Bosh miya katta yarimsharlari
Bosh miyaning ikkita katta yarimshari (hemispherium cerebri) birgalikda katta miya (cerebrum) yoki oxirgi miya (telencephalon) deb ataladi. Yarimsharlarning po‘stloq (sortex cerebri, substantia grisea) hamda po‘stlog‘osti qismi, ya’ni oq moddasi (substantia alba) farqlanadi. Substantia grisea va substantia alba birgalikda pallium deyiladi. Oq moddaning chuqur qismida joylashgan bazal gangliyalar (ganglia basalis) ham katta yarimsharlar tarkibiga kiradi. Katta miya bo‘shlig‘i – bu yon qorinchalar (ventriculi lateralis).
Eslab qoling. Katta miyani (cerebrum) bosh miya (encephalon) bilan adashtirmang. Bosh miya tarkibiga ko‘p tuzilma, ya’ni katta miya, oraliq miya, o‘rta miya, ko‘prik, uzunchoq miya va miyacha kiradi.
Ikkala yarim sharni bo‘ylama tirqish (fissura longitudinalis cerebri) bir-biridan ajratib turadi. Ikkala yarimshar o‘rtasida joylashgan qadoqsimon tana (corpus callosum) esa ularni o‘zaro bog‘lab turadi. Qadoqsimon tana ko‘ndalang yo‘nalishdagi komissural tolalardan iborat.
Katta miyaning tashqi (konveksital), ichki (medial) va ostki (bazal) yuzalari farqlanadi. Har bir yarimshar quyidagi 4 bo‘lakdan iborat: peshona (lobus frontalis), tepa (lobus parietalis), chakka (lobus temporalis), ensa (lobus occipitalis) (10.1-rasm).
Yarimsharlar kulrang tusga ega po‘stloq (cortex) bilan qoplangan. Po‘stloqda pushtalar (gyri) va egatlar (sulci) juda ko‘p. Shu bois ham u g‘adir-budir. Chuqur va doimiy egatlar yarimsharlarni bo‘laklarga ajratib turadi.
Yarimsharlarning tashqi (konveksital) yuzasi. Egatlar va pushtalar topografiyasini peshona, tepa, chakka, ensa bo‘laklari misolida ko‘rib chiqamiz. (10.2-rasm).
10.2-rasm. Katta yarimsharning lateral (konveksital) yuzasi
Peshona bo‘lagi (lobus frontalis). Boshqa bo‘laklardan katta hisoblanadi. Peshona bo‘lagining orqa chegarasini markaziy egat (sulcus centralis), pastki chegarasini lateral egat (sulcus lateralis) hosil qiladi. Markaziy egat (Roland egati) peshona bo‘lagini tepa bo‘lakdan ajratib tursa, lateral egat (Silviy egati) uni chakka bo‘lagidan ajratib turadi.
Markaziy egatning old qismida vertikal yo‘nalishda oldingi markaziy pushta (gyrus centralis anterior) joylashgan. Undan oldinda parallel tarzda oldingi markaziy egat (sulcus precentralis) o‘tadi. Ushbu egatdan oldinga qarab ko‘ndalang yo‘nalishda ikkita peshona egati mavjud. Bular – ustki peshona egati (sulcus frontalis superior) va pastki peshona egati (sulcus frontalis inferior). Ushbu egatlar peshona bo‘lagini ustki, o‘rta va pastki peshona pushtalariga (gyrus frontales superior, media et inferior) ajratadi.
Pastki peshona pushtasi ichiga qarab Silviy egatchasidan ikkita kichik egatcha kirib ketgan. Buning biri oldingi shoxcha (ramus anterior), ikkinchisi ko‘tariluvchi shoxcha (ramus ascendens) deb nomlangan. Natijada gyrus frontalis inferior uch qismga ajralib qolgan. Bular – orbital, triangulyar, operkulyar qismlar. Ramus anterior dan oldinda orbital qism (pars orbitalis), ramus ascendens dan orqa tomonda operkulyar qism (pars opercularis) joylashgan. Ramus anterior bilan ramus ascendens orasi uchburchak shaklga ega bo‘lib qolganligi bois, uni uchburchak qism (pars triangularis) deb atashadi. Eslatib o‘tamiz, operkulyar soha – bu Brok markazi.
Tepa bo‘lagi (lobus parietalis). Markaziy egatdan orqa tomonda joylashgan. Sulcus centralis tepa bo‘lagining oldingi, sulcus lateralis esa pastki chegarasini hosil qiladi. Markaziy egat bilan orqa markaziy egat (sulcus postcentralis) orasida orqa markaziy pushta (gyrus postcentralis) joylashgan. Tepa bo‘lagida gorizontal joylashib o‘tgan egat intraparietal egat (sulcus intraparietalis) nomini olgan. Bu egat tepa bo‘lagini yuqori (lobus parietalis superior) va pastki (lobus parietalis inferior) parietal bo‘laklarga ajratadi.
Pastki parietal bo‘lak o‘z navbatida ikkita pushtaga bo‘lingan. Ulardan biri – chegara usti pushtasi (gyrus supramarginalis), ikkinchisi – burchak pushta (gyrus angularis). Gyrus supramarginalis Silviy egatining orqa uchini o‘rab tursa, gyrus angularis yuqori chakka egatining orqa uchini yopib turadi.
Chakka bo‘lagi (lobus temporalis). Chakka bo‘lagini peshona va tepa bo‘laklaridan Silviy egati (sulcus lateralis Sylvii) ajratib turadi. Chakka bo‘lagining tashqi yuzasida ustki (sulcus temporalis superior) va pastki (sulcus temporalis inferior) egatlar bor. Bu egatlar chakka bo‘lagini uch pushtaga ajratadi. Bular – yuqori, o‘rta va pastki chakka pushtalari (gyri temporales superior, media et inferior). Yuqori chakka pushtasi tagida, ya’ni lateral egat tubida chakka bo‘lagining ko‘ndalang pushtalari (gyri temporales transversi) yashiringan. Bunga Geshl pushtalari deyiladi. Ularni bir-biridan ko‘ndalang egatchalar (sulci temporales transversi) ajratib turadi.
Ensa bo‘lagi (lobus occipitalis). Ensa bo‘lagining tashqi (konveksital) yuzasi tepa va chakka bo‘laklari bilan aniq chegaralarga ega emas. Bu bo‘lakning egatcha va pushtalari ham doimiy emas.
Orolcha (insula). Orolcha tashki tomondan ko‘rinmaydi. Chunki u Silviy egati tubida joylashgan. Uni ko‘rish uchun ushbu egatni ochish kerak. Ana shunda gulkaramga o‘xshash orolchaga ko‘rinadi. (10.3-rasm). Tepadan uni operkulyar soha (operculum) tomga o‘xshab yopib turadi. Orolchaning markaziy egatchasi (sulcus centralis insulae) uni oldingi (lobulus insulae anterior) va orqa orolcha bo‘laklariga (lobulus insulae posterior) ajratadi. Orolchaning oldingi qismi peshona bo‘lagi tarkibiga, orqa qismi – chakka bo‘lagi tarkibiga qiradi. Orolchani o‘rab turgan aylanasimon egatcha (sulcus circularis insulae) uni boshqa bo‘laklardan chegaralab turadi. Orolchada doimiy bo‘lmagan kalta va uzun pushtachalar (gyri insulae breves et longus) ham mavjud. Ba’zi mutaxassislar orolchani katta miyaning beshinchi bo‘lagi deb atashadi.
Yarimsharlarning ichki (medial) yuzasi. Medial yuzaning markaziy qismi pastida qadoqsimon tana egati (sulcus corporis callosi) joylashgan (10.4 rasm).
10.4-rasm. Katta yarimsharning medial yuzasi
Sorpus callosum ustidan o‘tuvchi ushbu egatning orqa tomoni ravoqsimon bo‘lib pastga tushib boradi va gippokamp egatiga (sulcus hippocampi) aylanadi.
Qadoqsimon tana egatidan tepada belbog‘ pushta (gyrus cinguli) mavjud. Uning yuqorisidan bebog‘ egat (sulcus cinguli) o‘tadi. Yoysimon shaklga ega ushbu egat old tomondan corpus callosum tizzasini aylanib tushib orqaga qaytadi. Belbog‘ egatdan belbog‘ pushta ichiga ikkita egatcha yo‘naladi. Bular – paratsentral egatcha (sulcus paracentralis) va chetki shoxcha (ramus marginalis). Ushbu ikkala egatcha orasida joylashgan pushtaga paratsentral bo‘lakcha (lobulus paracentralis) deyiladi. Lobulus paracentralis peshona bo‘lagiga kiradi. Demak, sulcus paracentralis peshona va tepa bo‘laklari orasidagi chegaradir. Ramus marginalis ning orqa tomonida precuneus yotadi.
Corpus callosum ning orqa tomonidan aylanib pastga tushayotgan gyrus cinguli torayib belbog‘ pushta bo‘g‘zini (isthmus gyri cinguli) hosil qiladi. Ushbu pushta oldinga qarab davom etadi va unga paragippokampal pushta (gyrus parahippocampalis) deyiladi. Belbog‘ pushta, uning bo‘g‘zi va paragippokampal pushta birgalikda gumbaz pushta (gyrus fornicatus) deb aytiladi.
Ensa bo‘lagining medial yuzasida ikkita doimiy egatlar mavjud. Bular – tepa-ensa egati (sulcus parietooccipitalis) va pixsimon egat (sulcus calcarinus). Ushbu ikkala egat orasida ponasimon pushta (cuneus) hosil bo‘lgan. Cuneus ning old tomonida precuneus joylashgan. Demak, pona oldi pushtasi sulcus parietooccipitalis bilan ramus marginalis orasida yotadi. Eslatib o‘tamiz, cuneus ensa, precuneus esa tepa bo‘lagi tarkibiga kiradi. Ular orasidagi chegara – bu sulcus parietooccipitalis.
Pixsimon egatdan pastda tilsimon pushta (gyrus lingualis) joylashgan. Tilsimon pushtadan pastda kollateral egat (sulcus collateralis) o‘tadi. Dengiz oti egati (sulcus hippocampi) va sulcus collateralis orasida paragippokampal pushta joylashgan. Uning orqa tomoni tilsimon pushtaga o‘tsa, oldingi tomoni tepaga qayrilib ilmoq (uncus) hosil qiladi.
Yarimsharlarning pastki (bazal) yuzasi. Yarimsharlar bazal yuzasining oldingi qismi – peshona, o‘rta qismi – chakka, orqa qismi – ensa bo‘laklariga to‘g‘ri keladi (10.5-rasm).
10.5-rasm. Katta yarimsharning pastki yuzasi
Fissura longitudinalis cerebri ning ikkala yon tomonidan hidlov egati (sulcus olfactorius) o‘tadi. Unda hidlov piyozchasi va hidlov trakti yotadi. Orqaroqda hidlov uchburchagi (trigonum olfacrorium) joylashgan. Fissura longitudinalis cerebri bilan sulcus olfactorius orasida to‘g‘ri pushta (gyrus rectus) mavjud. Hidlov egatining tashqi-yon tomonida orbital egatchalar (sulci orbitales) va orbital pushtalar (gyri orbitales) joylashgan.
Yarimsharlarning bazal qismida yaxshi ko‘zga tashlanadigan kollateral egatdan oldinda burun egati (sulcus rhinalis) bor. Uning lateral qismidan gyrus parahippocampalis va uncus o‘rin olgan. Kollateral egatning lateral qismida medial ensa-chakka pushtasi (gyrus occipitotemporalis medialis) joylashgan. Gyrus occipitotemporalis medialis bilan gyrus occipitotemporalis lateralis ni bir-biridan ensa-chakka egati (sulcus occipitotemporalis) ajratib turadi.
Limbik sistema. Katta miyaning medial yuzasida, ya’ni qadoqsimon tana va talamus atrofida joylashgan tuzilmalar limbik sistema tarkibiga kiradi (10.6-rasm).
Aylanasimon bo‘lib joylashgan ushbu tuzilmalar Papes aylanasi deb ham ataladi va emotsiyaning anatomik substrati hisoblanadi. Bular po‘stloqning eng keksa tuzilmalari bo‘lib, belbog‘ pushta, paragippokampal pushta, gippokamp, hidlov so‘g‘oni, tilsimon pushta, so‘rg‘ichsimon tanalar (corpora mamillaria) va bodomsimon tana (corpus amygdaloideum) dan iborat.
Funktsiyasi. Limbik sistema emotsional reaktsiyalar, motivatsiya, instinktiv hulq-atvor, uyqu va tetiklikni koordinatsiya qiladi. Turli ekstremal vaziyatlar, ya’ni havf-xatar, sovuq, qo‘rquv, ochlik, chanqoqlikda moslashuv va himoya reaktsiyalarini ta’minlaydi. Yangi materiallarni esda olib qolish (gippokamp), qisqa muddatli xotirani uzoq muddatli xotiraga o‘tkazish va vegetativ funktsiyalarni integratsiya qilish ham limbik sistema faoliyatiga kiradi.
Qadoqsimon tana. Sorpus callosum chap va o‘ng yarimsharlarni bog‘lovchi zich joylashgan tolalardan tashkil topgan. Ularga komissural tolalar deyiladi. Qadoqsimon tananing oldingi, o‘rta va orqa qismlari farqlanadi.
Chap va o‘ng tomondagi peshona po‘stlog‘ini bog‘lovchi tolalar qadoqsimon tananing oldingi, ya’ni tizza qismidan o‘tadi. Parietal po‘stloqni bog‘lovchi tolalar qadoqsimon tananing markaziy qismidan o‘tsa, chakka va ensa bo‘laklarini bog‘laydigan tolalar uning orqa qismidan o‘tadi.
Katta yarimsharlar po‘stlog‘i arxitektonikasi
Katta yarimsharlar po‘stlog‘ining morfologik tuzilishi xususiyatlarini o‘rganuvchi yo‘nalish po‘stloq arxitektonikasi deb yuritiladi. Po‘stloqda neyronlar joylashuvini o‘rganishga po‘stloq tsitoarxitektonikasi, po‘stloqda nerv tolalari joylashuvi va yo‘nalishini tadqiq qiluvchi sohaga po‘stloq mieloarxitektonikasi deyiladi.
Filogenetik (evolyutsion) nuqtai nazardan po‘stloqning qadimgi (archiocortex), keksa (paleocortex) va yangi (neocortex) sohalari farqlanadi. Tishsimon, tasmasimon va paragippokampal pushtalar hamda gippokamp arxikorteks deyiladi. Undan keyinroq paydo bo‘lgan, ya’ni belbog‘ pushta, hidlov pushtasi va uning atrofidagi tuzilmalar paleokorteks tarkibiga kiradi. Po‘stloqning lateral yuzasida joylashgan qismlari neokorteks deb ataladi.
Po‘stloq tsitoarxitektonikasi. Po‘stloq (cortex cerebri) nerv hujayralari (neyronlar) va glial xujayralar (neyrogliya) tanalaridan iborat. Shu bois kulrang tusga ega. Po‘stloqda 14 mlrd neyron bor. Yosh o‘tgan sayin ularning soni kamayib boradi. Bu tabiiy hol. Glial hujayralar undan deyarli 10 barobar ko‘p, ya’ni 100–130 mlrd. Po‘stloq qalinligi 2–5 mm. Po‘stloqda egat va pushtalar ko‘pligi sababli g‘adir-budir tuzilishga ega. Uning umumiy maydoni 2000–2200 sm2.
Po‘stloq 6 qavatli tuzilishga ega (10.7-rasm). Bular:
1 – molekulyar qavat (lamina molecularis);
2 – tashqi donador qavat (lamina granularis externa);
3 – tashqi piramidal qavat (lamina pyramidalis externa);
4 – ichki donador qavat (lamina granularis interna);
5 – ichki piramidal qavat (lamina pyramidalis interna);
6 – multiform hujayralar qavati (lamina multiformis).
Po‘stloq mieloarxitektonikasi. Po‘stloqning har bir qavatida neyronlar va glial hujayralardan tashkari, turli tomonlarga yo‘nalgan nerv tolalari ham mavjud. Po‘stloq ichidayoq mielin parda bilan qoplangan ushbu tolalar kulrang tusga ega hujayralar to‘plami orasida taram-taram bo‘lib oq tusda ko‘zga tashlanadi. Ushbu manzarani oddiy mikroskop ostida ko‘rish mumkin. Bunga po‘stloq mieloarxitektonikasi deyiladi.
Po‘stloq maydonlari. Brodman maydonlari. 1909 yili nemis nevrologi K. Brodman katta yarimsharlar po‘stlog‘ini 11 hudud va 52 tsitoarxitektonik maydonga ajratdi (10.1-jadval va 10.8-rasmlar)
10.1-jadval. Brodman bo‘yicha po‘stloq hududi (regiones) va maydonlari (areas)
# | Po‘stloq hududlari (regiones) | Po‘stloq maydonlari (areas) |
1 | Posttsentral (regio postcentralis) | 1, 2, 3, 43 |
2 | Pretsentral (regio precentralis) | 4, 6 |
3 | Frontal (regio frontalis) | 8, 9, 10, 11, 12, 44, 45, 46, 47 |
4 | Insulyar (regio insulalis) | 13, 14, 15, 16 |
5 | Parietal (regio parietalis) | 5, 7, 39, 40 |
6 | Temporal (regio temporalis) | 20, 21, 22, 36, 37, 38, 41, 42, 52 |
7 | Oksipital (regio occipitalis) | 17, 18, 19 |
8 | Tsingulyar (regio cingularis) | 23, 24, 25, 31, 32, 33 |
9 | Retrosplenial (regio retrosplenialis) | 26, 29, 30 |
10 | Gippokamp (regio hippocampi) | 27, 28, 34, 35, 48 |
11 | Olfaktorial (regio olfactoria) | 5 1 |
Po‘stloqning birlamchi, ikkilamchi va uchlamchi maydonlari farqlanadi (10.9-rasm).
Birlamchi maydonlar. Proektsion tipdagi xujayralardan iborat bo‘lib, po‘stloq markazlarini periferiya bilan bog‘laydi. Masalan, oldingi va orqa markaziy pushtalar, ensa sohasidagi ko‘ruv markazi, chakka sohasidagi eshituv markazi, uning medial yuzasidagi hidlov va ta’m bilish markazlari birlamchi maydonlarga kiradi. Bularga analizatorlarning yadro markazlari deyiladi. Barcha birlamchi maydonlar somatotopik printsip asosida tavsiflanadi va aniq bir funktsiyani bajarishga ixtisoslashgan. Masalan, optik signallar – 17, tovush signallari – 41, umumiy sezgi impulslari – 3, 2 va 1-maydonlarga kelib tushadi. Harakat bilan bog‘liq impulslar esa 4-maydonda shakllanib, so‘ngra periferiyaga uzatiladi.
Ikkilamchi maydonlar. Ushbu maydonlar birlamchi maydonlar yonida joylashgan bo‘lib, proektsion-assotsiativ hujayralardan iborat. Birlamchi maydonlarga kelib tushgan signallar ikkilamchi maydonlarga uzatiladi va bu erda murakkab analiz va sintez qilinadi. Masalan, 17-maydon predmetni ko‘radi, biroq nimaligini tanimaydi, 18 va 19-maydonlar esa predmetni tanish xususiyatiga ega. Shuning uchun ham 17-maydon zararlansa, kortikal ko‘rlik, 18 va 19-maydonlar zararlanganda esa ko‘ruv agnoziyasi rivojlanadi. Demak, 17-maydon ko‘rish, 18 va 19-maydonlar esa ko‘rgan narsani tanish (bilish) uchun mas’ul.
Uchlamchi maydonlar. Faqat assotsiativ neyronlardan iborat bo‘lib, po‘stloqda bir necha analizatorlar bilan chegaradosh sohalarda joylashgan. Uchlamchi maydonlar po‘stloqning deyarli yarmini egallagan bo‘lib, turli funktsional sistemalarni bir-biri bilan bog‘lab turadi. Uchlamchi maydonlar joylashgan sohalarga po‘stloqning assotsiativ sohalari yoki markazlari deyiladi. Ular kalta o‘simtali yulduzsimon xujayralardan iborat.
Assotsiativ sohalar katta yarimsharning oldingi va orqa qismlarida mavjud. Oldingisi po‘stloqning prefrontal sohasida, orqa tomondagisi – chakka, tepa va ensa bo‘laklari tutashgan joyda (TRO – tempora-parieto-occipitalis) joylashgan. O‘ta murakkab intellektual operatsiyalar aynan uchlamchi maydonlarda amalga oshiriladi. Faqat inson uchun xos bo‘lgan nutq va boshqa ongli jarayonlar ushbu assotsiativ markazlar faoliyati bilan bog‘liq. Hayvonlar miyasida uchlamchi maydon bo‘lmaydi.
Assotsiativ, komissural va proektsion yo‘llar
Katta yarimsharlarning o‘tkazuvchi yo‘llari morfofunktsional nuqtai nazardan quyidagi turlarga ajratiladi:
- Assotsiativ yo‘llar – bitta yarimsharning turli sohalarini o‘zaro bog‘laydigan yo‘llar
- Komissural yo‘llar – ikkala yarimsharni bir-biri bilan bog‘lovchi yo‘llar
- Proektsion yo‘llar – katta yarimsharni pastki markazlar bilan bog‘lovchi yo‘llar (10.10-rasm).
-Proektsion yo‘llar Decussatio pyramidum
10.10-rasm. Assotsiativ, komissural va proeksion yo‘llar
Ichki kapsula
Ichki kapsula (capsula interna) – katta yarimsharlarning markaziy qismida o‘ta zich joylashib o‘tgan proektsion tolalardan iborat tuzilma. Ichki kapsula chap va o‘ng tomonda bo‘ladi (10.11-rasm).
Ichki kapsulaning quyidagi 3 qismi farqlanadi: oldingi son (crus anterius), tizza (genu) va orqa son (crus posterius). Nucleus lentiformis bilan caput nuclei caudate orasida oldingi son, nucleus lentiformis bilan thalamus orasida orqa son joylashgan. Bu erda yasmiqsimon yadro ichki kapsulaning tashki (lateral) devorini hosil qiladi. Ikkala son burchak hosil qilib birlashgan joyga ichki kapsulaning tizzasi deyiladi.
Tashqi kapsula
Tashqi kapsula (capsula externa) – qobiq (putamen) va to‘siq (slaustrum) orasida zich joylashib o‘tgan assotsiativ tolalardan iborat nozik tuzilma. Uning ichki devorini putamen, tashqi devorini claustrum hosil qiladi.
Nursimon toj
Ichki kapsuladan o‘tuvchi barcha proektsion tolalar, ya’ni afferent va efferent yo‘llar po‘stloq yaqinida nurga o‘xshab yoyilib ketadi va bu holat tojni eslatadi. Ushbu radial yo‘llarga yorqin toj (corona radiata) deyiladi (10.12-rasm).
Radial yo‘llarning optik signallarni o‘tkazuvchi qismi ensa tomonga yo‘nalib ko‘ruv tojini (radiatio optica), eshituv signallarini o‘tkazuvchi qismi chakka pushtalariga yo‘nalib eshituv tojini (radiatio acustica) hosil qiladi.
Katta miya zararlanishi simptomlari va topik diagnostikasi
Peshona bo‘lagi zararlanishi simptomlari
Oldingi markaziy pushta zararlansa, qarama-qarshi tomonda gemiparez yoki gemiplegiya hamda VII va XII nervlarning markaziy falajligi rivojlanadi. Oldingi markaziy pushta qo‘zg‘atilsa, qarama-qarshi tomonda Jekson tipidagi fokal motor xurujlar kuzatiladi.
O‘rta peshona pushtasining orqa qismi zararlansa, nigoh falajligi rivojlanadi. Bunda ko‘zlarni qarama-qarshi tomonga burish imkonsiz bo‘lib qoladi (“bemor o‘choq tomonga qarab yotadi”). Agar ushbu soha qo‘zg‘atilsa, bemorning boshi va ko‘zlari o‘choqdan qarama-qarshi tomonga buralib tutqanoq hurujlari kuzatiladi. Bunga adversiv tipdagi hurujlar deyiladi (“bemor o‘choqdan yuzini o‘girdi”). Agar patologik o‘choq pastki peshona pushtasining operkulyar qismini qo‘zg‘atsa, operkulyar giperkinez yoki operkulyar epilepsiya rivojlanadi.
Pastki peshona pushtasining orqa qismi (Brok markazi) zararlansa, motor afaziya rivojlanadi. Bu sindromga Luriya bo‘yicha efferent motor afaziya deyiladi. Afaziya aksariyat hollarda agrafiya bilan namoyon bo‘ladi. Shuningdek, premotor soha zararlanishi uchun motor (kinetik) apraksiya, agrafiya, amiostatik sindrom, oral avtomatizmi va ushlab olish reflekslari xos.
Prefrontal soha zararlanishida astaziya-abaziya (tik turolmaslik, yurolmaslik) va turli klinik ko‘rinishdagi psixik o‘zgarishlar, ya’ni apatiya yoki agressiya, depressiya yoki eyforiya, akineziya yoki impulsiv harakatlar, puerilizm, diqqat tarqoqligi, xotira buzilishi, fikrlar karaxtligi rivojlanadi. Aksariyat hollarda peshona psixikasi apato-abulik sindrom bilan namoyon bo‘ladi. Abuliya – iroda so‘nishi, degani.
Tepa bo‘lagi zararlanishi simptomlari
Orqa markaziy pushta to‘la zararlansa, qarama-qarshi tomonda gemianesteziya, qisman zararlansa, monoanesteziya rivojlanadi. Uning ustki qismi zararlansa – oyoqda, o‘rta qismi zararlansa – tana va qo‘lda, pastki qismi zararlansa – yuzda sezgi buzilishlari aniqlanadi. Bu sohalar qo‘zg‘atilsa, qarama-qarshi tomonda Jekson tipidagi sensor xurujlar ro‘y beradi.
Yuqori parietal pushta zararlansa, tana sxemasi buzilishi (somatoagnoziya) sindromi shakllanadi. Anozognoziya, autotopagnoziya va psevdopolimeliya ushbu sindromning asosiy belgilari hisoblanadi. Anozognoziya – o‘z kasalligini inkor qilish. Masalan, bemor bir tomoni falajlangan bo‘lsa-da, oyoq-qo‘lim ishlayapti, deydi. Autotopagnoziya – o‘z tana qismlarini tanimaslik, qo‘li va oyog‘ining qanday joylashganini noto‘g‘ri aytish. Bemor – “bu mening qo‘lim emas, boshqaning qo‘li, yonimdagi yog‘och, mushuk va h.k.” deb aytadi va o‘zi ham shunga ishonadi. Psevdopolimeliya – ortiqcha qo‘l va oyoqlari bordek tuyulishi. Ushbu buzilishlar ko‘proq subdominant, ya’ni o‘ng yarimshar zararlanishi uchun xos.
Shuningdek, proprioretseptiv afferentatsiya buzilishi sababli qarama-qarshi tomondagi qo‘lda “afferent parez” rivojlanadi. Bunga Forster sindromi deyiladi.
Pastki parietal pushta zararlansa, astereognoziya (taktilnaya agnoziya) optik-fazoviy agnoziya, kinestetik (ideator) apraksiya, afferent motor afaziya, agrafiya, aleksiya, barmoqlar agnoziyasi, akalkuliya, rivojlanadi. Shu sohadagi orqa adversiv maydon qo‘zg‘atilsa, ko‘z va bosh qarama-qarshi tomonga buralib epileptik xurujlar ro‘y beradi.
Chakka bo‘lagi zararlanishi simptomlari
Chakka bo‘lagining Geshl pushtasi zararlansa, eshituv agnoziyasi rivojlanadi: bemor tovushni anglamaydi, ya’ni tovush nimaga taalluqli ekanligini bilmaydi.
Yuqori chakka pushtasiining orqa qismi (chap yarimshar) zararlansa, sensor afaziya (Vernike afaziyasi) rivojlanadi. Shuningdek, akustik-mnestik afaziya va amnestik afaziya ham chap chakka bo‘lagi zararlanishida kuzatiladi. Bunday afaziyalar verbal xotira buzilishlari bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. O‘ng yarimshar zararlansa, amuziya rivojlanadi. Amuziya – musiqal tovushlarni anglay olmaslik, bilmaslik. autotopagnoziya
Chakka bo‘lagi zararlansa turli toifadagi psixoemotsional buzilishlar ham rivojlanadi. Bular “avval ko‘rgan yoki hech qachon ko‘rmaganlik” fenomeni, qo‘rquv, xavotir, vahima, depressiya, bulmiya, disforiya, eyforiya, seksual faollik oshishi kuzatiladi.
Chakka bo‘lagining lateral yuzasi qo‘zg‘atilsa, epileptik xurujlar eshituv gallyutsinatsiyasi, mediobazal yuzasi qo‘zg‘atilsa, ta’m va hid bilish gallyutsinatsiyasi kabi auralar bilan namoyon bo‘ladi. Mezotemporal epilepsiya vegetativ-vistseral paroksizmlarga boy bo‘lib, ko‘p hollarda bosh aylanib ketishi, somnolentsiya, taxikardiya, nafas etishmovchiligi va epigastral og‘riqlar aura sifatida namoyon bo‘ladi.
Chakka bo‘lagidan ensa bo‘lagi tomon Gratsiole tutami o‘tganligi bois, bu soha zararlanishida yoki qo‘zg‘alishida ko‘ruv gallyutsinatsiyasi, mikropsiya, makropsiya va kvadrant gemianopsiyalar ham uchraydi.
Gippokamp zararlansa yoki qo‘zg‘alsa, deyarli har doim epileptik xurujlar ro‘y beradi. Gippokamp zararlanishi birlamchi xotira buzilishiga ham olib keladi (Korsakov amneziyasi).
Ensa bo‘lagi zararlanishi simptomlari
Birlamchi ko‘ruv markazi, ya’ni 17-maydon zararlansa, kortikal ko‘rlik kuzatiladi. Suneus zararlansa, qarama-qarshi tomonda pastki kvadrant gemianopsiya, gyrus lingualis zararlansa, ustki kvadrant gemianopsiya rivojlanadi. Optik signallarni murakkab tahlil qiluvchi assotsiativ markaz, ya’ni 18, 19-maydonlar zararlansa, ko‘ruv agnoziyasi rivojlanadi. Ko‘ruv agnoziyasi – avval tanish bo‘lgan narsalarni tanimaslik.
Sulcus calcarinus sohasi ta’sirlantirilsa, qarama-qarshi tomonda fotopsiya va ko‘ruv gallyutsinatsiyasi kuzatiladi. Ensa bo‘lagining tashqi yuzasi (parieto-tempora-oksipital chegara) ta’sirlantirilsa, murakkab tipdagi optik gallyutsinatsiyalar paydo bo‘ladi. Shuningdek, metamorfopsiya (narsalar shakli egri-bugri bo‘lib ko‘rinishi), mikropsiya (narsalar kichik bo‘lib ko‘rinishi) va makropsiyalar (narsalar katta bo‘lib ko‘rinishi), fotopsiya (turli xil charaqlagan uchqun va yulduzchalar ko‘rinishi) kuzatiladi. Oksipitoparietal chegara sohasi zararlansa, aleksiya va akalkuliya rivojlanadi.
Eslatma: Nutq bilan bog‘liq funktsiyalar, ya’ni verbal xotira, yozish, hisob-kitob buzilishi dominant (chap) yarimshar uchun xos bo‘lsa, tana sxemasi buzilishi (anozognoziya, autotopagnoziya, psevdopolimeliya) optik-fazoviy konstruktsiyalar, ya’ni chap-o‘ng va yuqori-past tomonlarni farqlash, turli xil geometrik figuralar chizish va musiqal tovushlarni anglashning buzilishi subdominant (o‘ng) yarimshar zararlanishi uchun xos. Albatta, dastavval o‘naqaylik, chapaqaylik va ambidekstriyani aniqlab olish o‘ta muhim.
O‘ng yarimshar zararlanishi simptomlari
O‘naqaylarda o‘ng yarimshar zararlanishi uchun xos bo‘lgan simptomlar haqida batafsil ma’lumot berib o‘tamiz. Tana sxemasi tuzilishi buziladi (anozognoziya, autotopagnoziya, psevdopolimeliya), chap tomoni o‘ziniki emas, boshqa birovnikidek, yoniga yog‘och qo‘yilgandek yoki mushuk yotgandek tuyuladi.
O‘ng yarimshar zararlanishida nutq buzilishlari kuzatilmasa-da, nutq intonatsiyasi buziladi: nutq monoton, yoqimsiz va ifodasiz bo‘lib qoladi. Chunki o‘ng yarimshar so‘z va iboralarni chiroyli qilib ifodalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Musiqal tovushlarni anglash va tushunish ham buziladi.
Optik-fazoviy gnozis buziladi, ya’ni chap va o‘ng tomonlarni anglash va farqlash izdan chiqadi. Bu erda fazoning chap tomonini inkor qilish sindromi alohida o‘rin kasb etadi. Bunda shakli va hajmi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar chap tomon inkor qilinadi: daraxt yoki katta uyning chap tomonini ko‘rmaydi, likopchadagi bo‘tqaning chap tomonini emaydi, yuzining chap tomonida soqolini olmaydi, ko‘ylakning chap elkasini yoki chap oyog‘iga tapochkasini kiymaydi va xatto J harfining chap tomonini inkor qiladi va “Bu qanday harf deb so‘rasangiz, “K” harfi degan javob olasiz.
Chap va o‘ng tomonni farqlay olmaslik, o‘zining va boshqalar barmoqlarini tanimaslik, nomini noto‘g‘ri aytish (barmoq agnoziyasi), sanash va hisob-kitob amallarini bajara olmaslik (akalkuliya), o‘qish buzilishi (aleksiya) kabi simptomlar majmuasi burchak pushtaning lokal zararlanishi uchun juda xos. Ushbu simptomlar majmuasiga Gerstman sindromi deyiladi.
O‘ng yarimshar zararlanishida o‘ziga xos ruhiy buzilishlar ham kuzatiladi. Bemorda o‘z kasalligiga nisbatan tanqidiy fikr pasayadi, kasallik darajasini sust baholaydi, sog‘lig‘iga e’tiborsiz bo‘ladi, masalan, insult bo‘lgan bemorga “o‘rningizdan turish mumkin emas, desa “Xo‘p bo‘ladi” deydi-yu, vrach chiqib ketganidan keyin o‘rnidan turishga harakat qiladi”, chap tomoni falajlangan bo‘lsa-da, men hozir turib yurib keldim yoki kecha yuruvdim deydi, engil hazillar qiladi, eyforiyaga beriladi.
Limbik sistema zararlanishi
Limbik sistema zararlanishi psixoemotsional, vegetativ-vistseral va xotira buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Bular – qo‘rquv, vahima, xavotir, g‘azabnoklik, tajovuzkorlik, disforiya, depressiya, hissiy portlashlar, kuchli taxikardiya, bo‘g‘ilib ketish, terga botish, bosh aylanishi, bulimiya, holdan toyish, xushdan ketishlar, eslab qolish buzilishlaridir.
Qadoqsimon tana zararlanishi
Qadoqsimon tananing oldingi, o‘rta va orqa qismlari zararlanishi simptomlari bir-biridan farq qiladi.
Oldingi qismi zararlanishi. Qadoqsimon tananing oldingi qismidan chap va o‘ng peshona bo‘laklarini o‘zaro bog‘lovchi komissural yo‘llar o‘tganligi bois, ushbu soha zararlanishi belgilari xuddi peshona sindromiga o‘xshaydi. Bular – astaziya-abaziya, retsiprok koordinatsiya buzilishi, akineziya, chap qo‘l apraksiyasi, tajovuzkorlik, apatiya, abuliya, xotira va tafakkur buzilishlari. Kortikonuklear yo‘llar zararlanishi sababli psevdobulbar sindrom (disfagiya, dizartriya, disfoniya) rivojlanadi. Tos a’zolari sfinkteri disfunktsiyasi ham aniqlanadi.
O‘rta qismi zararlanishi. Bu qismidan ikkal tomondagi parietal pushtalarni bog‘lovchi yo‘llar o‘tganligi uchun, bu soha zararlanganda yuzaga keladigan simptomlar parietal sindromga o‘xshab ketadi. Bular tana sxemasi buzilishi, chap qo‘l apraksiyasi, astereognoziya, optik-fazoviy buzilishlar, amnestik sindrom, “avval ko‘rganlik va hech qachon ko‘rmaganlik” fenomeni. Ruhiy buzilishlar sustroq ifodalangan bo‘ladi.
Orqa qismi zararlanishi. Ikkala ensa bo‘lagini bog‘lovchi ushbu soha zararlanishida ko‘ruv agnoziyasi, akalkuliya, aleksiya, diskopiya-disgrafiya sindromi, ya’ni chap qo‘l bilan yoza olmaslik va o‘ng qo‘l bilan chiza olmaslik fenomeni.
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha