QO‘ShILUVChI NERV NEVROPATIYaSI
Qo‘shiluvchi nerv (n. accessorius) faqat harakat tolalaridan iborat bo‘lib, bo‘yintiriq teshik (foramen jugulare) orqali kalla bo‘shlig‘idan tashqariga chiqadi va to‘sh-o‘mrov-so‘rg‘ichsimon muskul (m. sternocleidomastoideius) bilan trapesiyasimon (m. trapezius) muskulni innervatsiya qiladi. Qo‘shiluvchi nerv yadrosining kranial qismi po‘stloqdan ikki tomonlama innervatsiya oladi va uning aksonlari boshni yon tomonlarga buruvchi m. sternocleidomastoideiusga ga boradi. Yadroning spinal qismi (S1–S5) po‘stloqdan bir tomonlama (qarama-qarshi tomondan) innervatsiya oladi va uning aksonlari elka kamarini (kurak va o‘mrov suyaklarini) ko‘tarishda ishtirok etuvchi m. trapezius boradi.
Qo‘shiluvchi nerv, asosan, kana entsefaliti, kraniospinal o‘smalar, yon amiotrofik skleroz, siringomielobulbiya, motoneyron kasalliklari, kraniovertebral anomaliyalar, yallig‘lanish kasalliklari, bo‘yin-ensa sohasi jarohatlari va ushbu sohada limfa tugunlaridan biopsiya olganda zararlanadi. Qo‘shiluvchi nerv innervatsiya qiluvchi muskullar miasteniya, distrofik miotoniya, polimiozitlarda ham zararlanadi. Ba’zida nevropatiya sababi aniqlanmay qoladi va bunday holatlar idiopatik nevropatiya deb yuritiladi.
Zararlanish simptomlari. Qo‘shiluvchi nerv bir tomonda zararlansa, bosh o‘sha tomonga og‘adi va pastga bukiladi, bemorning elkasi ham osilib qoladi. Bemor boshini sog‘lom tomonga burish va tepaga ko‘tarishda juda qiynaladi, elkasini yuqoriga ko‘tara olmaydi. Biroz vaqt o‘tgach, m. sternocleidomastoideius va m. trapezius da atrofiya rivojlanadi. Qo‘shiluvchi nerv yadrosi ikkala tomonda ham zararlansa, bemorning boshi pastga bukilib osilib qoladi, u boshini yon tomonlarga bura olmaydi. Bu holat kana entsefaliti uchun juda xos.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha