Talamus
Talamus ellips shaklidagi kulrang tusga ega yirik yadro. Talamus ikkita bo‘lib, III qorinchaning yon tomonlari bo‘ylab joylashgan.Po‘stloqqa kelayotgan barcha sezgi yo‘llari aynan talamusga kirib o‘tadi. Bular – yuzaki va chuqur sezgi, eshituv va ko‘ruv yo‘llari hamda boshqa tuzilmalardan keluvchi afferent yo‘llar.
Talamusda qayta ishlangan sensor signallar quyidagi tartibda po‘stloqqa uzatiladi: somatosensor signallar orqa markaziy va yuqori parietal pushtalarga, optik signallar ensa bo‘lagidagi ko‘ruv markaziga, tovush signallari chakka bo‘lagidagi eshituv markaziga va h.k.
Talamus zararlanishi. Talamus zararlanganda yaqqol ko‘zga tashlanadigan sindrom – Dejerin-Russi sindromi. Bu sindrom quyidagi 5 gemisindromdan iborat: qarama-qarshi tomonda barcha sezgilar gemianesteziyasi, gemigiperpatiya, gemialgiya, gemiataksiya va gemianopsiya. Gemialgiya, ya’ni talamik og‘riqlar kauzalik tipda namoyon bo‘ladi, tananing yarmini egallab oladi va bemorga kuchli azob beradi.