AMNEZIYa


Xotira yo‘qolishiga amneziya deyiladi. Uning quyidagi turlari farqlanadi. Anterograd amneziya – bemor kasallik ro‘y bergandan so‘nggi voqea va hodisalarni eslab qola olmaydi. Retrograd amneziya – kasallikdan oldin bo‘lgan voqealar unutiladi. Xotiraning bunday buzilishlari, asosan bosh miya jarohatlarida ko‘p kuzatiladi. Retrograd va anterograd amneziyalarning birgalikda namoyon bo‘lishiga anteroretrograd amneziya deb aytiladi. Xotiraning patologik tarzda kuchayishiga gipermneziya deyiladi. Bu holat ruhiy kasalliklarda (ayniqsa, shizofreniya) ko‘p uchraydi.

Amneziya (ayniqsa, retrograd amneziya) ba’zi romanlar va kinofilmlarda o‘z aksini topgan. Retrograd amneziya ro‘y bergan odamlar “o‘tmishsiz odamlar” dir. Masalan, inson avtomashina halokatiga uchraganidan so‘ng halokat haqida ham, unga sabab bo‘lgan safar to‘g‘risida ham hech nimani eslay olmaydi. U o‘z turar joyi, qaerda ishlashi va kasbini ham unutadi. Uylangani esida qolgan bo‘lsa-da, rafiqasi kimligi, nechta bolasi borligi va ularning ismlarini unutadi. Bemor o‘tgan hayotiga bog‘liq ma’noli ma’lumotlarni keltirishda juda qiynaladi. Ko‘p hollarda retrograd amneziya uzoq davom etmaydi. Bir necha oylar (ba’zida, yillar) dan so‘ng xotira qayta tiklanadi: bemor o‘tmishi va yuz bergan voqealarni birin-ketin eslay boshlaydi. Bosh miyaning kuchli  jarohatidan so‘ng xotirasi umuman yo‘qolganlar ham bo‘ladi. Bunday paytlarda xotirani gipnoz yo‘li bilan qayta  tiklash mumkin.

Xotira buzilishiga olib keluvchi sabablar juda ko‘p. Agar xotiraning o‘tkir buzilishlari (yo‘qolishlari) bosh miya jarohatlari va o‘tkir zaharlanishlar uchun xos bo‘lsa, uning surunkali buzilishlari bosh miyaning surunkali kechuvchi kasalliklari (tserebral ateroskleroz, Alsxaymer kasalligi, tserebral atrofiya bilan namoyon bo‘luvchi nasliy kasalliklar, entsefalopatiyalar) uchun xosdir. Umuman olganda, bosh miyada integrativ jarayonlarga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi har qanday patologik jarayonlar xotiraning u yoki bu darajada buzilishiga sababchi bo‘ladi. Xotira buzilishi (yo‘qolishi) aloxida namoyon bo‘lsa, amnestik sindrom haqida so‘z boradi. Bunda boshqa oliy ruhiy funktsiyalar (nutq, gnozis, praksis, tafakkur va h.k.) saqlanib qoladi. Ko‘p hollarda amneziya afaziya, agnoziya va apraksiyalar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Bunday paytlarda kognitiv buzilishlar haqida so‘z yuritiladi. Kognitiv buzilishlar dementsiyaning asosini tashkil qiladi.

Xotira jarayonlarida limbik sistema, ayniqsa gippokampning o‘rni juda katta. Gippokamp dastlabki eslab qolish jarayonida bevosita ishtirok etadi. Gippokamp zararlansa xotiraning birlamchi buzilishi, ya’ni Korsakov amneziyasi rivojlanadi. Bunday bemorlar hech narsani (so‘zlari, chizgan rasmi va harakatlari) eslab qola olmaydi. Hozirgina gapirgan gapi, qilgan harakati, uchrashgan odamini u 3-5 daqiqadan so‘ng unutib qo‘yadi. Bu holatni birinchi bo‘lib rus olimi Korsakov surunkali alkogolizmga berilgan odamlarda kuzatgan. Ilmiy tibbiyotda bu holat “xotiraning birlamchi buzilishi” yoki Korsakov amneziyasi, deb aytiladi. Korsakov amneziyasi – anterograd amneziyaning bir turidir.

Xotiraning birlamchi buzilishi, ya’ni eslab qolishning buzilishi nafaqat gippokamp zararlanganda, balki limbik sistemaning boshqa tuzilmalari, dientsefal soha va peshona bo‘lagining media-bazal sohasi zararlanganda ham kuzatiladi. Bunday bemorlar yangi materialni eslab qola olmaydi. Ularda boshqa oliy ruhiy funktsiyalar (nutq, intellekt) saqlanib qoladi. Shuning uchun ular go‘yoki xotirasi tuzuk odamdek tuyuladi. Ular o‘tmishini bemalol gapirib berishadi. Biroq hozirgina bo‘lgan voqealarni eslay olishmaydi. Bunday bemorlar quyidagi shikoyat bilan doktorga murojaat qilib kelishadi: “Doktor, men hozirgina bo‘lgan voqealarni ham eslab qola olmayman. Hozirgina o‘zim gapirgan gap, birovlarning gapi, hozirgina qilgan ishim va yonimga kelib ketgan odamlarni 5 daqiqa ham o‘tmay unutib qo‘yaman. Hech narsa esimda qolmayapti”. 

Korsakov amneziyasini tekshirib tashxis qo‘yish juda oson. Buning uchun bemordan qog‘ozga turli so‘zlar va jumlalar yozish, rasmlar chizish so‘raladi yoki turli kartinalar ko‘rsatiladi va eslab qolish so‘raladi. Oradan 5 daqiqa o‘tgach ularni eslab aytib berish so‘ralganda, bemor buning uddasidan chiqmaydi. Xotira buzilishlariga sababchi bo‘luvchi omillar juda ko‘p. Bularning ichida o‘tkir va surunkali stresslar ham alohida o‘ringa ega. Masalan, depressiyada ham xotira turli ko‘rinishda buziladi. 

Davolash. Avvolambor xotira buzilishining sababini aniqlash kerak. Asosiy kasallikni bartaraf etish muhim ahamiyatga ega. Ba’zida xotira buzilishi sabablarini aniqlab bo‘lmaydi. Bunday paytlarda simptomatik davolash usullari tavsiya qilinadi. 

Bu maqsadda quyidagi dorilar qo‘llaniladi:

  1. Piratsetam kuniga 6-12 g v/i ga tomchilatib yuboriladi.
  2. Tsitikolin (tserakson, tsereton, somazin) 1000-2000 mg v/i ga tomchilatib yuboriladi.
  3. Xolin alfostserat (gliatilin) 400-800 mg v/i ga tomchilatib yuboriladi.
  4. Piritinol (entsefabol) 300-600 mg, memantin 10-20 mg, nivalin 5-10 mg kabi dorilar 2-3 oy ichishga buyuriladi.
  5. Vitaminlar (V1, V6,), aminokislotalar (letsitin, glutamin kislotasi, metionin) tavsiya etiladi.
  6. Sermion 30-60 mg/kun, trental 600 mg/kun kabi dorilar 2-3 oy ichishga buyuriladi
  7. Psixogen etiologiyali amneziyalarda anksiolitiklar (fluoksetin, sertralin), trankvilizatorlar (diazepam, nitrazepam) buyuriladi.

Shuningdek, fizioterapevtik davolash muolajalari ham qo‘llaniladi. Xotirani tiklashga  uzoq vaqt ketishi mumkin



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив