Bemorning shikoyatlarini o‘rganish
Bemorning shikoyati – uni vrachga murojaat qilishga undovchi asosiy omillardan biri. Bemorning shikoyatlarini eshitayotgan vrach bevosita anamnestik ma’lumotlarni ham yig‘ib boradi. Haqiqiy vrach bemorning shikoyatlariga bog‘lanib qolmaydi, balki ularga tanqidiy ko‘z bilan qaraydi. Bu esa vrachdan katta mahorat va tajribani talab qiladi. Tashxis qo‘yishda faqat bemorning shikoyatlariga suyanib ish ko‘rgan vrach albatta xatoga yo‘l qo‘yadi. Bu holat xuddi yo‘lda adashgan yo‘lovchiga noto‘g‘ri manzilni ko‘rsatgan bilan barobar.
Ba’zida bemor o‘zini qiynayotgan 2-3 ta belgiga shu qadar urg‘u beradiki, uni eshitayotgan vrachning xayolida darrov biror bir tashxis paydo bo‘ladi. “Doktor, men o‘rnimdan turganimda boshim aylanib ketadi, gandiraklab ketib o‘tirib qolaman, keyin quloqlarim shang‘illab boshlaydi, ko‘nglim behuzur bo‘ladi”. Bu shikoyatlarni eshitgan nevropatolog xayoliga “o‘tkir vertebrobazilyar sindrom”, terapevt xayoliga “surunkali anemiyaning bir alomati ”, LOR xayoliga “Men’er sindromi” kabi tashxislar keladi. Bu erda vrach 2 xil yo‘ldan borishi mumkin: birinchisi – bemor shikoyatining tavfsilotlarini chuqurroq o‘rganish, ikkinchisi – xayolga kelgan birinchi tashxisga mos belgilarni izlash. Ikkinchi yo‘l xatodir!
Agar vrach 2-yo‘ldan borsa, ya’ni xayoliga dastlab kelgan tashxisga mos belgilarni izlay boshlasa, bemor uni o‘sha belgilar bilan “ta’minlab” berishi ham mumkin. Klinik amaliyotda ro‘y beradigan diagnostik xatoliklarning aksariyati shu va shunga o‘xshash adashishlar sababli yuzaga keladi. Ba’zi adabiyotlarda “intiutiv tashxis” haqidagi bahs-munozaralar xanuzgacha davom etmoqda. Intiutiv tashxis – hech qanday dalillarga asoslanmagan holda vrachning xayoliga kelgan dastlabki tashxis. Bu tashxis to‘g‘ri va noto‘g‘ri bo‘lib chiqishi mumkin. Har holda ko‘p yillik amaliy tajribaga ega mashhur shifokorlarda intiutiv tashxis pand bermaydi.
Bemorning shikoyatlari va kasallik anamnezini o‘rganishdagi eng to‘g‘ri yo‘l – bu aniqlangan ma’lumotlar xronologiyasini o‘rganish va xayolga kelgan tashxislarni inkor qilib borishdir. Bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan ushbu ikkala jarayon to‘g‘ri tashxisni aniqlashda asosiy qurol bo‘lmog‘i kerak. Buni nevrologik bemorlar orasida eng ko‘p tarqalgan shikoyatlardan biri bo‘lmish “bosh aylanishi” misolida tushuntirib beramiz. Ma’lumki, bosh aylanishning sabablari juda ko‘p. Demak, bosh aylanish tafsilotlarini to‘la o‘rganib chiqish kerak bo‘ladi. Buning uchun bemorga quyidagi savollar bilan murojaat qilinadi: bosh qachon aylanadi (ertalab, kunduzi, kechasi, to‘yib ovqatlanganda, och qolganda, chuqur-chuqur nafas olganda, siqilganda), qanday vaziyatlarda (o‘rnidan turganda, yurganda, o‘tirganda, yotganda, boshni turli tomonlarga burganda), doimiyligi (har doim, ba’zan), ko‘ngil aynish, qusish, quloq shang‘illash kuzatiladimi, bosh soat strelkasi bo‘ylab aylanadimi, er chayqaladimi? Demak, bitta simptomni o‘rganish uchun u bilan bog‘liq bir nechta omillarni so‘rab-surishtirishga to‘g‘ri keladi.
Ba’zi bemorlar ataksiya bilan bosh aylanishni adashtirib aytishadi. Bu xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun vrach ataksiya bilan bosh aylanish belgilarini yaxshi bilishi lozim. Ba’zida ataksiya bilan bosh aylanishi birgalikda uchraydi (masalan, vestibulopatiyalarda).
Professor Zarifboy Ibodullaev