Retikulyar formatsiya
Retikulyar formatsiya (formatio reticularis). Morfofunktsional jihatdan o‘xshash bo‘lgan neyronlar guruhi va ularning tolalaridan iborat to‘rsimon tuzilma. Retikulyar formatsiya (RF) miya ustunining markaziy qismida joylashgan bo‘lib, uning neyronlari va yadrolari uzunchoq miya, ko‘prik, o‘rta miya va oraliq miya bo‘ylab sochilgan. Ushbu to‘rsimon tuzilmaning pastki qismi orqa miyaning bo‘yin segmentlarigacha tushib kelsa, ustki qismi talamusning yuqori qismigacha boradi (5.5-rasm).
RF ning bitta neyroni turli modallikka ega signallarni qabul qilish xususiyatiga ega. Masalan, bitta neyron o‘z dendritlari orqali og‘riq, ko‘ruv, eshituv va boshqa signallarini qabul qila oladi. Bunday neyronlar nospetsifik neyronlar deb ataladi.
RF morfo-funktsional nuqtai nazardan medial va lateral qismlarga ajratiladi: 1) medial qismi, asosan, yirik yadrolardan iborat; 2) lateral qismi, asosan, mayda va o‘rta hajmdagi yadrolardan iborat.
Yurak-qon tomir va AQB uchun mas’ul yadrolar IX va X nervlar yadrolari yonida joylashgan. Karotid sinusga va orqa miyaning simpatik tugunlariga ta’sir qilib arteriyalarda vazokonstriktsiya va vazodilatatsiya chaqiruvchi yadrolar ham uzunchoq miyada joylashgan.