Faol harakatlarni tekshirish
Faol harakatlarni tekshirish. Bemorning o‘zi mustaqil ravishda bajaradigan harakatlarga faol harakatlar deb aytiladi. Vrach ko‘rsatmasiga binoan bemor barcha bo‘g‘imlarda turli harakatlarni o‘zi bajaradi. Bunday harakatlar avval qo‘llar, so‘ngra oyoqlarda tekshiriladi. Masalan, qo‘l panjasini bukadi-yozadi, qo‘lni tirsak bo‘g‘imida bukib-ochadi, yozilgan qo‘llarni pronatsiya va supinatsiya qiladi, oyog‘ini ko‘taradi, tushiradi va h.k. Bir so‘z bilan aytganda, bemor barcha harakatlarni hamma bo‘g‘imlarda bajarib ko‘rsatib berishi kerak.
Har bir bo‘g‘imdagi faol harakat hajmi, erkin va simmetrik tarzda bajarilishiga e’tibor qaratiladi. Qaysi muskulda atrofiya, atoniya yoki spastik gipertonus bo‘lsa, unda faol harakatlar chegaralangan bo‘ladi. Plegiyada faol harakat umuman bo‘lmaydi. Kuchli spastik gipertonusda ham faol harakatlar keskin chegaralanadi yoki mutlaq bo‘lmaydi. Masalan, bemor yumilib qolgan qo‘l panjasi va tirsak bo‘g‘imida bukilgan qo‘lini yoza olmaydi. Spastik gipertonus ko‘p hollarda mushak-bo‘g‘im kontrakturasi rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Piramidal sistema zararlanishiga aloqasi bo‘lmagan holatlarda ham faol harakatlar chegaralanishi mumkin. Masalan, bo‘g‘imlar ankilozi, kontrakturasi yoki og‘riqli sindromlar va h.k.