D-penitsillamin sababli rivojlangan miastenik sindrom
D-penitsillamin (kuprenil) mis, qo‘rg‘oshin, simob kabi og‘ir metallar bilan o‘tkir va surunkali zaharlanishlarda qo‘llaniladi. D-penitsillamin organizmga tushgach, ushbu moddalar bilan bog‘lanadi va ularni siydik chiqarish a’zolari orqali organizmdan chiqarib tashlaydi. D-penitsillamin organizmdan misni ham chiqarish xususiyatiga ega bo‘lganligi bois u Vilson kasalligida ham ishlatiladi. Ushbu dori revmatoid artrit va sistem sklerodermiyani davolashda ham keng qo‘llaniladi.
D-penitsillaminning nojo‘ya ta’siri – bu uning miastenik sindromni yuzaga keltirishi. Ushbu dorini uzoq vaqt yoki katta dozada qabul qilgan bemorda atsetilxolin retseptorlariga nisbatan antitanachalar paydo bo‘ladi va buning natijasida miastenik sindrom rivojlanadi. Qo‘l-oyoq muskullari bilan birgalikda bulbar muskullar ham zararlanadi. EMG da miasteniyaga xos belgilar yuzaga keladi. D-penitsillaminni ichish to‘xtatilgandan so‘ng ijobiy natija darrov bilinmaydi. Chunki qonda paydo bo‘lgan antitanachalar miqdori bir necha oy ichida asta-sekin kamayib boradi va parallel tarzda miasteniya belgilari ham kamaya boshlaydi.
Antibiotiklar sababli rivojlanadigan miastenik sindrom ba’zi antibiotiklar, ya’ni aminoglikozidlar (neomitsin, kanamitsin, gentamitsin, streptomitsin, tobramitsin, amikatsin) va polipeptid antibiotiklar (kollistin, polimiktsin) nerv-muskul o‘tkazuvchanligini qamalga olish kabi nojo‘ya ta’sirga ega. Ular sinapslarga toksik ta’sir ko‘rsatadi, impulslar o‘tkazuvchanligini buzadi va miastenik simptomni yuzaga keltiradi. Ayniqsa, neomitsin va kollistin nerv-muskul sinapslarini kuchli qamalga oladi. Ushbu dorilarning dozasi qancha ko‘p bo‘lsa, nerv-muskul o‘tkazuvchanligi shuncha ko‘p pasayadi va miasteniya belgilari rivojlanadi. Biroq kanamitsin, gentamitsin, tobramitsin, streptomitsin va amikatsinning sinapslarga zararli ta’siri past. Ushbu antibiotiklarni qabul qilish to‘xtatilgandan so‘ng miasteniya belgilari pasayadi va butunlay yo‘qoladi. Shuningdek, qo‘shimcha ravishda dezintoksikasiya muolajasi o‘tkaziladi, vitaminlar va kaliy preparatlari tavsiya etiladi
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha