq-son bo‘g‘imlarida bukilgan oyoqlari ikkala yon tomonga to‘la yozilmaydi. Chanoq-son bo‘g‘imidagi og‘riq sonni ichkariga va tashqariga burganda kuchayadi. Oyoqlarini yozib qo‘yib tovonning tagidan musht bilan urganda chanoq-son bo‘g‘imida og‘riq paydo bo‘ladi yoki kuchayadi. Chov burmasi sohasi bosib tekshirilganda ham og‘riq yuzaga keladi yoki kuchayadi. Chanoq-son bo‘g‘imida teri burmasi yo‘g‘onlashib qoladi. Pay reflekslari o‘zgarmaydi.

Bel-dumg‘aza pleksopatiyasi radikulyar og‘riqlar bilan, odatda, o‘tkir boshlanadi. Kasallikning o‘tkir davri qanday kechishi va qancha vaqt davom etishi kasallik etiologiyasi, yondosh kasalliklar, bemorning umumiy ahvoli va davolash muolajalari qancha erta boshlanishiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Og‘riqlarni bir hafta ichida to‘xtatish mumkin. Ba’zida  kuchli sovqotishdan, ya’ni “shamollashdan” paydo bo‘lgan lyumbagoni 1-2 kunda bartaraf etsa bo‘ladi. O‘tkir virusli yoki bakterial infektsiyalar sababli paydo bo‘lgan pleksopatiyaning o‘tkir davri, odatda, 1-2 haftadan 1-2 oygacha cho‘ziladi va birato‘la surunkali davrga o‘tadi.

            Oradan bir-ikki hafta o‘tgach og‘riqlar to‘xtagandan so‘ng gipesteziyalar, pay reflekslari arefleksiyasi va muskullar atrofiyasi boshlansa, kasallik surunkali davrga o‘tayotgan bo‘ladi. Agar bu jarayon to‘xtatilmasa oyoqlarda periferik falajliklar rivojlanishi mumkin. Bunday holatlar umurtqa pog‘onasining kuchli degenerativ o‘zgarishlari, disk churralari, og‘ir yallig‘lanish kasalliklari va kuchli intoksikatsiyalarda kuzatiladi. Shuning uchun kasallikning birinchi kuniyoq uning etiologiyasi aniqlanishi kerak. Agarda umurtqa pog‘onasi va qo‘l-oyoqlarda turli og‘riqlarga shikoyat qilayotgan bemorda nevrologik buzilishlar (gipesteziya, arefleksiya, giperrefleksiya, falajliklar) aniqlanmasa, demak, nerv tuzilmalari saqlanib qolgan. Bunday holat spondilyoz, spondiloatroz, koksoartroz, psoit, miozit, obliteratsiyalovchi endaarteriit kabi kasalliklarda kuzatiladi.

Tashxis. Avvalombor og‘riqlarning vertebrogen yoki novertebrogen xususiyatga ega ekanligi aniqlanadi. Bemorni tekshirayotgan har bir vrach quyidagi holatlarga alohida e’tibor qaratishi lozim:

  • radikulyar og‘riqlar 15 yoshgacha bo‘lgan davrda boshlansa;
  • o‘sma kasalliklari bor bemorda radikulyar og‘riqlar boshlansa;
  • tinch holatga o‘tganda ham og‘riqlar kamaymasa;
  • spetsifik infektsiyalar (OITS, brutsellyoz, sil) aniqlansa yoki shu kasalliklar bilan kasallanganlarda og‘riqlar vujudga kelsa;
  • radikulyar og‘riqlar bilan shikoyat qilgan bemorda umurtqa pog‘onasi va orqa miya kasalliklari aniqlanmasa (og‘riqlar ichki a’zolar kasalliklari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin);
  • analgetiklar qilinishiga qaramasdan og‘riqlar kuchaya borsa.

Ta’kidlab o‘tganimizdek, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan turli og‘riqlar ichki a’zolar kasalliklari bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shu bois og‘riq berishi mumkin bo‘lgan ichki a’zolar (yurak, aorta, yirik arteriyalar, o‘pka, oshqozon, taloq, jigar, oshqozonosti bezi, ichaklar, buyraklar, qovuq, prostata) tekshirilishi kerak. Ko‘krak bezi ham palpatsiya qilinishi zarur. Demak, har bir vrach tashxis qo‘yish standartlarida ko‘rsatilgan qoidalarga amal qilib bemorni tekshiruvdan o‘tkazadi.

A) Klinik tekshiruvlar

Laseg simptomi – quymich nervi tortilishi sababli yuzaga keladigan simptom bo‘lib, n. Ischiadicus ta’sirlanishida doimo aniqlanadi. Bu simptomni tekshirayotganda bemor oyoqlarini uzatib chalqanchasiga yotadi. Laseg simptomi 3 bosqichda tekshiriladi. Birinchi bosqich: vrach bemorning og‘riyotgan oyog‘ini bir vaqtning o‘zida chanoq-son va tizza bo‘g‘imlarida bukadi. Bu bosqichda og‘riq kuzatilmaydi, chunki quymich nervi tortilmaydi. Ikkinchi bosqich: vrach bemorning oyog‘ini tizza bo‘g‘imida yoza boshlaydi, chanoq-son bo‘g‘imi esa bukilganicha qoladi. Quymich nervining tortilishi sababli oyoqning orqa-lateral yuzasi bo‘ylab kuchli og‘riq paydo bo‘ladi. Uchinchi bosqich: vrach bemorning tizza bo‘g‘imida yozilgan oyog‘ini sekin-asta tushira boshlaydi va dastlabki holatiga qaytaradi. Bunda nerv tortilishi to‘xtaganligi sababli og‘riq yana kamayadi yoki to‘xtaydi.

  1. Lasegning kesishgan simptomi – bemorning sog‘lom oyog‘i tizza bo‘g‘imida emas, balki tos-son bo‘g‘imida bukib tepaga ko‘tariladi. Buning natijasida belda va kasal oyoqning orqa tomoni bo‘ylab og‘riq paydo bo‘ladi.
  • Neri simptomi – bemorning boshini oldinga engashtirganda belda va oyoqning orqa-lateral yuzasi bo‘ylab og‘riq paydo bo‘ladi.
  • Sikar simptomi – bemorning oyoq panjasini keskin pastga bukkanda tizza ostidagi chuqurchada og‘riq paydo bo‘ladi.
  • Bexterev simptomi – oyoqlarini uzatib chalqancha yotgan bemorning tizzasi pastga bosilsa, og‘riq paydo bo‘ladi.
  • Dejerin simptomi – yo‘talganda yoki aksa urganda quymich nervi bo‘ylab og‘riq kuzatiladi.
  • Bonne simptomi – tizza bo‘g‘imida bukilgan oyoqni yon tomonlarga og‘dirganda og‘riq paydo bo‘ladi.
  • Matskevich simptomi – qorni bilan erga qarab yotgan bemorning oyog‘i tizza bo‘g‘imida bukilsa, oyoqning old yuzasi bo‘ylab va chov sohasida og‘riq paydo bo‘ladi. Bu simptom son nervi va uni hosil qiluvchi spinal ildizchalar zararlansa kuzatiladi.
  • Vasserman simptomi – qorni bilan erga qarab yotgan bemorning oyog‘i orqaga ko‘tarilsa, oyoqning old yuzasi bo‘ylab va chov sohasida og‘riq paydo bo‘ladi. Bu simptom son nervi va uni hosil qiluvchi spinal ildizchalar zararlansa kuzatiladi.
  • Erben simptomi – og‘riq kuzatilayotgan oyoqda teri harorati pasayadi. Bu simptom quymich nervining vegetativ tolalari zararlanganligi sababli paydo bo‘ladi.
  • Minor simptomi – bemor tik turganda og‘riyotgan oyog‘i tizza bo‘g‘imida biroz bukilgan holatda bo‘ladi va buning natijasida og‘riyotgan oyoq tovoni erdan biroz ko‘tarilib, sog‘lom oyoq tovoni esa erga tegib turadi.

Og‘riq nuqtalari. Bemorni tekshirganda bir qator og‘riq nuqtalari aniqlanadi. Bel-dumg‘aza umurtqalari o‘siqlarini perkussiya qilsa, paravertebral nuqtalarni bosib tekshirsa o‘tkir og‘riq paydo bo‘ladi va bu og‘riq oyoqqa nerv tarmoqlari bo‘ylab irradiatsiya qiladi. Dumg‘aza suyagi perkussiya qilinganda ham irradiatsiya qiluvchi og‘riqlar kuzatiladi. Og‘riq nuqtalari quymich nervining dumba sohasidagi chiqish joyida, ya’ni quymich do‘ngligi (tuber ischiadicum) va son suyagining katta ko‘sti (tpochanter major) orasidagi nuqtada, dumba burmasining o‘rta qismi, sonning orqa yuzasining o‘rta qismi, tizzaosti chuqurchasi, boldirning kichik suyagining boshi (caput fibulae), boldirning orqa yuzasining o‘rta qismi, lateral to‘piqning orqa qismi va oyoq panjasi tagining o‘rtasida joylashgan. Bu nuqtalarda quymich nervi va uning tarmoqlari teriga yaqinroq joylashib o‘tadi.

Boshqa simptomlar. Bemor ikkala oyog‘ini uzatib o‘tirsa, og‘riq kuzatilayotgan oyog‘i biroz bukilgan holatda bo‘ladi. Agar bukilgan oyog‘ini yozish so‘ralsa, uni yozadi-yu, sog‘lom oyog‘ini esa bukib oladi. Agar bemor og‘riq kuzatilayotgan oyog‘ini tashqariga yozsa, sonning medial yuzasi bo‘ylab og‘riq paydo bo‘ladi. Bu og‘riq yopqich nerv (n. obturatorius) tortilishi oqibatida yuzaga keladi. Sog‘lom oyog‘ining ustiga yonbosh yotgan bemorning kasal oyog‘ini yuqoriga ko‘tarsa, chov sohasida va belda og‘riq paydo bo‘ladi.

B) Rentgenodiagnostika. Bu usul vertebrogen og‘riqlar sababini aniqlashda katta diagnostik ahamiyatga ega. Rentgen yordamida umurtqa pog‘onasi deformatsiyasi, umurtqa suyaklari balandligi qisqarishi, umurtqalararo yoriqning torayishi, umurtqa kanali stenozi, umurtqa suyagi osteofitlari, spinal ildizchalar o‘tadigan yon teshiklar torayishini aniqlash mumkin.

V) KT va MRT. Ushbu neyrovizualizatsiya usullari nafaqat umurtqa pog‘onasi va umurtqalararo diskda, balki yumshoq to‘qimalarda ro‘y berayotgan barcha patologik o‘zgarishlarni aniqlash imkonini beradi. KT/MRT tekshiruvlari orqali umurtqalararo disklar holati, ularning qay tomonga va necha mm ga siljigani, orqa miya va uning ildizchalari hamda orqa miya pardalari holati haqida to‘la ma’lumotlar olinadi. Ushbu to‘qimalarning deyarli barcha kasalliklari, ya’ni anomaliya, o‘sma, kista, abstsess, spetsifik va nospetsifik yallig‘lanish kasalliklari, demielinizatsiya bilan kechuvchi kasalliklar KT/MRT tekshiruvlari yordamida oson aniqlanadi. Bu tekshiruvlar kontrast yuborib o‘tkazilishi ham mumkin. Qon tomirlar holatini o‘rganish uchun esa KTA yoki MRA qo‘llaniladi. Ular yordamida qon tomirlar anomaliyalari, anevrizmalar va ulardan o‘suvchi o‘smalar aniqlanadi.

Davolash usullari. Avvalombor og‘riqlar bartaraf etiladi. Buning turli analgetiklardan foydalaniladi.

  1. Analgin 50 % li 2 ml analgin va 1% li 1 ml dimedrol aralashmasi m/i ga yuboriladi(engil holatlarda).
  2. Voltaren 3 ml (75 mg) kuniga 1-2 mahal, ketoprofen 2 ml (100 mg), ksefokam 8-16 mg.
  3. Midokalm 100-300 mg, sirdalud 2-4 mg, ameloteks (meloksikam) 7,5-15 mg, baklofen 30-75 mg, klonazepam 1-2 mg. Bu dorilar og‘riqlar darajasiga qarab 7-14 kun mobaynida qabul qilinadi.
  4. Karbamazepin 200-600 mg, gabapentin 300–900 mg.
  5. Diazepam 10-20 mg, amitriptilin 75-100 mg yoki shunday ta’sirga ega boshqa dorilar.
  6. Kortikosteroidlar og‘ir holatlarda tavsiya etiladi. Buning uchun prednizolon 60-90 mg/kun yoki deksametazon 12-24 mg dozada 5 kun mobaynida qilinadi. Kortikosteroidlarni uzoq vaqt qabul qilish shart emas.

Ba’zida lyumbalgiya tipidagi o‘tkir og‘riqlarni bartaraf etish uchun sollyuksning o‘zi etarlidir. Masalan, hozir paydo bo‘lgan og‘riqni sollyuks yoki boshqa issiqlik taratuvchi vosita bilan bartaraf etsa bo‘ladi. Buning uchun vrach og‘riqning haqiqiy sababini bilishi lozim. Bunday bemorlarga 1-2 kun ichida tinch holatda uyda bo‘lib turish tavsiya etiladi. Aks holda muskullar spazmi oqibatida belda skolioz shakllanishi mumkin. Skoliozni bartaraf etish birmuncha qiyin. Ba’zi bemorlar beldagi og‘riqdan emas, balki og‘riq sababli yuzaga kelgan skoliozdan aziyat chekib yurishadi. Shuning uchun o‘tkir og‘riqli sindromlarda bemorni shifoxonaga chaqirmasdan, uyiga borib ko‘rish lozim.

Og‘riqni qoldiruvchi dorilarni mahalliy tipda ham qo‘llash mumkin. Buning uchun og‘riyotgan joyga og‘riq qoldiruvchi plastirlar yopishtiriladi, dorilar elektroforez qilib yuboriladi, ultratovush usuli bilan gidrokortizon yuboriladi va h.k. Dimeksid bilan novokain aralashmasi ham (30 % yoki 50 % li) applikatsiya usulida og‘rigan joyga qo‘yiladi. Manual terapiya extiyotkorlik bilan qo‘llaniladi.

Osteoporozlarda esterogenlar, kaltsiy preparatlari, D vitamini tavsiya etiladi. Umurtqa kanali stenozi va disk churrasi aksariyat hollarda neyroxirurgik muolajalar o‘tkazishni taqozo etadi. Bunday paytlarda qaysi davolash muolajasini qo‘llashga individual yondoshiladi. Surunkali kechuvchi vertebronevrologik kasalliklarda bemor fizioterapevtik muolajalarni dam olish sihatgohlarida davom ettiradi. UAV bemorni QVP va oilaviy poliklinikalarda nazoratga oladi, davolash-profilaktika va reabilitatsiya jarayonlarida bevosita ishtirok etadi. UAV o‘tkir radikulyar sindromlarda bemorga mustaqil ravishda tibbiy yordam ko‘rsata olishi kerak.

Ushbu qoidani esda tuting: har qanday og‘riqli sindromda avval og‘riq bartaraf etiladi, so‘ngra tashxis qo‘yish bosqichi boshlanadi.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив