Yuzaki sezgi yo‘llari
Uch neyronli ushbu yo‘llar orqali og‘riq, harorat va qisman taktil sezgi impulslari o‘tkaziladi. Spinal tugunda 1-neyron tanasi yotadi. Ushbu bipolyar neyronning dendritlari spinal nerv tarkibiga qo‘shilib periferiyaga qarab yo‘naladi, aksonlari esa orqa ildizcha tarkibida orqa shoxga kirib tugaydi (2.2-rasm).
2.2-rasm. Yuzaki sezgi yo‘llari: 1 – ganglion spinale; 2 – dendrit; 3 – akson; 4 – oldingi kulrang bitishma; 5 – orqa kulrang bitishma; 6 – orqa shox; 7 – yon ustun; 8 – tr. spinothalamics lateralis; 9 – thalamus; 10 – tr. thalamocorticalis.
Orqa shoxda 2-neyron tanasi yotadi. Uning aksonlari oldingi kulrang bitishma orqali qiyshiq kesishib 2-3 segment tepadan qarama-qarshi tomonga o‘tadi. Yon ustunga tushgan ushbu yo‘llar tepaga ko‘tariladi va talamusga borib tugaydi. Bu yo‘lga yon spinotalamik yo‘l (tr. spinothalamicus lateralis) deyiladi. Chunki orqa miyada boshlanib, talamusda tugaydi.
Yon ustunda spinotalamik yo‘llar quyidagi tartibda joylashadi: tananing pastki qismi va oyoqdan kelayotgan impulslarni o‘tkazuvchi yo‘llar lateral joylashib o‘tsa, tananing ustki qismi va qo‘llardan keluvchi yo‘llar medial joylashib o‘tadi. Bunga uzun yo‘llarning ekstsentrik joylashuvi, ya’ni Auerbax-Flatau qonuni deyiladi. Ayniqsa, bo‘yin segmentlarida bunday joylashuv yaqqol namoyon bo‘ladi.
Auerbax-Flatau qonunini bilish topik diagnostikada katta ahamiyatga ega. Masalan, orqa miyaning bo‘yin qismida yon ustunni tashqi tomondan bosayotgan o‘sma (ekstramedullyar) birinchi bo‘lib ekstsentrik joylashgan spinotalamik yo‘llarni bosadi. Buning oqibatida qarama-qarshi tomonda yuzaki sezgi buzilishlari dastlab oyoqda va tananing pastki qismida aniqlanadi. Yon ustunni ichki tomondan bosayotgan o‘sma (intramedullyar) esa birinchi bo‘lib medial joylashgan spinotalamik yo‘llarni bosadi va, tabiiyki, yuzaki sezgi buzilishi qarama-qarshi tomondagi qo‘lda namoyon bo‘ladi.
Talamusda 3-neyron tanasi yotadi. Uning aksonlari (tr. thalamocorticalis) ichki kapsula orqa sonining orqa 1/3 qismidan o‘tadi va orqa markaziy pushtaga borib tugaydi. Bu joy sezgi analizatorining markaziy qismi hisoblanadi.
Orqa markaziy pushtaning eng yuqori qismida oyoqdan, o‘rta qismida tana va qo‘ldan, pastki qismida yuz va bosh sohasidan kelgan sezgi impulslari qabul qilinadi. Bu holat Penfild jadvalida yaxshi tasvirlab berilgan.
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi © asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha