BOSh OG‘RIQLAR
Migren – boshning bir tomonida paroksizmal tarzda paydo bo‘luvchi va takrorlanib turuvchi kuchli og‘riqlar bilan kechuvchi kasallik. Og‘riq xuruji, asosan, ko‘z-peshona-chakka sohalarida kuzatiladi va ko‘ngil aynishi, qusish, yorug‘lik va atrofdagi tovushlarga o‘ta sezgirlik bilan namoyon bo‘ladi. Og‘riq xurujidan so‘ng bemorda uyquchanlik va holsizlik kuzatiladi.
Migren insoniyatga qadimdan tanish bo‘lgan kasallik. Migren haqida ilk ma’lumotlar 3000 yil ilgari eski egipt yozuvlarida topilgan. Dastlab bu kasallik «Gemikraniya» deb atalgan. Ushbu atama rimlik vrach Galen (miloddan avvalgi 129–201 yy) tomonidan tavsiya etilgan. Galen boshning yarmida kuchli og‘riq xurujlari bilan namoyon bo‘luvchi bosh og‘riqlarni "gemikraniya" deb atagan. Bu atama asrlar mobaynida o‘zgarib, «mikraniya», keyinchalik «Migren» deb atala boshlangan.
Epidemiologiyasi. Migren keng tarqalgan kasallik bo‘lib, 12–15 % aholi ushbu kasallikdan aziyat chekadi. Ayollar erkaklarga qaraganda 2–3 barobar ko‘p kasallanishadi: ayollar orasida bu kasallik 20 %, erkaklar orasida 6 % ga teng. Mutaxassislar fikricha, migren bilan kasallangan bemorlarning 20 % i vrachlarga murojaat qilishadi xolos, qolganlari esa bosh og‘riq xurujlarini kuchli analgetiklar bilan o‘zlari bartaraf etib yurishadi. Buning asosiy sabablari – davolash har doim ham kutilgan natijani beravermasligi va bemorlarning analgetiklar bilan chegaralanib qolishidir.
Tasnifi. Bosh og‘riqlarni o‘rganish bo‘yicha Xalqaro jamiyatning [International Headache Society (IHS), 2004] tavsiyasiga binoan migrenning quyidagi tasnifi qabul qilingan.
- Aurasiz migren
- Aurali migren:
- Tipik aura bilan kechuvchi migren.
- Tipik aura bilan kechuvchi migrensiz bosh og‘riq.
- Bosh og‘riqsiz tipik aura.
- Oilaviy gemiplegik migren.
- Sporadik gemiplegik migren.
- Bazilyar migren.
- Bolalarda o‘qtin-o‘qtin uchraydigan migren oldi sindromlari:
- Davriy qusishlar.
- Abdominal migren.
- Bolalik davrida uchraydigan paroksizmal vertigo.
- Retinal migren
- Migren asoratlari:
- Surunkali migren.
- Migrenoz status.
- Migrenoz insult.
- Migren sababli qo‘zg‘algan epileptiform xurujlar.
Etiologiyasi va patogenezi. Migren nasliy kasallik bo‘lib, autosom-dominant tipda nasldan-naslga uzatiladi. Migren bilan kasallangan bemorning avlodida yoki yaqin qarindosh-urug‘larida, ko‘pincha, migren kasalligi aniqlanadi. Migren, asosan, 20–30 yoshgacha bo‘lgan davrda va juda kam hollarda katta yoshda boshlanadi. Balog‘at yoshiga etmagan bolalarning 4% i migren bilan kasallanishadi. Yosh o‘tgan sayin migren bilan kasallanish darajasi kamaya boradi. Migren 50 yoshdan oshganlarda uchramaydi.
Migren etiologiyasida trigger omillarining o‘rni katta. Bu omillar juda ko‘p bo‘lib, ularga faollashgan quyosh nuri va boshqa meteoomillar, xonadagi kuchli yorug‘lik va shovqin, televizor va kompyuter ekrani oldida ko‘p o‘tirish, hidlar, stress, hissiy va jismoniy zo‘riqishlar, uyqusizlik kiradi. Mashhur nevrolog professorlardan biri migrendan aziyat chekkan. U xodimlarni ishga olishda papiros chekmaydigan erkaklar va atir sepmaydigan ayollarga e’tibor qaratgan. Shuningdek, bo‘limda tinchlik saqlashni iltimos qilgan. Chunki har qanday salbiy omil migren xurujini qo‘zg‘ab yuboradi. Mashhur nevrolog va psixoanalitik Zigmund Freyd ham migrendan aziyat chekkan. Transport vositalarida uzoq joylarga borish, samolyotda uchish va har xil og‘ir sport to‘garaklarida qatnashish ham migren xurujini qo‘zg‘ab yuboradi. Shuningdek, spirtli ichimliklar, oral kontratseptivlar va nitratlarni qabul qilish ham migren xurujini qo‘zg‘aydi.
Migren patogenezida neyrovaskulyar buzilishlarning o‘rni katta. Limbikoretikulyar sistemaning genetik determinirlashgan disfunktsiyasi notsitseptiv va antinotsitseptiv sistemalar faoliyatini izdan chiqaradi. Migren xuruji qo‘zg‘ashidan oldin trigeminovaskulyar sistema faoliyati buziladi, uch shoxli nervning perivaskulyar o‘siqchalarida mediatorlar ajralib chiqishi kuchayadi va ular neyrogen yalllig‘lanish jarayonini boshlab beradi. Natijada serotonin miqdori pasayadi, noradrenergik va dopaminergik sistemalar faolligi oshadi va bosh og‘riq xuruji boshlanadi. Bosh og‘riq xurujining patogenezida gamma-amin-yog‘ kislotasi va azot monooksidi dismetabolizmi ham o‘rni katta.
Migren xurujining 4 bosqichi farqlanadi.
- Birinchi bosqich – miya arteriyalarining birida spazm va shu sababli og‘riq paydo bo‘lish bosqichi. Bu bosqich 15–45 daqiqa davom etadi va tserebral ishemiya rivojlanishi bilan kechadi.
- Ikkinchi bosqich – miya arteriyalari va venalarida patologik dilatatsiya rivojlanadi, ya’ni miya tomirlari passiv kengayadi. Bu bosqichda lo‘qillovchi xususiyatga ega bosh og‘riqlar paydo bo‘ladi.
- Uchinchi bosqich – miya tomirlari atoniyasi sababli perivaskulyar shish vujudga keladi, arteriovenoz shuntlar ochilib, qon ortiqcha miqdorda venoz tomirlar sistemasiga o‘ta boshlaydi. Buning natijasida venalar yanada kengayadi va lo‘qillovchi bosh og‘riq yanada kuchayadi.
- To‘rtinchi bosqich – yuqorida ko‘rsatilgan patologik jarayonlar orqaga chekina boshlaydi, bosh og‘riq xuruji sustlashadi va to‘xtaydi.
Klinikasi. Migrenda og‘riq xurujlari, asosan, boshning bir tomonida bo‘lib, peshona-chakka-tepa sohalarini egallaydi. Shuning uchun ham migrenning qadimgi nomi, ya’ni "gemikraniya" atamasi hanuzgacha qo‘llaniladi. Aksariyat bemorlarda og‘riq xurujlari galma-gal boshning chap yoki o‘ng tomonlarida kuzatilib turadi. Og‘riq xuruji kuchaygan sayin u boshning barcha sohalariga tarqala boshlaydi. Og‘riq xurujlari, odatda, o‘ta kuchli bo‘lib, bemor og‘riqqa chida olmay qo‘li bilan boshini bosib turadi yoki ro‘mol bilan siqib bog‘laydi (15.1-rasm).
15.1-rasm. Bemor migren xuruji paytida.
Bemor xonadagi chiroq, radio va televizorlarni o‘chirib tashlaydi. Chunki har qanday yorug‘liq va tovush bosh og‘rig‘ini kuchaytirib yuboradi. Bemorga hattoki chiqillab turgan soat ovozi ham yoqmaydi. Og‘riqlar, ko‘pincha, lo‘qillovchi xususiyatga ega bo‘lib, kam hollarda siqib og‘ruvchi va qattiq bosuvchi tusda bo‘ladi.
Migrenda og‘riq xurujlari, odatda, 4–72 soat davom etadi. Juda ko‘p hollarda migren xurujining o‘rtacha davomiyligi 6–24 soatga teng. Xurujlarning uchrash darajasi turlicha bo‘lib, ba’zi bemorlarda har kuni yoki haftada bir marta uchrasa, boshqa birlarida oyda yoki yilda bir marta kuzatiladi. Xurujlarning qay darajada tez uchrashi, kuchi va davomiyligi uni qo‘zg‘ovchi omillarga ko‘p jihatdan bog‘liq. Ammo progradient kechish migren uchun xos emas.
Agar xurujlar boshlagan zahoti yoki boshlashidan oldin bemor analgetiklar iste’mol qilsa, og‘riq kuchi pasayadi va davomiyligi qisqaradi. Bemorning kundalik turmush tarziga ta’sir qilishiga qarab, migrenning quyidagi 3 darajasi farq qilinadi.
- Engil – kundalik turmush tarzi buzilmaydi.
- O‘rtacha – kundalik turmush tarzi pasayadi.
- Og‘ir – kundalik turmush tarzi to‘la buziladi.
Migrenda bosh og‘riq xuruji paytida ko‘ngil aynish, qusish, yorug‘lik va tovushlarni yoqtirmaslik ham kuzatiladi. Shuningdek, og‘riq xuruji paytida butun tanani titroq bosish, yurak urib ketishi, sovqotish, tana haroratining biroz ko‘tarilishi, ter bosish va ichak faoliyati buzilishi kabi vegetativ simptomlar ham paydo bo‘lishi mumkin.
Nevrologik status. Migren bilan kasallangan bemorda nevrologik status sog‘lom odamnikidan farq qilmaydi. Nevrologik simptomlar faqat xuruj paytida aniqlanishi mumkin. Ba’zida xuruj paytida amavroz, oftalmoplegiya yoki gemiparezlar vujudga keladi. Xurujlar yo‘q paytida o‘choqli nevrologik simptomlar aniqlansa, migren tashxisi gumon ostiga olinadi va bosh og‘riq boshqa bir kasallikning alomati hisoblanadi. Migrenda o‘choqli nevrologik sipmtomlar faqat xuruj paytida kuzatiladi, xolos. Agarda "Migren" tashxisi bilan vrach nazoratida turgan bemorda keyinchalik o‘choqli nevrologik simptomlar (masalan, gemiparez) paydo bo‘lsa, unda bu holat migren asorati (migrenoz insult) deb ataladi.
Migrenning ko‘p uchraydigan ba’zi turlari bilan tanishib chiqamiz.
Aurasiz migren (oddiy migren). Bu migrenning avvalgi nomi oddiy migren. Oddiy migren migrenning boshqa turlari ichida eng ko‘p uchraydigan (deyarli 70 %) turidir.
Oddiy migrenning diagnostik belgilari:
- auralar bo‘lmasligi;
- xurujsimon bosh og‘riqlarning 4–72 soat davom etishi;
- bir tomonlama bosh og‘riqlar (gohida ikkala tomonda ham kuzatiladi);
- lo‘qillovchi bosh og‘riqlar;
- og‘riqlarning o‘rta yoki kuchli darajada namoyon bo‘lishi;
- jismoniy zo‘riqishlardan so‘ng og‘riqlar kuchayishi;
- ko‘ngil aynish, qusish, foto va fonofobiyalar kuzatilishi;
- anamnez, somatik va nevrologik tekshiruvlarda bosh og‘riqning boshqa sabablari aniqlanmasligi.
Aurasiz migren tashxisini qo‘yish uchun anamnezda ushbu diagnostik belgilarga mos keladigan migren xuruji kamida 5 marotaba kuzatilgan bo‘lishi kerak. Bosh og‘riq xurujlari galma-gal o‘ng yoki chap tomonda kuzatilib turishi ham e’tiborga olinadi. Uzoq yillardan buyon bosh og‘riq faqat bir tomonda kuzatilsa, uning boshqa sababini izlash lozim.
Aurali migren (klassik migren). Migrenning bu turi 30% ni tashkil qiladi. Migrenda aura nimani anglatadi? Aura – bosh og‘riq xuruji boshlangunga qadar kuzatiladigan nevrologik buzilish. Aura paydo bo‘lishi lokal tserebral ishemiya bilan bog‘liq. Aura "xabarchi" degani. Migrenda auralar turli-tuman bo‘lib, bosh og‘riq xuruji boshlashidan bir necha daqiqa yoki bir soat oldin paydo bo‘ladi. Aura ko‘z oldida yorug‘ uchqunlar yoki sharlar paydo bo‘lishi, gemianopsiya, bir tomonlama sensor buzilishlar (paresteziyalar), afaziya va harakat buzilishlari (gemiparez) bilan namoyon bo‘ladi. Auralar ichida eng ko‘p kuzatiladigani – fotopsiya (yorug‘ sharlar va uchqunlar), kam uchraydigani – afaziya va gemiparezlardir. Aura 10–60 daqiqa (ko‘pincha, 15–30 daqiqa) davom etadi va bosh og‘rig‘i xuruji boshlagandan so‘ng o‘tib ketadi. Migrenda aura davomiyligi bir soatdan oshmaydi.
Aurali migrenning diagnostik belgilari:
- og‘riq xurujidan oldin auralar kuzatilishi;
- auraning, asosan, fotopsiyalar bilan namoyon bo‘lishi;
- aura simptomlarining 4 daqiqa ichida shakllanishi;
- auraning 60 daqiqadan oshmasligi (o‘rtacha 15–30 daqiqa);
- aura tugar-tugamay bosh og‘riq xurujlari boshlanishi.
Bazilyar migren. Jinsiy balog‘atga etish davrida va asosan, qizlarda uchraydigan migren. Migrenning bu turi kam uchraydi. Kuchli bosh og‘riq xurujlari boshlashidan oldin kuchli fotopsiya, bosh aylanishi, quloqda shovqin, gipoakuziya, ataksiya, dizartriya, yuz va tilda, ba’zida oyoq-qo‘llarda paresteziyalar paydo bo‘ladi. Aura ko‘rinishidagi bu belgilar 10–15 daqiqadan so‘ng o‘tib ketadi. Bosh og‘riq xuruji esa bir necha soat davom etadi. Og‘riq xurujlari o‘tib ketgach, bemor uyquga ketadi. Xuruj paytida sipkopal holatlar ham ro‘y beradi.
Retinal migren. Retinal migren ko‘zning to‘r pardasini qon bilan ta’minlovchi markaziy arteriya spazmi va dilatatsiyasi sababli rivojlanadi. Migrenoz xurujlar fotopsiya, skotoma va amavroz kabi auralar bilan boshlanadi. Amavroz bir yoki bira to‘la ikkala ko‘zda ham kuzatilishi mumkin. Auralardan so‘ng ko‘z soqqasi atrofida kuchli migrenoz og‘riqlar paydo bo‘ladi. Retinal migrenni deyarli har doim tarqoq sklerozning ko‘z turi bilan qiyoslashga to‘g‘ri keladi. Tarqoq sklerozda o‘tib ketuvchi amavroz og‘riqlarsiz namoyon bo‘ladi.
Oftalmoplegik migren. Migrenoz xurujlar midriaz, ptoz, diplopiya va g‘ilaylik bilan boshlanadi. Bunday simptomlarning paydo bo‘lishi ko‘zni harakatlantiruvchi nervni qon bilan ta’minlovchi arteriyalar spazmi, dilatatsiyasi, venoz staz va perifokal shish bilan bog‘liq. Ptoz va midriaz zararlangan arteriya tomonda paydo bo‘ladi. Bir tomonlama og‘riq xuruji ko‘z va peshonada kuzatiladi.
Uzoq auralar bilan namoyon bo‘luvchi migren. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, migrenda kuzatiladigan auralar odatda, bir soatdan oshmaydi. Bir soat davom etadigan auralar hatto migrenning diagnostik belgilari ichidan o‘rin olgan. Ammo migrenning juda uzoq davom etuvchi auralar bilan kechadigan turlari mavjud. Bunda auralar davomiyligi 1 kundan 1 haftagacha cho‘ziladi. Auralar paytida bosh miya MRT qilib tekshirilganda hech qanday organik buzilishlar aniqlanmaydi. Migrenning bu turi juda kam uchraydi.
Oilaviy gemiplegik migren. Bu migren oilaviy bo‘lib uchraydi va autosom-dominant tipda nasldan-naslga o‘tadi. Migrenning ushbu turi ham turli auralar bilan boshlanadi. Ayniqsa, gemiplegik auralar ko‘p uchraydi. Migrenoz xurujlar tananing bir tomonida paresteziya, dizesteziya, gemianesteziya va gemiparezlar bilan namoyon bo‘ladi. Xurujlar bir necha daqiqadan 2 soatgacha davom etadi. Paresteziyalar yuz va tilning yarmiga ham tarqaydi. Bunday paytda, odatda, TIA deb tashxis qo‘yiladi. Tashxisni to‘g‘ri aniqlash uchun chuqur anamnestik, nevrologik va MRT tekshiruvlar zarur. Nomidan ko‘rinib turibdiki, migrennning bu turi oilaviy bo‘lib uchraydi. Agar bemorning avlodi surishtirilsa, uning otasi yoki onasida ham gemiplegik migren kuzatilgan bo‘ladi. Lekin gemiplegik migren sporadik tarzda ham uchrashi mumkin.
Bolalik davrida uchraydigan migrenga o‘xshash sindromlar. Ba’zi bolalarda bosh og‘riq, bosh aylanish, ko‘ngil aynish, qusish, abdominalgiya kabi o‘tib ketuvchi simptomlar kuzatilib turadi. Ba’zida o‘tib ketuvchi gemiplegiya va afaziyalar ham vujudga keladi. Bolalarda uchraydigan bunday simptomlar migrenning diagnostik belgilariga to‘la mos kelmaydi. Ushbu simptomlar migrenoldi holatlar deb yuritiladi. Bunday bolalarda kelajakda migren rivojlanishi mumkin. Agarda ushbu bolalarning otasi yoki onasi migren bilan kasallangan bo‘lsa, ularda migren rivojlanishi xavfi yanada oshadi.
Tashxis va qiyosiy tashxis. Tashxis qo‘yishda migrenning klinik simptomlari va kechishiga alohida e’tibor qaratiladi. Klassik va oddiy migrenga tashxis qo‘yish qiyinchiliklar tug‘dirmaydi. Ammo, migrenning atipik va o‘choqli nevrologik simptomlar bilan kechuvchi turlarini har doim nevrologik kasalliklar (ayniqsa, TIA bilan) bilan qiyoslashga to‘g‘ri keladi. Migren bilan kasallangan bemorda bosh miyaning hech qanday organik kasalliklari va bosh og‘riqlarni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan somatik kasallliklar aniqlanmaydi. Migren tashxisini qo‘yish har doim uni boshqa etiologiyali bosh og‘riqlar bilan qiyoslashni talab qiladi. Migrenni niqoblangan depressiyada uchraydigan psixogen tsefalgiyalardan ham farqlash kerak. Migrenni deyarli har doim "zo‘riqish bosh og‘rig‘i" va klaster tsefalgiya bilan qiyoslashga to‘g‘ri keladi. Migren nasliy kasallik bo‘lganligi uchun anamnestik ma’lumotlar va genetik tekshiruvlar ham o‘ta ahamiyatlidir.
Migren boshqa etiologiyali bosh og‘riqlar, TIA va ishemik insult, fokal epileptik xurujlar, chakka arteriiti, intrakranial gipertenziya, gipertonik kriz, o‘tkir gipertonik entsefalopatiya, turli etiologiyali prozopalgiya va kraniotservikalgiya, glaukoma, toksik entsefalopatiya, tarqoq skleroz, vertebrobazilyar sindrom, psixogen tsefalgiya, tserebral arteriyalar anevrizmasi va bosh miya o‘smalari bilan qiyoslanadi.
Laborator va instrumental tekshiruvlar
- Migren tashxisi, asosan, kasallik klinikasi va kechishiga qarab qo‘yiladi. Uning asosiy simptomi – bu bosh og‘riq xurujlari. Agarda migren tashxisiga gumon paydo bo‘lsa, unda qo‘shimcha ravishda boshqa tekshiruvlar o‘tkaziladi va ularning natijasi qiyosiy tashxis o‘tkazish uchun zarur bo‘ladi. Migren chakka arteriti bilan ham qiyoslanadi. Chakka arteriitida EChT soatiga 30 mm dan oshadi va aniq tashxis qo‘yish uchun chakka arteriyasi biopsiya qilinadi.
- Migrenni TIA yoki ishemik insult bilan qiyoslash uchun bosh miya qon tomirlarini dupleksli skanirlash, transkranial dopplerografiya kabi tekshiruvlar o‘tkaziladi.
- Migrenni boshqa etiologiyali bosh og‘riqlardan farqlash uchun KT, MRT yoki PET tekshiruvlari qilinadi. Bu tekshiruvlar o‘choqli nevrologik simptomlar sababini aniqlash uchun zarur.
- EEG tekshiruvi aura bilan kechuvchi migren bilan fokal epileptik xurujlar orasida qiyosiy tashxis o‘tkazish uchun zarur bo‘ladi. Juda kam hollarda migren xurujlari epileptik xurujlarni qo‘zg‘ab yuborishi mumkin.
Davolash. Davolash 3 maqsadni o‘z oldiga qo‘yadi: 1) migren xurujini to‘xtatish; 2) migrenoz status davrida davolash; 3) xurujlararo davrda davolash.
Migren xurujini to‘xtatish. Migren xuruji davrida bemorni davolashda analgetiklar va yallig‘lanishga qarshi nosteroid dori vositalaridan foydalaniladi. Atsetilsalitsil kislota (aspirin) va uning vositalari og‘riq qo‘zg‘ovchi moddalar (prostaglandin, kinin va shu kabilar) sintezini pasaytiradi va natijada og‘riq impulslari tarqalishi sustlashadi yoki to‘xtaydi. Shuningdek, tarkibida atsetilsalitsil kislota saqlovchi dori vositalarining antiagregant xususiyatga ega ekanligi xuruj paytida kapillyarlarda normal qon aylanishni ta’minlaydi va ishemiyaning oldini oladi. Shuning uchun ham migren xurujini to‘xtatish uchun tarkibida atsetilsalitsil kislota saqlovchi dorilarni har doim tavsiya etish kerak.
Engilroq holatlarda xuruj boshlangan zahoti aspirin yoki paratsetamolni 0,5–1,0 g dan 3 mahal ichish buyuriladi. Shuningdek, kuniga indometatsin 75 mg, ortofen 75 mg, ksefokam 8 mg dan ichiladi. Og‘ir xurujlarida sedalgin (tarkibida: aspirin – 0,2 g, fenatsetin – 0,2 g, kofein – 0,05 g, kodein fosfat – 0,01 g, fenobarbital – 0,025 g), pentalgin, baralgin, spazmoveralgin, solpadein kabi kuchliroq analgetik xususiyatga ega bo‘lgan dorilar ichish tavsiya etiladi.
Eslatma. Bemor analgetiklarni qancha erta qabul qilishni boshlasa, samarasi shuncha yuqori bo‘ladi. Agar vrach migren tashxisini qo‘yishga qiynalayotgan bo‘lsa, bemorga ergotamin saqlovchi dorilarni berib ko‘rishi mumkin.
Xuruj boshlanganidan 2 soat o‘tgach, so‘ng qabul qilingan dorining ta’siri o‘ta past yoki befoyda. Tarkibida atsetilsalitsil kislotasini saqlovchi dorilarni tavsiya etishga monelik qiluvchi holatlar – oshqozon-ichak sistemasi yarasi, gipokoagulyatsiya bilan kechuvchi kasalliklar, allergik reaktsiyalar.
Shohkuya preparatlari arteriyalarning yumshoq muskul qavatiga kuchli vazokonstriktiv ta’sir qiluvchi va neyrogen yallig‘lanishni pasaytiruvchi xususiyatga ega. Shuningdek, shohkuya preparatlari dopaminergik va adrenergik ta’sirga ham ega. Migren xurujini to‘xtatishda bu dorilar juda samarali bo‘lib, deyarli har doim yarim soat ichida og‘riqni to‘xtatadi yoki keskin pasaytiradi.
Ergotamin – migren xurujlarini to‘xtatishda qo‘llaniladigan asosiy dori vositasi. U juda yaxshi vazokonstriktor ta’sirga ega. Ergotamin tipik antimigrenoz vosita bo‘lganligi uchun u diagnostik maqsadda ham qo‘llaniladi. Bugungi kunda migren xurujlarini to‘xtatish uchun ishlab chiqarilayotgan barcha farmakologik vositalar tarkibida ergotamin bor.
Migren xuruji boshlagan zahoti 1 tabl. (1 mg) ergotamin tartrat til ostiga tashlab so‘riladi. Bu dorining kundalik dozasi 3 mg dan oshmasligi kerak. Ergotamin kuchli vazokonstriktor bo‘lganligi bois uni TIA va YuIK aniqlangan bemorlarga tavsiya etish xavfli. Aks holda ishemik insult yoki miokard infarkti rivojlanishi mumkin. Shuningdek, bu dorilar qusish va diareya ham chaqiradi. Ergotaminning nojo‘ya ta’sirlarini kamaytirish uchun "ergotamin+kofein" kompleksidan iborat turli dorilar ishlab chiqarilgan: kofetamin, kofergot, ankofen va h.k. Ushbu dorilardan biri xuruj boshlangan zahoti ichiladi. Keyin har 4 soatda 1 tabletkadan beriladi. Bu dorilarning kundalik miqdori 6 tabletkadan oshmasligi kerak.
Digidroergotamin ergotaminlarning yaqqol namoyandasi bo‘lib, eng kam nojo‘ya ta’sirga ega. Digidroergotamin nazal aerozol tipida (digidergot) ko‘p ishlab chiqariladi. Migrenoz xurujlar paytida digidergot burunning ikkala teshigiga bitta dozadan (0,5 mg) purkaladi. Og‘riqlar kamaymasa, 15 daqiqadan so‘ng purkash yana takrorlanadi. Bitta migrenoz xurujni (4 soat davom etadigan) bartaraf etish uchun dorini 4 marotaba purkashning o‘zi kifoya. Agar og‘riqlar kun bo‘yi davom etaversa, digidergotni bir kunda 8 marotaba purkash mumkin. Digidergotning in’ektsion turlari 1 mg dan teri osti yoki mushak ichiga qilinadi. Dorining bir kunlik dozasi 3 mg, bir haftalik dozasi 6 mg dan oshmasligi kerak.
Serotonin agonistlari. Bu dorilar miya tomirlarining serotoninga sezgir retseptorlariga tanlab ta’sir ko‘rsatadi va neyrogen yallig‘lanishni pasaytiradi, patologik kengaygan tomirlarni toraytiradi. Serotoninning 1-avlod agonistlaridan sumatriptan (imigran) 50–100 mg dan ichiladi yoki 6 mg dan teri ostiga qilinadi. Sumatriptan in’ektsiyasi 6 mg dan kuniga 4 mahal qilinishi mumkin. Biroq dorining dozasini undan oshirib yubormaslik kerak. Serotoninning 2-avlod agonistlaridan zolmitriptan (zomig) – 2,5 mg, naratriptan (naramig) – 2,5 mg, rizatriptan (maksalt) – 5 mg; 3-avlod agonistlaridan – eletriptan (relpaks) – 40 mg dozada migrenoz xurujni bartaraf etishda ko‘p qo‘llaniladi. Dorilarni bir kunda bir necha bor tavsiya etish mumkin. Ammo ularning kundalik dozasini ko‘rsatilgan miqdordan oshirib yubormaslik kerak.
Migrenoz statusni bartaraf etish. Migrenoz status – bemorni shifoxonaga zudlik bilan joylashtirishni talab etuvchi og‘ir holat. Zudlik bilan prednizolon 40–60 mg yoki deksametazon 4–8 mg tomir ichiga qilinadi. Shuningdek, 1 mg digidroergotamin venaga tomchilatib yuboriladi. Migrenoz status kuchli ko‘ngil aynish va qusishlar bilan ham namoyon bo‘ladi. Bu buzilishlarni bartaraf etish uchun 10 mg metoklopramid venadan tomchilatib yuboriladi. Digidroergotamin va metoklopramid bitta sistemaning o‘zida qilinishi mumkin. Ushbu tarkibda dorilar zaruratga qarab kuniga 4–5 mahal venadan yuboriladi. Chunki migrenoz status uzoq davom etadigan og‘ir holat. Keyingi kunlari 1 mg digidroergotamin 1 mg dan teri ostiga qilinadi.
Neyroleptiklardan 0,5 % li 2 ml galoperidol venadan tomchilatib yuboriladi yoki mushak ichiga qilinadi. Galoperidol o‘rniga aminazin ham qo‘llanilishi mumkin. AQB tushib ketishidan ehtiyot bo‘lish kerak. Juda og‘ir holatlarda 4 mg morfin venadan tomchilatib yuboriladi. Shuningdek, dekstranlar (reopoliglyukin, reomakrodeks), gidrokarbonat natriy ham qilinishi kerak. Diuretiklar (laziks kuniga 40–60 mg) ham qilinadi. Bemor klinikadan chiqib ketguncha har kuni digidroergotamin qabul qilib tu-rishi lozim. Uning kundalik dozasi individual tarzda belgilanadi.
Bemorni xurujlararo davrda davolash. Agarda xurujlar soni oyiga 3–5 martadan oshsa, bemorning hayot tarziga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday paytlarda bemor shifoxonaga yotqiziladi va rejali davolash muolajalari olib boriladi. Rejali davolash muolajalarini o‘tkazishdan maqsad – xurujlar sonini kamaytirish va kuchini pasaytirishga erishish, bemorning umumiy quvvatini oshirish, xurujlarning oldini olishga va xuruj paytida nimalarga e’tibor qaratishga o‘rgatishdir. Chunki bugungi kunda bemorni migren kasalligidan butunlay xalos qilishning iloji yo‘q.
Rejali davolash kursi kasallik darajasiga qarab yiliga 3–4 marotaba o‘tkaziladi. Dori vositalaridan r-adrenoblokatorlar (anaprilin, propranolol, atenolol, nadolol, metoprolol), kaltsiy kanalini qamalga oluvchilar (verapamil, nifedipin), antidepressantlar (amitriptilin, portal, fevarin), serotonin antagonistlari (metisegrid, peritol), miorelaksantlar (sirdalud, midokalm), antikonvulsantlar (karbamazepin, gabapentin, topiramat) ko‘p qo‘llaniladi (15.1-jadval).
15.1-jadval
Xurujlararo davrda tavsiya etiladigan dorilar
Dorining nomi |
Dozasi va qabul qilish tartibi
|
Beta-adrenoblokatorlar |
|
Propranolol (anaprilin, inderal, obzidan) |
Dastlab 10-20 mg kuniga 2-3 mahal beriladi, keyinchalik har 3 kunda dorining dozasi oshirib boriladi. Uning bir kunlik dozasini 120 mg ga etkazish mumkin. |
Nadolol (korgard) |
Kuniga 40-160 mg |
Metoprolol (lopresol) |
Kuniga 50-100 mg |
Atenolol (tenormin) |
Kuniga 50-100 mg |
Kaltsiy kanali blokatorlari |
|
Verapamil |
Kuniga 160-320 mg |
Nifedipin |
Kuniga 30-120 mg |
Amlodipin |
Kuniga 5-10 mg |
Antidepressantlar |
|
Amitriptilin |
Kuniga 50-75 mg |
Prozak |
Kuniga 20-40 mg |
Sertralin |
Kuniga 50-100 mg |
Miorelaksantlar |
|
Tizanidin (sirdalud) |
Kuniga 6-8 mg |
Tolperizon(midokalm) |
Kuniga 100-150 mg |
Antikonvulsantlar |
|
Valproatlar (depakin, konvuleks) |
Kuniga 1000-1500 mg |
Topiramat |
Kuniga 300-600 mg |
Karbamazepin |
Kuniga 200-600 mg |
Yallig‘lanishga qarshi nosteroid dorilar |
|
Diklofenak |
Kuniga 75 mg |
Naproksen |
375 mg dan kuniga 2 mahal |
Indometatsin |
Kuniga 75 mg |
Izoh. Bu dorilar dozada boshlanib, keyin jadvalda ko‘rsatilgan dozaga ko‘tariladi.
Ushbu jadvalda ko‘rsatilgan dorilarni qabul qilib yuradigan bemorlarda migren xurujlari engil o‘tadi. Bu dorilarning ichida eng ko‘p qo‘llaniladigani – beta-adrenoblokatorlar. Ular antiserotoninergik ta’sirga ega. Bu dorilar, ayniqsa, arterial gipertoniya va xavotirli sindromlarda juda samaralidir. Beta-adrenoblokatorlar, shuningdek, kranial arteriyalar dilatatsiyasiga yo‘l qo‘ymaydi va trombotsitlar agregatsiyasini kamaytiradi.
Bu dorilar migren turi patogenezi, og‘riqlar darajasi kechishi, bemorning umumiy ahvoli va yo‘ldosh kasalliklar turiga qarab tanlanadi. Davolashda dori vositalarini qo‘llash bilan birgalikda reflektor ta’sirga ega bo‘lgan fizioterapevtik va shu kabi boshqa usullardan ham foydalaniladi.
Migren xuruji profilaktikasi. Dam olishni to‘g‘ri tashkil qilish, tungi ishlardan voz kechish va o‘z vaqtida uxlash qonun-qoidalariga amal qilish, ortiqcha hissiy zo‘riqishlardan saqlanish migren xurujlari soni va kuchini kamaytirishga juda katta yordam beradi. Aytib o‘tganimizdek, migren xuruji, ko‘pincha, tashqi salbiy omillardan so‘ng boshlanadi. Ovqatlanish ratsioniga amal qilish ham o‘ta muhim. Tarkibida tiramin saqlovchi oziq-ovqatlarni (pomidor, selder, kakao, shokolad, pishloq, sut, yong‘oq, tuxum) iste’mol qilishni cheklash lozim. Shuningdek, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish qat’iyan man qilinadi. Ular bosh og‘riq xurujini kuchaytirib yuboradi. Spirtli ichimliklar nafaqat migrenda, balki bosh og‘riqqa moyil kishilarda ham og‘riqni qo‘zg‘ab yuboradi. Bosh og‘riqqa moyil odamlarda, hatto pivo ham bosh og‘rig‘ini qo‘zg‘aydi yoki kuchaytiradi.
Stress holatlarini yuzaga keltiruvchi har qanday vaziyat, ya’ni oila va ishdagi kelishmovchiliklar ham migren xurujini nafaqat qo‘zg‘aydi, balki kasallikning og‘ir kechishiga sababchi bo‘ladi. Shuning uchun ratsional psixoterapiya, autotrening, jismoniy mashqlar va sportning engil turlari bilan shug‘ullanish stress holatlarining oldini oladi yoki ularni bartaraf etadi. Erta saharda turib piyoda yurish va tushlikdan so‘ng ko‘chada sayr qilish migren profilaktikasi uchun o‘ta muhim.
Shuningdek, igna bilan davolash, massaj, postizometrik relaksatsiya, gidroterapiya va shu kabi boshqa reflektor ta’sirga ega muolajalar ham migren xurujlari profilaktikasi uchun juda zarur. Mehnat ta’tillariga o‘z vaqtida chiqish, rejali tarzda sihatgohlarda dam olib turish ham foydadan xoli emas.
Bemorlarga beriladigan tavsiyalar. UASh migren kasalligiga oid ma’lumotlarni bilishi va bemorni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatishi lozim. Har bir bemor migren xurujini qo‘zg‘ovchi va kamaytiruvchi omillardan voqif bo‘lishi kerak.
Migren xurujini qo‘zg‘ovchi omillar:
- stress, psixoemotsional charchash;
- uyqusizlik, och qolish yoki to‘yib ovqat eyish;
- ortiqcha jismoniy zo‘riqishlar;
- meteorologik omillar;
- kuchli shovqin va yorug‘liq;
- spirtli ichimliklar iste’mol qilish va sigaret chekish;
- shokolad, qahva, yong‘oq, sho‘r va achchiq narsalarni iste’mol qilish;
- ayollarda – hayz ko‘rish payti, progesteron saqlovchi kontratseptivlarni qabul qilish;
- issiq va kislorod kam joylarda uzoq qolib ketish;
- atir-upa va shu kabi kuchli hidga ega kimyoviy vositalar;
- ovqatga qo‘shiladigan turli konservantlar (nitratlar, natriy glutamat, aspartam).
Migren xurujini kamaytiruvchi omillar:
- o‘z vaqtida va etarli miqdorda uxlash;
- tinch va sokin joylarda ishlash va dam olish;
- qorong‘i va hidsiz joylarda bo‘lish;
- yashash joyini o‘zgartirib turish (ba’zan foyda beradi);
- og‘riq paytida boshga sovuq yoki iliq narsa qo‘yish;
- ish va dam olishni to‘g‘ri tashkil etish;
- og‘riq qoldiruvchi dorilarni zudlik bilan qabul qilish (dorini tanlab o‘tirmasdan qo‘l ostida bor bo‘lgan har qanday analgetik qabul qilinadi).
Prognoz. Migren bemor hayotiga xavf solmaydi. Ammo, yoshlik davrida boshlangan bu kasallik uzoq yillar davom etadi. Davolashni to‘g‘ri tashkil etish va sog‘lom turmush tarziga rioya qilish o‘ta muhim. Bunday bemorlarda migren xurujlari engil kechadi, ularning soni va kuchi kamayadi. "Migren 40 yoshdan keyin to‘xtaydi", degan gap ham o‘rinlidir. Chunki yosh o‘tgan sayin migren xurujlari soni kamaya boradi va butunlay yo‘qoladi.
Professor Zarifboy Ibodullaev