BOLALIK DAVRI PSIXOLOGIYaSI
Bolalik davridagi har qanday kasallik asab va ruhiy faoliyatning sog‘lom tarzda rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va organizmda turli darajada ifodalangan asoratlar qoldiradi. Shuning uchun ham onaning homiladorlik davridan boshlab bolaning ruhiy salomatligini saqlash choralari ko‘rilishi kerak. Homilador ayol asab tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan o‘zini saqlay olsa, ruhan tetik bola dunyoga keladi. Shuning uchun unga ruhiy sog‘lom muhit yaratib berish lozim.
Shu erda bir misol keltirib o‘tamiz. Uyida yolg‘iz qolgan homilador ayol zerikkanidan faqat pianinoda o‘ziga yoqqan bitta kuyni chalib yuradi. Bola tug‘ilganidan so‘ng xuddi shu kuy chalinsagina tinch uxlaydigan bo‘lib qoladi. Bu o‘ziga xos fenomen hanuzgacha ilmiy tomondan tasdiqlangani yo‘q. Hayotda bunga o‘xshash misollar ko‘p. Masalan, homiladorlik davrida hadeb ruhan ezilaveradigan ayolda bolaning ruhiy nuqsonlar bilan tug‘ilishi havfi juda yuqori bo‘ladi.
Bola organizmi rivojlanishida jiddiy davrlar farqlanadi. Funktsional sistemalar shakllanadigan davrlar rivojlanishning jiddiy davrlari deb ataladi. Evolyutsion nevrologiya uchun bu davrlarni o‘rganish va aniqlash juda muhim ahamiyat kasb etadi. Vaholanki, rivojlanishning mana shu davrida hali shakllanmagan funktsiya juda sust va tez shikastlanadigan bo‘ladi. Bu davrda yuzaga kelish ehtimoli bo‘lgan nuqsonning oldini olish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
Rivojlanishning jiddiy davrlarini o‘rganish uchun nutq shakllanishi jarayonini misol qilib olamiz. Ma’lumki, nutqni egallab olish qobiliyati vaqt nuqtai nazaridan chegaralangan. Bola tug‘ilgach, nutq rivojlanishini ta’minlab beruvchi morfologik, biologik, neyrokimyoviy va psixofiziologik mexanizmlar ishida uzilish bo‘lsa, nutq va u bilan bog‘liq boshqa oliy ruhiy funktsiyalar shakllanishida nuqsonlar yuzaga kela boshlaydi. Masalan, vaqtida aniqlanmagan tug‘ma karlik nutq rivojlanishiga katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunda nutqni ta’minlab beruvchi funktsional sistema bola bir yoshga to‘lmasdan buziladi. Bunday bolaning keyinchalik og‘zaki nutqqa qobiliyati yo‘qolib, faqat imo-ishoralarni tushunadi va imo-ishoralar bilan maqsadini atrofdagilarga tushuntiradi, xolos.
Agar og‘zaki nutq 4-5 yoshlarga qadar tiklanmasa, keyinchalik nutq rivojlanishi katta shubha ostida qoladi. Buning orqasidan boshqa oliy ruhiy funktsiyalar shakllanishi ham oqsay boshlaydi. Ularning shakllanish jarayonida ham jiddiy davrlar mavjud bo‘lib, biron bir tashqi yoki ichki salbiy ta’sirlar ostida funktsional sistemalararo bog‘lanishlar to‘xtab qolishi mumkin. Bunga qattiq qo‘rquvdan so‘ng bolada nutqning birdan yo‘qolishi misol bo‘la oladi.
Jiddiy davrlarni tahlil qilish ko‘pgina cheklanishlarning mohiyatini ochib beradi. Shaxsning shakllanishi bolalik davridan boshlanadi. Ota-ona yomon kayfiyati bolada aks etmasligi kerak. Bosiqlik, mehribonlik, talabchanlik va aql bilan to‘g‘ri munosabat o‘rnatish bolaning aqliy va psixoemotsional rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, albatta.
Nutq rivojlanishida ruhiy funktsiyalarning bir maromda rivojlanganligi katta ahamiyatga ega. Bolada yozma nutq markazlarining sust rivojlanishi so‘zlarni to‘g‘ri yozishni o‘rgatishda qiyinchiliklar tug‘dirsa, og‘zaki nutqdagi nuqsonlar o‘qish va sanashning buzilishiga sabab bo‘ladi. Qo‘lida qalamni to‘g‘ri ushlay olmaslik esa chiroyli yozish va chizishni o‘rganishga xalaqit beradi.
Shunday qilib, miya tuzilmalarining bir maromda rivojlanishi organizmning sinxron rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun individual rivojlanishning jiddiy davrlarida kuzatiladigan har qanday asab va ruhiyat buzilishlari o‘z vaqtida aniqlanib, unga davo qilinishi g‘oyat muhimdir.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha