Bosh miya venalari


Boshqa azolarda venalar arteriyalarga hamroh bo‘lsa, bosh miyada bunday emas. Qattiq pardaning venoz sinuslari venoz qon to‘planib oqadigan katta rezervuar hisoblanadi. Qattiq pardaning tashqi va ichki qatlami orasida hosil bo‘lgan va venoz qon oqadigan ushbu bo‘shliqlar tuzilishi haqida "Miya pardalari" yozilgan bobda malumot berganmiz. Venoz sinuslarning yana bir nomi – bu qattiq parda sinuslari.

Qattiq parda sinuslari bir nechta bo‘lib, ularga nafaqat pardalar orasida joylashgan yuzaki venalardan, balki miya parenximasidan keluvchi chuqur venalardan ham qon oqib keladi.

Corpus callosum ning orqa qismida Galen venasi yotadi. Miyaning katta venasi deb ham nomlanadigan ushbu tomirga har bir yarimshardan ikkitadan chuqur venalar kelib qo‘shiladi. Ushbu venalar orqali miya parenximasidan venoz qon Galen venasiga oqib keladi (14.7-rasm).

14.7-rasm. Bosh miya venalari va sinuslari

Galen venasidan venoz qon birato‘la to‘g‘ri sinusga (sinus rectus) o‘tadi. Qattiq pardaning ensa qismida ikkala tomondagi sinus rectus, sinus sagittalis superior va sinus transversus o‘zaro qo‘shiladigan joy bor. Demak, sinus rectus miyaning ichki qismidan venoz qon yig‘uvchi asosiy sinusdir.

Galen venasiga, shuningdek, Rozentalning bazal venasidan ham venoz qon oqib keladi. Rozental venasi miyaning ichki venalari bilan anostamozga ega. Ushbu ikkala vena katta yarimsharlar parenximasidan venoz qonlarni yig‘adi va Galen venasiga quyadi.
Barcha sinuslar orqali oqib kelayotgan venoz qon ikkala tomonda joylashgan ichki bo‘yintiriq venaga (v.jugularis interna) quyiladi. V. jugularis interna sigmasimon sinus davomi hisoblanadi. Bunday o‘tish foramen jugulare sohasida ro‘y beradi. Demak, ichki bo‘yintiriq vena barcha sinuslardan oqib kelayotgan venoz qonni kalla suyagi ichidan olib chiqib ketuvchi eng yirik va asosiy venadir. Ichki bo‘yintiriq venadan qon o‘mrovosti venaga (v. subclavia) quyiladi.
Bosh miyadan venoz qonni boshqa yo‘nalishlar orqali olib chiqib ketuvchi venalar ham bor. Biroq, ular kam. Masalan, ko‘z kosasi orqali chiqib ketuvchi yuqori va pastki ko‘z venalari va h.k.

Manba:   © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
                © Ibodullaev entsiklopediyasi 
                © asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив