BOSh AYLANIShI


O‘z tanasi va atrofdagi ob’ektlarni aylanayotgandek yanglish idrok qilishga bosh aylanish deb aytiladi. Bosh aylanishi polietiologik sindrom bo‘lib, bir qator nevrologik, somatik va psixik kasalliklarda kuzatiladi.

Bosh aylanishning quyidagi turlari farq qilinadi.

  1. Sistem (vestibulyar) bosh aylanish – atrofdagi ob’ektlarning muayyan bir yo‘nalishda, ya’ni soat strelkasiga qarshi yoki soat strelkasi bo‘ylab aylanishi va er chayqalayotgandek tuyulishi bilan namoyon bo‘ladigan sindrom. Bunday bosh aylanish haqiqiy bosh aylanish deb ham ataladi. Vestibulyar bosh aylanishlar vestibulyar apparatning periferik qismi, ya’ni ichki quloqdagi yarim aylana naylar va vestibulyar nerv zararlanganda hamda uning markaziy qismi, ya’ni miya ustuni (vestibulyar yadro va uning yo‘llari), ekstrapiramidal sistema, bosh miya po‘stlog‘iniing chakka va tepa sohalari zararlanganda ro‘y beradi. Demak, vestibulyar apparatga aloqador barcha tuzilmalar zararlanishi vestibulyar bosh aylanishga sababchi bo‘ladi. Ammo, ushbu bosh aylanish vestibulyar apparatning periferik qismi zararlanganda kuchliroq namoyon bo‘ladi. Vestibulyar apparatni zararlovchi har qanday kasalliklar (vertebrobazilyar etishmovchilik, KTsJ, IKG, VDS, vestibulyar neyronit, Men’er kasalligi, labirintit, intoksikatsiyalar, metabolik buzilishlar, degenerativ kasalliklar va h.k) sistem bosh aylanishsha olib keladi.
  2. Nosistem bosh aylanish – ma’lum bir xususiyatga ega bo‘lmagan va turli simptomlardan (chayqalib ketayotgandek, xushdan ketayotgandek, muvozanatni yo‘qotayotgandek, holdan toygandek, ko‘z oldi tumanlashuvi) iborat sindrom. Ushbu bosh aylanish vestibulyar appparatga aloqador bo‘lmagan sohalar zararlanganda kuzatiladi. Uning asosiy sabablari – giperventilyatsion sindrom, ortostatik gipotenziya, arterial gipertenziya, sinkope, yurak aritmiyalari, karotid sinus sindromi, gipoglikemiya, aorta patologiyalari, bronxial astma, ichki va tashqi qon yo‘qotishlar, simpatektomiya, o‘tkir TsVK, KTsJ, VDS, bosh miya o‘smalari, bo‘yin osteoxondrozi, beto‘xtov yo‘tal, homiladorlik, qamqonlik. Demak, sistem va nosistem bosh aylanishlar etiologiyasi o‘xshash bo‘lsa-da, ularning patogenezi va topografiyasi boshqachadir.
  3. Psixogen bosh aylanish – ma’lum bir vaziyatlarda (stress, hayojon, qo‘rquv, ruhiy charchash) yuzaga keladigan psixosomatik sindrom.

 A) Sistem bosh aylanishlar

Vestibulyar neyronit. Vestibulyar nerv zararlanishiga vestibulyar neyronit deb aytiladi. Vestibulyar neyronit turli yoshda uchraydi, ammo yoshi kattalarda ko‘p  kuzatiladi. Bu kasallik o‘tkir virusli infektsiyalardan so‘ng rivojlanadi. Ba’zida uning sababi aniqlanmay qoladi. Vestibulyar neyronit uchun sistem bosh aylanishi, ataksiya va nistagm juda xos. Bosh aylanishi, ko‘pincha, ko‘ngil aynish, qusish va ko‘z oldi qorong‘ilashib ketishi bilan namoyon bo‘ladi. Bosh aylanishi, asosan, xurujsimon tarzda kechadi va to‘satdan paydo bo‘ladi. Bemorga go‘yoki uning atrofidagi barcha buyumlar muayyan yo‘nalishda soat strelkasiga qarshi yoki soat strelkasi bo‘ylab aylanayotgandek, er chayqalayotgandek tuyuladi. Bunday bosh aylanishi sistem bosh aylanishi deb aytiladi. Bosh aylanish yuqoriga qaraganda yoki boshni yon tomonga burganda zo‘rayadi. Gorizontal holatdan vertikal holatga o‘tganda ham bosh aylanishi kuchayib ketadi. Shuning uchun ham sistem bosh aylanishlarda bemor tik tura olmaydi yoki biror narsaga suyanib turadi. Ba’zida boshni yon tomonga sal bursa ham bosh aylanishi kuchayib ketadi, bemor o‘qchib qusadi. Bunday bemorlar iloji boricha boshini yon tomonga burmaslikka va o‘rnidan turmaslikka harakat qilishadi. Kuchli shovqin ham vestibulyar bosh aylanishni kuchaytiradi. Shovqindan saqlanish uchun bemor quloqlarini kafti bilan yopib oladi va boshini qimirlatmay yotadi.

Vestibulyar neyronitda doimo nistagm kuzatiladi va u faqat bir tomonga qaraganda paydo bo‘ladi. Gorizontal nistagm zararlangan tomondan qarama-qarshi tomonga qaraganda kuzatiladi: agarda vestibulyar nerv chap tomonda zararlansa, gorizontal nistagm o‘ng tomonga qaraganda, agarda vestibulyar nerv o‘ng tomonda zararlansa, gorizontal nistagm chap tomonga qaraganda ro‘y beradi. Vestibulyar nerv ta’sirlanishida esa (bu, ko‘pincha, o‘smalarda kuzatiladi) gorizontal nistagm ta’sirlangan tomonga qaraganda ro‘y beradi. Ikki tomonlama nistagm vestibulyar neyronit uchun xos emas, uning mavjudligi ushbu tashxisni inkor qiladi. Bosh aylanish xuruji kuchayganda, ko‘zni yumganda va bosh holatini o‘zgartirganda nistagm kuchayadi. Bemor bir nuqtaga qarab tursa, nistagm yo‘qoladi. Bosh aylanishi pasaya borgan sayin gorizontal nistagm ham pasaya boradi. Bemor tuzalib ketsa, nistagm ham yo‘qoladi. Bu kasallikda gorizontal nistagmning rotator komponent bilan birga namoyon bo‘lishiga e’tibor qaratish kerak.   

Vestibulyar neyronitda eshitish funktsiyasi pasaymaydi va audiometrik teshiruvlar natijasi o‘zgarmay qoladi. Agarda eshitish funktsiyasi pasaygan bo‘lsa, demak parallel tarzda eshituv nervi ham zararlangan. Bu kasallikda koordinator buzilishlar yaqqol namoyon bo‘ladi. Vestibulyar ataksiya, asosan, bir tomonlama, ya’ni zararlangan tomonda kuzatiladi. Romberg sinamasida bemor zararlangan tomonga og‘adi, o‘sha tomonda barmoq-burun sinamasini intentsiya bilan, tovon-tizza sinamasini ataksiya bilan bajaradi. Ataksiya va bosh aylanishi bosh va tana holatini o‘zgartirganda va hatto ko‘zni yon tomonga burganda ham kuchayadi. Mushaklar tonusi o‘zgarmaydi. Bu kasallik uchun boshqa nevrologik simptomlar xos emas, ularning mavjudligi bu tashxisni inkor qiladi.

Periferik va markaziy vestibulopatiyalar farq qilinadi. Periferik vestibulopatiyalar, asosan, labirintit, vestibulyar neyronit va Men’er sindromida kuzatiladi. Shuningdek, bir qator boshqa kasalliklar ham vestibulyar apparatning periferik qismini zararlashi mumkin. Markaziy vestibulopatiyalar esa miya ustunida rivojlangan ishemik insult, o‘sma, bazilyar migren va tarqoq sklerozda rivojlanadi. Demak, markaziy vestibulopatiya rivojlanishi uchun patologik jarayon vestibulyar nerv yadrosi va uning markaziy yo‘llarini zararlashi kerak.

Bosh aylanish sababini to‘g‘ri aniqlash uchun markaziy va periferik vestibulopatiyalarning qiyosiy belgilaridan voqif bo‘lish kerak (2.1-jadval).

 

2.1–jadval

Markaziy va periferik vestibulopatiyaning qiyosiy belgilari

Belgilar

Markaziy vestibulopatiya

Periferik vestibulopatiya

Asosiy sabablari

Vertebrobazilyar sistemada qon aylanishning surunkali etishmovchiligi. Miya ustuni infarkti va o‘smalari. Bazilyar migren. Tarqoq skleroz. Siringobulbiya. Kiari anomaliyasi

Men’er kasalligi. Vestibulyar neyronit. Labirintit. Miyacha-ko‘prik burchagi kasalliklari va jarohatlari. Antikonvulsantlar, antibiotiklar, diuretiklar qabul qilish

Bosh aylanishi

Odatda, engil, biroq doimo

Juda kuchli va o‘tib ketuvchi xususiyatga ega

Ko‘ngil aynish va qusish

Kam kuzatiladi

Ko‘p kuzatiladi

Nistagm

Asosan, vertikal-rotator, kam hollarda gorizontal. Nistagm yo‘nalishi nigoh yo‘nalishiga bog‘liq. Zararlangan tomonga qaraganda kuchayadi

Gorizontal-rotator. Zararlangan tomondan qarama-qarshi tomonga, ya’ni sog‘lom tomonga  qaraganda kuchayadi

Miya ustuni zararlanishi belgilari

Ko‘p aniqlanadi

Kuzatilmaydi

Quloqda shovqin

Bo‘lmaydi

Ko‘p kuzatiladi

Koordinator buzilishlar

Asimmetrik tarzda ikkala tomonda ham namoyon bo‘ladi

Zararlangan tomonda kuzatiladi

 

Vestibulyar neyronit, odatda, o‘tkir rivojlanadi va to‘satdan paydo bo‘lgan sistem bosh aylanish bir necha soatdan so‘ng o‘tib ketadi. Biroq, yurganda chayqalish belgilari oz bo‘lsa-da, saqlanib qoladi. Ba’zida kasallik bir necha oy yoki yildan so‘ng yana qo‘zg‘aydi.

Men’er sindromi – kuchli sistem bosh aylanish xurujlari, bilan namoyon bo‘ladigan og‘ir kasalliklardan biri. Bu sindromning asosiy sababi – ichki quloqda joylashgan endolimfatik sistemaning kengayishi va labirint retseptorlari degeneratsiyasi. Bosh aylanish xuruji o‘tkir boshlanadi va bir necha daqiqa ichida kuchayib ketadi, so‘ngra orqaga chekina boshlaydi. Ba’zida bosh aylanishi shu qadar kuchayadiki, xatto gorizontal holatda yotgan bemorning boshini sal bir tomonga bursangiz ham bosh aylanish kuchayib ketadi. Zaralangan tomonda quloqda shovqin va  eshitishning pasayishi kuzatiladi. Har bir bosh aylanish xurujlaridan so‘ng bir tomonda eshitish pasayib boraveradi va oxir-oqibat o‘sha tomonda akuziya rivojlanadi. Vestibulyar ataksiya, nistagm, ko‘ngil aynishi va qusish ham Men’er sindromi uchun juda xos simptomlardir.

Vertebrobazilyar etishmovchilik – yoshi kattalarda ko‘p uchraydigan holat bo‘lib, uning asosiy belgisi sistem bosh aylanishdir. Ateroskleroz, gipertoniya kasalligi, yurak aritmiyalari va bo‘yin umurtqalari disk churrasi vertebrobazilyar etishmovchilikning asosiy sabablaridir. Bosh aylanish mexanizmi miya ustuni, vestibulyar nerv va labirint ishemiyasi bilan bog‘liq. VBE da bosh aylanishi o‘tkir boshlanadi va bir necha daqiqa saqlanib turadi. Bu paytda bemorning ko‘ngli ayniydi, qusadi va chayqalib ketadi, ya’ni muvozanat buziladi. Agar miya ustunida ishemiya kattaroq sohani egallasa, o‘choqli nevrologik simptomlar paydo bo‘ladi. Bular – diplopiya, g‘ilaylik, yuz nervi falajligi, bulbar sindrom va turli xildagi alternirlashgan sindromlar. 

Paroksizmal pozitsion bosh aylanish – tana vaziyatini o‘zgartirganda paydo bo‘ladigan va bir necha soniyadan 1-2 daqiqaga davom etadigan bosh aylanish xurujlari. Bosh aylanish xurujlari boshni faqat ma’lum bir vaziyatda ushlab turgan paytlarda ro‘y beradi va boshqa vaziyatga o‘zgartirsa o‘tib ketadi. Masalan, o‘ng yonboshga yotgan bemor chapga yonboshlab yotmoqchi bo‘lsa, yotgan joyidan tursa yoki o‘tirsa, boshini turli tomonlarga bursa, bosh aylanish xurujlari paydo bo‘ladi va tezda o‘tib ketadi. Vestibulyar bosh aylanishning bir turi bo‘lmish ushbu holat 60 yoshdan oshganlarda ko‘p uchraydi va havfsiz kechadi. Bu sindromning etiopatogeneziga oid aniq bir kontsepsiya xanuzgacha yo‘q.

Miya ustuni va miyacha sohasidagi (shu jumladan, miyacha-ko‘prik burchagi) har qanday patologik jarayonlar sistem bosh aylanishlar sababchisi bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda deyarli har doim boshqa nevrologik simptomlar (miyacha simptomlari, kranial nevropatiyalar, vegetativ buzilishlar, o‘tkazuvchi tipda sezgi va harakat buzilishlari) ham aniqlanadi.

Posttravmatik bosh aylanish kraniotserebral jarohatlardan so‘ng rivojlanadi va ko‘pincha, chakka suyagi jarohati bilan bog‘liq bo‘ladi. Chunki chakka suyagi jarohatlanishlarida periferik vestibulyar apparat ko‘p shikastlanadi. Bunday paytlarda vestibulyar bosh aylanish belgilari paydo bo‘ladi. Agar jarohat engil bo‘lsa, bosh aylanishlar bir necha soatlar yoki qisqa kunlar ichida o‘tib ketadi. KTsJ da rivojlanib boruvchi bosh aylanishlar chakka bo‘lagi gematomalari uchun ham xosdir (dislokatsion sindrom).  Bosh aylanishlar o‘tib ketavermasa va boshqa nevrologik simptomlar paydo bo‘lsa, bemorga yana KT va otonevrologik tekshiruvini o‘tkazish kerak bo‘ladi.

Epileptik auralar. Chakka epilepsiyasida katta epileptik xurujlardan oldin bosh aylanish xurujlari paydo bo‘ladi. Bunday paytlarda bosh aylanish xurujlari epileptik aura hisoblanadi. Chakka epilepsiyasida bosh aylanish xurujlari fokal epilepsiyaning asosiy belgisi sifatida ham namoyon bo‘ladi. bu holat ba’zida diagnostik xatoliklarga ham sababchi bo‘ladi (VDS xuruji deb o‘ylashadi). Yaxshi yig‘ilgan anamnez va EEG dagi fokal epileptik faollik tashxisni to‘g‘ri aniqlashga yordam beradi. Atipik absanslar ham faqat bosh aylanish xurujlari bilan namoyon bo‘lishini esda tutish lozim. Chakka epilepsiyasida sistem bosh aylanish xurujlari nima uchun paydo bo‘ladi? Chunki vestibulyar analizatorning kortikal proektsiyasi chakka bo‘lagida joylashgan. 

Sistem bosh aylanishning boshqa sabablari. Bosh aylanishlarning boshqa sabablari ichida o‘tkir intoksikatsiyalar, metabolik buzilishlar (ayniqsa, gipoglikemiya) va gipoksiyalar etakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Ushbu patologik holatlar sistem aylanishlar sababchisi bo‘ladi va ko‘p hollarda ko‘rishning turli darajadagi buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Chunki ko‘ruv sistemasi ishemiya va gipoksiyaga juda sezgir. Ichki quloqni qon bilan ta’minlovchi arteriyalar trombozida ham turg‘un bosh aylanishi rivojlanadi. Bunday paytda albatta eshitish pasayadi yoki yo‘qoladi. Ba’zida bosh aylanishlar otoskleroz, Evstaxiy nayi disfunktsiyasi, otitlar sababli rivojlanadi.

B) Nosistem bosh aylanishlar – nerv sistemasining vestibulyar apparatga aloqador bo‘lmagan sohalari zararlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan bosh aylanishlar. Uning sabablari va topografiyasi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan. Agar sistem bosh aylanish, ko‘pincha monosimptom ko‘rinishida namoyon bo‘lsa, nosistem bosh aylanishi, aksariyat hollarda boshqa nevrologik buzilishlar bilan birgalikda uchraydi. Bosh miya katta yarim sharlari insultlari va o‘sha sohalarda uchraydigan TIA, drop-ataka, o‘tkir gipertonik entsefalopatiya, gipertonik kriz va periferik vegetativ etishmovchiliklarda (ortostatik gipotenziya) uchraydigan bosh aylanishlarni bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin. Demak, “nosistem bosh aylanish sindromi” tashxisini qo‘yish uchun sistem bosh aylanishni inkor qilish kerak. Chunki, sistem bosh aylanish haqiqiy bosh aylanish bo‘lib, yaqqol ifodalangan sub’ektiv simptomlardan iborat. 

V) Psixogen (psixofiziologik) bosh aylanishi nevroz, psixasteniya va depressiyalarda ko‘p uchraydigan patologik holatdir. Psixogen bosh aylanishi (PBA) psixosomatik sindromlarning bir turidir. PBA mexanizmi MNS funktsional faolligining oshishi yoki pasayib ketishi, neyronal sistemalarda qo‘zg‘alish va tormozlanish jarayonlari orasida nomutanosiblikning yuzaga kelib, turg‘un tormozlanish yoki qo‘zg‘alishning shakllanishi bilan tushuntiriladi.

PBA kamdan-kam hollarda alohida uchraydi. Aksariyat hollarda yurak urib ketishi, holsizlanish, sovuq terga botish, quloqda shovqin paydo, ko‘ngil aynishi, oyoqlar titrashi va xolsizlanishi bosh aylanishlar bilan birga kuzatiladi. Odatda, bu belgilar affektiv buzilishlardan so‘ng kuchayadi. Bunday bemorlar balandlikdan qo‘rqishadi, shuning uchun ham ular balkondan, baland ko‘prikdan yoki tomdan pastga qaramaslikka harakat qiladilar. Chunki bunday paytda bosh aylanishi kuchayadi.

PBA ga xos yana bir belgi uning vaziyatni oz bo‘lsa-da o‘zgartirganda kuchayishidir. Masalan, baland qavatli binoda yashaydigan bitta bemor, undan bir qavat tepada yashaydigan qo‘shnisinikiga chiqib balkondan pastga qaraganda boshi aylanib, gandiraklab ketgan, ko‘ngli aynigan, koridorga kirganda esa kamaygan va bir ozdan so‘ng to‘xtagan. Shunisi e’tiborliki, PBA da bemorlar liftdan ko‘ra zinapoyadan ko‘tarilishni afzal ko‘rishadi. Aksariyat PBA qo‘rquv bilan kechadi. Buning aksi o‘laroq, organik etiologiyali bosh aylanishlarda qo‘rquv deyarli uchramaydi yoki bosh aylanish boshlangandan so‘ng kuzatiladi. PBA dan bemorlar doimo bosh aylanishi qachon boshlashini kutib yurishadi. Bu ham qo‘rquv shakllanishiga turtki bo‘ladi.

Bemor faqat balandlikdan qaraganda emas, balki avtomobillar qatnovi tez bo‘lgan katta yo‘lga qaraganida ham bosh aylanishi vujudga keladi yoki kuchayadi. Bunday paytlari bemor katta tezlikda o‘tayotgan avtomobillarga qaramaslikka harakat qiladi yoki oyoqlarining ostiga qarab qadamlarini nazorat qilib yuradi. Ana shunda uning bosh aylanishi kamayadi. Katta zallarda olib boriladigan majlislar yoki uzoq davom etuvchi darslarda ham bosh aylanishi avj oladi. PBA faqat psixogen kasalliklarda kuzatilib qolmasdan, zo‘riqib aqliy mehnat bilan shug‘ullanadigan sog‘lom shaxslarda ham kuzatiladi. Talabalarda imtihonlarga berilib tayyorgarlik ko‘rish, yozuvchilar va ilmiy xodimlarning tinmay asarlar yozishi yoki dissertatsiya ustida ishlash sog‘lom odamlarda bosh aylanishga sababchi bo‘lishi mumkin. Lekin asteniyaga uchragan bemorlarda ruhiy-hissiy zo‘riqish bosh aylanishini osongina keltirib chiqaradi.

PBA qisqa vaqtga hushdan ketish (sinkope) bilan ham namoyon bo‘lishi mumkin. Bu, ayniqsa, umumiy psixogen giperesteziya bilan kechuvchi psixogen kasalliklar uchun juda xos. Buning asosida vestibulyar apparatning kuchli darajada qo‘zg‘aluvchanligi yotadi. Tez-tez hushdan ketib turadigan bemorlarning bosh miya qon tomirlari tekshirilganda, ularda tomirlar tonusining o‘ta darajada pasayganligi (gipotonus) yoki o‘zgaruvchanligi (distoniya) aniqlanadi. Sinkope holatlari psixogen giperventilyatsiyada, arterial qon bosimi pasayganda va yurak kasalliklarida ham yuz beradi. Uzoq payt yotib qolgan bemorlar gorizontal holatdan vertikal holatga o‘tishsa, bosh aylanishi ortostatik kollaps bilan birga yuz beradi. Bu holat, ayniqsa arterial gipotenziyada yaqqol ifodalangan bo‘ladi. Ba’zan yuqori darajada rivojlangan nevrasteniya yoki psixoasteniyada bemor hushdan ketib qolishi uchun bitta qo‘rquvning o‘zi kifoya. Bemor bir marta hushidan ketsa (ayniqsa, odamlar orasida), u har doim navbatdagi xurujni kutib bezovta bo‘lib yuradi. Nevrolog olimlardan biri Oppengeym (1894) «Har bir kishi o‘zida bosh aylanishini yuzaga keltirishi mumkin, agarda u muvozanat va bosh aylanishi haqida o‘ylayversa», degan edi.

PBA ba’zida yatropatiya asorati hisoblanadi. Shuning uchun ham bemordagi simptomlarni, agar ular psixogen xususiyatga ega bo‘lsa, juda xavfli deyaverish yaxshi emas. Shaxsiy kuzatuvimizdan bir misol keltiramiz. Uzoq yillardan buyon quloq, burun va tomoq kasalliklari poliklinikasida hamshira bo‘lib ishlaydigan va tez-tez asabiylashadigan ayolda qattiq hissiy zo‘riqishdan so‘ng bosh aylanishi alomatlari paydo bo‘ladi. U shu daraja kuchli bo‘ladiki, hatto tik turishi uchun bir qo‘lidan bo‘yi etgan qizi, ikkinchisidan esa turmush o‘rtog‘i ushlab turgan. Bu bemorga o‘zi ishlaydigan poliklinikada «Men’er kasalligi» deb tashxis qo‘yiladi. Tashxis bir necha bor o‘zgartiriladi. Bunday kasalligi bor bemorlarni bir necha marta o‘zi ham ko‘rgan va anketalar ochgan hamshirada bu kasallikning yaqqol belgilari namoyon bo‘la boshlaydi. U boshqa mutaxassislarga (nevropatologga) ko‘rinmasdan, uch yil mobaynida LOR vrachlarida davolanib yuradi. Bosh aylanishi xurujlari tez–tez kuzatilib turadigan bu bemor borib–borib juda jahldor, arzimagan narsaga yig‘layveradigan va affektiv holatga tez tushadigan bo‘lib qoladi. Bemor miyasiga «Men’er kasalligi»ni shu darajada singdirib olgandiki, har bir affektiv buzilishdan so‘ng, unda xuddi Men’er kasalligiga o‘xshash belgilar paydo bo‘lavergan.

Navbatdagi xurujdan so‘ng bemorga nevropatologga borish kerakligi aytiladi. Bemor bizga murojaat qiladi. Uning kasallik va hayot anamnezi bilan tanishib chiqib, unda nevrologik va psixologik tekshiruvlar o‘tkazdik va unda «Men’er kasalligi» ni inkor qildik. Barcha tekshiruvlardan so‘ng bemorga «Men’er sindromi ko‘rinishidagi niqoblangan depressiya» tashxisi qo‘yildi, ya’ni unda psixogen (yatrogen) bosh aylanish edi, xolos. Bemorning hamshiraligi e’tiborga olinib, unga bu atamalar farqi tushuntirildi. Tekshiruvlar natijasi bemorga izohlab berildi. Bularning hammasi hamshiraga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatdi va u endi davolash muolajalariga katta ishonch bilan qaray boshladi. O‘tkazilgan platseboterapiya va psixoterapiya muolajalaridan so‘ng bemor tuzalib ketdi.

Biz bu erda yatropatiyaning yana bir klinik ko‘rinishini tahlil qildik. Yatropatiyaga astenik bemorlar juda moyil bo‘lishadi, uni keltirib chiqarish uchun tibbiyot xodimining bexosdan aytib qo‘ygan gapining o‘zi etarli, xolos. Nima uchun yatropatiya belgilari uzoq vaqt davom etadi? Eksperimental fiziologiya ma’lumotlariga ko‘ra, har qanday tashqi ta’sirot (ayniqsa, salbiy) bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ida «dominant o‘choq» hosil qiladi va bu sohaning neyronlari boshqa soha neyronlari faolligini pasaytiradi. Natijada miyaning integrativ faoliyati buzilib, funktsional xarakterga ega bo‘lgan patologik simptomlar yuzaga keladi. Ularni yo‘qotish uchun miyaning funktsional faoliyatini oshirish va po‘stloqda boshqa, ya’ni ijobiy xususiyatga ega bo‘lgan «dominant o‘choq» hosil qilish kerak.

Aksariyat hollarda bosh aylanishi senestopatik va ipoxondrik simptomlar bilan namoyon bo‘ladi. Bunda tanada sira ketmaydigan turli xil sezgilar, uvishishlar, og‘riqlar, qo‘l va oyoqlarning karaxt bo‘lib qolishi kuzatiladi va yilning turli fasllarida kuchayib yoki pasayib turadi. Kasallikning bunday mavsumiy kechishi albatta organik kasallikni izlashga majbur qiladi. Bu erda xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun klinik tekshiruvlar psixologik tekshiruvlar bilan birgalikda olib borilishi kerak.

Tashxis. Bosh aylanishlar etiologiyasini aniqlash uchun klinik tekshiruvlar bilan birgalikda qyidagi laborator va instrumental tekshiruvlar o‘tkaziladi.

  • Laborator tekshiruvlar: umumiy qon analizi, elektrolitlar (natriy, kaliy, xlor), qondagi SO2 tarkibi, qand miqdori, koagulogramma, mochevina, kreatinin.
  • Otonevrologik tekshiruvlar.
  • EKG, ExoKG.
  • Kraniografiya va ko‘krak qafasi rentgenografiyasi.
  • Magistral arteriyalarni duppleksli skanirlash yoki dopplerografiya qilish.
  • Bosh miya va bo‘yin umurtqalarini KT yoki MRT qilish.
  • Vegetativ va kardiovaskulyar sinamalar.
  • Psixologik tekshiruvlar.

Davolash. Bosh aylanishi polietiologik sindrom bo‘lganligi uchun uni bartaraf etishda kompleks davolash choralari qo‘llaniladi. Bosh aylanishlarni davolashda gistaminergik, antixolinergik, antigistamin dorilar, kaltsiy antagonistlari, neyroleptiklar, trankvilizatorlar, fizioterapiya va psixoterapiya usullari keng qo‘llaniladi.

Turli xil vestibulopatiyalar sababli rivojlangan sistem bosh aylanishlar vestibulyar disfunktsiyani korrektsiya qilishni talab etadi. Buning uchun turli mexanizmga ega dori vositalari ishlab chiqilgan. Gistaminergik dorilardan betagistin digidroxlorid (betaserk) 8-16 mg dan kuniga 3 mahal ichishga tavsiya qilinadi. Betaserk bosh aylanishlarni juda yaxshi bartaraf qiladi, AQB ni pasaytirmaydi, sedatsiya chaqirmaydi. Shu bois bu dori qariyalarga ham, ortostatik gipotenziyada ham tavsiya etilishi mumkin. Bosh aylanishlarni bartaraf etish uchun qilinadigan asosiy dorilar haqida ma’lumotlar ushbu jadvalda keltirilgan (2.2-jadval).

 

2.2-jadval

Bosh aylanish profilaktikasi va davosi uchun qo‘llaniladigan dorilar

Dorilar

Bir martalik dozasi

Tavsiya etish yo‘llari

Monelik qiluvchi holatlar

Gistaminergik dori vositalari

Betagistin (betaserk)

8-16 mg

3 mahal ichishga

Homiladorlik, bronxial astma, feoxromotsitoma

Antigistamin dori vositalari

Dimedrol

50 mg

10 mg (1 %  1 ml)

2-3 mahal ichishga,

m/i ga

Glaukoma, prostata adenomasi

Pipolfen

25-50 mg  

2,5 %  2 ml (50 mg)

2-3 mahal ichishga

m/i ga

 

 

Antixolinergik dori vositalari

Skopolamin

0,25-0,5 mg

0,5 % 1 ml

2-3 mahal ichishga

t/o ga

Glaukoma, bronxial astma, dementsiya, prostata adenomasi

Benzodiazepinlar

Diazepam

5-10 mg

0,5 %  2 ml (10 mg)

2-3 mahal ichishga

m/i ga, v/i ga

Miasteniya, homiladorlik

Lorazepam

0,5-1 mg

2 mahal ichishga

Klonazepam

0,5-2 mg

2 mahal ichishga

Turli toifaga kiruvchi dorilar

Metoklopramid (tserukal)

5-10 mg

3-4 mahal ichishga

m/i ga, v/i ga

 

Torekan

6,5-13 mg

3-4 mahal ichishga,

m/i ga, rektumga

 

Domperidon  (motilium)

10-20 mg

3-4 mahal ichishga,

t/ ga

 

Sulpirid (eglonil)

100-200 mg

2-3 mahal ichishga, m/i ga

Feoxromotsitoma, kuchli AG

Kofein-benzoat natriy

5-10 mg

2 ml

Ichishga 2-3 mahal,

m/i ga

Glaukoma, kuchli ateroskleroz,

AG, insomniya

Droperidol

2,5-10 mg

v/i ga, m/i ga

Parkinsonizm, ortostatik gipotenziya

Aminazin

25 mg

2-3 mahal ichishga, m/i ga

Parkinsonizm, jigar kasalliklari

Tsinnarizin

25 mg

3 mahal ichishga

 

Parkinsonizm, homiladorlik

 

Albatta, bosh aylanishlarni bartaraf etish uchun uni yuzaga keltirgan etiologik omilni ham bartaraf etish lozim. Masalan, gipertonik krizda rivojlangan bosh aylanishni bartaraf etish AQB ni normal ko‘rsatkichlargacha pasaytirishdan boshlanadi. Aksincha, ortostatik gipotenziya sababli rivojlangan bosh aylanishda AQB ni ko‘tarish kerak. Vertebrobazilyar etishmovchilik sababli rivojlangan bosh aylanishlarni korrektsiya qilish uchun tserebral mikrotsirkulyatsiyani yaxshilash, metabolik buzilishlar va gipoksiyani bartaraf etish zarur. Bu muolajalar uzoq vaqt o‘tkazilishni taqozo etadi. Surunkali kechuvchi va psixogen etiologiyali bosh aylanishlarda fizioterapevtik va psixoterapevtik muolajalar keng qo‘llaniladi. Psixogen bosh aylanishlar platseboterapiya va psixoterapiya usullarini to‘g‘ri qo‘llaganda o‘tib ketadi.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив