Migren


Migren – boshning bir tomonida pa­ro­ksiz­mal tarzda paydo bo‘luvchi va takrorlanib turuvchi kuchli og‘riqlar bilan kechuvchi kasallik. Og‘riq xuruji, asosan, ko‘z-peshona-chakka sohalarida kuzatiladi va ko‘ngil aynishi, qusish, yorug‘lik va tovushlarga o‘ta sezgirlik bilan namoyon bo‘ladi. Og‘riq xurujidan so‘ng bemorda uyquchanlik va holsizlik kuzatiladi. Migren ayollarda ko‘p uchraydi. Mutaxassislar fikricha, migren bilan kasallangan bemorlarning bor-yo‘g‘i 20 foizi vrachlarga murojaat qilishadi, qolganlari esa bosh og‘riq xurujlarini kuchli analgetiklar bilan o‘zlari bartaraf etib yurishadi. Buning asosiy sabablari – davolash har doim ham kutilgan natijani beravermasligi va bemorlarning analgetiklar bilan chegaralanib qolishidir.

Migrenda o‘tkaziladigan diagnostik tekshiruvlar

Migren tashxisi, asosan, kasallik klinikasi va kechishiga qarab qo‘yiladi. Uning asosiy simptomi – bu bosh og‘riq xurujlari. Agarda migren tashxisiga gumon paydo bo‘lsa, unda qo‘shimcha ravishda boshqa tekshiruvlar o‘tkaziladi va ularning natijasi qiyosiy tashxis o‘tkazish uchun zarur bo‘ladi. Migren chakka arteriiti bilan ham qiyoslanadi. Chakka arteriitida EChT 30 mm/soat dan oshadi. Aniq tashxis qo‘yish uchun chakka arteriyasini biopsiya qilish tavsiya qilinadi.

  1. Migrenni TIA yoki ishemik insult bilan qiyoslash uchun bosh miya qon tomirlarini dupleksli skanirlash, transkranial dopplerografiya kabi tekshiruvlar o‘tkaziladi.
  2. Migrenni boshqa etiologiyali bosh og‘riqlardan farqlash uchun KT, MRT yoki PET tekshiruvlari qilinadi. Bu tekshiruvlar o‘choqli nevrologik simptomlar sababini aniqlash uchun zarur.
  3. EEG tekshiruvlari aura bilan kechuvchi migren bilan fokal epileptik xurujlar orasida qiyosiy tashxis o‘tkazish uchun zarur bo‘ladi. Juda kam hollarda migren xurujlari epileptik xurujlarni qo‘zg‘ab yuborishi mumkin.

Migrenda davolash tadbirlari. Davolash 3 maqsadni o‘z oldiga qo‘yadi: 1) migren xurujini to‘xtatish; 2) migrenoz status davrida davolash; 3) xurujlararo davrda davolash.

Migren xurujini to‘xtatish. Migren xuruji davrida bemorni davolashda analgetiklar va yallig‘lanishga qarshi nosteroid dori vositalaridan foydalaniladi. Atsetilsalitsil kislota (aspirin) va uning vositalari og‘riq qo‘zg‘ovchi moddalar (prostaglandin, kinin) sintezini pasaytiradi va natijada og‘riq impulslarining tarqalishi sustlashadi yoki to‘xtaydi. Shuningdek, tarkibida atsetilsalitsil kislota saqlovchi dori vositalarining antiagregant xususiyatga ega ekanligi xuruj paytida kapillyarlarda normal qon aylanishni ta’minlaydi va ishemiyaning oldini oladi. Shu bois migren xurujini to‘xtatish uchun tarkibida atsetilsalitsil kislota saqlovchi dorilarni har doim tavsiya etish kerak.

Engilroq holatlarda xuruj boshlangan zahoti aspirin yoki paratsetamolni 0,5-1,0 g dan 3 mahal ichish buyuriladi. Shuningdek, indometatsin 75 mg, ortofen 75 mg, ksefokam 8 mg dan ichishga tavsiya etiladi. Kuchlroq migrenoz hurujlarda sedalgin (tarkibida: aspirin – 0,2 g, fenatsetin – 0,2 g, kofein – 0,05 g, kodein fosfat – 0,01 g, fenobarbital – 0,025 g), pentalgin, baralgin, spazmoveralgin, solpadein kabi dorilar tavsiya etiladi.

Og‘riq xuruji boshlanganidan 2 soat o‘tgandan so‘ng qabul qilingan dorilar ta’siri o‘ta past yoki befoyda.

Ergotamin – migren xurujlarini to‘xtatishda qo‘llaniladigan asosiy dori vositasi bo‘lib, juda yaxshi vazokonstriktor ta’sirga ega. Ergotamin tipik antimigrenoz vosita bo‘lganligi bois, u diagnostik maqsadlarda ham qo‘llaniladi. Agar vrach migren tashxisini qo‘yishga qiynalayotgan bo‘lsa, bemorga ergotamin saqlovchi dorilarni berib ko‘rishi lozim.

Migren xuruji boshlagan zahoti ichiladigan dorilar:

  • Digidergot burunning ikkala teshigiga bitta dozadan (0,5 mg) purkaladi. Og‘riqlar kamaymasa, 15 daqiqadan so‘ng purkash yana takrorlanadi. Bitta migrenoz xurujni (4 soat davom etadigan) bartaraf etish uchun dorini 4 marotaba purkashning o‘zi kifoya.
  • Digidergot 1 mg dan t/o yoki m/i ga qilinishi ham mumkin. Uning bir kunlik dozasi 3 mg, bir haftalik dozasi 6 mg dan oshmasligi kerak.
  • Sumatriptan (imigran) 50-100 mg dan ichishga buyuriladi yoki 6 mg dan teri ostiga qilinadi. Bu dori 15 daqiqadan so‘ng ta’sir qilib boshlaydi. Uning in’ektsiyasi 6 mg dan kuniga 4 mahal qilinishi mumkin.
  • Zolmitriptan (zomig) 2,5 mg ichishga buyuriladi. Bu dorining ta’siri 1 soat mobaynida seziladi. Agar 2 soat ichida og‘riq qolmasa, yana 2,5 mg ichiladi.
  • Naratriptan (naramig) 2,5 mg ichishga buyuriladi. Ta’siri 2 soat mobaynida seziladi. Bu dori 24 soat mobaynida migren xurujini qayta qo‘zg‘atmasdan turadi. Sekin kuchayib boruvchi migrenoz og‘riqlarda bu dori ko‘proq qo‘llaniladi (masalan, menstrual migrenlarda). Og‘riq qolavermasa, 12 soatdan keyin yana shu doza qabul qilinadi.
  • Rizatriptan (maksalt) 5 mg ichishga buyuriladi. Dori darrov ta’sir qiladi. Biroq ta’siri tez pasayishi mumkin. Shuning uchun bir kunda uni 2-3 marotabaga qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Bir kunlik dozasi 30 mg.
  • Eletriptan (relpaks) 40 mg ichishga buyuriladi. Dori yarim soat ichida ta’sir qiladi. Yuqori samalari bo‘lib, aksariyat hollarda og‘riq qayta qo‘zimaydi.
  • Kofergot, kofetamin (ergotamin tartrat+kofein). Bu dorining tarkibida 1 mg ergotamin va 100 mg kofein bo‘ladi. Migren xuruji boshlagan zaxoti 2 tabl. ichiladi. Yuqorida ko‘rsatilgan dorilarga qaraganda ancha samarali hisoblanadi. Og‘riqlar to‘xtamasa, 1-2 soatdan so‘ng yana 2 tabl. qabul qilinishi mumkin. Bu dori ko‘ngil aynish va qusish kabi holatlarni ko‘p yuzaga keltiradi. Shuning uchun bu dorini ichishdan oldin 2 ml tserukal vena ichiga yuboriladi.

Izoh. Ushbu dorilarni bir kunda bir necha bor tavsiya etish mumkin. Ammo, ularning kundalik dozasini ko‘rsatilgan miqdordan oshirib yubormaslik kerak.

Migrenoz statusni bartaraf etish. Migrenoz status – bemorni shifoxonaga zudlik bilan joylashtirishni talab etuvchi og‘ir patologik holat.

Uni bartaraf etish uchun quyidagi dorilar zudlik bilan qilinadi:

  • Digidroergotamin 1 mg dozada natriy xlorning 0,9 % li eritmasiga qo‘shib 2 daqiqa mobaynida venadan sekin yuboriladi. Og‘riq to‘xtamasa 1 soatdan so‘ng yana shu dozada qilinadi.
  • Ksefokam 8-16 mg m/i yoki v/i ga yuboriladi.
  • Ketoral 60 mg m/i ga qilinadi.
  • Tramal 50 mg m/i yoki v/i ga qilinadi.
  • Deksametazon 8-12 mg yoki 60 mg metilprednizolon v/v ga yuboriladi.

Migren xuruji deyarli har doim ko‘ngil aynish va qusish bilan namoyon bo‘lganligi bois, metoklopramid 2 ml (tserukal) v/i ga  yuboriladi. Digidroergotamin va metoklopramid bitta sistemaning o‘zida qilinishi mumkin. Ushbu tarkibda dorilar zaruratga qarab kuniga 4-5 mahal v/i ga yuboriladi. Chunki migrenoz status uzoq davom etadigan og‘ir holat. Keyingi kunlari 1 mg digidroergotamin teri ostiga qilinadi.

Shuningdek neyroleptiklardan 0,5 % li 2 ml galoperidol v/i ga tomchilatib yuboriladi yoki m/i ga qilinadi. Galoperidol o‘rniga aminazin ham qo‘llanilishi mumkin. AQB tushib ketishidan ehtiyot bo‘lish kerak. Chunki aminazin qon bosimni tushirib yuborishi mumkin. Juda og‘ir holatlarda 4 mg morfin v/i ga yuboriladi. Shuningdek, dekstranlar (reopoliglyukin, reomakrodeks), gidrokarbonat natriy ham qilinadi. Diuretiklar (kuniga 40 mg laziks) ham qilinadi. Bemor klinikadan chiqib ketguncha har kuni digidroergotamin qabul qilib turishi lozim. Uning kundalik dozasi individual tarzda belgilanadi.

Bemorni xurujlararo davrda davolash. Tarkibida ergotamin saqlovchi dorilar xurujlararo davrda tavsiya etilmaydi! Bu davrda tavsiya etiladigan dorilarni alohida jadvalda keltirib o‘tamiz.

 

2.3-jadval.

 Migren kasalligida xurujlararo davrda tavsiya etiladigan dorilar

Dorining nomi

Dozasi va qabul qilish tartibi

Beta-adrenoblokatorlar

Propranolol (anaprilin, inderal, obzidan)

Dastlab 10–20 mg kuniga 2-3 mahal beriladi, keyinchalik har 3 kunda dorining dozasi oshirib boriladi. Uning bir kunlik dozasini 120 mg ga etkazish mumkin. 

Nadolol (korgard)

Kuniga 40-160 mg

Metoprolol (lopresol)

Kuniga 50-100 mg

Atenolol (tenormin)

Kuniga 50-100 mg

Kaltsiy kanali blokatorlari

Verapamil

Kuniga 160-320 mg

Nifedipin

Kuniga 30-120 mg

Amlodipin

Kuniga 5-10 mg

Antidepressantlar

Amitriptilin

Kuniga 50-75 mg

Prozak

Kuniga 20-40 mg

Sertralin

Kuniga 50-100 mg

Miorelaksantlar

Tizanidin (sirdalud)

Kuniga 6-8 mg

Tolperizon (midokalm)

Kuniga 100-150 mg

Antikonvulsantlar

Valproatlar (depakin, konvuleks)

Kuniga 1000-1500 mg

Topiramat

Kuniga 300-600 mg

Karbamazepin

Kuniga 200-600 mg

Yallig‘lanishga qarshi nosteroid dorilar

Diklofenak

Kuniga 75 mg

Naproksen

375 mg dan kuniga 2 mahal

Indometatsin

Kuniga 75 mg

Izoh. Bu dorilar kam dozada boshlanib, keyin jadvalda ko‘rsatilgan dozaga ko‘tariladi.

 

Ushbu jadvalda ko‘rsatilgan dorilarni qabul qilib yuradigan bemorlarda migren xurujlari engil o‘tadi. Ularning ichida eng ko‘p qo‘llaniladigani – beta-adrenoblokatorlar. Antiserotoninergik ta’sirga ega bu dorilar, ayniqsa, arterial gipertoniya va xavotirli sindromlarda juda samarali. Beta-adrenoblokatorlar, shuningdek, kranial arteriyalar dilatatsiyasiga yo‘l qo‘ymaydi va trombotsitlar agregatsiyasini kamaytiradi. Bu dorilar migrenning etiologiyasi, patogenezi, turi, kechishi, bemorning umumiy ahvoli va yo‘ldosh kasalliklar turiga qarab tanlanadi. Davolashda dori vositalarini qo‘llash bilan birgalikda reflektor ta’sirga ega fizioterapevtik va shu kabi boshqa usullardan ham foydalaniladi.

Migren xuruji profilaktikasi. UASh migren kasalligiga oid ma’lumotlarni bilishi va bemorni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatishi lozim. Har bir bemor migren xurujini qo‘zg‘ovchi va kamaytiruvchi omillardan voqif bo‘lishi lozim.

Migren xurujini qo‘zg‘ovchi omillar:

  • stress holatlari;
  • uyqusizlik, och qolish yoki to‘yib ovqatlanish;
  • ortiqcha jismoniy zo‘riqishlar;
  • meteorologik omillar;
  • kuchli shovqin va yorug‘liq;
  • spirtli ichimliklar ichish, sigaret chekish;
  • shokolad, qahva, yong‘oq, sho‘r va achchiq narsalarni iste’mol qilish;
  • ayollarda – hayz ko‘rish davri, tarkibida progesteron saqlovchi kontratseptivlarni iste’mol qilish;
  • issiq va kislorod kam joylarda uzoq qolib ketish;
  • atir-upa va shu kabi kuchli hidga ega kimyoviy vositalar;
  • ovqatga qo‘shiladigan turli konservantlar (nitratlar, natriy glutamat, aspartam).

Migren xurujini kamaytiruvchi omillar:

  • o‘z vaqtida va etarli miqdorda uxlash;
  • tinch va sokin joylarda ishlash va dam olish;
  • qorong‘i va hidsiz joylarda bo‘lish;
  • yashash joyini o‘zgartirib turish (ba’zan foyda beradi);
  • og‘riq paytida boshga sovuq yoki issiq narsa qo‘yish;
  • ish va dam olishni to‘g‘ri tashkil etish;
  • og‘riq qoldiruvchi dorilarni zudlik bilan qabul qilish (dorini tanlab o‘tirmasdan qo‘l ostida bor bo‘lgan har qanday analgetik qabul qilinadi).

Prognoz. Migren bemor hayotiga xavf solmaydi. Ammo, yoshlik davrida boshlangan bu kasallik uzoq yillar davom etadi. Davolashni to‘g‘ri tashkil etish va sog‘lom turmush tarziga rioya qilish o‘ta muhimdir. Bunday bemorlarda migren xurujlari engil kechadi, ularning soni va kuchi kamayadi. “Migren 40 yoshdan keyin to‘xtaydi” degan gap ham o‘rinlidir. Chunki yosh o‘tgan sayin migren xurujlari soni kamaya boradi va butunlay yo‘qoladi.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив