DISTIMIYa – BU KAYFIYaT BUZILIShIMI?
Ha, kayfiyatning turg‘un buzilishiga distimiya deb aytiladi. Grekchadan dis – buzilish, timos – kayfiyat degani. Distimiya uzoq davom etsa-da, depressiyaga o‘xshab og‘ir kechmaydi. Distimiya, asosan o‘smirlarda uchraydi.
Distimiya uchun quyidagi belgilar xos:
- ishtaha pasayib ketishi yoki keragidan ortiq ovqat eb yuborish;
- o‘ziga ishonch yo‘qligi;
- uyqusizlik yoki hadeb uxlayverish;
- umumiy quvvat va ishchanlikning so‘nishi;
- fikrini bir joyga jamlay olmaslik;
- ozgina tanbeh bersa, ko‘ziga yosh kelishi;
- yosh bo‘lsa-da, seksual hayotga qiziqmaslik va undan qoniqish olmaslik;
- kundalik yumushlarni oxiriga etkazmay tashlab qo‘yish;
- umidsizlik va maqsadsiz yashash;
- yoqimsiz voqealarni eslab, xayolga botib yurish;
- odamlarga qo‘shilmay yolg‘izlikni ma’qul ko‘rish, jamiyatdan qochish;
- kamgaplik;
- psixologik stuporga tushib turish.
Eslab qoling! Distimiya – bu depressiya emas. Agar sinchkovlik bilan tekshirmasa, tashxis qo‘yishda adashib qolish mumkin. Agar depressiyada antidepressantlar tavsiya etish zarurati tug‘ilsa, distimiyada psixoterapiya juda zo‘r yordam beradi va antidepressantlar yozish shart emas.
Kayfiyat buzilishi bilan kechadigan yana bir holat bor va bu holat tsiklotimiyadir. Tsiklotimiya – bu kayfiyatning o‘z-o‘zidan tushib va ko‘tarilib ketishi bilan namoyon bo‘ladigan ruhiy holat. Kayfiyati tushib ketsa, yuqorida ko‘rsatilgan belgilar paydo bo‘ladi, ko‘tarilib ketsa, eyforiya holatida yuradi, ya’ni quvnoq va chaqqon bo‘lib qoladi. Bundaylarni tsiklotimik shaxs deb atashadi va yoshlar orasida ko‘p uchraydi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha