TsISTITsERKOZ
Bu erda bosh miya tsistitserkozi haqida so‘z boradi.
Etiologiyasi. Tsistitserkoz parazitar kasallik bo‘lib, odam organizmiga cho‘chqa soliteri tuxumi (Taenia solium) tushganda rivojlanadi. Umumiy populyatsiyada tsistitserkoz 2–4% aholida uchraydi. Cho‘chqa boqishga ixtisoslashgan hududlarda tsistitserkoz bilan kasallanish darajasi yuqori hisoblanadi. Odam organizmiga bu parazitning tushishi finnali cho‘chqa go‘shtini eganda yoki cho‘chqa soliteri tuxumini (onkosfera) yutib yuborganda ro‘y beradi. Yaxshi pishirilmagan cho‘chqa go‘shtida ham tsistitserk lichinkalari bo‘lishi mumkin. Parazitlar toza yuvilmagan sabzavotlar orqali ham organizmga tushadi.
Tsistitserk cho‘chqa so‘rg‘ichsimon parazitining lichinkali davri hisoblanadi. Bu kasallik tsistitserk lichinkalari yoki tuxumning fekal-oral yo‘l bilan organizmga tushishi orqali yuqadi.
Oshqozon ichiga tushgan gijja tuxumlari (onkosferalar) oshqozon kislotasi ta’sirida eriydi va uning ichidan parazit embrionlari ajralib chiqadi. Embrionlar o‘zining ilgaklari bilan qon tomir devorlariga yopishib oladi va uni teshib o‘tib umumiy qon aylanish sistemasiga tushadi. Embrionlar gematogen yo‘l bilan bosh miyaga etib keladi. Ular tserebral arteriyalar devorini ichkaridan teshib, miya to‘qimalariga o‘tib olishadi. Bosh miya to‘qimalariga o‘tgan embrionlar finna bosqichini o‘taydi, ya’ni tsistitserklarga aylanadi.
Tsistitserklar ichida tiniq suyuqlikdan iborat pufakchalar bo‘lib, ularning devori qattiq, hajmi oddiy no‘xatdan tortib to yong‘oq kattaligicha bo‘ladi. Tsistitserk pufakchalarining ichki yuzasida finnaning ilgakli va so‘rg‘ichli boshi bor. Bosh miyada 10 yoki 100 ga yaqin ana shunday pufakchalar joylashishi mumkin. Ba’zida esa bitta katta tsistitserk pufakchasi bo‘ladi, xolos. Tsistitserk pufakchalari ko‘pincha bosh miyaning yumshoq pardasi va qorinchalarda joylashadi. Miya qorinchalarida joylashgan pufakchalar likvorda bemalol suzib yurishi va ular (kichik hajmdagi pufakchalar) likvor yo‘llari orqali IV qorinchaga ham o‘tishi mumkin. Kam hollarda pufakchalar miya parenximasi, ya’ni po‘stloq va po‘stlog‘osti tugunlarida o‘rnashadi. Tsistitserklar, ko‘pincha bosh miyada (60%), kam hollarda orqa miya, ko‘z, skelet muskullari, yurak, jigar, o‘pka va teri ostida joylashadi.
Patogenezi. Tsistitserklar bosh miyaga toksik ta’sir ko‘rsatadi, miya to‘qimasi va pardalarida hamda xorioidal chigallarda reaktiv yallig‘lanishlar yuzaga keladi. Tsistitserk pufakchalari parchalanib parazitlar katta miqdorda nobud bo‘la boshlasa, toksik-allergik reaktsiya rivojlanadi. Pufakchalar qota boshlasa, uning o‘rnida kaltsifikatlar vujudga keladi. Toksik-allergik jarayonlar, ayniqsa, xorioidal chigallarning qo‘zg‘alishi va likvor ishlab chiqarilishi kuchayishi bilan namoyon bo‘ladi. Buning natijasida IKG rivojlana boshlaydi. Ayniqsa, tsistitserk pufakchalarining miya qorinchalari va likvor yo‘llarida joylashuvi IKG rivojlanishini tezlashtiradi. Likvor yo‘llarida mexanik to‘siqlar paydo bo‘lishi, atrofdagi qon tomirlarning bosilib qolishi nafaqat IKG va gidrotsefaliya, balki miya shishi va bo‘kishiga ham sababchi bo‘ladi. Shuning uchun ham, tsistetsirkoz klinikasi miya o‘smasi klinikasiga o‘xshab kechadi. Bu jarayon uzoq yillar (10–20 yillar) davom etadi. Tsistitserk bor joylarda nekrotik o‘choqlar, kaltsifikatlar, glial proliferatsiya va vaskulitlar rivojlanadi.
Klinikasi. Infektsiya organizmga tushgach, uzoq yillar klinik simptomsiz kechadi. Ba’zida bemorni nevrotik belgilar bezovta qilib yuradi, xolos. Dastlab doimiy bosh og‘riq, jizzakilik, holsizlik, bosh aylanishi, tez charchab qolish, ko‘p terlash, uyqu buzilishi va ishtaha pasayishi kabi belgilar vujudga keladi. Ularning paydo bo‘lishi umumiy intoksikatsiya bilan bog‘liq. Bunday paytlarda, odatda serebrasteniya, nevrasteniya yoki surunkali charchash sindromi tashxislari qo‘yiladi. Bu buzilishlarning asl sababi esa noaniq bo‘lib qoladi. Tinchlantiruvchi dorilar samara bermaydi. Keyinchalik psixoemotsional buzilishlar kuchayadi, psixomotor qo‘zg‘alishlar paydo bo‘ladi va xotira pasaya boshlaydi. Kasallik zo‘raygan sayin gipertenzion tipdagi bosh og‘riq, bosh aylanish, qayd qilishlar yuzaga keladi, ko‘rish pasaya boshlaydi. Vegetativ buzilishlar ham kuchayadi. Bu bemorlarda limfatik tugunlar kattalashgan bo‘ladi.
Tsistitserkoz uchun bir marta kuzatiladigan epileptik xurujlar juda xos. Epileptik xurujlar bir marta paydo bo‘ladi-yu, keyin yana bir necha oy yoki yilga yo‘qolib ketadi. Demak, bosh miyaning parazitar kasalliklari uchun epileptik xurujlar orasida uzoq davom etuvchi remissiya xos. Epileptik xurujlar, odatda, har gal turlicha namoyon bo‘ladi: bir gal Jekson tipidagi xurujlar, keyingi gal tarqalgan tonik-klonik xurujlar. Polimorf tipdagi epileptik xurujlar bosh miyada tsistitserk o‘choqlari ko‘p bo‘lgan holatlarda kuzatiladi. Nevrotik buzilishlar, intrakranial gipertenziya va tarqoq obektiv simptomlar reaktiv leptomeningit va xorioependimatit rivojlanganidan dalolat beradi.
Tsistitserkoz klinikasi ba’zida subtentorial o‘smalar klinikasini eslatadi. Masalan, tsistitserk pufakchalari IV qorinchada joylashsa, Bruns sindromi rivojlanadi. Bruns sindromi xurujsimon bosh og‘riqlar, ketma-ket qusishlar, bosh aylanishi, boshni oldinga qimirlatganda nafas olish va yurak urishining to‘xtashi bilan namoyon bo‘ladi. Albatta, bu og‘ir holat vrachdan juda ehtiyotkorlikni talab qiladi. Bunday bemorlar bir joydan ikkinchi joyga gorizontal holatda o‘tkazilishi kerak.
Bosh miya parenximasi tsistitserkozida tserebral falajliklar, sezgi buzilishlari va afaziyalar rivojlanishi mumkin. Bu simptomlar asta-sekin yuzaga keladi. Bunday paytlarda tsistitserkozni bosh miya o‘smasidan KT yoki MRT tekshiruvlari orqali farqlash mumkin, xolos. Yon qorinchalar tsistitserkozida Monro teshigi yopilishi va shu sababli to‘satdan hushdan ketishlar kuzatilib turadi. Bosh miyaning bazal qismida rivojlangan tsistitserkozlarda bazal leptomeningit simptomlari paydo bo‘ladi, kranial nervlar, ya’ni II, VI va VII nervlar zararlanadi.
Kechishi. Kasallik uzoq yillar klinik simptomlarsiz kechadi. Subektiv simptomlar goh kuchayib, goh susayib turadi. Biroq paydo bo‘lgan o‘choqli nevrologik simptomlar zo‘rayib boraveradi. Kasallik belgilari, odatda, parazit organizmga tushganidan 10–20 yil o‘tib paydo bo‘ladi.
Tashxis va qiyosiy tashxis. Bosh miya tsistitserkozini erta aniqlash, albatta qiyin. Bemor ko‘pincha turli tashxislar bilan davolanib yuradi. Aksariyat hollarda boshqa kasalliklarga gumonsirab qilingan KT yoki MRT tekshiruvlarida haqiqiy tashxis aniqlanib qoladi. KT yoki MRTda tsistitserk o‘choqlari va kaltsifikatlar yaqqol ko‘rinib turadi. Ba’zi bemorlarda tsistitserk tugunlari muskullar va teri ostida ham aniqlanadi, ularning atrofiga, ko‘pincha kaltsiy tuzlari yig‘iladi. Ularning haqiqatan ham tsistitserk tugunlari ekanligini tasdiqlash uchun o‘sha joylardan bioptat olish kerak.
Ba’zida tsistitserklar ko‘z tubida ham aniqlanadi. Likvor gipertenziyasi sababli ko‘z tubi dimlanadi. Qonda doimiy eozinofiliya aniqlanadi. Toksik intoksikatsiya avj olgan hollarda eozinofillar soni oshib ketadi. Likvor tekshiruvida limfotsitar pleotsitoz, eozinofiliya, oqsil miqdori oshishi kuzatiladi, ba’zida skoleks aniqlanadi. Likvor bosimi ham keskin oshadi. Shu bois LP ehtiyotkorlik bilan qilinishi kerak. Najasda tsistitserk tuxumlari har doim ham aniqlanavermaydi. Qon va likvorda tsistitserkoz antigeni bilan o‘tkazilgan komplementni bog‘lash reaktsiyasi (KBR) katta diagnostik ahamiyatga ega. Qiyosiy tashxis, asosan, bosh miya o‘smasi, neyrozahm, sil kasalligi, meningoentsefalit va epilepsiya bilan o‘tkaziladi.
Davolash. Davolash antiparazitar dorilar bilan olib boriladi. Albendazol kuniga 15 mg/kg miqdorda 7 kun mobaynida ichiladi. Yoki prazikvantel kuniga 50 mg/kg dan 14 kun davomida ichishga buyuriladi. Bu dorilar epileptik xurujlar va bosh og‘riqni qo‘zg‘ashi mumkin. Chunki parchalanib nobud bo‘layotgan tsistitserklardan chiquvchi toksinlar umumiy intoksikatsiyani yanada kuchaytiradi. Bu nojo‘ya ta’sirlarni kamaytirish uchun dezintoksikatsiya va degidratatsiya muolajalari o‘tkaziladi, antikonvulsantlar qilinadi. Miya shishi va reaktiv yallig‘lanish jarayonlarini kamaytirish maqsadida deksametazon ham qilinishi mumkin. Konservativ davolash yordam bermasa, neyroxirurgik davolash muolajalari o‘tkaziladi. Agar tsistitserklar katta hajmga etgan bo‘lsa, birato‘la neyroxirurgik operatsiya o‘tkaziladi.
Profilaktikasi. Shaxsiy gigienaga amal qilish va chorvachilik mahsulotlarini qat’iy sanitar nazoratga olish parazitar kasalliklar rivojlanishining oldini oladi.
Prognoz. Agar bosh miyada tsistitserklar soni juda ko‘p bo‘lsa, kasallik prognozi yomon hisoblanadi. III qorincha tsistitserklari hayot uchun o‘ta xavflidir. Ba’zida bemor o‘tkir okklyuzion gidrotsefaliya yoki epileptik statusdan vafot etadi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha