Bosh miya qorinchalari
Bosh miya ichida joylashgan yirik bo‘shliqlar qorinchalar deb ataladi. Ularning ichida likvor to‘planib oqadi.
Bosh miyaning quyidagi qorinchalari farqlanadi:
Yon qorinchalar (ventriculi laterales). Katta yarimsharlar ichida joylashgan eng yirik qorincha. Yon qorinchalar ikkita, yani chap va o‘ng yarimsharda bo‘ladi. Har bir yon qorinchada quyidagi qismlar farqlanadi: oldingi shox (cornu anterius), orqa shox (cornu posterius), pastki shox (cornu inferius) va markaziy qism (cornu centralis).
Yon qorinchalarning oldingi shoxi peshona, orqa shoxi ensa, pastki shoxi chakka bo‘lagi ichida joylashgan. Markaziy qismi ko‘ruv do‘ngligi sohasiga to‘g‘ri keladi. Unda qon tomir chigallari (plexus choroideus) yaxshi rivojlangan. Yon qorinchadan Monro teshigi (foramen interventriculare) orqali III qorinchaga likvor oqib o‘tadi (13.6-rasm).
13.6-rasm. Bosh miya qorinchalari
Uchinchi qorincha (ventriculus tertius). Ushbu qorincha ko‘ruv do‘ngliklari (thalamus) orasida joylashgan. Talamusning ichki yuzasi III qorinchaning yon devorlarini hosil qiladi. Ill qorinchaning ustki qismi Monro teshigi orqali chap va o‘ng tomondagi yon qorinchalar bilan bog‘lanadi. Pastki qismi Silviy suv yo‘li (aqueductus cerebri) orqali IV qorincha bilan bog‘langan.
To‘rtinchi qorincha (ventriculus quartus). IV qorincha uzunchoq miya va ko‘prikning orqa tomonida joylashgan. Uning tubi – rombsimon chuqurcha. IV qorincha tomini miyaning yuqori chodiri (velum medullare superius) va pastki chodiri (velum medullare inferius) tashkil qiladi. IV qorincha yuqoridan Silviy suv yo‘li orqali III qorincha bilan bog‘lanadi, pastki qismi esa orqa miyaning markaziy kanaliga o‘tib ketadi. Kattalarda bu kanal bitib ketgan. IV qorincha ham qon tomirlar chigali (plexus choroidea) bilan yaxshi ta’minlangan.
IV qorinchaning quyidagi uchta teshigi bor:
- Majandi teshigi yoki medial apertura (apertura mediana) rombsimon chuqurchaning pastki uchburchagida joylashgan. Bu teshik bitta.
- Lyushko teshigi yoki lateral apertura (apertura lateralis) rombsimon chuqurchaning kengaygan ikkala yon burchagida joylashgan. Demak, bu teshik ikkita. Majandi teshigi Lyushko teshigiga qaraganda ancha katta. Ikkala teshik ham subaraxnoidal bo‘shliqqa, to‘g‘rirog‘i katta tsisternaga (cisterna magna) ochiladi. Ushbu teshiklar orqali likvor aylanishi ta’minlanadi.
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi © asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha