Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Tepa bo‘lagi (lobus parietalis)

Tepa bo‘lagi (lobus parietalis)


Tepa bo‘lagi (lobus parietalis). Markaziy egatdan orqa tomonda joylashgan. Sulcus centralis tepa bo‘lagining oldingi, sulcus lateralis esa pastki chegarasini hosil qiladi. Markaziy egat bilan orqa markaziy egat (sulcus postcentralis) orasida orqa markaziy pushta (gyrus postcentralis) joylashgan. Tepa bo‘lagida gorizontal joylashib o‘tgan egat intraparietal egat (sulcus intraparietalis) nomini olgan. Bu egat tepa bo‘lagini yuqori (lobus parietalis superior) va pastki (lobus parietalis inferior) parietal bo‘laklarga ajratadi.

Pastki parietal bo‘lak o‘z navbatida  ikkita pushtaga bo‘lingan. Ulardan biri – chegara usti pushtasi (gyrus supramarginalis), ikkinchisi – burchak pushta (gyrus angularis). Gyrus supramarginalis Silviy egatining orqa uchini o‘rab tursa, gyrus angularis yuqori chakka egatining orqa uchini yopib turadi.

Tashqi kapsula

Tashqi kapsula (capsula externa) – qobiq (putamen) va to‘siq (slaustrum) orasida zich joylashib o‘tgan assotsiativ tolalardan iborat nozik tuzilma. Uning ichki devorini putamen, tashqi devorini claustrum hosil qiladi.  

Tepa bo‘lagi zararlanishi simptomlari

Orqa markaziy pushta to‘la zararlansa, qarama-qarshi tomonda gemianesteziya, qisman zararlansa, monoanesteziya rivojlanadi. Uning ustki qismi zararlansa – oyoqda, o‘rta qismi zararlansa – tana va qo‘lda, pastki qismi zararlansa – yuzda sezgi buzilishlari aniqlanadi. Bu sohalar qo‘zg‘atilsa, qarama-qarshi tomonda Jekson tipidagi sensor xurujlar ro‘y beradi. 

Yuqori parietal pushta zararlansa, tana sxemasi buzilishi (somatoagnoziya) sindromi shakllanadi. Anozognoziya, autotopagnoziya va psevdopolimeliya ushbu sindromning asosiy belgilari hisoblanadi. Anozognoziya – o‘z  kasalligini inkor qilish. Masalan, bemor bir tomoni falajlangan bo‘lsa-da, oyoq-qo‘lim ishlayapti, deydi. Autotopagnoziya  o‘z tana qismlarini tanimaslik, qo‘li va oyog‘ining qanday joylashganini noto‘g‘ri aytish. Bemor – “bu mening qo‘lim emas, boshqaning qo‘li, yonimdagi yog‘och, mushuk va h.k.” deb aytadi va o‘zi ham shunga ishonadi. Psevdopolimeliya – ortiqcha qo‘l va oyoqlari bordek tuyulishi. Ushbu buzilishlar ko‘proq subdominant, ya’ni o‘ng yarimshar zararlanishi uchun xos. 

Shuningdek, proprioretseptiv afferentatsiya buzilishi sababli qarama-qarshi tomondagi qo‘lda “afferent parez” rivojlanadi. Bunga Forster sindromi deyiladi. 

Pastki parietal pushta zararlansa, astereognoziya (taktilnaya agnoziya) optik-fazoviy agnoziya, kinestetik (ideator) apraksiya, afferent motor afaziya, agrafiya, aleksiya, barmoqlar agnoziyasi, akalkuliya, rivojlanadi. Shu sohadagi orqa adversiv maydon qo‘zg‘atilsa, ko‘z va bosh qarama-qarshi tomonga buralib epileptik xurujlar ro‘y beradi.



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив