Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi DIFTERIK POLINEVROPATIYa

DIFTERIK POLINEVROPATIYa


Diabetik polinevropatiya rivojlanishida asosiy omil metabolik buzilishlar bo‘lsa, difterik polinevropatiyada – endotoksemiyadir. Demak, difterik polinevropatiya – bu toksik polinevropatiya. Kasallik patogenezini segmentar demielinizatsiya tashkil qiladi, aksonlar esa zararlanmay qoladi. Biroq 2–4 hafta o‘tgach, remielinizatsiya jarayoni boshlanadi va deyarli to‘la tiklanish bilan tugallanadi.
Klinikasi. Difterik polinevropatiya darrov rivojlanmaydi. Difteriyada dastlab kranial nervlar, ayniqsa, bulbar va ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar zararlanadi. Bulbar falajlik (disfagiya, dizartriya, disfoniya) o‘tkir rivojlanadi va juda erta, ya’ni kasallikning 3–5-kunlari paydo bo‘ladi. Ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar zararlanishi ptoz, g‘ilaylik, diplopiya, midriaz, qorachiqlar fotoreaktsiyasi pasayishi bilan namoyon bo‘ladi. 
Kranial nevropatiyalardan so‘ng 2 haftalar o‘tib periferik polinevropatiya rivojlanadi. Uning belgilari dastlab oyoqlarda, so‘ngra qo‘llarda yuzaga keladi. Demak, kasallik Giyen-Barre sindromiga o‘xshab rivojlanadi. Ba’zan buning aksi ro‘y beradi, ya’ni kranial nevropatiyalardan so‘ng periferik falajliklar qo‘llarda paydo bo‘lib, so‘ngra oyoqlarga o‘tadi. Diabetik polinevropatiyadan farqli o‘laroq difterik polinevropatiyada oyoq-qo‘llarning proksimal qismi ham ko‘p zararlanadi. Aksariyat hollarda polinevritik va radikulyar tipdagi sezgi buzilishlari parallel tarzda paydo bo‘ladi. Ba’zan kuchli sensitiv ataksiya rivojlanadi. Bu holat difterik psevdotabes nomini olgan.
       Kechishi va prognoz. Difteriyada periferik nevropatiyalar qay tarzda paydo bo‘lgan bo‘lsa, shu tarzda orqaga chekina boshlaydi: dastlab kranial nervlar funktsiyasi tiklanadi, keyin esa oyoq-qo‘llardagi falajliklar orqaga qaytadi. Tiklanish jarayoni bir necha haftadan bir necha oygacha davom etadi. Buzilgan funktsiyalar deyarli har doim to‘la tiklanadi. Og‘ir asoratlar juda kam uchraydi. Difteriya uchun ham likvorda oqsil-hujayra dissosiatsiyasi xos bo‘lib, u 2 oygacha saqlanadi.


Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив