Psixoanaliz
- stress asoratlarida psixodinamik terapiya
- xarakterning psixodinamik korrektsiyasi
- oilaviy kelishmovchiliklarda psixodinamik terapiya
- seksual buzilishlarda psixodinamik terapiya
- nevroz va depressiyada psixodinamik terapiya
PSIXOANALITIK BEMORNI NEVROZ VA DEPRESSIYaDAN QANDAY ChIQARADI?
Psixoanaliz nazariyasiga muvofiq nevroz va depressiya negizida bolalik davrida olingan kuchli psixologik zarbalar yotadi va ular ong ostida yillab “yashirinib” yotadi va ulg‘ayganda kuchli ziddiyatlar o‘chog‘ini yaratadi. Buning oqibatida bemorda nevrotik shaxs shakllanadi va u isteriya, depressiya va psixosomatik buzilishlarga moyil bo‘ladi. Shaxs bir tomondan birovlarga qaram bo‘lishni hoxlamaydi, ikkinchi tomondan boshqalar uni e’tirof etishi va qo‘llab-quvvatlashini istaydi. Albatta, buning har doim ham iloji bo‘lavermaydi. Natijada bir-biriga zid bo‘lgan ushbu holatlar doimiy qoniqmaslik hissini yuzaga keltiradi, ya’ni boshqalarga nisbatan qahr-g‘azab va hafagarchilik shaxsning ichki dunyosini qamrab oladi. Shu asnoda shaxsning o‘zi boshqalar nazdida mehribon, odamovi va ajoyib inson sifatida tan olinishni xoxlaydi. Psixoanalitiklar fikricha, manashu istaklarning ro‘yobga chiqmasligi nevrotik shaxs va keyinchalik depressiya shakllanishiga turtki bo‘ladi. Yillar mobaynida ong ostida qo‘nim topib e’tirof etilmagan har bir xoxish va istak bora-bora ichki ziddiyatlar kuchaytirib odamlarni yomon ko‘rishga olib keladi. Shu sababli ular o‘zini ham kechirmaydi va suitsidga qo‘l uradi. Bunday shaxslarda depressiya rivojlanishi uchun kuchli stress yoki yoqimsiz atrof-muhitning o‘zi kifoya. Albatta bu erda doimiy ruhiy-hissiy zo‘riqishlarning ahamiyati ham katta.
Psixodinamik terapiyaning asosiy maqsadi – bemorda katarsis, ya’ni ruhiy poklanishni yuzaga keltirishdir. Buning uchun bolalik davrida boshidan kechirgan ruhiy jaroxatlar va kechinmalar mukammal o‘rganiladi, ularning hozirgi davrda ro‘y berayotgan nevrotik buzilishlar, shu jumladan depressiya bilan bog‘liqlik tomonlari yoritiladi. Psixoanalitik oldida bemor albatta barcha sir-asror va azobli kechinmalarni yashirmasdan ochib tashlashi kerak. Bu uslub to‘la katarsis ro‘y berguncha olib boriladi. Ijobiy natijaga bir necha seans ichida erishiladi.
Zarifboy Ibodullaev