ANTIPSIXOTIK DORILAR


Antipsixotik dorilar bugungi kunda “neyroleptiklar” deb ataladi. Bunday nom 1967 yili taklif qilingan. Biroq, aksariyat davlatlarda «neyroleptiklar» o‘rniga «antipsixotik  vositalar» atamasi hanuzgacha qo‘llab kelinadi, shu jumladan O‘zbekistonda ham.
Dastlab og‘ir psixozlarni davolashda ishlatiladigan bu dori vositalari neyroleptiklar deb atala boshlandi. Chunki neyroleptik  sindrom dorining terapevtik ta’sirini emas, balki uning asoratini aks ettiradi. Bugungi kunda ko‘pchilik farmatsevtik kompaniyalar nojo‘ya ta’siri kam ifodalangan antipsixotik vositalar ustida  ish olib bormoqdalar.
   
Neyroleptiklarga aminazin, galoperidol, droperidol, frenolon, triftazin, neuleptil kabi dorilar kiradi. Ularning turi juda ko‘p bo‘lib, asosan psixiatriyada qo‘llaniladi. Klassik neyroleptiklarning eng ko‘p tarqalgan nojo‘ya ta’siri turli darajada ifodalangan ekstrapiramidal buzilishlardir. Shuning uchun ham klassik neyroleptiklar tavsiya qilingan bemorlarga ekstrapiramidal buzilishlarning oldini oluvchi dorilar (tsiklodol, parkopan) buyuriladi. Keyinchalik atipik neyroleptiklar ishlab chiqarildi va ular ekstrapiramidal buzilishlarni deyarli chaqirmaydi. Bular olanzapin, risperidon, kvetiapin, sulpirid va h.k. Psixosomatik sindromlarni davolashda atipik neyroleptiklar qo‘llaniladi. Ayniqsa, sulpirid psixosomatik buzilishlarni davolashda keng tavsiya qilinadi. Atipik neyroleptiklarni qabul qilgan bemorlarda psixomotor va affektiv reaktsiyalar pasayadi, biroz karaxtlik paydo bo‘ladi, ular uyqusirab yuradi. Bu dorilar uxlatuvchi va sedativ dorilarning kuchini oshiradi. 
   
Neyroleptiklarning kimyoviy tuzilishi va farmakologik ta’siriga qarab turli xil tasniflari mavjud. Biz neyroleptiklarni tipik va atipik turlarga ajratib, qisqacha ta’rif berib o‘tamiz.
        
I. Tipik neyroleptiklar
      
1.    Xlorpromazin (aminazin) – kuchli antipsixotik ta’sirga ega tipik neyroleptik. Kuchli sedatsiya chaqiradi. Psixomotor qo‘zg‘alishlar, alkogol va narkotik dorilar bilan bog‘liq o‘tkir psixoz va deliriyalar (abstinent sindrom), o‘tkir gallyutsinatsiya va vasvasalar, kuchli xavotirli-fobik buzilishlar, maniakal psixozlar, ketma-ket qusishlar (shu jumladan, homiladorlikda), kuchli dermatozlar, Mener sindromi xuruji, kuchli xavotir, tinimsiz bezovtalikda qo‘llaniladi. Nojo‘ya ta’sirlari: AQB tushishi, kollaps, parkinsonizm. Ishlab chiqarilishi: draje – 25, 50 va 100 mg; ampula – 1, 2, 5 va 10 ml 2,5 % li eritmalar.  
    
2.    Galoperidol – kuchli antipsixotik ta’sirga ega tipik neyroleptik. Shizofreniya va shunga o‘xshash og‘ir ruhiy kasalliklarni davolashda juda keng qo‘llaniladi. Nevrologiya amaliyotida kuchli giperkinezlarni davolashda ham buyuriladi. Ayniqsa, Turett sindromida yaxshi natija beradi. Qayt qilish va tinimsiz hiqichoqda o‘ta samarali. Tezda parkinsonizm chaqirganligi bois birinchi kundan qo‘shimcha ravishda tsiklodol ham ichishga buyuriladi. KTsJ tufayli rivojlangan organik psixozlarda mumkin emas. Ishlab chiqarilishi: 1,5 mg va 5 mg li tabletkalar; 0,5 % li 1 ml eritma. Galoperidol dekanoat nomi bilan uzoq ta’sir qiluvchi inektsiyalari ham ishlab chiqariladi (Haftada bir marotaba 1 ml mushak ichiga qilinadi).
     
3.    Levomepromazin (tizertsin) – kuchli antipsixotik ta’sirga ega tipik neyroleptik. Tezda sedatsiya chaqiradi. Ko‘rsatmalar va nojo‘ya ta’sirlari xuddi aminazinga o‘xshaydi. Deyarli barcha turdagi psixotik buzilishlarda qo‘llaniladi, nevrogen qusishlarni tezda bartaraf etadi. Kuchli xavotirli-fobik buzilishlar va bezovtaliklarda ushbu dorini 5 kun venadan tomchilatib yuborib, so‘ngra trankvilizator yoki tritsiklik antidepressantlarga o‘tish mumkin. Ba’zida kuchli stress tufayli bemor klinikaga tushib qolsa, tizertsinni bir marotaba venadan sekin tomchilatib yuborib, so‘ngra engilroq trankvilizatorga o‘tiladi. Bemor kollaps holatiga tushib qolishidan ehtiyot bo‘lish kerak. Odatda, bunday paytlarda kofein 1 ml m/i ga qilinadi. Aminazindan farqli o‘laroq, tizertsinni uzoq muddat tavsiya etsa bo‘ladi, ayniqsa, shizofreniyada. Bolalarga 6 yoshdan keyin tavsiya etiladi. Ishlab chiqarilishi: draje – 25 mg; ampula – 2,5 % li 1 ml eritma.
     
4.    Trifluoperazin (triftazin) – kuchli antipsixotik ta’sirga ega tipik neyroleptik. Ko‘rsatmalari tizertsinga o‘xshash. Tizertsindan farqli o‘laroq, biroz stimullovchi xususiyatga ham ega, ayniqsa kam dozada. Apato-abulik sindrom va hissiy karaxtlik bilan kechuvchi ruhiy buzilishlarda kengroq qo‘llaniladi. Markaziy tipdagi qusishlarni yaxshi bartaraf etadi. Xuddi boshqa klassik neyroleptiklar kabi, triftazin ham shizofreniyada turli gallyutsinator buzilishlar va suitsidal fikrlarni yo‘qotishda juda samarali. Nojo‘ya ta’sirlari: parkinsonizm va allergik reaktsiyalar. 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tavsiya etilmaydi. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 5 va 10 mg; ampula – 0,2 % li 1 ml eritma. 
     
5.    Flufenazin (ftorfenazin, moditen-depo) – kuchli antipsixotik ta’sirga ega tipik neyroleptik. Ko‘rsatmalari triftazinga o‘xshab ketadi. Demak, psixostimulyatsiya xususiyati ham bor. Biroq gallyutsinatsiyani bartaraf etishda triftazindan kuchsizroq. Uzoq davom etuvchi shizofreniyada bu dori 1-5 mg dan kuniga 1 mahal tavsiya etiladi. Shuningdek, inektsiyasi har oyda 1-2 marotaba m/i ga yuboriladi. Ta’siri uzoq davom etadi. Biroq inektsiya qilishdan oldin tsiklodol 2 mg buyuriladi. Bu dorini kuchli bezovtaliklar bilan namoyon bo‘layotgan va boshqa dorilar ta’sir qilmayotgan nevrotik buzilishlarda ham qisqa muddatga buyurish mumkin. Nojo‘ya ta’sirlari: parkinsonizm va epileptik xurujlar. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 1, 2,5 va 5 mg;  ampula – 1 va 2 ml 2,5% li yog‘li eritma. 
    
6.    Perfenazin (etaperazin) – psixostimulyatsiya xususiyatiga ega tipik neyroleptik. Apatoabulik sindromlar bilan namoyon bo‘luvchi ruhiy kasalliklar, psixopatiya va psixasteniya, astenik nevrozda qo‘llaniladi. Nevrotik tipdagi qusish (shu jumladan, homilador ayollarda) va tinimsiz hiqichoqni ham bartaraf etadi. Boshqa neyroleptiklar kabi psixogen gipertermiyada ham qo‘llaniladi. Engil antigistamin ta’sirga egaligi uchun neyrodermatitlarda qo‘shimcha ravishda tavsiya etiladi. Nojo‘ya ta’sirlari: engil parkinsonizm, arterial gipotoniya. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 4, 6 va 10 mg. 
    
7.    Tioproperazin (majeptil) – kuchli antipsixotik ta’sirga ega tipik neyroleptik. Sedativ ta’siri kamroq. Uzoq davom etuvchi shizofreniya va surunkali psixasteniyada (shu jumladan, katatoniya) qo‘llaniladi. Nojo‘ya ta’sirlari boshqa neyroleptiklarga o‘xshash. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 10 mg; ampula – 1 ml (10mg) 1% li eritma. 
    
8.    Peritsiazin (neuleptil) – sedativ xususiyatga ega tipik neyroleptik.  Bu dorini “xulq-atvor korrektori” deb ham atashadi. Chunki o‘smirlarda kuzatiladigan agressiya bilan namoyon bo‘luvchi xulq-atvor buzilishlarida yaxshi samara beradi. Tunda bezovtalanib uyg‘onishlarda uyqudan oldin 1 kaps. (10 mg) ichib yotiladi. Psixogen gipertermiyani ham davolashda samarali hisoblanadi. Nojo‘ya ta’sirlari boshqa neyroleptiklar kabi, biroq sust ifodalangan. Ishlab chiqarilishi: kapsula – 10 mg. Bolalar uchun flakonlarda –  4% li eritma (1 tomchida 1 mg neuleptil bor). 
   
9.    Pipotiazin (piportil) – organizmda uzoq muddat saqlanuvchi tipik neyroleptik.  Kuchli ifodalangan turg‘un gallyutsinatsiya va shu kabi boshqa psixopatologik sindromlar bilan kechuvchi og‘ir shizofreniya va surunkali psixozlarda keng qo‘llaniladi. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 10 mg; ichish uchun tomchilar – 30 ml 4% li eritma; ampula – 1 ml (25 mg) va 4 ml (100 mg) li yog‘li mushak ichiga in’ektsiya uchun. 
    
10.    Propazin – kuchli antipsixotik ta’sirga ega tipik neyroleptik. Ta’sir qilish mexanizmi va ko‘rsatmalari aminazinga o‘xshaydi, biroq undan biroz kuchsizroq va kam sedatsiya chaqiradi, toksik ta’siri ham kam. Shu bois bu dori bolalar va kuchsiz bemorlarga tavsiya etiladi. Nojo‘ya ta’sirlari: aminazinga qarang. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 2,5 mg, 5 mg; ampula – 2 ml 2,5 % li eritma.
   
11.    Droperidol – tez va qisqa muddat ta’sir qiluvchi kuchli neyroleptik. Shu bois anesteziologiya amliyotida ko‘p qo‘llaniladi. Operatsiyadan oldingi va keyingi psixomotor qo‘zg‘alishlar, boshqarib bo‘lmaydigan o‘tkir psixozlar, alkogol va narkotik deliriyalar, og‘riqli sindromlar, og‘riqli shoklarda (miokard infarkti, katta kuyishlar) qo‘llaniladi. Parenteral yuborilgandan so‘ng 3–10 daqiqa ichida ta’sir etadi. Neyroleptik va sedativ ta’siri 4-12 soat saqlanadi. Nojo‘ya ta’sirlari: arterial gipotoniya, aritmiya, vaqtinchalik apatiya va depressiya holati. Dori mushak ichiga qilinadi yoki venadan juda sekinlik bilan yuboriladi. 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mumkin emas. Ishlab chiqarilishi: ampula – 10 ml 0,25 % li eritma.
    
12.    Pimozid (orap, oralep) – kuchli antipsixotik ta’sirga ega tipik neyroleptik. Ta’sir qilish mexanizmi, ko‘rsatmalari, nojo‘ya ta’sirlari galoperidolga o‘xshaydi, biroq ta’siri uzoqroq davom etadi. Shu bois surunkali kechuvchi ifodalangan shizofreniya, ruhiy va nevrologik kasalliklar tufayli o‘zgargan turg‘un davom etuvchi xulq-atvor buzilishlari va giperaktiv holatlar, paranoyya, surunkali alkogolizm va narkomaniya sababli rivojlangan psixopatologik sindromlarda qo‘llaniladi. Nevrologiya amaliyotida surunkali kechuvchi giperkinezlarda (masalan, Turett sindromi) ham samarali. Bolalarga 12 yoshdan keyin tavsiya etiladi. Ishlab chiqarilishi: 1 mg li tabletkalar.
  
13.    Trifluperidol (trisedil) – kuchli antipsixotik ta’sirga ega tipik neyroleptik. Yaxshi ifodalangan antiepileptik ta’siri ham bor. Psixomotor qo‘zg‘alishlar, o‘tkir maniakal-depressiv psixoz, turli etiologiyali deliriya, gallyutsinator-illyuzor buzilishlar, ajitatsiya bilan kechuvchi depressiyalarda keng qo‘llaniladi. Epileptiform psixozlar va turg‘un epixarakterda juda samarali. Boshqa neyroleptiklar kabi nojo‘ya ta’siri bor. Bolalarga 2 yoshdan keyin mumkin. Ishlab chiqarilishi: tabletka 0,5 mg; ampula – 1 ml 0,25 % li eritma (m/i ga qilinadi); flakonlar – 10 ml 0,1 % li eritma (ichish uchun).
    
14.    Fluspirilen – kuchli antipsixotik ta’sirga ega tipik neyroleptik. Ta’sir mexanizmi galoperidolga o‘xshasa-da, sedatsiya va uyqu chaqirmaydi. Shu bois ambulator tibbiyotda surunkali kechuvchi ruhiy kasalliklarda keng tavsiya etiladi. Ishlab chiqarilishi: ampula – 2 ml (suspenziya). Bir haftada bir marotaba m/i ga qilinadi.
   
15.    Alimemazin (teralen) – biroz engil antipsixotik ta’sirga ega neyroleptik, sedativ, antigistamin va spazmolitik xususiyati ham bor. Ta’sir doirasi sanopaksga o‘xshaydi. Psixovegetativ va psixosomatik buzilishlarda keng qo‘llaniladi, hiqichoq, qayt qilish, teri qichimasi va turli senestopatiyalarda samarali, gipotermiyani pasaytiradi. Ipoxondrik nevroz, psixasteniya, xavotirli-depressiv sindrom, fobiya va uyqu buzilishlarida keng qo‘llaniladi. Farmakologik ta’siri engil ifodalanganligi va nojo‘ya ta’siri kamligi bois, bolalar (7 yoshdan oshgan) va qariyalarga ham tavsiya etiladi. Psixosomatik tibbiyotda keng qo‘llaniladi. Shizofreniya kabi jiddiy ruhiy kasalliklarda samarasi o‘ta sust. Ko‘rsatmaga binoan bir kunda 2-3 mahal tavsiya etiladi. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 5 mg; ampula – 5 ml 0,5% li eritma; ichish uchun tomchilar  – 4 % li eritma.
    
16.     Metofenazat (frenolon) – engil tipik neyroleptik. Antipsixotik ta’siri tizertsin va triftazinga qaraganda sustroq. Frenolon psixostimulyatsiya xususiyatiga ega. Shu bois ham stupor va apatoabulik sindrom bilan namoyon bo‘luvchi shizofreniya va boshqa ruhiy buzilishlar, shu jumladan, nevrotik depressiya va astenik tipdagi nevrozlarda tavsiya etiladi. Bolalarda oligofreniya – xulq-atvorning keskin buzilishlari bilan namoyon bo‘lsa ham frenolon buyuriladi. Qariyalarda dementsiya psixomotor karaxtlik va depressiya bilan namoyon bo‘lsa ham frenolon yaxshi samara beradi. Nojo‘ya ta’siri engil parkinsonizm. Ishlab chiqarilishi: tabletka (draje) – 5 mg; ampula – 0,5 % li 1 ml eritma. 
              
II. Atipik neyroleptiklar
      
1.    Azaleptin (azaleptol, klozalan, leponeks, klozapin) – atipik neyroleptik. Ekstrapiramidal buzilishlar chaqirmaydi, biroq ko‘p uxlatadi. Shu bois psixoz bilan namoyon bo‘luvchi parkinsonizmda ham buyuriladi. Shizofreniyaning har qanday turida tavsiya etiladi, maniakal-depressiv psixoz va doimo kuzatilib turuvchi suitsidal buzilishlarda samarali. Avval kichik dozada tavsiya etiladi va terapevtik dozaga etkazilgach, uzoq muddat (oylab, yillab) ichishga buyuriladi, doza sekin-asta kamaytiriladi. Terapevtik dozada qabul qilinayotgan dorini birdan to‘xtatish mumkin emas. Azaleptin va shu kabi boshqa dorilarni asossiz ravishda kam dozada tavsiya etish va davolashni vaqtli to‘xtatish ko‘zlangan natijani bermaydi. 5 yoshdan oshgan bolalarga tavsiya etish mumkin. UHA va karbamazepin bilan birgalikda berishdan ehtiyot bo‘lish zarur. Nojo‘ya ta’sirlari: muskullar xolsizligi, uyquchanlik, ortostatik sindrom. Monelik qiluvchi holatlar: og‘ir yurak-qon tomir, jigar va buyrak kasalliklari, gematologik buzilishlar, epilepsiya, glaukoma, homiladorlik. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 25 va 100 mg; ampula – 2 ml 2,5% li eritma (m/i ga). 
    
2.    Karbidin (dikarbin) – antipsixotik va antidepressiv ta’sirga ega atipik neyroleptik. Shizofreniyaning har qanday turi va shu kabi boshqa ruhiy buzilishlarda alkogol bilan bog‘liq psixozlar, abstinent sindrom, apatiya, abuliya va depressiya bilan namoyon bo‘luvchi ruhiy kasalliklarda keng qo‘llaniladi. Ishlab chiqariliish: tabletka – 25 mg; ampula – 2 ml 1,25 % li eritma (m/i ga).
   
3.    Olanzapin (zipreksa, egolanza, olzap) – ta’sir doirasi keng atipik neyroleptik. Psixiatriya va psixonevrologiya amaliyotida ko‘p qo‘llaniladi. Barcha turdagi o‘tkir va surunkali ruhiy buzilishlarda tavsiya etiladi. 18 yoshgacha mumkin emas. Bir kunlik terapevtik dozasi – 5-20 mg. Ishlab chiqarilishi: tabletka 2,5; 5; 7,5 va 10 mg; Flakon 5 ml (10 mg olanzapin). Faqat mushak ichiga tavsiya etiladi, t/o va v/i ga esa yuborilmaydi.
   
4.    Risperidon (rispolept, rispaksol, sedareks) – atipik neyroleptik. Shizofreniya va shu kabi boshqa ruhiy kasalliklarda, shu jumladan, farmakorezistent turlarida keng qo‘llaniladi. Ruhiy kasalliklar qayta qo‘zg‘amasligi uchun remissiya davrida ham profilaktik dozalarda buyuriladi. Boshqa neyroleptiklar kabi obsessiv-kompulsiv buzilishlarda ham tavsiya etiladi. Engil sedativ, gipotermik va qusishga qarshi ta’sirlari ham bor. O‘smirlarda xulq-atvorning agressiv ko‘rinishlarini korrektsiya qilishda ham ishlatiladi (15 yoshdan keyin). Nojo‘ya ta’sirlari: uyqu buzilishi,  bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, qabziyat va kam hollarda ekstrapiramidal buzilishlar. Monelik qiluvchi holatlar: parkinsonizm va epilepsiya. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 1, 2 va 4 mg (ichish va til ostiga); flakon – 30 va 100 ml ichish uchun.
     
5.    Kvetiapin (ketilept) – atipik neyroleptik. Kvetiapin bosh miyaning bir qator, ya’ni serotonin, dofamin, gistamin va adrenergik retseptorlariga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois uning ta’sir doirasi keng. Psixiatrlar: “Ruhiy kasalliklarda kvetiapin samarasi galoperidol bilan deyarli teng, biroq dozani zarur miqdorga etkaza olish kerak”, deb hisoblashadi. Kvetiapin organizmda 12 soat saqlanadi, shu bois kuniga 2 mahal tavsiya qilinadi. Ekstrapiramidal buzilishlar deyarli kuzatilmaydi. Shu bois bu dori uyqusizlik va psixotik buzilishlar bilan namoyon bo‘ladigan parkinsonizmda ham kam dozada (25-50 mg) buyuriladi.   Ko‘rsatmalar: endogen depressiya, o‘tkir va surunkali psixozlar, shu jumladan, shizofreniya, maniakal-depressiv psixozlar va boshqa turdagi bipolyar buzilishlar. Tavsiya qilish tartibi: ovqatga bog‘liq bo‘lmagan holda quyidagi sxema bo‘yicha kuniga 2 mahal ichishga buyuriladi: bir kunlik doza 1-kuni 50 mg, 2-kuni 100 mg, 3-kuni 200 mg, 4-kuni 300 mg. So‘nggi kunlari dorining dozasi sekin-asta 500 mg gacha oshirib boriladi. Biroq bunday sxema shizofreniya va boshqa og‘ir ruhiy kasalliklarda qo‘llaniladi. Engil holatlarda kam dozada (25-50 mg)  tavsiya etiladi. Dastlabki kunlari dori kuchli uyquchanlik chaqiradi va arterial gipotenziya kuzatiladi. Ba’zida ortostatik gipotenziya kuchliroq namoyon bo‘ladi. Bu haqda bemor ogohlantirilishi kerak. Agar shunday vaziyat ro‘y bersa, 2 ml kofein mushak ichiga qilinadi. Shu bois ambulator tibbiyotda kechqurun ichishga buyuriladi. Kvetiapin, ayniqsa, maniakal-depressiv buzilishlarda keng tavsiya etiladi. Chunki uning ham antipsixotik, ham antidepressiv ta’sirlari bor, biroq antidepressiv samarasi past. Kvetiapinni boshqa neyroleptiklar, trankvilizatorlar va antidepressantlar bilan birgalikda buyurish mumkin. Chunki aksariyat hollarda ularning samarasini oshiradi. Nojo‘ya ta’sirlari: uyquchanlik, ortostatik gipotenziya, ba’zida sinkope, bosh aylanishi, rinit, taxikardiya, og‘iz qurishi, dispepsiya. Monelik qiluvchi holatlar: homiladorlik va laktatsiya davri, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar. Nisbiy monelik qiluvchi holatlar: epilepsiya, insult,  infarkt, og‘ir yurak-qon tomir etishmovchiliklari, arterial gipotenziya, keksalik, yosh, jigar etishmovchiligi. Ishlab chiqarilishi: tabletkalar – 25, 100, 150, 200, 300 mg.
     
6.    Tioaksanten gidroxlorid (xlorprotiksen, truksal, xlotiksen) – yumshoq ta’sirga ega neyroleptik. Ambulator tibbiyotda keng qo‘llaniladi. Antipsixotik, sedativ, antidepressiv va birmuncha antikonvulsiv hamda analgetik ta’sirga ega. Turli etiologiyali psixotik, nevrotik va psixosomatik buzilishlar, shu jumladan, organik psixozlarda keng qo‘llaniladi. Qo‘rquv, xavotir, vahima va agressiya bilan namoyon bo‘luvchi patologik sindromlarda samarali hisoblanadi. Alkogolizm va narkomaniyada kuzatiladigan abstinent sindrom va xulq-atvor buzilishlari, bolalardagi agressiya va psixomotor qo‘zg‘alishlarda ham buyuriladi. Bolalarga 6 yoshdan keyin mumkin. Ambulator tibbiyotda sust kechuvchi shizofreniyada uzoq muddat qabul qilinadi. Senil dementsiyadagi agressiv xulq-atvorni korrektsiya qilishda ham keng qo‘llaniladi. Gipotermik hususiyati bor, qayt qilishlarni kamaytiradi. Nojo‘ya ta’sirlari: gipotoniya, taxikardiya, ba’zida ekstrapiramidal buzilishlar. Monelik qiluvchi holatlar: parkinsonizm, epilepsiya, barbituratlar, alkogoldan zaharlanish. Ishlab chiqarilishi: tabletka (draje) – 15 va 50 mg.
    
7.    Tioridazin (sonapaks, melleril) – yumshoq antipsixotik ta’sirga ega neyroleptik. Engil stimulyatsiyalovchi, timoleptik, antigistamin va antidepressiv xususiyati ham bor. Biroz engil ifodalangan psixotik va nevrotik buzilishlar, shu jumladan, organik psixozlarda keng qo‘llaniladi. Bu dori surunkali kechuuvchi paranoidal  shizoaffektiv buzilishlar, psixopatik xulq-atvor, involyutsion psixoz, surunkali alkogolizm va abstinent sindromlar, psixosomatik va psixovegetativ buzilishlar, depressiv kayfiyat va vahima bilan kechuvchi markaziy nerv sistemasining organik kasalliklarida tavsiya etiladi. Teridagi tinimsiz qichima, yaracha, dog‘lar va psixogen gipertermiyada ham tavsiya etiladi. Yaqqol terapevtik ta’siri 7-10 kundan keyin bilinadi. Odatda, 1 tabletka (10 yoki 20 mg) kuniga 2-3 mahal tavsiya etiladi. Bolalarda (7 yoshdan so‘ng) giperaktiv holatlarni pasaytirish uchun ham buyurilishi mumkin. Ishlab chiqarilishi: draje – 10 va 25 mg. 
     
8.    Sulpirid (eglonil, prosulpin) – engil antipsixotik, vegetotrop, timoleptik va stimulyatsiyalovchi xususiyatga ega atipik neyroleptik. Bolalar, o‘smirlar va kattalarda kuzatiladigan psixovegetativ va psixosomatik buzilishlarni korrektsiya qilishda keng qo‘llaniladi. Shuningdek, apatiya, astenik nevroz va nevrotik depressiyada ham samarali. Nojo‘ya ta’sirlari: AQB oshishi, uyqu buzilishi, ortiqcha qo‘zg‘aluvchanlik, giperprolaktinemiya. O‘rganib qolish chaqirmaydi. Bolalarga 6 yoshdan keyin mumkin. Monelik qiluvchi holatlar: parkinsonizm, epilepsiya, feoxromotsitoma, ko‘krak bezi va gipofiz o‘smalari. Ishlab chiqarilishi: kapsula (tabl) – 50 va 200 mg; ampula – 2 ml 5 % li eritma (m/i ga); flakon – 200 ml (bolalarga ichish uchun).

Manba:   ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
              © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив