MONONEVROPATIYaLAR
O‘rta nerv nevropatiyasi (kaft usti kanali yoki karpal kanal sindromi)
Etiologiyasi. O‘rta nerv (n. medianus) elka va tirsak suyaklari jarohatlarida ko‘p shikastlanadi. Shuningdek, kaft usti kanali (karpal kanal) sohasida kaftni doimiy ravishda bukib-ochaverish ham karpal sindrom rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Masalan, temirchilar, duradgorlar, o‘ymakorlar, komptyuterda ko‘p ishlaydiganlarda o‘rta nerv eziladi va nevropatiya rivojlanadi.Revmatoid artrit va podagrada ham karpal kanal torayib nevropatiya rivojlanadi. Shuningdek, kubital venaga in’ektsiyalar qilish paytida ham bu nerv jaroxatlanishi mumkin.
Klinikasi. O‘rta nerv innervatsiya qiladigan sohada kauzalgiya tipida kuchli og‘riqlar, gipesteziya, muskullar atrofiyasi va kuchli vegetativ buzilishlar kuzatiladi. Bemor qo‘lini musht qila olmaydi, bosh va ko‘rsatkich barmoqlari bukilmaydi, 1- va 5-barmoqlar uchini bir-biriga tegiza olmaydi. Bilakni pronatsiya qilish qiyinlashadi. Bosh barmoq muskullari (tenar) atrofiyaga uchraydi va buning oqibatida kaft juda silliqlashib qoladi. M. opponens atrofiyasi sababli bosh barmoq qolgan barmoqlar qatorida osilib turadi. Kaftdagi bu o‘zgarishlar sababli bemorning qo‘li xuddi maymun panjasiga o‘xshab qoladi.
49-rasm. O‘rta nerv zararlanish belgilari va ularni aniqlovchi sinamalar
50-rasm. Bilak, tirsak va o‘rta nerv innervatsiya qiladigan sohalar. Ushbu sohalarda nevral tipda sezgi buzilishlari aniqlanadi.
Sezgi buzilishlari og‘riq kuzatiladigan joylarga qaraganda kamroq sohani egallaydi. Chunki terini innervatsiya qiluvchi sohalar bir-biriga o‘tib ketadi. Qo‘l panjasining radial yuzasi va 1-, 2-, 3-barmoqlar hamda 4-barmoq yarmining kaft yuzasida gipesteziya kuzatiladi.
Tashxis va qiyosiy tashxis.
Elektroneyromiografiya qilinadi, kaft KT qilinadi va karpal kanalning tug‘ma torligi izlanadi. Qiyosiy tashxis bo‘yin osteoxondrozida radikulyar sindrom, norvonsimon muskul sindromi (Nafftsiger kasalligi), barmoqlarni bukuvchi muskullar ligamentiti bilan o‘tkaziladi.
Davolash. Asosiy urg‘u og‘riqni qoldirishga, sinaptik o‘tkazuvchanlikni ta’minlashga, sinkineziya va kontrakturalarni bartaraf etishga, tinchlantiruvchi dorilarni tavsiya etishga qaratiladi.
- Ketoprofen (ketonal) 2 ml (100 mg) kuniga 1-2 mahal m/i ga qilinadi. Og‘riq to‘xtagandan keyin meloksikam (ameloteks) 7,5-15 mg (1-2 tabl) dan kuniga 1 mahal ichishga buyuriladi. Vaziyatga qarab ushbu dorilar 10-15 kun mobaynida tavsiya etiladi.
- Ksefokam 1 flakon (8 mg liofilizat) dori 0,9% li 50 ml natriy xlorid eritmasida vena ichiga tomchilatib yuboriladi. Bu dori tezda og‘riqni bartaraf etish zarurati tug‘ilganda qilinadi. Ushbu in’ektsiyani 3 kun mobaynida qilib, so‘ngra 1 tabl (4-8 mg) kuniga 1-2 mahal ichishga buyuriladi. Ksefokamning 8 mg li eritmasini uzun ninada m/i ga chuqur qilish ham mumkin. Bir kunlik dozasi 16 mg dan oshmasligi kerak.
- Tramal (tramadol) o‘ta kuchli og‘riqlarda qilinadi. Tez natija olish uchun 1-2 ml (50-100 mg) tramadol vena ichiga fiziologik eritmada tomchilatib yuboriladi. Ta’siri 4-5 soatga etadi. Dori shu dozada m/i ga yoki t/o ga bir kunda 2-3 mahal qilinishi mumkin. Tramadol tabletkasi 50 mg dan ichishga yoki rektal shag‘ami (100 mg) kechqurun yotishdan oldin qo‘llaniladi.
- Karbamazepin 200 mg dan kuniga 1-2 mahal, tebantin 300 mg dan kuniga 1-2 mahal, tioprosan 100 mg dan kuniga 1-2 mahal qo‘shimcha ravishda tavsiya etiladi.
- Lirika 50-75 mg dan kuniga 1-2 mahal doimiy neyropatik og‘riqlarda o‘ta samarali yoki tungi og‘riqlarda yotishdan oldin qabul qilinadi.
- Prozerin 0,5 % li 1 ml kuniga 1-2 mahal m/i yoki t/o ga qilinadi.
- Kompligam (V guruh vitaminlari+lidokain) 2 ml dan m/i ga kuniga 1 mahal 10 kun mobaynida qilinadi. So‘ngra ushbu dozada haftasiga 2-3 mahal qilish mumkin.
- Sanopaks 25-50 mg yoki diazepam 5 mg kechqurun yotishdan oldin tavsiya etiladi.
- Diakarb 250-500 mg ertalab nahorga 5 kun mobaynida ichishga tavsiya etiladi. Orada 3 kun dam olib yana 5 kun mobaynida qabul qilinadi.
- Kseomin (botulotoksin). Sinkineziya va kontrakturalar paydo bo‘lgan nuqtalarga juda kam dozalarga har 10-12 kunda 1 mahal qilinadi. Hammasi bo‘lib 3 ta in’ektsiya etarli. Oradan 3-4 oy o‘tib yana in’ektsiya qilish zarurati tug‘ilishi mumkin.
Bilak nervi nevropatiyasi
Etiologiyasi. Bilak nervi (n. radialis) teriga yaqin joylashganligi bois, o‘rta nervga qaraganda ko‘proq zararlanadi. Bilak nervi elka suyagi jarohatlari, qo‘lga qo‘yilgan gipslar, bilakni rezina bilan siqib bog‘lash (masalan, qon to‘xtatish maqsadida), elkaning tashqi yuzasiga qilingan in’ektsiyalar, gavdaning tagida qo‘lning uzoq vaqt qolib ketishlarida (qattiq joyda ko‘p uxlaganda) va turli intoksikatsiyalarda zararlanadi. Umuman olganda, qo‘lni innervatsiya qiluvchi nervlar ichida travma, ishemiya va infektsiyalarga chidamsiz nerv – bu bilak nervidir.
Klinikasi. Bemor qo‘l panjasini tepaga yoza olmaydi, barmoqlarini bir–biriga yaqinlashtira olmaydi. Agar bemordan qo‘lini vertikal holatda ushlab turish so‘ralsa, qo‘l panjasi osilib qoladi va barmoqlar esa yarim bukilgan holatda qoladi. Buni “osilib qolgan qo‘l panjasi” sindromi ham deyishadi. Agar bemor qo‘lini oldinga cho‘zsa, uning qo‘l panjasi bilak-kaftusti bo‘g‘imida pastga bukilib osilib qoladi. Bu holat saroy malikasi qo‘lini o‘ptirish uchun cho‘zib turgandagi holatni eslatadi.
51-rasm. Bilak nervi zararlanishining klinik belgilari va ularni aniqlash usullari
Qo‘l panjasi va barmoqlarni yozuvchi muskullar atrofiyaga uchraydi. Nervning tirsak bo‘g‘imidan yuqori qismi zararlansa, tritseps refleks ham pasayadi. Qo‘lning tirsak bo‘g‘imidan pastki qismida tashqi tomondagi muskullar ozadi va ushbu sohada gipesteziya kuzatiladi. Gipesteziya kaftning radial qismining orqa yuzasida va 1-, 2-barmoqlar hamda 3-barmoq yarmining orqa tomonida aniqlanadi. Og‘riq va vegetativ buzilishlar deyarli uchramaydi.
Tirsak nervi nevropatiyasi
Etiologiyasi. Tirsak nervi (n. ulnaris) elka suyagi, tirsak bo‘g‘imi va qo‘lning distal qismi jarohatlarida ko‘p zararlanadi.
Klinikasi. Kaft muskullari atrofiyaga uchraydi. Ayniqsa, gipotenar va kaftning suyaklararo muskullari sezilarli darajada ozadi. Barmoqlarning asosiy falangalari orqaga qayriladi, o‘rta falangalar esa bukiladi, jimjiloq chekkaga surilib qoladi. Bu holat xuddi qush changalini eslatadi. N.ulnaris zararlanishi uchun “qush changali” simptomi xos. Ular qiyosiy tashxis o‘tkazish uchun zarur. Chunki n. ulnaris zararlanganda ham xuddi n. medianus zararlanishidagi kabi og‘riqlar paydo bo‘ladi. Bu esa dastlabki tashxis qo‘yishda vrachni ikkilantirib qo‘yishi mumkin. Biroq n. ulnaris zararlanganda og‘riqlar kuchsiz bo‘ladi va ular, asosan, kaftda joylashadi.
52-rasm. Tirsak nervi nevropatiyasi simptomlari
53-rasm. Qo‘l panjalari holatiga qarab tashxis qo‘yish.
Qo‘l panjalari holatiga qarab qaysi nerv zararlanganini aytib berish mumkin. 1) Qo‘l panjasi osilib yotsa, demak bilak nervi zararlangan; 2) Qo‘l panjasi qush changaliga o‘xshab qolsa, demak tirsak nervi zararlangan. 3) Qo‘l panjasi silliqlashib maymun panjasiga o‘xshab qolsa, demak o‘rta nerv zararlangan; |
||
54-rasm. Shu rasmga qarab “UMRU” iborasini eslab qolsangiz n.ulnaris, n. medianus, n. radialis inneratsiya qiladigan sohalarni adashmay topasiz |
Bemor 1-barmoqni 2-barmoqqa, 5-barmoqni 4-barmoqqa yaqinlashtira olmaydi. Kaftni bukish deyarli saqlanib qoladi. Chunki bu funktsiyani, asosan, n. medianus bajaradi. Sezgi buzilishlari tirsak nervi innervatsiya qiladigan sohalarda aniqlanadi. Qo‘lning tirsak bo‘g‘imidan pastki qismining ichki yuzasi, kaftning ulnar qismi, 5-barmoq hamda 4-barmoq yarmining old va orqa yuzalarida gipesteziya kuzatiladi.
Quymich nervi nevropatiyasi
Quymich nervi (n. ischiadicus) L4–L5, S1–S3 segmentlar ildizchalaridan tashkil topgan. Quymich nervi tizza sohasida ikkita yirik tarmoqqa ajraladi: boldirning kichik nervi (n. peroneus) va boldirning katta nervi (n. tibialis).
Etiologiyasi. Quymich nervi, asosan, chanoq suyagi jarohatlari, kichik tos bo‘shlig‘i o‘smalari, abstsessi, turli infektsion kasalliklar, OITS, dumba sohasi in’ektsiyalaridan so‘ng zararlanadi. Noksimon muskul sindromida bu nervning tunnel nevropatiyasi rivojlanadi. Quymich nervi nevropatiyasi kam uchraydi.
Klinikasi. Quymich nervi va uning tarmoqlari o‘tadigan joylar bo‘ylab bosganda og‘riq kuzatiladi. Laseg simptomi musbat bo‘ladi. Boldir va oyoq panjasi muskullari atrofiyaga uchraydi. Oyoq panjasi pastga osilib va biroz ichkariga buralib qoladi, uni yuqoriga bukib bo‘lmaydi. Oyoqni tizza bo‘g‘imida bukish ham qiyinlashadi. Bemor o‘rnidan turganda va qadam tashlaganda qiynaladi. Axill refleks pasayadi va so‘nadi. Sonning orqa yuzasi, boldirning orqa-lateral yuzasi va oyoq panjasining ustki qismi bo‘ylab gipesteziya kuzatiladi. Oyoqda vegetativ-trofik o‘zgarishlar yaqqol namoyon bo‘ladi, panjada trofik yarachalar paydo bo‘lishi mumkin. Oyoq terisining harorati pasayadi, u marmar tusga kiradi. Gipergidroz, tsianoz va giperkeratoz ham kuzatiladi.
Boldirning kichik nervi nevropatiyasi
Etiologiyasi. Boldirning kichik nervi (n. peroneus) ko‘p zararlanadigan nervlar sirasiga kiradi. N. peroneus sovuqqa, toksinlarga, alkogolizm, ishemiya va avitaminozga juda chidamsiz. Hatto homiladorlik davrida ham engil bo‘lsa-da, bu nerv nevropatiyasi kuzatilib turadi. Oyoqlarning ustiga cho‘kkalab o‘tirsa, 10 daqiqa o‘tmay oyoqlarning uvishib qolishi ham n. peroneus ishemiyasi hisobiga vujudga keladi. Shu bois uvishish boldirning tashqi yuzasi bo‘ylab paydo bo‘ladi. Agarda turli etiologik omillar quymich nerviga ta’sir o‘tkazsa ham, asosan, uning peroneal tolalari zararlanadi. N. peroneus yonidan o‘tadigan n. tibialis esa bunday ta’sirotlarga bardoshlidir. N. peroneus tizza bo‘g‘imi va boldir suyaklari jarohatlarida ham ko‘p zararlanadi.
Klinikasi. Oyoq panjasi osilib qoladi, uni tepaga bukib bo‘lmaydi va barmoqlarning orasini ochish ham qiyinlashadi. Bemor oyoq panjasini tashqariga bura olmaydi, tovoni bilan tik tura olmaydi. Boldirning oldingi yuzasidagi muskullari atrofiyaga uchraydi. Antagonist muskullar faolligi oshganligi sababli oyoq panjasi kontrakturasi paydo bo‘ladi va u pes equino-varus ko‘rinishini oladi. Bemor qadam tashlaganida zararlangan tomonda oyoq panjasini ko‘tarib tashlab yuradi.
Agar n. peroneus ikkala tomonda ham zararlansa, bemor osilib qolgan barmoqlarini erga urib olmaslik uchun oyoqlarini yuqoriga ko‘tarib tashlab yuradi. Uning yurishi xuddi otning qadam tashlashiga o‘xshaydi. Bu yurish “ot yurishi” yoki steppaj deb ataladi. Og‘riqlar va vegetativ buzilishlar deyarli kuzatilmaydi. Paresteziyalar kuzatilishi mumkin. Boldirning tashqi yuzasi, oyoq panjasining ustki qismi, 1- va 2-barmoqlarning ichki yuzasi bo‘ylab gipesteziya aniqlanadi.
Boldirning katta nervi nevropatiyasi
Etiologiyasi. Boldirning katta nervi (n. tibialis) nevropatiyasi kam uchraydi. Bu nerv tizza va boldir suyaklari jarohatlarida ko‘p zararlanadi. Shuningdek, n. tibialis tarzal kanal sohasida ham siqilib qolishi mumkin. Bunda tunnel sindrom rivojlanadi.
Klinikasi. Oyoqda kuchli og‘riqlar paydo bo‘ladi. Oyoq panjasini pastga bukish va ichkariga burish (supinatsiya) qiyinlashadi. Axill refleks so‘nadi. Oyoq panjasi tepaga ko‘tarilib qoladi va biroz tashqariga buriladi. N. tibialis zararlanganda oyoq panjasi kontrakturaga uchraydi va u pes calcaneus shaklini oladi.
55-rasm. Boldirning katta nervi nevropatiyasi (a-res calcaneus) va boldirning kichik nervi nevropatiyasi (b-pes equino-varus) |
Bemor oyoq uchida tik tura olmaydi. Boldirning orqa tomonidagi muskullar va oyoq panjasidagi suyaklararo muskullar atrofiyaga uchraydi. Shu sababli oyoq panjasi qush changaliga o‘xshab qoladi. Boldirning orqa tomonida, oyoq panjasi va barmoqlarning pastki qismida gipesteziya aniqlanadi. Oyoq panjasi tagida vegetativ-trofik buzilishlar ham kuzatiladi.
Sonning tashqi teri nervi nevropatiyasi (parestetik meralgiya)
Sonning tashqi teri nervi (n. cutaneus femoris lateralis) L2-L3 bel chigallaridan hosil bo‘ladi. Ushbu nerv son terisining oldingi-tashqi yuzasini innervatsiya qiladi.
Etiologiyasi. Nervning zararlanishi, ko‘pincha, uning chov bog‘lamlarini teshib o‘tish qismida kuzatiladi. Shu bois bu nerv nevropatiyasi tunnel nevropatiya sifatida o‘rganiladi. Tos suyagi jarohatlari, chov kanali sohasidagi yallig‘lanish jarayonlari ham uning zararlanishiga sababchi bo‘ladi. Shim tasmasini pastroq bog‘laydiganlar, tor shim va tor yubka kiyadiganlarda bu nervning ishemik nevropatiyasi ko‘p kuzatiladi.
Semiz odamlarda qorinning osilib qolishi, chov sohasi muskullarining ortiqcha kuchanishi ham nervning zararlanishiga olib keladi. Bu holat homilador ayollarda, og‘ir yuk ko‘tarish bilan bog‘liq kuchli jismoniy zo‘riqishlar va noto‘g‘ri sport mashqlarida ro‘y beradi. Homilador ayollarda parestetik meralgiya, odatda, tuqqandan keyin o‘tib ketadi. Chanoq-con bo‘g‘imini o‘rab turadigan gipslar ham etiologik omillardan biridir. L2-L3 umurtqalar orasidagi disk churralari ham nevralgiyani keltirib chiqaradi. Shuningdek, doimiy tarzda tamaki chekish ham kasallikning etiologik omili hisoblanadi. Muttasil ravishda tamaki chekadigan mashhur psixoanalitik Z. Freyd ham parestetik meralgiyadan aziyat chekkan.
Klinikasi. Kasallikning asosiy belgisi – bu sonning oldingi-tashqi yuzasi bo‘ylab paresteziya va achishtiruvchi og‘riqlar. Paresteziya va kuydiruvchi og‘riqlar birgalikda namoyon bo‘luvchi bu nevropatiya parestetik meralgiya deb ataladi (yunonch. meros – son). Paresteziya va og‘riqlar xurujsimon tarzda paydo bo‘ladi. Og‘riqqa qaraganda uvishish, achishish, jimirlash kabi yoqimsiz paresteziyalar ko‘p kuzatiladi. Og‘riq va paresteziyalar tik turganda va yurganda kuchayadi, yotganda esa kamayadi, hatto yo‘qoladi. Zararlangan joyda engil gipesteziya aniqlanadi. Reflekslar o‘zgarmaydi. Kasallik belgilari bir zo‘rayib, bir susayib turadi. To‘satdan tuzalib ketish holatlari ham uchrab turadi.
Professor Zarifboy Ibodullaev