MENINGEAL SINDROM


Meningeal sindrom – miya pardalari ta’sirlanishi sababli yuzaga keladigan simptomlar majmuasi.

Sabablari. Miya pardalarining yallig‘lanish kasalliklari (ayniqsa, meningitlar), intrakranial o‘smalar (ayniqsa, meningioma, kartsinomatoz), KTsJ, insultlar (ayniqsa, SQQ), turli sababli rivojlangan IKG, intoksikatsiyalar meningeal simptomlarni yuzaga keltiradi. Kasallik sababi va og‘irligiga qarab bu simptomlar kuchli yoki kuchsiz ifodalangan bo‘ladi. Masalan, yiringli meningitlar va SQQ da meningeal sindrom kuchli, surunkali kechuvchi meningitlar (sil va zahm meningiti) va turli intoksikatsiyalarda biroz sust aniqlanadi.

Meningeal sindrom belgilari

A. Asosiy belgilar

·         Kuchli bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynish va qusish.

·         Tana harorati ko‘tarilishi.

·         Ensa mushaklari rigidligi, Kernig, Brudzinskiy va Lesaj simptomlari.

·         Umumiy giperesteziya (yorug‘lik va shovqinga ortiqcha sezgirlik, tanada og‘riqlar).

·         Likvor bosimining ko‘tarilishi.

B. Qo‘shimcha belgilar

·         Xush (ong) buzilishlari: psixomotor qo‘zg‘alishlar, deliriya, sopor.

·         Yurak-qon tomir va nafas olishning buzilishlari (taxikardiya, bradikardiya, AQB o‘zgarishlari va h.k ).

·         Teriga toshmalar toshib ketishi.

·         Boshqa belgilar.

Izoh. Qo‘shimcha belgilar meningeal sindrom uchun xos bo‘lmagan, biroq asosiy etiologik omil sababli yuzaga kelgan belgilardir.

 

Klinikasi. Turli kasalliklar va patologik holatlarda meningeal sindrom turlicha namoyon bo‘ladi. O‘tkir yiringli meningitlarda meningeal sindrom o‘tkir rivojlanadi va keskin tusda namoyon bo‘ladi, ya’ni tana harorati 40-41°S gacha oshadi, kuchli bosh og‘riqlar, ko‘ngil aynish va ketma-ket qusishlar kuzatiladi. Ensa mushaklari rigidligi, Kernig va Brudzinskiy simptomlari, umumiy giperesteziya, toshmalar toshishi, deliriya, sopor, koma va likvor bosimining keskin ko‘tarilishi bilan namoyon bo‘ladi. Yiringli meningit o‘tkir infektsiyalar sababli rivojlanadi va, asosan, bolalar kasallanishadi. Sil va zahm meningitlarida esa ushbu belgilar o‘ta sust ifodalangan bo‘ladi. Bu meningitlar sil va zahm kasalliklari fonida rivojlanadi, turli yoshlarda uchraydi. Ensa mushaklari rigidligi va Kernig simptomlari kuzatilsa-da, Brudzinskiy simptomi aniqlanmaydi.

Subaraxnoidal qon quyilishlarda ham meningeal sindrom o‘tkir rivojlanadi va dastlabki kunlari yaqqqol ifodalangan bo‘ladi. Ensa mushaklari rigidligi, Kernig simptomi, o‘ta kuchli bosh og‘riqlar, ko‘ngil aynish va ketma-ket qusishlar, qisqa yoki uzoq muddatli xushdan ketishlar, deliriya kuzatiladi. SQQ AQB ning keskin ko‘tarilishi natijasida anevrizmaning yorilishi sababli ro‘y beradi.

Intrakranial o‘smalarda meningeal simptomlar sekin-asta shakllanadi, intrakranial gipertenziya kuchayib boradi. Zo‘rayib boruvchi bosh og‘riqlar, ensa mushaklari rigidligi, Kernig simptomi aniqlanadi. Tana harorati ko‘tarilmaydi, umumiy giperesteziya kuzatilmaydi. Turli nevrologik simptomlar (ambliopiya, afaziya, ataksiya, parkinsonizm, gemiparez, tutqanoq xurujlari) ham paydo bo‘ladi. Intrakranial hajmli jarayonlar uchun meningeal simptomlarning kuchayib borishi xos.

Endi meningeal simptomlarni tekshirish usullarini keltirib o‘tamiz.

Ensa mushaklari rigidligi. Bemor tekis va ravon joyda tepaga qarab yotadi. Vrach uning boshini qo‘li bilan ushlab oldinga egadi. Normada bosh oldinga yaxshi bukiladi va bemorning dahani  ko‘krakka tegadi. Agar bosh oldinga egilmay qotib tursa, bunga ensa mushaklari rigidligi deb aytiladi. Ensa mushaklari rigidligi turli darajada ifodalangan bo‘ladi: agar boshni oldinga egganda dahan ko‘krakkacha 1-2 sm ga etmay qolsa – engil, agar 3-5 sm etmay qolsa – o‘rta darajadagi rigidlik deb aytiladi. Agar bosh umuman oldinga egilmasa yoki orqaga qayrilib tursa – unda kuchli darajali rigidlik rivojlangan bo‘ladi. Ensa mushaklari rigidligini Neri simptomi bilan adashtirmaslik kerak. Neri simptomi ham xuddi shu tarzda, ya’ni boshni oldinga egib tekshiriladi. Boshni oldinga egayotganda spinal ildizchalar tortilishi sababli bo‘yinning orqa qismida reflektor og‘riq paydo bo‘ladi. Demak, Neri simptomi ham patologik simptom bo‘lib, u spinal ildizchalar ta’sirlanishi (zararlanishi) hisobiga rivojlanadi. Meningitlarda ensa mushaklari rigidligi deyarli har doim Neri simptomi bilan birgalikda keladi.

Kernig simptomi. Bemor tekis joyda tepaga qarab yotadi. Bu simptom ikkala oyoqda ham galma-gal tekshiriladi. Vrach bemorning oyog‘ini tos va tizza bo‘g‘imlarida o‘tkir burchak (90°) hosil qilib bukadi (1-bosqich). Keyin vrach bemorning bukilgan oyog‘ini tizza bo‘g‘imida yoza boshlaydi, ya’ni boldirni yuqoriga ko‘taradi (2-bosqich). Sog‘lom kishilarda oyoq to‘la yoziladi. Agar oyoq tizza bo‘g‘imida yozilmasa, demak Kernig simptomi musbat. Kernig simptomi kasallik darajasiga qarab turlicha ifodalangan bo‘ladi: engil, o‘rta va og‘ir darajada. Agar bukilgan oyoq tizza bo‘g‘imida ozgina qarshilik bilan bo‘lsa-da, yozilsa – bu engil, agar yozilmay qolib, o‘tmas burchak hosil qilsa – o‘rta, agar umuman yozilmasa va o‘tkir burchak hosil bo‘lsa – kuchli  darajadagi Kernig simptomi deyiladi.

Brudzinskiy simptomlari. Yuqori Brudzinskiy simptomi – boshni oldinga egayotganda ikkala oyoq tos va tizza bo‘g‘imlarida bukiladi. Demak, bu simptom xuddi ensa mushaklari rigidligini tekshirganga o‘xshab tekshiriladi. O‘rta Brudzinskiy simptomi – qorinning kindikdan pastki qismi musht bilan chuqurroq bosilsa, ikkala oyoq tos va tizza bo‘g‘imlarida bukiladi. Pastki Brudzinskiy simptomi – xuddi Kernig simptomiga o‘xshab tekshiriladi. Bemorning bitta oyog‘i tos va tizza bo‘g‘imlarida o‘tkir burchak hosil qilib bukiladi. Bunga javoban ikkinchi oyoq ham tos va tizza bo‘g‘imlarida biroz bukiladi..

Lesaj simptomi. Hali 1 yoshga to‘lmagan bolalarda Lessajning “osilib turuvchi” simptomi meningitni aniqlashda juda katta ahamiyatga ega. Bu simptomni tekshirish uchun vrach ikkala qo‘li bilan bolaning qo‘ltig‘idan ushlab ko‘taradi, bosh va ko‘rsatkich barmoqlari bilan bolaning ensasi va iyagidan ushlab turadi. Bu paytda bolaning ikkala oyog‘i son va tizza bo‘g‘imlarida bukilib qorniga tortiladi va shu holatda uzoq vaqt qimirlamay osilib turadi. Sog‘lom bolada bu simptomni tekshirmoqchi bo‘lsangiz, u erkalab yoki yig‘lab oyoq-qo‘llarini qimirlata boshlaydi. Lessaj simptomini ko‘z oldingizga keltirmoqchi bo‘lsangiz mashhur “Qirol Sher” multfilmini eslang yoki yana bir marta ko‘ring. Unda maymun endi tug‘ilgan sher bolasini “olomon”ga ko‘rsatish uchun ikkala qo‘ltig‘idan ushlab ko‘taradi. Multfilmdagi bu epizod Lessajning osilib turuvchi simptomini juda eslatadi. Shuningdek, kalla suyagidagi liqildog‘i bitmagan bolalarda kallaning tepa qismi bo‘rtib turadi. Buning sababi – gipertenzion-gidrotsefal sindromdir.

Yoshi 3 oyga to‘lmagan bolalarda Kernig simptomi fiziologik simptom ekanligini esda tutish lozim. Demak, harorati ko‘tarilgan bolada uning mavjudligi hali meningit rivojlandi, degani emas va qo‘shimcha tekshiruvlarni talab qiladi. Agar Kernig simptomi yoshi 3 oydan oshgan bolalarda aniqlansa, u patologik simptom hisoblanadi.

Agar ensa mushaklari rigidligi juda kuchli namoyon bo‘lsa, bunda bemorning boshi orqaga qayrilib qoladi. Bu simptom, odatda kasallikning 3-4-kunlari kuzatila boshlaydi. Agar tana harorati ko‘tarilgan bola ko‘zini yumib boshini orqaga qayirib yotsa va tanasiga toshmalar toshgan bo‘lsa, unda meningit aniqlanish ehtimoli juda yuqori. Mana shunday holatda yotgan bemorga ko‘zi tushgan har qanday shifokor “Unda meningit emasmikan?” degan xayolga boradi.

Bunday bolalar, odatda, oyoq-qo‘llarini bukib yonboshlab yotib oladi. Bo‘ynini to‘g‘rilab qo‘ymoqchi bo‘lsangiz, uning yuz-ko‘zida og‘riqli bujmayishni ko‘rasiz. Yana urinib ko‘rsangiz, u qusib yuborishi mumkin. Orqa miyaning subaraxnoidal bo‘shlig‘ida likvor bosimining oshishi va spinal ildizchalarning ta’sirlanishi sababli umurtqa atrofidagi mushaklar ham taranglashadi. Buning natijasida gavdaning tos qismi orqaga chiqib qoladi. Bunday bolani o‘tqizmoqchi bo‘lsangiz shalpayib yana yotib oladi.  

            Psixomotor qo‘zg‘alishlar meningitning o‘tkir davrida juda ko‘p kuzatiladi. Odatda, kasallikning 2-3-kunidan boshlab psixomotor qo‘zg‘alishlar rivojlanadi. Ba’zida ular bir haftadan keyin paydo bo‘ladi. Bu, albatta, meningitning etiologiyasi va qay darajada o‘tkir boshlanishiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Psixomotor qo‘zg‘alishlar deliriya, gallyutsinatsiya va ixtiyorsiz ortiqcha harakatlar bilan namoyon bo‘ladi.

            Meningizm – miya pardalarining ortiqcha ta’sirlanishi bo‘lib, likvor o‘zgarishlarisiz namoyon bo‘ladigan patologik holat. Organizmning suvsizlanib qolishi (insolyatsiya, ko‘p qusishlar, diareya, kaxeksiya), intoksikatsiyalar (uremiya, alkogolizim), radiatsiya ta’siri, umumiy virusli infektsiyalar (gripp), metabolik sindrom (gipoparatireoz, gipokaltsiemiya), o‘tkir gipertonik entsefalopatiya va idiopatik intrakranial gipertenziya (pseudotumor cerebri) meningeal pardalarning ortiqcha ta’sirlanishiga olib keladi va meningizm rivojlanadi. Bu holat psevdomeningit deb ham ataladi.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив