EKONOMO LETARGIK ENTsEFALITI
Tarixi. Kasallik epidemiyasi 1915-yili Varden qal’asini himoya qilayotgan frantsuz askarlari orasida tarqalgan. Jang maydonidagi askarlar xandaqlarda uxlab qolishavergan. Askarlar orasida bu holat ommaviy tarzda kuzatilganligi uchun «Dushmanlar kimyoviy qurol ishlatishgan bo‘lsa kerak» degan xayolga borishgan. 1917-yili vengriyalik nevrolog Ekonomo bu kasallikni chuqur o‘rgana boshlaydi. Ekonomo ushbu kasallikda bosh miyaning zararlanishi, letargiya kuzatilishi va uning epidemik tarzda uchrashiga e’tibor qaratadi. U shunday deb yozadi: «Askarlardagi bu holat kimyoviy vosita tufayli emas, balki qandaydir infektsiya sababli rivojlangan». O‘sha davrdan buyon bu kasallik Ekonomo letargik entsefaliti deb atab kelinmoqda. 1915-yili boshlangan epidemiya Evropa davlatlari, Ukraina va Rossiyaning g‘arbiy chegaralarini qamrab oladi. Kasallik epidemiyasi AQSh da ham kuzatiladi. Bir qancha davlatlarni egallagan ushbu letargik entsefalitning epidemik tarzda uchrashi 1927-yilgacha davom etadi. Keyinchalik kasallik sporadik tarzda uchray boshlaydi. Hozirda bu kasallik klassik ko‘rinishda deyarli uchramaydi.
Etiologiyasi. Kasallikni chaqiruvchi virus aniqlanmay qolgan. Kasallanish, asosan, kech kuz va qish oylariga to‘g‘ri keladi. Kasallik havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Kasallikning yashirin davri 14 kungacha davom etadi.
Patomorfologiyasi. Asosan, ekstrapiramidal yadrolar, talamus, gipotalamik soha va miya ustuni zararlanadi. Ushbu to‘qimalarda turli darajadagi degenerativ o‘zgarishlar rivojlanadi.
Klinikasi. Kasallik o‘tkir boshlanadi. Tana harorati 39–40°S ga ko‘tariladi. Yuqori nafas yo‘llarida o‘tkir respirator infektsiyaga xos simptomlar, ya’ni bosh og‘riq, holsizlik, uyquchanlik, ko‘ngil aynish va qusish paydo bo‘ladi. Mushaklar tortishib, og‘riy boshlaydi. Tana harorati 2 hafta mobaynida yuqori darajada saqlanib turadi.
Kasallikning o‘tkir davridayoq bu kasallik uchun juda xos bo‘lgan chuqur va uzoq davom etuvchi uyquchanlik boshlanadi. Bu holat letargiya deb ataladi. Bemorni turtib uyg‘otishsa, u tez uyg‘onadi. Ammo oradan bir daqiqa o‘tmasdan u yana uxlab qoladi. Bemor uyg‘ongan taqdirda ham ko‘zini to‘la ochmay karaxt holatda bo‘ladi. Bemorni yonbosh yotqizsa ham, o‘tqizib qo‘ysa ham, hatto tik ushlab tursa ham uxlab qolaveradi. Bemorni uyg‘otmasa, u haftalab uxlaydi. Shu bois “letargiya” atamasi kasallik nomida ham aks etgan. Letargiya kasallikning o‘tkir davri uchun xos. Ba’zida, aksincha, bedorlik kuzatiladi, ya’ni bemor kunduzi ham, kechasi ham uxlay olmaydi.
Kasallikning o‘tkir davri uchun xos bo‘lgan yana bir simptom – bu diplopiya. Diplopiya ko‘zni harakatlantiruvchi nerv yadrolari zararlanishi natijasida paydo bo‘ladi. Diplopiya bilan birgalikda, ikkala ko‘zda ham yarim ptoz holati, ko‘z harakatlarining chegaralanishi, konvergentsiya va akkomadatsiyaning buzilishi kuzatiladi.
Qorachiqlarning akkomadatsiya va konvergentsiyaga reaktsiyasining yo‘qolib, yoruglikka esa saqlanib qolishi epidemik entsefalit uchun juda xosdir. Bu simptomlar majmuasi Arjil-Robertsonning teskari simptomi deb ataladi. Ekonomo entsefaliti uchun letargiya naqadar xos bo‘lsa, ushbu simptom ham shu qadar xosdir.
Vegetativ buzilishlar ham kasallikning o‘tkir davri uchun ajralmas simptomlardan biridir. Gipersalivatsiya, kuchli darajada terlash va teridan yog‘ning ko‘p ajralib chiqishi deyarli doimo kuzatiladigan vegetativ buzilishlardan hisoblanadi. Og‘izdan so‘lak shu darajada ko‘p ajralib chiqadiki, bemor kechayu kunduz og‘ziga sochiq tutib o‘tiradi. Hatto yostiq ham og‘izdan tinmay oqayotgan so‘lakka bo‘kib ketadi.
Entsefalitning o‘tkir davridayoq mushaklar tonusi plastik tarzda oshadi, oligokineziya va bradikineziya belgilari paydo bo‘ladi. Biroq falajliklar kuzatilmaydi. Bemor birov yordamida yoki o‘zi mustaqil ravishda xonada yurishi mumkin. Psixomotor qo‘zg‘alishlar xos emas. Ruhiy buzilishlar engil astenovegetativ buzilishlar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.
Kasallikning o‘tkir davri o‘tgach, uning surunkali davri boshlanadi. Ekonomo entsefalitining surunkali davri uchun klassik tarzda namoyon bo‘luvchi parkinsonizm sindromi xos. Amimiya, oligokineziya, bradikineziya, mushaklarda plastik gipertonus, propulsiya, lateropulsiya va retropulsiya kabi bir qator simptomlar vujudga keladi. Kasallikning bu davri yillab davom etadi.
Bugungi kunda epidemik entsefalit engilroq va atipik tarzda kechadi. Avvaliga bemorda O‘RVI belgilari kuzatiladi. O‘RVI fonida ortiqcha uyquchanlik, diplopiya, vegetativ-vestibulyar buzilishlar paydo bo‘ladi. Letargiya, kuchli gipersalivatsiya, parkinsonizm kabi og‘ir nevrologik buzilishlar kuzatilmaydi.
Kechishi va prognoz. Kasallik, odatda, bir necha oydan bir necha yilgacha davom etadi. O‘tkir davri 1 haftadan 4 oygacha cho‘ziladi va bu davrda 30% bemor vafot etadi. Asoratlari – og‘ir parkinsonizm va ruhiy buzilishlar. Entsefalitning surunkali davrida bemor qo‘shimcha ravishda paydo bo‘lgan infektsiyalardan vafot etadi.
Davolash. Maxsus davolash usullari yo‘q. Asosan, simptomatik davolash muolajalari o‘tkaziladi. Kasallikning surunkali davrida davolash xuddi parkinsonizmni davolash usullari kabi olib boriladi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha