BOSh MIYa ChAYQALIShI


Bosh miya chayqalishi (BMCh) bosh miyaning yopiq mexanik jarohati bo‘lib, engil ifodalangan nevrologik simptomlar bilan namoyon bo‘ladi. Bosh miya chayqalishi KTsJ ning engil turi hisoblanadi va unda kalla suyagi butunligi saqlanib qoladi, miya to‘qimalarida morfologik o‘zgarishlar kuzatilmaydi. Biroq kallaning yumshoq to‘qimalari lat eyishi, ularda gematomalar paydo bo‘lishi va qon oqishi mumkin.

BMCh ning asosiy belgilari – bular bir necha daqiqagacha hushning yo‘qolishi, bir soatgacha davom etadigan karaxtlik va amneziya. Ko‘pincha, retrograd amneziya kuzatiladi, ya’ni bemor jarohatdan oldingi voqealarni unutadi. Juda kam hollarda anterograd amneziya rivojlanadi, ya’ni bemor jarohatdan keyingi voqealarni eslab qola olmaydi. Anterograd amneziya, odatda, bir necha kun davom etadi va so‘ngra xotira tiklanadi.

BMCh uchun xos bo‘lgan yana bir belgi – bu qusish. Qusish, odatda, jarohatdan keyin darrov ro‘y beradi va 1–2 marta kuzatiladi. Biroq qusishning bo‘lmasligi "Bosh miya chayqalishi" tashxisini inkor qila olmaydi.

Bemor hushiga kelgandan keyin bir soatgacha karaxt holatda bo‘ladi. U o‘ziga kelgach, bosh og‘riq, bosh aylanish, ko‘z oldi qorong‘ilashuvi, quloqda shovqin va umumiy holsizlikdan shikoyat qiladi. Ba’zi bemorlarda reaktiv nevro­tik holatlar kuzatilsa, boshqa birlari apatiya holatiga tushadi. Agar bemor 1 soatdan oshiq hushsiz holatda bo‘lsa va undan keyingi karaxtlik 24 soat­dan ko‘p davom etsa, bu holat bosh miya chayqalishi emas, balki bosh miya ezilishi bilan bog‘liq.

Nevrologik statusda engil ifodalangan gorizontal nistagm, konvergentsiya sustligi, vazomotor labillik, gipergidroz, pay reflekslari asimmetriyasi aniqlanadi. Paydo bo‘lgan gorizontal nistagm, odatda, dastlabki 3 kun yoki bir hafta ichida yo‘qoladi. Patologik piramidal belgilar aniqlanmaydi, meningeal simptomlar bo‘lmaydi.

Miya chayqalishining dastlabki kunlari somatik buzilishlar ham kuzatilishi mumkin, ya’ni AQB ko‘tariladi yoki pasayadi, nafas olish va yurak urishi tezlashadi, poliuriya kuzatiladi. Tana harorati ko‘tarilmaydi. Bu belgilar aksar hollarda bevosita miya chayqalishi bilan emas, balki jarohat paytida paydo bo‘lgan stress bilan bog‘liq.

BMCh da, odatda, bemorning ahvoli tez yaxshilanadi va u 1–2 hafta ichi­da tuzalib ketadi. Kam hollarda bemorni 3 hafta mobaynida reabilita­tsiya qilishga to‘g‘ri keladi. Chunki engil darajadagi KTsJ ham avval mavjud bo‘lgan somatik kasalliklarni, masalan, arterial gipertoniyani qo‘zg‘ab yuborishi mumkin.

BMCh darajalarga bo‘linmaydi, chunki u kraniotserebral jarohatning engil turidir. Demak, tashxis quyidagicha shakllantiriladi: "Engil turdagi yopiq kraniotserebral jarohat, bosh miya chayqalishi".

BMCh ning klinik simptomlari qay darajada namoyon bo‘lishi, ko‘pincha, bemorning yoshiga ham bog‘liq. Masalan, go‘daklar va erta yoshdagi bola­larda bosh miya chayqalishi ro‘y bersa, ular, ko‘pincha hushini yo‘qotmaydi. Jarohat paytida bolalarda turli darajada ifodalangan somatovegetativ simptomlar paydo bo‘ladi: yuz terisi oqarib ketadi, yurak urishi va nafas olishi tezlashadi, ichi ketadi. Bola yotoqchilayveradi va ko‘p uxlaydi. Uni uyg‘otishsa, lanj holatda yotadi va yig‘lay boshlaydi, qusadi. Bola emganini qayt qilaveradi yoki emishdan bosh tortadi. Bu belgilar 3 kun ichida o‘tib ketadi. Agar ular uzoq davom etsa, unda miya ezilishi yoki intrakranial gematomani izlash kerak.

Keksa yoshdagilarda ham bosh miya chayqalishida hushni yo‘qotish kam kuzatiladi. Biroq ularda retrograd amneziya ko‘p uchraydi va boshqa oliy ruhiy funktsiyalarning afaziya, akransiagnoziya buzilishi vujudga keladi. Buning asosiy sabablari – tserebral ateroskleroz, atrofiya va entsefalopatiyadir.

Tashxis va qiyosiy tashxis

  • BMCh tashxisi, asosan, anamnestik ma’lumotlar (jarohat kuzatilganligi), hushdan ketish, amneziya va qusish kuzatilishiga asoslanib qo‘yiladi. Posttravmatik amneziya sababli bemor hushdan ketgan yoki ketmaganligini ayta olmasligi mumkin. Bemorda amneziya holati kuzatilgan bo‘lsa, u hushdan ham ketgan bo‘ladi.
  • BMCh da engil ifodalangan nevrologik simptomlar (nistagm, pay reflekslari asimmetriyasi, vazomotor buzilishlar) aniqlanadi. Chuqurroq ifodalangan o‘choqli nevrologik simptomlar va meningeal belgilar aniqlansa, bosh miya chayqalishi emas, balki bosh miya ezilishi tashxisi qo‘yiladi.
  • BMCh aniqlangan bemorda, ko‘pincha, kallaning yumshoq to‘qimalari ham lat egan bo‘ladi. Bunday paytda jarohatning og‘irroq tur­ini inkor qilish uchun vrach barcha lat egan joylarni obdon tekshirishi kerak.
  • Kalla suyagi jarohatini aniqlash uchun rentgenologik tekshiruvlar o‘tkaziladi. Miya chayqalishida kalla suyagi sinishi belgilari aniqlanmaydi. KT tekshiruvlarida ham patologik o‘zgarishlar kuzatilmaydi.
  • Laborator tekshiruvlarda (qon, siydik analizlari) ham patologik o‘zgarishlar bo‘lmaydi.

Qiyosiy tashxis, avvalambor, bosh miya ezilishi va intrakranial qon quyilishlar bilan o‘tkaziladi.

Davolash. Bemor zudlik bilan shifoxonaga (travmatologiya yoki neyroxirurgiya bo‘limlariga) yotqiziladi. Bu erda u 3–5 kun mobaynida kuzatuv va davolanishda bo‘ladi. Engil holatlarda bemor bir kundan so‘ng uyiga qaytarilishi mumkin. Lekin bemor uyida kamida 7–10 kun mobaynida yotoq tartibiga rioya qilishi va vrach nazoratida bo‘lishi lozim. Odatda, miya chayqalishi bilan bemorning ahvoli tez kunda yaxshilanadi.

BMCh da faol davolash muolajalari o‘tkazilmaydi. Dorilar bilan davolash, asosan, bosh og‘riq, bosh aylanishi, uyqu buzilishi, qusish, bezovtalanish va shu kabi boshqa belgilarni bartaraf etishdan iborat. Bu maqsadda analgetiklar, sedativ vositalar va qusishga qarshi dorilar qilinadi.

Prognoz. Bosh miya chayqalishi barcha KTsJ lar ichida eng engil jarohatdir. BMCh bilan bemorlar, odatda, tez tuzalishadi. Bu kasallik nogironlik darajasini belgilashda ahamiyatli emas. Ammo BMCh boshqa bir kasalliklar (epilepsiya, depressiya, IKG, arterial gipertenziya, surunkali bosh og‘riqlar) qo‘zg‘alishiga turtki bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham bemor umumiy amaliyot shifokori nazoratiga olinishi kerak. UASh zaruratga qarab tor doiradagi mutaxassislar bilan maslahatlashib turadi.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив