Chuqur sezgi yo‘li
Ushbu yo‘l propriotseptiv sezgidan tashqari, qisman taktil sezgi impul’slarini ham o‘tkazadi. Uch neyronli yo‘lning 1-neyroni spinal tugunda yotadi. Ushbu neyron ham bipolyar hisoblanadi. Uning dendritlari spinal nerv tarkibida periferiyaga yo‘naladi, aksonlari esa orqa ildizcha tarkibida o‘zi tomondagi orqa ustunga tushadi va kesishmasdan tepaga ko‘tariladi. Bu yo‘llarga Burdax va Goll yo‘llari, ya’ni ponasimon tutam (fasciculus cuneatus) va nozik tutam (fasciculus gracilis) deyiladi.
2.4-rasm. Chuqur sezgi yo‘llari: 1 - ganglion spinale; 2 - dendrit; 3 - akson; 4 – orqa ustun; 5 - fasciculus cuneatus; 6 - fasciculus gracilis; 7 - Burdax yadrosi; 8 - Goll yadrosi; 9 - tr. bulbothalamicus; 10- talamus. 11 - tr. thalamocorticalis.
Orqa ustunning tashqi qismida Burdax tutami, ichki qismida Goll tutami joylashgan. Burdax tutami orqali tana va qo‘llardan keluvchi impulslar, Goll tutami orqali oyoqlardan keluvchi impulslar o‘tadi. Burdax tutami ko‘krak va bo‘yin segmentlarida shakllanadi.
Burdax va Goll yo‘llari uzunchoq miyada joylashgan nucl. cuneatus va nucl. gracilis ga borib tugaydi. Ushbu yadrolarda chuqur sezgi yo‘llarining 2-neyroni yotadi. Uning tolalari bulbotalamik yo‘lni (tr. bulbothalamicus) hosil qiladi.
Bulbotalamik yo‘l uzunchoq miyaning o‘zidayoq kesishib qarama-qarshi tomonga o‘tadi va tepaga ko‘tariladi. Ushbu yo‘lga medial halqa (lemniscus medialis) deyiladi. Ko‘prik sohasiga etib medial halqaga tashqi tomondan spinotalamik yo‘llar ham qo‘shiladi. Demak, medial halqani hosil qilishda nafaqat tr. bulbothalamicus, balki tr. spinothalamicus lateralis ham ishtirok etadi.
Medial halqa ko‘prik va miya oyoqchalarining o‘rta qavatida joylashib o‘tadi. Eslatib o‘tamiz, lateral spinotalamik yo‘lning lateral halqaga aloqasi yo‘q. Lateral halqa (lemniscus lateralis) eshituv yo‘llarining 2-neyroni aksonlaridan iborat.
3-neyron talamusda yotadi. Uning aksonlari ichki kapsula orqa sonining orqa 1/3 qismidan o‘tib orqa markaziy pushtaga borib tugaydi. Bunga talamokortikal yo‘l (tr. thalamocorticalis) deyiladi.
Shunday qilib, yuzaki va chuqur sezgi yo‘llari kesishib qarama-qarshi tomonga o‘tganligi bois, bu yo‘llarning kesishuvdan keyingi qismi tananing qarama-qarshi tomoni sezgisi uchun javob beradi. Yuqorida takidlab o‘tilganidek, taktil sezgi impulslarining bir qismi yuzaki, bir qismi chuqur sezgi yo‘llari tarkibida o‘tadi.
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha