Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi EPIDEMIK PAROTIT VIRUSI ChAQIRGAN MENINGIT VA MENINGOENTsEFALIT

EPIDEMIK PAROTIT VIRUSI ChAQIRGAN MENINGIT VA MENINGOENTsEFALIT


Parotit virusi bilan bog‘liq infektsion kasalliklar bolalik davrida ko‘p uchraydi va asosan, so‘lak bezlarini zararlaydi. Parotit xalq orasida «tepki» deb ataladi.
Etiologiyasi va epidemiologiyasi. Epidemik parotit virusi – paromik­soviruslar guruhiga kiruvchi RNK saqlovchi virus (Pneumophila parotiditis) bo‘lib, odamlar va maymunlar uchun patogen hisoblanadi. Ushbu virus neyrotrop xususiyatga ega. Epidemik parotit virusi bilan, asosan, bog‘cha va maktab yoshidagi bolalar kasallanishadi. Bu kasallik o‘g‘il bolalarda qizlarga qaraganda 2 barobar ko‘p uchraydi. U 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarda deyarli uchramaydi. Shuningdek, 20 yoshdan oshganlarda ham kasallanish juda kam.
Kasallik tarqatuvchisi – epidemik parotit bilan kasallangan bemor. Infektsiyaning atrofdagilarga yuqish xavfi kasallikning dastlabki kunidan boshlab 9 kungacha saqlanib turadi. Infektsiya havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Virusning tashqariga eng ko‘p chiqa boshlashi kasallikning dastlabki 3-5-kunlariga to‘g‘ri keladi. Virus organizmdan so‘lak va siydik orqali chiqadi. Inkubatsiya davri 11-23 kunga teng. Epidemik parotitga qarshi emlashlar bu kasallikning epidemiya ko‘rinishida uchrashini kamaytirib yubordi. “Tepki”ning klinik simptomlari o‘tgandan so‘ng kasallik boshqalarga yuqmaydi. Kasallangan odamda umrbod davom etuvchi immunitet paydo bo‘ladi, ya’ni u ikkinchi bor “tepki” bilan kasallanmaydi.
Patogenezi. Epidemik parotit virusi organizmga tushgach, yuqori nafas yo‘llarining shilliq qavatiga joylashib oladi va uning epitelial hujayralarida ko‘paya boshlaydi. Agar virus ko‘zga tushsa, kon’yuktivit ham rivojlanadi. Virus qonga o‘tgach, butun organizm bo‘ylab tarqaladi. Parotit viruslari barcha a’zolarga tarqalsada, ular, asosan, so‘lak bezlari, jinsiy bezlar, oshqozon osti bezi va MNS ni zararlaydi. Ayniqsa, urug‘don zararlanishi (orxit) xavflidir. Chunki orxit rivojlanishi keyinchalik spermatozoidlar ishlab chiqarilishini keskin kamaytiradi. Nerv sistemasi zararlanishi seroz meningit, meningoentsefalit, poliradikulonevropatiya va kranial nevropatiyalar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Viruslarning miya pardalariga o‘tib, seroz meningitni yuzaga keltirishi ko‘p uchraydi. Miya pardalarida barcha virusli meningitlar uchun xos bo‘lgan patologik o‘zgarishlar rivojlana boshlaydi. Yumshoq va araxnoidal pardalar shishadi, kapillyaropatiya, perdiapedik gemorragiyalar va venoz staz rivojlanadi. Yumshoq pardada diffuz infiltratsiya kuzatiladi, ya’ni perivaskulyar bo‘shliqlarga limfotsitlar va plazmatik hujayralar to‘planadi. Miya qorinchalarining xorioidal chigallari ta’sirlanishi hisobiga likvor ishlab chiqarilishi kuchayadi va IKG rivojlanadi. Buning oqibatida miya qorinchalari va subaraxnoidal sisternalar kengayadi. Ammo bu patologik o‘zgarishlar, odatda, bir-ikki hafta ichida to‘la regressga uchraydi. Parotit infektsiyalardan so‘ng gidrotsefaliya yoki miya pardalarida fibrozli-chandiqli asoratlar deyarli qolmaydi.
Klinikasi. Seroz meningit “tepki” paydo bo‘lganidan so‘ng 3-7 kun o‘tgach rivojlanadi. Ba’zida meningit tepki belgi­lari butunlay o‘tib bo‘lgach, ya’ni 3-4 haftadan so‘ng rivojlanadi. Gohida meningit parotit belgilarisiz namoyon bo‘ladi yoki parotit bilan birga rivojlanadi. Parotit paydo bo‘lmasdan turib rivojlangan seroz meningit diagnostik qiyinchiliklar tug‘diradi.
Kasallik tana haroratining 38-39°S ga ko‘tarilishi, kuchli bosh og‘rig‘i, ketma-ket qusish va umumiy giperesteziya bilan boshlanadi. Shu kuniyoq meningeal simptomlar paydo bo‘ladi va ular biroz yengil ifodalanadi. Bolaning hushi tumanlashib, deliriya va gallyutsinatsiyalar kuzatilishi mumkin. Lekin u komaga tushmaydi. Bu o‘zgarishlar adinamiya bilan namoyon bo‘ladi. Epileptik xurujlar deyarli kuzatilmaydi.
Meningeal simptomlar, odatda, tez kunda, ya’ni 2-3 kun ichida orqaga qaytadi. Ularning uzoq vaqt saqlanishi va tserebral simptomlarning paydo bo‘lishi meningoentsefalit rivojlanganligidan dalolat beradi. Meningoentsefalit, odatda, kasallikning 5-7 kunlari rivojlanadi. Meningoentsefalitda ko‘z harakatlari chegaralanishi, nistagm, VII va XII nervlarning markaziy falajligi, oral avtomatizmi reflekslari, pay reflekslarining asimmetrik tarzda oshishi, mushaklar kuchi pasayishi va tonusi oshishi, piramidal patologik reflekslar, statik va lokomotor ataksiyalar, xoreoatetoz va tremor, tserebral tipda sezgi buzilishlari paydo bo‘ladi. Vegetativ buzilishlar va IKG belgilari kuchayadi. Epileptik xurujlar yana takrorlanishi mumkin.
Meningoentsefalit simptomlari bemorning yoshiga ham bog‘liq. Kichik yoshdagi bolalarda rivojlangan meningoentsefalit, asosan, miyacha simptomlari bilan namoyon bo‘ladi, kattaroq yoshdagi bolalarda esa piramidal va ekstrapiramidal buzilishlar ustunlik qiladi. Seroz meningoentsefalit yiringli meningoentsefalitga o‘xshab og‘ir kechmaydi va nevrologik simptomlar uzoq davom etmaydi. Oradan 7-10 kun o‘tgach, buzilgan nevrologik funktsiyalar yana qayta tiklana boshlaydi. Agar tiklanish ro‘y bermasa va bemorning ahvoli og‘irlashaversa, demak, bakterial infektsiya qo‘shilgan bo‘lishi mumkin. Chunki virusli infektsiyalar uchun simptomlarning to‘satdan paydo bo‘lishi va tez kunlarda orqaga qaytishi xos. Virusli meningoentsefalitning bakterial meningoentsefalitga o‘tishi ko‘pincha organizmdagi surunkali infektsiya o‘choqlari qo‘zg‘alishi bilan bog‘liq. Agar bemor gaymorit, otit, tonzillit yoki surunkali bronxit bilan kasallanib yurgan bo‘lsa, o‘tkir paydo bo‘lgan virusli infektsiya ushbu o‘choqlarni qo‘zg‘ab yuboradi. Bunday paytda ko‘pincha ikkilamchi yiringli meningit (meningoentsefalit) rivojlanadi.
Parotit infektsiya ba’zida kranial nervlarning alohida zararlanishi bilan kechadi. Ko‘pincha vestibulo-koxlear nerv zararlanadi. Uning belgilari – kuchli bosh aylanishi, quloqda shovqin, qusish, kuchli nistagm, vestibulyar ataksiya va eshitish pasayishidir.
Parotit infektsiya miya pardalarini zararlasa-da, ba’zida meningeal simptomlarsiz yoki faqat meningizm bilan namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham parotit infektsiyalar aniqlangan bemorda likvorni tekshirish katta diagnostik ahamiyatga ega.
Likvorologik tekshiruvlarda turli patologik o‘zgarishlar aniqlanadi. Likvor bosimi 300-500 mm suv ust. ga oshgan, rangi tiniq yoki biroz o‘chiq bo‘ladi. Ehtiyotkorlik bilan olingan 5-8 ml likvor bemorning ahvolini biroz yengillashtiradi: bosh og‘rig‘i va qusish kamayadi, meningeal simptomlar sustlashadi, hush oydinlashadi. Likvorda hujayralar soni limfotsitlar hisobiga juda oshadi: 1 mkl likvorda hujayralar soni 500 taga yetadi va undan ham ko‘payadi. Kasallikning birinchi kuni pleotsitoz, asosan, neytrofillar hisobiga bo‘lsa, keyingi kunlari limfotsitlar hisobiga bo‘ladi. Oqsil miqdori 0,3-0,6 g/l miqdorda saqlanib turadi, ba’zida 1 g/l ga yetadi. Qand miqdori o‘zgarmay qoladi yoki biroz pasayadi. Likvor 2 haftadan so‘ng tozalana boshlaydi.
Tashxis va qiyosiy tashxis. Epidemik parotit tashxisi kasallik anamnezi, klinik simptomlari, virusologik va serologik tekshiruvlarga asoslanib qo‘yiladi. So‘lak, qon va likvordan virusni ajratib olish ham tashxisni to‘g‘ri aniqlashda yordam beradi. Ammo virusni aniqlash uchun hozirda serologik metodlardan (PZR, IFA va h.k.) ko‘p foydalaniladi. Qiyosiy tashxis, avvalambor, enterovirus etiologiyali boshqa seroz meningitlar, o‘tkir limfotsitar xoriomeningit va kam hollarda bakterial meningitlar bilan o‘tkaziladi.
Davolash. Bemor zudlik bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqiziladi va boshqa bemorlardan izolyasiya qilinadi. Izolyatsiya, odatda, 9 kunga belgilanadi. Parotit infektsiyani maxsus etiotrop davolash usullari yo‘q. Antibiotiklar qo‘llanilmaydi. Davolash muolajalari, asosan, dezintoksikatsiya, degidratatsiya va desensibilizatsiyadan iborat. Bemorga ko‘p suyuqlik beriladi. Agar meningoentsefalit belgilari paydo bo‘lsa, davolash muolajalari kengaytiriladi va kortikosteroidlar qilinadi. Simptomatik davolash usullari qanday simptomlar paydo bo‘lishiga qarab belgilanadi.
Parotit aniqlansa, so‘lak bezlari sohasiga galma-gal spirtli kompress qo‘yiladi va sollyuks nurlari beriladi. Orxit aniqlansa, 5 kun mobaynida 1 kg tana vazniga 2-3 mg dan prednizolon qilinadi, keyin dorining dozasi kamaytiriladi va har kuni 5 mg dan beriladi.
Prognozi. Aksariyat hollarda kasallik bemorning to‘la tuzalishi bilan tugallanadi. Meningoentsefalit rivojlangan taqdirda ham to‘g‘ri va rejali tarzda olib borilgan davolash muolajalari bemorning asoratsiz tuzalib ketishiga zamin yaratadi. Parotit infektsiyaning boshqa bir asorati, ya’ni urug‘don atrofiyasi sababli azospermiya rivojlanishi xavflidir. Kam hollarda karlik va pankreatit kabi asoratlar qoladi.
Profilaktikasi. Bolalarga 12 oyligidan boshlab epidemik parotitga qarshi maxsus emlashlar o‘tkaziladi. Bola 6 yoshga to‘lgach, emlash yana takrorlanadi. Kasallik boshqa bolalarga yuqmasligi uchun bemor 9 kunga izolyatsiya qilinadi va vrach nazoratiga olinadi.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив