BOSh MIYa QON TOMIR KASALLIKLARI EPIDEMIOLOGIYaSI
Tserebrovaskulyar kasalliklar o‘lim va nogironlik bo‘yicha etakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Dunyo bo‘yicha har yili kuzatiladigan birlamchi insultlar soni 16 mln dan oshiq. Bu ko‘rsatkich AQSh da yiliga 750 000, Rossiyada 500 000, Ukrainada 100 000, Qozog‘istonda 49 000, O‘zbekistonda 60 000 ga teng (2020 y). O‘zbekistonda miya insulti bilan kasallanish 1000 aholi soniga 0,9-1,5 kishini tashkil etadi (SSV ma’lumotlari).
Dunyoda o‘lim sabablari bo‘yicha YuIK birinchi, miya insulti esa ikkinchi o‘rinda turadi. AQSh da miya insultidan yiliga 150 000 kishi hayotdan ko‘z yumadi, ya’ni o‘lim ko‘rsatkichi 100 000 aholiga 40 kishini tashkil qiladi. G‘arbiy Evropada ham insultdan o‘lim ko‘rsatkichlari deyarli shunday. Rossiyada insultdan o‘lim ko‘rsatkichi juda yuqori bo‘lib, 100 000 aholiga 175 kishiga teng.
Ishemik insultlar gemorragik insultlarga qaraganda 5-6 barobar ko‘p uchraydi: ishemik insultlar barcha insultlarning 80-85%, gemorragik insultlar – 15-20% ni tashkil qiladi. Neyrovizualizatsiya usullarining keng qo‘llanilishi ishemik insult tiplarini to‘g‘ri aniqlash imkonini yaratdi. Barcha ishemik insultlarning 34% – aterotrombotik, 22% – kardioembolik, 15% – gemodinamik, 20% – lakunar va 9% gemoreologik mikrooklyuziya tipida rivojlanadi.
Rochester tadqiqot markazi ma’lumotlariga ko‘ra, insultdan keyingi to‘la tiklanish faqat 29% holatlarda kuzatiladi, 71% holatlarda turli darajadagi nogironlik rivojlanadi. Insult o‘tkazganlarning 32% esa depressiyadan aziyat chekadi. Depressiya birlamchi va ikkilamchi insult rivojlanishida xatarli omil hisoblanadi. O‘zbekistonda insultdan o‘lim ko‘rsatkichlari 44,6%, nogironlik 42,2% ni tashkil qiladi, 10,2% bemor esa mehnat qobiliyatini saqlab qoladi (SSV ma’lumotlari).
Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
©Z. Ibodullayev. Insult va koma, Toshkent, 2013., 193 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi ©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha