Tsitotoksik shish


Ishemik insult patogenezining ajralmas qismi – bu miya shishi. Tserebral ishemiya rivojlangach, miya shishi ham shakllana boshlaydi. Ishemik jarayon qancha katta joyni egallasa, miya shishi ham shuncha tez rivojlanadi va zo‘rayib boradi. Miya shishi rivojlanishining birinchi sababi – bu miyada elektrolitlar almashinuvining buzilishidir. Ishemiya sababli ionlar transportini boshqaruvchi mexanizm izdan chiqadi. Buning natijasida hujayralararo suyuqlikdagi Na ionlari katta miqdorda hujayralar ichiga o‘ta boshlaydi va o‘zi bilan suvni ham olib kiradi. Hujayralar ichidagi K ionlari esa hujayralararo bo‘shliqqa chiqadi. Bu holat disproportsional tarzda yuzaga keladi. Normal faoliyat ko‘rsatayotgan natriy-kaliy nasosning buzilishi sababli hujayra ichiga o‘tib olgan ortiqcha elektrolitlar va suv qaytadan hujayra tashqarisiga chiqa olmaydi. Natijada, tsitotoksik shish rivojlanadi.
Tsitotoksik shish paydo bo‘lgach, bir necha soatlardan so‘ng vazogen shish ham rivojlanadi. Ba’zida bu jarayon parallel tarzda kechadi. Vazogen shish plazmaning qon tomirlardan tashqariga sizib chiqib, hujayralararo bo‘shliqqa o‘tishi bilan bog‘liq. Ishemik insultda GEB ning izdan chiqishi vazogen shish shakllanishida asosiy o‘rin egallaydi. Xuddi tsitotoksik shish kabi vazogen shishning qay darajada tez shakllanishi ham tserebral ishemiya hajmiga bog‘liq. Katta ishemik o‘choqlarda vazogen shish tez shakllanadi va dislokatsion sindrom rivojlanadi. Tomir devorlari mo‘rtlashuvi va qon elementlarining tashqariga sizib chiqishi hisobiga perdiapedik gemorragiya ham ro‘y beradi. Ba’zida perdiapedik gemorragiya bosh miyaning katta qismini egallaydi. Bunday paytlarda aralash insult haqida so‘z ketadi.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Insult va koma. Qo`llanma. Toshkent, 2013., 193 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив