BOSh OG‘RIQLAR
Bosh og‘rig‘i bemorlarni vrachga murojaat qilishga undovchi eng ko‘p uchraydigan shikoyatlar sirasiga kiradi. Organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi deyarli har qanday nojo‘ya ichki va tashqi omillar bosh og‘rig‘iga turtki bo‘lishi mumkin. Ba’zida bosh og‘rig‘i hech qanday “sababsiz” paydo bo‘ladi. Bunday paytlarda idiopatik bosh og‘riq haqida so‘z boradi. Demak, bugungi kungacha fanga ma’lum bo‘lgan barcha kasalliklar va patologik holatlar bosh og‘riqlar sababchisi bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham bosh og‘rig‘iga alohida kasallik deb emas, balki sindrom sifatida qaraladi. Chunki bosh og‘rig‘i ko‘p etiologiyali sindromdir.
Bosh og‘riqlar shartli ravishda birlamchi va ikkilamchi tiplarga ajratiladi.
- Birlamchi – biror-bir sababsiz yuzaga kelgan bosh og‘riqlar. Bunday bosh og‘riqlarning yaqqol namoyondalari – migren, klaster tsefalgiya va zo‘riqish bosh og‘rig‘i.
Ikkilamchi – turli kasalliklar va patologik holatlar sababli rivojlangan bosh og‘riqlar. Masalan, turli xil travmalar, intoksikatsiyalar, infektsiyalar, metabolik buzilishlar va somatik kasalliklar bosh og‘riq sababchisi bo‘lishi mumkin.
Professor Zarifboy Ibodullaev