EKBOM SINDROMI


Ekbom sindromi (Bezovta oyoqlar sindromi, BOS) – ikkala oyoqning tizzadan pastki qismida asosan tunda kuzatiladigan kuchli uvishish, siqilish, tortishish kabi yoqimsiz sezgilar bilan namoyon bo‘ladigan sensomotor buzilishlar. Bemor bu holatga chidolmay tuni bilan bezovta bo‘lib uxlamay chiqadi. Tong yorishgach bu azoblar o‘tib ketadi. BOS uchun og‘riqlar xos emas. Agar bemordan “Oyoqlaringiz kechasi bilan og‘rib chiqadimi?” deb so‘ralsa, u “Yo‘q! Buni og‘riq deb bo‘lmaydi. Tizzamdan pasti, ayniqsa, boldir muskullari va oyoqlarim panjalari qattiq siqiladi, muskullar tortishadi va kuchli uvishish paydo bo‘ladi. Bunga chidab bo‘lmaydi! Tuni bilan uxlolmay chiqaman! Bu azobdan qutulish uchun oyoqlarimni uqalayman, mushtim bilan boldir va oyoqlarim panjalariga urib chiqaman. Bu azobdan faqat tong yorishgandan keyin qutulaman. Kunduz kuni esa bu holat kuzatilmaydi” deb shikoyat qiladi. Shuning uchun ham bu patologik holat “Bezovta oyoqlar” sindromi nomini olgan. Frantsuz olimi Ekbom tomonidan yozilgan.
       Etiologiyasi. BOS 40-60 yoshlarda ko‘p uchraydi (ayniqsa, ayollarda). Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, surunkali insomniya (uyqusizlik) bilan aziyat chekadiganlar BOS bilan ko‘p kasallanishadi (Erley K. J., 2003). 
       Simptomatik va idiopatik BOS farqlanadi. Simptomatik BOS sabablari juda ko‘p. Homiladorlik, uremiya va anemiya holatlarida BOS deyarli 40 % holatlarda kuzatiladi. Ko‘p ayollarda BOS tug‘ruqdan so‘ng o‘tib ketadi. Buyrak etishmovchiligi sababli dializ muolajalarini olib yurgan bemorlarda bu sindrom ko‘p uchraydi. Shuningdek, qandli diabet, amiloidoz, alkogolizm, revmatoid artrit, Shegren sindromi, qalqonsimon bez disfunktsiyasi, porfiriya, oyoq arteriyalari va venalari kasalliklari, krioglobulinemiya, V12 vitamini, folat kislotasi, tiamin va magniy etishmovchiligi BOS rivojlanishida asosiy etiologik omildir. Turli etiologiyali mielopatiya, mielit kasalligi kelib chiqishiga, tarqoq skleroz ham BOS sabab bo‘ladi. Sanab o‘tilgan kasalliklar va patologik holatlarda BOS aksonal polinevropatiyaning simptomi sifatida namoyon bo‘ladi.  Simptomatik BOS ko‘pincha 45 yoshdan so‘ng rivojlanadi va zo‘rayib borish xususiyatiga ega. Parkinson kasalligi, essentsial tremor, Turett sindromi, Xantington kasalligi, yon amiotrofik skleroz, turli gormonal dorilar va neyroleptiklarni uzoq vaqt qabul qilib yurish ham BOS rivojlanishiga olib keladi. 
       BOS aksariyat hollarda hech qanday sababsiz yuzaga keladi. Bunday holatlar idiopatik yoki birlamchi BOS deb yuritiladi. Birlamchi BOS, odatda, 30 yoshgacha bo‘lgan davrda boshlanadi va nasliy xususiyatga ega. Uning oilaviy bo‘lib uchrashi ko‘p bora qayd qilingan. Asosan, autosom-dominant tipda nasldan-naslga uzatiladi. Demak, idiopatik yoki simptomatik BOS ni farqlash uchun qo‘shimcha ravishda genetik tekshiruvlar  zarur.
       Klinikasi. Tunda ikkala oyoqning tizzadan pastki qismida yoqimsiz sub’ektiv sezgilar paydo bo‘ladi. Ular siquvchi, sanchuvchi, bosuvchi, tortuvchi xususiyatga ega bo‘lgan turli xil dizesteziya va paresteziyalardir. Biroq ushbu sub’ektiv belgilar og‘riq emas va bemor oyoqlarim og‘riyapti, deb shikoyat qilmaydi. Bu esa BOSni boshqa kasalliklar, masalan, revmatoid artritda kuzatiladigan og‘riqlardan farqlovchi muhim belgidir. “Tungi dizesteziya va paresteziya” deb nom olgan bu patologik sub’ektiv belgilar dastlab boldirning ichki qismida paydo bo‘ladi, keyinchalik esa oyoq panjalariga tarqaydi. Shunday holat uzoq vaqt oyoqning distal qismida saqlanib qoladi. Keyinchalik dizesteziya va paresteziya oyoqning son qismiga va anogenital sohaga tarqaydi. Kasallik belgilari, odatda, ikkala oyoqda ham simmetrik tarzda namoyon bo‘ladi, ba’zan bitta oyoqda kuzatiladi. 
       BOS uyqu buzilishi bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Aksariyat hollarda tungi uyqu buzilishining sababi BOS bo‘lsa, ba’zan BOS uzoq davom etgan insomniyadan so‘ng rivojlanadi. Demak, ikkala patologik holat bir-biriga bog‘liq. Odatda, bemor tongga yaqin uxlab qoladi. BOS bilan og‘riganlar yaxshi uxlay olmaganliklari sababli kunduzi lanj bo‘lib yurishadi, apatiya holatiga tushib qolishadi, boshi og‘riydi, jahldor va parishonxotir bo‘lishadi. Ba’zida BOS depressiya bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. 
       BOS belgilari bemor yotgan holatda yoki o‘tirganda paydo bo‘ladi, turib yurganda esa kamayadi. Bemor ushbu azoblarni kamaytirish uchun oyoqlarini bukadi, yozadi, ularning ustiga o‘tirib oladi yoki oyog‘iga og‘ir narsa qo‘yadi, turli holatda yotib ko‘radi. Biroq bu urinishlar deyarli  yordam bermaydi. Bemor o‘rnidan turib, xonada yura boshlasa, oyoqlardagi yoqimsiz sezgilar kamayadi, o‘rniga borib yotib olsa, dizesteziyalar yana paydo bo‘ladi. Oqibatda u kechasi bilan uxlay olmay xonada yurib chiqadi yoki kuchli uxlatadigan dori ichishga yotadi.  
       BOS simptomlarining paydo bo‘lishi kundalik ritmga juda bog‘liq: dizesteziya va paresteziyalar faqat kechasi yoki tunda paydo bo‘ladi. Tong erta yorishadigan mavsumda, ya’ni yozda bu patologik sezgilar tungi 4 gacha, qish kunlari esa ertalabki 6 gacha davom etadi. Biroq bu – aniq chegaralangan vaqt emas. Bemor kechqurun qaysi soatda uxlasa, ya’ni kechqurun 21.00 yoki 22.00 dami, kasallik belgilari yarim soat o‘tar-o‘tmay bemorni bezovta qila boshlaydi. Og‘ir holatlarda kasallikning kundalik ritmi buzilib, BOS belgilari kunduz kuni ham paydo bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, bemor uzoq vaqt samolyotda uchganda, avtobusda, teatr yoki kinoda uzoq vaqt o‘tirsa ham bezovtalik boshlanadi.
       Bemor tunda uxlab qolganda uning oyoq panjalarida stereotip harakatlarni kuzatish mumkin. Bu harakatlar ko‘pincha bosh barmoqning yuqoriga qayrilishi, qolgan barmoqlarning esa pastga biroz bukilib yozilishi bilan namoyon bo‘ladi. Ushbu holat xuddi Babinskiy simptomini eslatadi. Shuningdek, oyoqda turli xil mioklonik titrashlar, bo‘g‘imlarda bukilib-yozilishlar kuzatiladi. Uxlab yotgan bemorda bu harakatlar 1-5 soniya davom etadi va har 20-40 soniyada takrorlanib turadi. Bu harakatlar tuni bilan kuzatilib chiqadi. BOS tashxisini qo‘yishda bu harakatlarni aniqlab olish o‘ta muhim va uni aniqlashda bemorning yaqinlari yordam beradi. Shifoxona sharoitida esa polisomnografiya tekshiruvi o‘tkazilib, bu harakatlar davomiyligi, qay darajada kuzatilishi va qanday namoyon bo‘lishi aniqlab olinadi.
       Kechishi. Birlamchi BOS, odatda, bemorning butun umri mobaynida davom etadi va stress holatlarida, qahva va spirtli ichimliklarni suiste’mol qilganda, homiladorlik davrida, kuchli jismoniy mehnatdan so‘ng zo‘rayadi. Ko‘p hollarda kasallik belgilari asta-sekin kuchayib boradi. Ba’zida esa, ya’ni bemor dam olishga chiqsa, kasallik belgilari kamayadi yoki yo‘qoladi. Uzoq davom etuvchi remissiyalar kam kuzatiladi. Kasallikning qay darajada kechishi uni yuzaga keltirgan etiologik omilga ham bog‘liq. Masalan, folat kislotasi va vitaminlar etishmovchiligi yoki temir tanqisligi sababli yuzaga kelgan BOS ushbu etishmovchilikni bartaraf etgandan so‘ng o‘tib ketadi yoki engil kechadi.
       Tashxis va qiyosiy tashxis. BOS ko‘p uchraydigan sindrom bo‘lsa-da, vrachlar har doim ham to‘g‘ri tashxis qo‘yishga qiynalishadi. Buning asosiy sababi – BOS dan barcha vrachlar ham xabardor emas. Bunday bemorlarga ko‘pincha nevroz, osteoxondroz, artrit, polinevropatiya, angiopatiya kabi tashxislar qo‘yiladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tadqiqotchilar guruhi tomonidan BOS ga tashxis qo‘yish algoritmi ishlab chiqilgan.
       Birlamchi BOS da bemorning nevrologik va somatik statusi tekshirilganda, odatda, boshqa kasalliklar aniqlanmaydi. Ikkilamchi (simptomatik) BOS da esa yuqorida keltirib o‘tilgan kasalliklardan biri yoki bir nechtasi aniqlanadi. BOS tashxisini qo‘yishda uni bir necha kasallik bilan qiyoslash kerak. Avvalambor polinevropatiya (ayniqsa, krampi bilan namoyon bo‘ladigan), fibromialgiya, parestetik meralgiya va artralgiyalar bilan qiyosiy tashxis o‘tkaziladi. Shuningdek, birlamchi va ikkilamchi BOS orasida qiyosiy tashxis o‘tkazish zarur. Buning uchun genetik tekshiruvlarga e’tibor qaratish, shuningdek, nevrologik va somatik kasalliklarni aniqlash ham o‘ta muhim. Ayniqsa, qandli diabet, temir tanqisligi anemiyasi, uremiya, eklampsiya, bod kasalliklari, vitaminlar, folat kislotasi, temir, magniy va vitaminlar etishmovchiligini aniqlash yaxshi samara beradi. 
       Davosi. Simptomatik BOS ni bartaraf etish uchun avvalambor uni yuzaga keltirgan birlamchi kasallik davolanadi. Organizm zarur mineral moddalar va vitaminlar bilan ta’minlanishi kerak. Buning uchun bemor etarli miqdorda vitaminlar, folat kislotasi, tarkibida temir moddasini saqlovchi dorilar va magniy preparatlari ichishi zarur.
       Tarkibida temir moddasini saqlovchi dorilarni buyurishdan oldin qon zardobida ferritin miqdorini aniqlash kerak. Agarda ferritin miqdori 1 ml qon zardobida 45 mkg dan tushib ketsa, tarkibida temir moddasini saqlovchi dorilar buyuriladi. Odatda, temir sulfati (325 mg) K vitamini (250-500 mg) bilan birgalikda kuniga 3 mahal beriladi. Shuningdek, fizioterapiya, refleksoterapiya, jismoniy tarbiya va maxsus parhez tavsiya etiladi. Idiopatik BOS ni davolashda genetik buzilishlarni korrektsiya qilish imkoniyati bugungi kunda ishlab chiqilmagan. Birlamchi BOS ni davolash simptomatik tarzda olib borilsa-da, uning natijasi ham samaralidir.
       Dorisiz davolash usullari. Bu kasallikda dorisiz davolash usuli ko‘p qo‘llaniladi. Chunki aksariyat hollarda bu usullar yaxshi samara beradi. Davolashni boshlashdan oldin bemor qanday kasalliklarga chalinganligi va  qaysi dorilarni iste’mol qilayotganligini aniqlash zarur. Agar bemor BOS rivojlanishiga ko‘proq sabab bo‘luvchi dorilarni, masalan, neyroleptiklar (galoperidol, rispolept va b.q), antidepressantlar (amitriptilin, fluoksetin va b.q), tarkibida litiy saqlovchi dorilar (litiy karbonat, litiy oksibutirat), antigistamin  vositalar, N2-retseptorlar antagonistlari (gidrokarbonat natriy, kaltsiy karbonat, magniy oksidi, alyuminiy gidroksidi), kaltsiy antagonistlari (nifedipin, diltiazem, verapamil va h.k.) qabul qilayotgan bo‘lsa, iloji boricha ularning dozasi kamaytiriladi, analogi bilan o‘zgartiriladi yoki to‘xtatiladi. 
       BOS da olib boriladigan davolashning asosiy mezonlaridan biri – bu sog‘lom turmush tarziga rioya qilish. Rejali tarzda sport bilan shug‘ullanish (suzish, jismoniy tarbiya), kechqurungi sayr, yotishdan oldin dush qabul qilish, sho‘r, achchiq va yog‘li ovqatlardan cheklanish, qahva va spirtli ichimliklardan voz kechish, papiros chekmaslik, tarkibida kofein saqlovchi oziq-ovqatlardan (shokoladlar, koka-kola va h.k) tiyilish, achchiq choyni suiste’mol qilmaslik, xamir ovqatlardan voz kechish, ko‘proq meva-sabzavotlar va quruq mevalar tanovul etish tavsiya etiladi. Aqliy va jismoniy mehnat orasidagi mutanosiblikni saqlash, tungi ishlardan voz kechish va stressli vaziyatlardan saqlanish ham o‘ta muhim.
       Ushbu kasallikni mukammal o‘rgangan Ekbom (1945) “Ikkala oyog‘i sovqotib yuradigan odamlarda BOS ko‘p uchraydi, yotishdan oldin oyoqni issiq qilib yotish ham o‘ta muhim” deb yozadi. Haqiqatan ham kechqurun yotishdan oldin ikkala oyoqqa issiq vanna qabul qilish va undan so‘ng oyoqlarni sochiqqa o‘rab yotish tungi og‘riqlarni kamaytiradi. Oyoqlarga qilinadigan har qanday fizioterapevtik va reflektor muolajalar juda foydali. Ayniqsa, dorsanval, engil elektrostimulyatsiya, uqalash muolajalari, vibromassaj, dorilar elektroforezi, igna bilan davolash, magnitoterapiya yaxshi samara beradi.
       Dori bilan davolash. Dorisiz davolash usullari samarasi kam bo‘lsa, farmakologik vositalardan foydalaniladi. Buning uchun quyidagi dorilar qo‘llaniladi: 1) benzodiazepinlar; 2) dofaminergik dori vositalari; 3) antikonvulsantlar; 3) opioidlar. 
      Benzodiazepinlardan klonazepam, diazepam, oksazepam, fenazepam, nozepam, xlozepidlardan biri tavsiya etiladi. Ular uxlatuvchi, tinchlantiruvchi, mushaklarni bo‘shashtiruvchi, sensomotor qo‘zg‘alishlarni pasaytiruvchi xususiyatga ega.  Bu dorilardan biri kechasi yotishdan oldin qabul qilinadi. Bunda tungi dizesteziya va paresteziyalar, muskullardagi spazm va motor qo‘zg‘alishlar sustlashadi, bemor tezda uxlab qoladi. Masalan, klonazepam 0,5-2 mg yoki alprazolam 0,25-0,5 mg yotishdan oldin ichishga buyuriladi. 
       Benzodiazepinlarni uzoq vaqt qabul qilish ularning ta’sir kuchini pasaytiradi va natijada bemor dorini katta dozada icha boshlaydi. Bu esa doriga narkotik bog‘lanib qolish xavfini tug‘diradi. Benzodiazepinlarning nojo‘ya ta’sirlaridan biri – bu kunduz kuni bemorning uyqusirab, lanj bo‘lib yurishidir. Dori katta dozada qabul qilinsa, uyquda apnoe holati yuzaga kelishi mumkin. Yoshi kattalarda esa kognitiv buzilishlarni yuzaga keltirish ehtimoli bor. Shuning uchun ham benzodiazepinlar BOS belgilari kuchayganda 15-30 kun mobaynida buyuriladi. Odatda, bu vaqt ichida bemorning ahvoli yaxshilanadi va dori dozasi kamaytirilib to‘xtatiladi.  
       Levodopa preparatlaridan kechqurun yotishdan 1-2 soat oldin Madopar-125 ning 1/2 qismi ichishga buyuriladi. Bemor dorini shu miqdorda bir hafta mobaynida qabul qiladi. Dori ko‘zlangan natijani bermasa, uning dozasi 100 mg gacha oshiriladi. Antikonvulsantlardan gabapentin kuniga 300 mg dan tavsiya etiladi. Dori yotishdan oldin ichiladi. 
       Boshqa dori vositalari. BOS da boshqa dorilar ham ko‘p qo‘llaniladi. Folat kislotasi (2 mg dan 3 mahal), magniy V6 (100 mg magniy+10 mg piridoksin), V1, V12, E vitaminlari buyuriladi. Shuningdek, amantadin (100 mg dan 3 mahal), baklofen (25 mg dan 3 mahal), zolpidem (5 mg yotishdan oldin), propranolol (20 mg dan 3 mahal) tavsiya etilishi mumkin. Aksariyat hollarda ushbu dorilarning o‘zi ham BOS belgilarini bartaraf eta oladi. Farmakologik dorilar bilan davolash fizioterapevtik muolajalar bilan birgalikda olib borilsa, samarasi yanada yuqori bo‘ladi.  
       Homilador ayollarni davolash. Ularda vitaminlar, temir moddasi, magniy tuzi va folat kislotasi etishmovchiligini bartaraf etish lozim. Shuningdek, homilador ayollar uchun belgilangan maxsus parhezga amal qilish, o‘z vaqtida dam olish va toza havoda sayr qilish o‘ta foydali.


Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b. 
              ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. Darslik., 2-nashr., T.; 2021., 960b. 
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив