Bosh miyaning qon bilan ta’minlanishi
Bosh miyani qon bilan ta’minlovchi arteriyalar va kollaterallar tizimi juda yaxshi rivojlangan. Boshga 4 ta magistral arteriya orqali qon oqib keladi: Bular – bir juft uyqu va bir juft umurtqa arteriyalari.
Aorta ravog‘i va uning tarmoqlari. Aorta ravog‘idan quyidagi uchta magistral arteriya boshlanadi: 1) chap umumiy uyqu arteriyasi (a.carotis communis sinistra); 2) elka-kalla poyasi (truncus brachiocephalicus); 3) chap o‘mrovosti arteriyasi (a.subclavia sinistra). Truncus brachiocephalicus dan o‘ng umumiy uyqu arteriyasidan tashqari o‘ng o‘mrovosti arteriyasi (a.subclavia dextra) ham boshlanadi (14.1-rasm).
Ko‘z arteriyasi
Orqa biriktiruvchi
arteriya
Asosiy arteriya —
Tashqi uyqu arteriyasi
O‘mrovosti arteriya
Elka-kalla poyasi
Umumiy uyqu arteriyasi
O‘mrovosti arteriyasi
Ichki uyqu arteriyasi
Umurtqa arteriyasi
Shu bois a.subclavia dextra da intravaskulyar bosim a.subclavia sinistra ga qaraganda past. A.subclavia sinistra bevosita aorta ravog‘idan boshlangani uchun ham, unda intravaskulyar bosim yuqori.
Karotid sistema
Chap ichki uyqu arteriyasi (a.carotis interna sinistra) o‘ng uyqu arteriyasiga (a.carotis interna dextra) qaraganda ko‘p zararlanadi. Chunki a.carotis interna sinistra aortadan bevosita boshlanuvchi a.carotis communis sinistra ning davomi hisoblanadi.
Shuning uchun ham unda bosim kuchli. Demak, bosh miyaning chap yarim shariga qon quyidagi yo‘nalishda oqib keladi: yurak -» aorta ravog‘i -» chap umumiy uyqu arteriyasi -» chap ichki uyqu arteriyasi -» bosh miyaning chap yarim shari. Bosh miyaning o‘ng yarim shariga esa qon quyidagi yo‘nalishda oqib keladi: yurak -» aorta ravog‘i -» elka-kalla poyasi -» o‘ng umumiy uyqu arteriyasi -» o‘ng ichki uyqu arteriyasi -» bosh miyaning o‘ng yarim shari.
Umumiy uyqu arteriyasi (a.carotis communis). Ta’kidlab o‘tganimizdek, ushbu arteriyaning chap tomondagisi bevosita aorta ravog‘idan boshlansa, o‘ng tomondagisi truncus brachiocephalicus dan boshlanadi. Ikkala tomondagi a.carotis communis ham kekirdak sohasida tashqi va ichki uyqu arteriyalariga (a.carotis externa et interna) ajraladi. Bu joyga uyqu arteriyasi bifurkatsiyasi deyiladi. A.carotis externa bo‘yin va boshning tashqi qismini qon bilan ta’minlaydi. A.carotis interna esa kalla suyagi ichiga, ya’ni bosh miya tomon yo‘naladi (14.2-rasm).
Ichki uyqu arteriyasi (a. carotis interna) chakka suyagida joylashgan canalis caroticus orqali cranium ichiga kiradi. A.carotis interna qattiq pardaning kavernoz sinusi (sinus cavernosus) ichidan o‘tib ko‘z arteriyasini (a.ophthalmica) beradi. So‘ngra qattiq va araxnoidal pardalarni teshib o‘tib, miyaning oldingi va o‘rta arteriyalariga (a.cerebri anterior et media) ajraladi.
Miyaning oldingi arteriyasi (a.cerebri anterior). Ushbu arteriya bosh miyaning medial yuzasiga yo‘naladi va corpus callosum tepasida yotadi. A.cerebri anterior qadoqsimon tananing oldingi-ustki qismida yuzaki va chuqur tarmoqlarga ajraladi.
Arteriyaning yuzaki tarmoqlari peshona va tepa bo‘laklarining medial yuzasi, ya’ni sulcus parietooccipitalis gacha bo‘lgan qismini, peshona bo‘lagining orbital yuzasini, gyrus centralis anterior et posterior ning ustki-lateral yuzasini, ya’ni oyoq proektsion sohasini, hidlov traktini, gyrus frontalis superiorni qon bilan ta’minlaydi. Shuningdek, ushbu arteriya tarmoqlari peshona bo‘lagining eng oldingi yuzasigacha boradi (14.3-rasm).
Arteriyaning chuqur tarmoqlari peshona bo‘lagining oldingi qismi, xususan, ichki kapsulaning oldingi soni, lentikulyar yadroning oldingi qismi va dumli yadroning boshini qon bilan ta’minlaydi.
A.cerebri anterior va media tarmoqlari bir nechta o‘zaro anostamozlarga ega. Chap va o‘ng tomondagi a.cerebri anterior xiazmaning oldingi qismida a.communicans anterior yordamida o‘zaro birlashadi. Bu sohada anevrizma ko‘p uchraydi.
Miyaning o‘rta arteriyasi (a.cerebri media). A.cerebri media katta yarimsharning lateral yuzasida, ya’ni Silviy egatida yotadi. Bu arteriyaning ham yuzaki va chuqur tarmoqlari farqlanadi. Ushbu arteriya katta yarimsharlar lateral yuzasining katta qismini qon bilan ta’minlaydi. Chuqur tarmoqlari esa katta yarimsharlar oq moddasi va bazal gangliyalarning katta qismiga tarqalgan. Miyaning o‘rta arteriyasida insult ko‘p uchraydi. Chunki ushbu arteriya ichki uyqu arteriyasining bevosita davomchisidir.
Vertebrobazilyar sistema
Umurtqa arteriyasi (a.vertebralis). Chap va o‘ng tomondagi ikkala umurtqa arteriyasi ham a.subclavia sinistra et dextra dan boshlanadi. Bu joy CVII bo‘yin umurtqasi sohasiga to‘g‘ri keladi. A. vertebralis bo‘yin umurtqalarining ko‘ndalang o‘siqchalari orasida joylashgan umurtqa kanaliga (canalis vertebralis) kirib yuqoriga ko‘tariladi.
Canalis vertebralis CII – CVI umurtqalari orasida joylashgan. A. vertebralis umurtqa kanalidan chiqib yuqoriga ko‘tariladi va foramen occipitale magnum orqali kalla suyagi ichiga kiradi. Bu erda chap va o‘ng tomondagi umurtqa arteriyalari o‘zaro qo‘shilmasdan turib quyidagi tarmoqlarni beradi: oldingi va orqa spinal arteriyalar (aa. spinales anterior et posterior) va miyachaning orqa pastki arteriyasi (a. cerebelli inferior posterior) (14.4-rasm).
Oldingi spinal arteriyalar uzunchoq miyaning pastki qismida qo‘shilib, orqa miyaning oldingi toq arteriyasini (a.spinalis anterior) hosil qiladi. Natijada uzunchoq miyaning bazal qismida kichik arteriyal aylana shakllanadi. Bunga Valllenberg-Zaxarchenko aylanasi deyiladi.
Ushbu arteriya uzunchoq miyaning pastki va orqa miyaning yuqori qismini qon bilan ta’minlashda ishtirok etadi. Oldingi spinal arteriyalardan sal pastroqda ajralib chiqqan orqa spinal arteriyalar esa bir-biri bilan qo‘shilmaydi. Miyachaning orqa pastki arteriyasi (a.cerebelli inferior posterior) esa umurtqa arteriyasidan yanada pastroqda ajralib chiqadi va miyachaning pastki qismini qon bilan ta’minlaydi.
Asosiy arteriya (a. basilaris). Uzunchoq miya bilan Varoliy ko‘prigi chegarasida ikkala umurtqa arteriyasi qo‘shilishidan a. basilaris hosil bo‘ladi. Bazilyar arteriya ko‘prikning old qismidagi egatchada yotadi. A. basilaris dan miyachaning oldingi pastki arteriyasi (a. cerebelli inferior anterior), miyachaning yuqori arteriyasi (a. cerebelli superior) va bir qator ko‘prik arteriyalari (a. pontinii) ajralib chiqadi.
Demak, a. cerebelli inferior posterior umurtqa arteriyasidan, a. cerebelli inferior anterior et a. cerebelli superior bazilyar arteriyadan ajralib chiqadi. Ko‘prikning oldingi qismida a. basilaris ikkiga ajraladi, ya’ni undan miyaning orqa arteriyalari (a.cerebri posterior sinistra et dextra) hosil bo‘ladi.
Ushbu arteriyalar va ularning tarmoqlari miya ustuni, miyacha, talamus, chakka bo‘lagining mediobazal sohasi va ensa bo‘lagining katta qismini qon bilan ta’minlaydi.
Villiziy aylanasi. Bosh miyaning bazal qismida, ya’ni o‘rta miya sohasida karotid va vertebrobazilyar tsisterna arteriyalari o‘zaro birlashib katta arteriyal aylana shakllanadi. O‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu kollateral tizimga Villiziy aylanasi deyiladi.
Villiziy aylanasi quyidagi arteriyalar qo‘shilishidan yuzaga keladi. Ikkala a. cerebri anterior oldingi biriktiruvchi arteriya (a. communicans anterior) yordamida o‘zaro birlashib, Villiziy aylanasining oldingi qismini hosil qiladi. Ichki uyqu arteriyasi (a. carotis interna) orqa biriktiruvchi arteriya (a. communicans posterior) yordamida a. cerebri posterior bilan birlashib, Villiziy aylanasining orqa qismini hosil qiladi. Shunday qilib rombsimon shakldagi aylana yuzaga keladi (14.5-rasm).
Eslab qoling. A. communicans posterior ichki uyqu arteriya tarmog‘i hisoblanadi, boshqa arteriyaning emas. Villiziy aylanasini hosil qilishda a. cerebri media ishtirok etmaydi.
Miyaning orqa arteriyasi (a. cerebri posterior). Ushbu arteriya chakka bo‘lagining pastki qismi va ensa bo‘lagining tashqi, ichki va pastki qismlarini qon bilan ta’minlaydi. Bu arteriya ham boshqa arteriyalar bilan yaxshi rivojlangan anastomozlarga ega.
5-rasm. Villiziy aylanasi
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha