Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi MAGNITLI-REZONANS TOMOGRAFIYa

MAGNITLI-REZONANS TOMOGRAFIYa


Magnitli-rezonans tomografiya (MRT) – turli a’zolarni yadroli-magnit rezonans hodisasiga asoslanib noinvaziv tekshirish usuli. Tekshirish maydonida yuqori darajadagi magnit maydoni hosil bo‘ladi. Shuning uchun ham tanasida turli metallar qolib ketgan odamlarga MRT tekshiruvi o‘tkazilmaydi. MRT ning MSKT dan afzalligi shundaki, unda rentgen nurlanishi kuzatilmaydi. Magnit maydoni kuchlanishi turli darajada bo‘lgan MRT lar farqlanadi. Hozirda kuchlanish darajasi 1, 2 va 3 tesla bo‘lgan MRT dan foydalaniladi.

MRT tekshiruvini o‘tkazish uchun asosiy ko‘rsatmalar

  • Bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishlari (o‘tkir gemorragik insultlarni aniqlashda KT afzal).
  • Kraniotserebral jarohatlar (o‘tkir gematomalarni aniqlashda KT afzal).
  • Bosh miya o‘smalari va boshqa hajmli jarayonlar.
  • Bosh miya va orqa miyaning degenerativ kasalliklari.
  • Markaziy nerv sistemasining yallig‘lanish kasalliklari (biroq, meningitda MRT shart emas).
  • Bosh miya va orqa miya anomaliyalari.
  • Umurtqa pog‘onasi patologiyalari (ayniqsa, disk churralari).
  • Neyroxirurgik operatsiyalardan so‘nggi vaziyatni o‘rganish.

MRT tekshiruviga monelik qiluvchi holatlar

  • Tanada mavjud bo‘lgan metall buyumlar.
  • Yurak ritmini boshqarib turuvchi moslama qo‘yilganlar.
  • Turli neyroxirurgik operatsiyalardan so‘ng qo‘yilgan metall moslamalar.
  • Homilaning dastlabki 3 oyligi (13 haftagacha bo‘lgan davr).

MRT tekshiruviga tayyorlash va uni o‘tkazish

Tekshiriluvchiga ushbu usulning havfsiz ekanligi va tekshiruv 10-15 daqiqa davom etishi tushuntiriladi. Barcha metal buyumlar (telefon,  kalit, tangalar, taqinchoqlar) va kiydirma tishlar olib qo‘yiladi. Chunki kuchli mangit maydoni mavjud bo‘lgan joyga metal buyumlar bilan kirish mumkin emas. Klaustrofobiya, ya’ni yopiq joydan qo‘rquvchilarda maxsus psixologik suhbatlar o‘tkazish kerak bo‘ladi yoki MRT tekshiruvi uxlatib qilinadi.

Tekshiriluvchiga engilroq maxsus kiyim kiydiriladi va MRT stoliga yotqiziladi. Uning boshi va tanasi maxsus moslamalar bilan immobilizatsiya qilinadi, qimirlamay yotish kerakligi tushuntiriladi. Yosh bolalarga esa ushbu tekshiruv  uxlatib qilinadi. Shuningdek, ruhiy kasalliklarda va epileptik sindromlarda ham uxlatib qilish usuli qo‘llaniladi. Magnit maydonida hosil bo‘layotgan shovqinni pasaytirish uchun tekshiriluvchiga quloqchin taqiladi. Kontrast yuborib qilinadigan MRT tekshiruvi uzoqroq (30 daq) davom etishi tushuntiriladi. Maxsus rejimlarda o‘tkazilgan MRT yordamida bosh miyaning o‘tkazuvchi yo‘llari, masalan kortikospinal yo‘llarni (MR-traktografiya) o‘rganish mumkin.

MRT tekshiruvi asosan T1, T2 va FLAIR rejimlarda o‘tkaziladi. T1 rejimda MRT tasvirlar tim qora, T2 rejimda MRT tasvirlar yorug‘ bo‘lib ko‘rinadi. FLAIR (fluid attenuated inversion recovery) rejimida suyuqliklardan chiquvchi signallarni so‘ndirish orqali likvor bo‘shliqlariga yaqin joylashgan o‘choqlar tekshiriladi. Shuning uchun ham FLAIR rejimi miya qorinchalari atrofi, ya’ni periventrikulyar sohada joylashgan demielinizatsiya o‘choqlari (masalan, tarqoq sklerozda), mayda kistalar, lakunar ishemik o‘choqlar va perifokal shishlar aniqlashda juda qo‘l keladi.   

Tekshiruv tugagach uning xulosasi tayyorlab beriladi. MRT natijalarini maxsus plenkada chiqarish uchun o‘rtacha 20 daqiqa vaqt kerak. Biroq, ma’lumotlarning elektron variantini tekshiruv tugagan zaxoti CD yoki DVD disklarga yozib berish mumkin. Xulosalar qog‘ozda ham batafsil yozib berilishi kerak. MRT xulosalarini tayyorlashda xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun kamida 2 nafar vrach ishtirok etadi. Ular nerv sistemasi anatomiyasi va uning MRT ko‘rsatkichlarini mukammal bilishlari zarur. Bunday tekshiruvlarni maxsus kurslarni tugatgan va diplomga ega bo‘lgan mutaxassislar o‘tkazishadi.

Bosh miyaning MRT tekshiruvi

Bosh miyani MRT qilayotganda po‘stloq va po‘stlog‘osti tuzilmalari, pushta va egatchalar, miya pardalari, kulrang va oq moddalar, gipofiz, xiazma, tsisternalar, intrakranial sinuslar va kraniovertebral o‘tish sohasi diqqat bilan ko‘zdan kechiriladi. Nevropatolog qo‘ygan tashxisga qarab ba’zi sohalarni alohida o‘rganish talab etiladi. 

MRT ni kontrast yuborib o‘tkazish. Ba’zi holatlarda MRT kontrast yuborib qilinadi. Masalan, perifokal shish bilan namoyon bo‘layotgan kasalliklarda (bosh miya o‘smalari, entsefalitlar, demielinizatsiya jarayonlari) MRT kontrast yuborib o‘tkaziladi. Qon tomirlar shakli, malformatsiyasi va atrof to‘qimalardagi reaktiv o‘zgarishlar ham kontrast yuborib qilingan MRT da yaqqol aniqlanadi. Havfli o‘smalar bilan bog‘liq neyroxirurgik operatsiyalardan so‘ng ham kontrast yuborib MRT qilinadi. Bu esa eski va yangi o‘choqlarni taqqoslab o‘rganish (o‘sma retsidivi, glioz o‘zgarishlar) imkonini beradi.  

Qon tomirlarni MRT yordamida tekshirish. Perfuzion rejimdagi MRT yordamida bosh miyaning barcha qon tomirlari, shu jumladan kapillyarlar holatini ham batafsil o‘rganish mumkin. Buning uchun qon tomirlarga kontrast yuborish shart emas.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив