Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi BOSh MIYa ATROFIYaSI – u qanday holat?

BOSh MIYa ATROFIYaSI – u qanday holat?


“Atrofiya” to‘qima yoki hujayraning kichrayishi, emirilishi va yo‘qolishi degan ma’noni anglatadi.

Yosh o‘tgan sayin miya hujayralarining atrofiyaga uchrashi – bu tabiiy hol. Bosh miyaning ustki qatlami, ya’ni po‘stloq qavatining o‘zida 14 mlrd. hujayra bor. Ko‘p hujayralar atrofiyaga uchrab yo‘qolib boradi. Shu bois katta yoshdagilar miyasi yoshlarnikiga qaraganda kichikroq bo‘ladi. Demak, bundan xavotirga tushishning keragi yo‘q. Boz ustiga atrofiyaga uchragan ba’zi hujayralarning vazifasini boshqa hujayralar bajara boshlaydi. Ba’zi bemorlar boshi og‘riyverganidan so‘ng MRT tekshiruviga boradi. Undagi “atrofiya” so‘zini o‘qib, bosh og‘riqni shu bilan bog‘lashadi. Atrofiya bilan bosh og‘riq orasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q.

Agar 50 yoshdan oshganlarda miya hujayralari atrofiyasi xotira pasayishi bilan namoyon bo‘lsa va bu jarayon kuchayib borsa, bemorda neyropsixologik tekshiruvlar o‘tkazish kerak.

Katta yoshdagilarda, asosan, Altsxaymer kasalligi, miya tomirlari aterosklerozi va gipertoniya kasalligi miya hujayralari atrofiyasi sababchisi bo‘ladi. Kichik yoshdagilarda esa bosh miya jarohatlari, ba’zi nasliy kasalliklar, oligofreniya, giyohvand moddalar va ichkilikka berilish kabi holatlar miya hujayralari atrofiyasiga olib keladi.

KT yoki MRT tekshiruvida miya to‘qimasi atrofiyasi aniqlansa, nevropatolog xulosasini kutmasdan o‘zingiz xulosa chiqarmang. Agar atrofiya xotira buzilishlari bilan namoyon bo‘lsa, malakali neyropsixologga uchrang.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив