Gipotalamus
Gipotalamus (hypothalamus) neyroendokrin va vegetativ funktsiyalarga ma’sul oliy vegetativ markaz bo‘lib, VNS ning suprasegmentar qismi hisoblanadi. Gipotalamus hissiy reaktsiyalar uchun ma’sul bo‘lgan limbik sistemaning o‘ta muhim tuzilmasidir.
Gipotalamus oraliq miyaning pastki qismida joylashgan bo‘lib, III qorincha tubini hosil qilishda ishtirok etadi. Gipotalamus va uning yadrolari 8.1-rasmda ko‘rsatib o‘tilgan.
Gipotalamus tarkibiga kulrang bo‘rtiq (tuber cinereum), quyg‘ich (infundibulum), so‘rg‘ichsimon tanalar (corpora mamillaria) kiradi. So‘rg‘ichsimon tanalar po‘stlog‘osti hidlov markazi hisoblanadi (8.1-rasm).
Gipotalamus funktsiyasi. Gipotalamus nerv sistemasining turli markazlari bilan afferent va efferent yo‘llar orqali murakkab neyronal bog‘lanishlarga ega bo‘lib, organizmning barcha vegetativ-vistseral funktsiyalarini nazoratda ushlaydi. Aynan gipotalamus yordamida gomeostaz ta’minlanadi.
Gipotalamus funktsiyasi uning yadrolari tomonidan ishlab chiqarilgan turli xil rilizing-faktorlar asosida amalga oshiriladi. Masalan, adenogipofizda ichki sekretsiya bezlari faoliyatini nazorat qiluvchi gormonlar ishlab chiqariladi. Supraoptik va paraventrikulyar yadrolar vazopressin va oksitotsin ishlab chiqaradi. Psixoemotsional va psixovegetativ funktsiyalar ham gipotalamus faoliyatiga bevosita bog‘liq.
Gipotalamus patologiyasi. Gipotalamik buzilishlar bir qator neyroendokrin, psixoemotsional, kardiovaskulyar, neyrorespirator, gastrointestinal, urogenital va seksual buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi. Bular – xayz tsikli buzilishi, semirish yoki ozib ketish, adipozogenital distrofiya, qandsiz diabet, patologik klimaks, giperprolaktinemiya, gipogonadizm, og‘iz qurishi, gipergidroz, angidroz, kseroftalmiya, osteomalyatsiya, trofik yaralar, qo‘rquv, xavotir, vahima, disforiya, apatiya bosh og‘riq, bosh aylanishi, jahldorlik, diqqat tarqoqligi, affektga moyillik, gipertermiya, uyqu bosishi yoki uyqusizlik, libido so‘nishi, surunkali charchash sindromi, kardialgiya, taxikardiya yoki bradikardiya, ortostatik gipotenziya, arterial gipertenziya, AQB o‘ynab turishi, sinkopal holatlar, taxipnoe yoki bradipnoe, nafas olishdan qoniqmaslik, akrotsianoz, bulimiya yoki anorektsiya, ko‘ngil aynishi, qabziyat yoki diareya, polidipsiya, abdominalgiya, ichaklar parezi, meteorizm, anorektal disfunktsiya, vaginal anesteziya, tsistalgiya, dizuriya, poliuriya, nikturiya, siydik tuta olmaslik, erektil disfunktsiya.
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha