Chakka bo‘lagi o‘smasi
Chakka bo‘lagi o‘smalarida epileptik xurujlar juda ko‘p uchraydi. Ular “Chakka epilepsiyasi” deb ham ataladi. Epileptik xurujlarning ko‘p kuzatilishi bo‘yicha chakka bo‘lagi o‘smalari markaziy pushtalar o‘smalaridan so‘ng 2-o‘rinda turadi. Chakka bo‘lagi o‘smasida kuzatiladigan epileptik xurujlar uchun eshituv, hidlov va ta’m bilish gallyutsinatsiyalari xos. Bu gallyutsinatsiyalar, ko‘pincha, epileptik xurujlar xabarchisi, ya’ni aura sifatida namoyon bo‘ladi. Ba’zida esa gallyutsinatsiyalar epileptik xurujlarsiz alohida uchraydi. Agarda o‘sma chakka bo‘lagining ichki qismidan o‘tuvchi Gratsiole tutamiga tarqalsa, ko‘ruv gallyutsinatsiyasi ham kuzatiladi.
Dominant yarim sharning chakka bo‘lagi o‘smasida yuqorida ko‘rsatilgan simptomlardan tashqari sensor (22-maydon) va amnestik afaziyalar (37-maydon) vujudga keladi. Chakka bo‘lagining chuqurroq qismida joylashgan o‘smada Gratsiole tutamining ventral tolalari zararlanadi. Bunda yuqori kvadrant gemianopsiya rivojlanadi va o‘sma kattalashgan sayin u to‘la gemianopsiyaga o‘tadi. Bu buzilishlarni faqat okulist aniqlay oladi.
Chakka bo‘lagining orqa qismi (21-maydon, vestibulyar analizator) o‘smasida vestibulyar buzilishlar ko‘p kuzatiladi. Ular bosh aylanish xurujlari, muvozanat buzilishi va turli gallyutsinatsiyalar bilan namoyon bo‘ladi. Xurujsimon kechuvchi ushbu vestibulyar buzilishlar chakka, tepa va ensa bo‘laklari chegarasida joylashgan o‘smalarda ko‘p uchraydi.
Chakka bo‘lagining medio-bazal qismida joylashgan o‘smada Korsakov tipidagi amneziya kuzatiladi, ya’ni bemorda eslab qolish qobiliyati buziladi. Bemor hech narsa va hech qanday voqeani eslab qola olmaydi. Bu holat birlamchi xotira jarayonida asosiy ahamiyatga molik bo‘lgan tuzilma bo‘lmish gippokamp o‘smasida uchraydi. Gippokamp o‘smasida hidlov agnoziyasi ham kuzatiladi, ya’ni bemor o‘ziga avval tanish bo‘lgan hidlarni (gul yoki limon hidi) aytib bera olmaydi. Hidlov agnoziyasi bemor ko‘zini yumgan holatda tekshiriladi. Masalan, bemorga atir hidlatiladi va undan “Bu nimaning hidi?” deb so‘raladi. U hidni sezganini aytadi, ammo nimaning hidi ekanligini bilmaydi. Kattaroq hajmga etgan va ichkariga qarab o‘sgan chakka bo‘lagi o‘smasida gemiparez ham rivojlanadi. Uning paydo bo‘lishi o‘smaning ichki kapsulagacha o‘sganligi bilan bog‘liq.
Yuqorida keltirilgan aksariyat simptomlar (masalan, afaziya, agnoziya va amnestik sindromlar) o‘ng tomondagi chakka bo‘lagi o‘smalarida kuzatilmaydi yoki juda sust rivojlangan bo‘ladi. Shuning uchun ham subdominant yarim sharning chakka bo‘lagida joylashgan o‘sma katta hajmga etmaguncha aniqlanmay qoladi. Dastlabki epileptik xurujlar yoki kechroq paydo bo‘lgan o‘choqli nevrologik simptomlar bemorni jiddiyroq tekshirishni talab qiladi. Har qanday gumonli holatlarda zudlik bilan KT/MRT tekshiruvlarini o‘tkazish zarur.
Bosh miya katta yarim sharlarining boshqa sohalari o‘smalariga qaraganda chakka bo‘lagi o‘smasida dislokatsion sindrom tez rivojlanadi. Dislokatsion sindrom, odatda, katta hajmga etgan chakka bo‘lagi o‘smasida vujudga keladi va to‘rt tepalik sindromi (nigohning vertikal falaji, nistagm, qorachiq fotoreaktsiyasi buzilishi), III nerv zararlanish belgilari (ptoz, g‘ilaylik, diplopiya, midriaz) bilan namoyon bo‘ladi. Bu simptomlar dislokatsion sindromning dastlabki belgilaridir. Keyinchalik alternirlashgan Veber sindromi, ko‘ruv nervi trakti zararlanishi, po‘stlog‘osti yadrolari va gipertenzion sindrom kabi boshqa belgilar ham qo‘shiladi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha