Peshonada kuchli og‘riqlar
Shu erda peshona va ko‘z atroflarida kuzatiladigan o‘ta kuchli bosh og‘rig‘i xurujlari haqida to‘xtalib o‘tsak. Tibbiy tilda “klaster tsefalgiya” deb atalmish ushbu bosh og‘riqlar, asosan, boshning bir tomonida, ya’ni ko‘z soqqasi va peshona-chakka sohasida kuzatiladi. Bu og‘riqlarning bir joyda to‘planib kuzatilgani uchun ham u tutamli bosh og‘riq deb ataladi. Klaster tsefalgiya Xorton sindromi nomini ham olgan. Bu kasallik erkaklarda ko‘p uchraydi.
Og‘riq xurujlari boshning ma’lum bir qismida, ya’ni bir joyga to‘planib kuzatilganligi uchun “tutamli” atamasi qo‘llaniladi. Demak, klaster tsefalgiyada og‘riqlar bir joyga to‘plangan va chegaralangan bo‘ladi. Og‘riq xurujlari to‘satdan boshlanadi va 10-15 daqiqa ichida kuchayib ketadi. Og‘riqlar o‘rtacha 45-60 daqiqa davom etadi, kam hollarda 2 soatgacha cho‘ziladi. Og‘riqlar har doim bir tomonda vujudga keladi. Og‘riq shu darajada kuchli bo‘ladiki, og‘riyotgan joyga o‘tkir tishli va kuydiruvchi temirni tiqib buragandek tuyuladi. Bemor bu azobga chiday olmay, og‘rigan joyini kafti bilan yopib, o‘tirib qoladi. Og‘riq xurujlari bir kunda 3-4 marta takrorlanadi va asosan kunning ikkinchi yarmida kechga yaqin qo‘zg‘aydi. Ba’zida bemor tungi uyqu paytida og‘riq xurujidan uyg‘onib ketadi, ba’zida esa ertalab uyg‘ongandan keyin og‘riq paydo bo‘ladi. Og‘riq xuruji paytida bemorning bir ko‘zi qizarib ketadi, yosh oqaveradi, burni bitadi va suyuqlik oqadi. Bu belgilar xuruj tutgan tomonda paydo bo‘ladi. Og‘riq xurujlari spirtli ichimliklar ichganda, stress paytida tez qo‘zg‘aydi.
Qanday davolash kerak? Davolash nevropatolog tomonidan olib boriladi. Bunday bemorlarga kavinton kabi qon tomirini kengaytiruvchi dorilar berish mumkin emas. Og‘riq xurujlari paytida tarkibida ergomatin saqlovchi va og‘riqni tez to‘xtatuvchi dorilar beriladi. Bemor issiqda yurmasligi, spirtli ichimliklar ichmasligi, tunda ishlamasligi, sigaret chekmasligi kerak. Sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, sportning engil turlari bilan shug‘ullanish og‘riq xurujlarining engilroq kechishiga zamin yaratadi.
Professor Zarifboy Ibodullaev