Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi MENINGOENTsEFALIT HAQIDA NIMALARNI BILAMIZ?

MENINGOENTsEFALIT HAQIDA NIMALARNI BILAMIZ?


Meningoentsefalit – bosh miya pardalari va miya to‘qimasining yallig‘lanish kasalligi. Kasallik belgilarining qay tarzda namoyon bo‘lishi bosh miyaning qay darajada yallig‘langaniga bog‘liq.

Sabablari. Meningoentsefalit virusli infektsiyalardan so‘ng rivojlanadi. Bu kasallik turli yoshda uchraydi, biroq eng ko‘p kasallanish bolalik davri uchun xos.

Belgilari va kechishi. Kasallik aksar hollarda o‘tkir boshlanadi. Biror-bir virusli infektsiyadan so‘ng bemorning tana harorati ko‘tarilib, hushi yo‘qola boshlaydi. Oyoq-qo‘llardagi falajliklar, nutq va eshitishning buzilishi, tutqanoq xurujlari, ko‘z harakatlari chegaralanishi ushbu kasallikning asosiy belgilari hisoblanadi.

Davosi. Meningoentsefalitga chalingan bemorlar reanimatsiya va nevrologiya bo‘limlarida davolanishadi. Davolash intensiv tarzda olib boriladi.

Asorati. Meningoentsefalit o‘tkazgan bolalarda aqliy va jismoniy rivojlanishdan orqada qolish, turli xil falajliklar, tutqanoq xurujlari va eshitish buzilishlari kabi asoratlar qoladi. Bunday bolalar nevropatolog nazoratida bo‘lishlari lozim.

Prognoz. Tez va malakali ko‘rsatilgan tibbiy yordam asoratsiz tuzalish garovidir. Har bir ota-ona tana harorati ko‘tarilgan bolaga zudlik bilan shifokor chaqirishi lozim. Ba’zi ota-onalar issig‘i oshgan bolaga shifokor chaqirmasdan ertangi kunni kutishadi, bolaga faqat suyuqlik ichirib o‘tirishadi yoki tana haroratini tushiruvchi ukol bilan chegaralanib qolishadi. Bunday befarqlik bir necha soat ichida meningit va meningoentsefalit rivojlanishi bilan tugallanadi. Bir kunlik befarqlik sababli bolangiz bir umrga nogiron bo‘lib qolishi mumkin.

Nima qilish kerak? Har kimning uyida termometr bo‘lishi lozim. Holsiz yotgan, ko‘p uxlayotgan va ishtahasi yo‘qolgan bolada tana harorati oshgan bo‘lishi mumkin. Bunday paytda termometr qo‘yishga erinmang. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda ba’zan buni aniqlash qiyin bo‘ladi. Tana harorati oshdimi, darrov uyga vrach chaqiring!

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив