Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi DEPRESSIYaDA PSIXOTERAPIYa USULLARI

DEPRESSIYaDA PSIXOTERAPIYa USULLARI


Davolashni boshlashdan oldin bemorni depressiyaga olib kelgan sababni aniqlash zarur. Aks holda davolash samarasiz bo‘ladi. Bitta psixologik suhbat yordamida bunga erishib bo‘lmaydi. Shuningdek, bemor uchun standart bo‘lib qolgan gipodinamik turmush tarzini faol hayot tarziga o‘zgartirish ham muhim. Bu qanchalik qiyin bo‘lmasin, uni amalga oshirish tibbiy psixologning bevosita vazifasidir. 
        Depressiya jiddiy kasallik bo‘lib, bemorni davolash faqatgina psixoterapiya va antidepressiv terapiyadan iborat bo‘lmasligi kerak. Afsuski, aksariyat holatlarda vrachlar mana shu usullar bilan chegaralanib qoladi va kutilgan natijaga erishmaydi. Davolash jarayonida psixoterapiya, farmakoterapiya, musiqaterapiya, fizioterapiya, refleksoterapiya, logoterapiya, gelioterapiya, talassoterapiya, sotsial terapiya, sport yoki jismoniy terapiya kabi davolash-reabilitatsiya usullaridan unumli foydalanish zarur bo‘ladi. Hech bo‘lmaganda quyidagi 4 xil davolash usulini albatta qo‘llash zarur: 1) psixoterapiya; 2) farmakoterapiya; 3) musiqaterapiya; 4) sport yoki jismoniy terapiya. 
    Endi depressiyada bemorni davolashga oid klinik standartda ko‘rsatilgan talab va qoidalar haqida to‘xtalib o‘tamiz. Depressiyaning engil va o‘rta darajadagi turlarida bemorni davolash ambulator sharoitda olib boriladi. Og‘ir darajali depressiya, suitsid va psixotik buzilishlar bilan namoyon bo‘layotgan holatlarda bemor, albatta, statsionarga yotqizilishi lozim. Bunday bemorlar psixiatr nazoratida davolanadi. Biroq depressiya turi qanday bo‘lishidan va bemor qaerda davolanishidan qat’i nazar ushbu jarayonda tibbiy va sotsial psixolog ishtiroki talab etiladi. Sotsial psixolog bemorning sotsial adaptatsiyasi bilan shug‘ullanadi va uning ishga layoqatlilik darajasini aniqlaydi. Suitsid yaqqol namoyon bo‘lgan holatlarda suitsidolog yordami zarur bo‘ladi. 
   Somatik kasalliklar negizida rivojlangan depressiyada dastavval yoki parallel tarzda ushbu kasalliklarni davolashni boshlash zarur. Masalan, gipotireoz aniqlansa, uni davolashni zudlik bilan boshlash kerak. Depressiya bosh miyaning diffuz patologiyasi (entsefalopatiya, parkinsonizm, epilepsiya) yoki lokal zararlanishlari (insult, miya ezilishlari, gematoma) sababli rivojlangan bo‘lsa, bu holatlarni ham bartaraf etish lozim bo‘ladi. Biror bir kasallik tufayli bemor qabul qilib yurgan dorilar depressiyani keltirib chiqarish xususiyatiga ega bo‘lsa, ularni ham o‘rganish zarur bo‘ladi. 
   Psixoterapiya. Har qanday depressiyada davolash jarayoni psixoterapiya bilan boshlanishi va psixoterapiya bilan tugallanishi kerak. Farmakoterapiyadan oldin o‘tkazilgan psixoterapiya davolanish jarayonini engillashtirsa, undan keyin o‘tkazilgan psixoterapiya depressiya qaytalanishining oldini oladi.   Psixoterapiya, ayniqsa, depressiyaning engil va o‘rta darajadagi turlarida juda samaralidir. To‘g‘ri tanlangan psixoterapiya yordamida aksariyat hollarda bemorga antidepressant tavsiya etmasdan turib, uni depressiyadan chiqarish mumkin.   Shuningdek, antidepressantning nojo‘ya ta’siri ko‘p bo‘lgan holatlarda yoki ularni belgilangan terapevtik dozada qabul qila olmasa ham psixoterapiyani bosqichma-bosqich va davomli o‘tkazish orqali bemorni depressiyadan xolos qilish mumkin.   Ayniqsa, depressiyadagi xavotirli buzilishlar va xarakterdagi o‘zgarishlar psixoterapiya yordamida samarali bartaraf etiladi. Har qanday psixoterapiyaning asosiy maqsadi – bemorning sog‘lom psixologik portretini qayta tiklashdan iborat bo‘lmog‘i kerak. 
     Bugungi kunda bemorlarni davolash jarayonida qo‘llaniladigan psixoterapevtik usullar juda ko‘p bo‘lib, ularning ba’zilari haqida to‘xtalib o‘tamiz. 
    Psixoanaliz (psixodinamik terapiya). Psixodinamik nazariyaga muvofiq psixoemotsional buzilishlar negizida bolalik davrida olingan kuchli psixologik zarbalar yotadi. Ular ong ostida yillar mobaynida to‘planib yashirinib yotadi va kuchli ziddiyatlar o‘chog‘ini yaratadi. Buning oqibatida nevrotik shaxs shakllanadi va bunday odamlar isteriya, depressiya va psixosomatik buzilishlarga moyil bo‘lishadi. Shaxs bir tomondan, birovlarga qaram bo‘lishni xohlamaydi, ikkinchi tomondan, boshqalar uni e’tirof etishi va qo‘llab-quvvatlashini istaydi. Albatta, buning har doim ham iloji bo‘lavermaydi. Natijada bir-biriga zid bo‘lgan ushbu holatlar doimiy qoniqmaslik hissini yuzaga keltiradi, ya’ni boshqalarga nisbatan qahr-g‘azab va nafrat shaxsning ichki dunyosini qamrab oladi. Shu asnoda u  boshqalar nazdida mehribon, odamovi va ajoyib inson sifatida tan olinishni xohlaydi. Psixoanalitiklar fikricha, mana shu istaklarning ro‘yobga chiqmasligi nevrotik shaxs va keyinchalik depressiya shakllanishiga turtki bo‘ladi. Yillar mobaynida ong ostida qo‘nim topib e’tirof etilmagan har bir xohish va istak bora-bora ichki ziddiyatlarni kuchaytirib, odamlarga nisbatan ishonchsizlikka, yomon ko‘rishga olib keladi. Shu sababli ular o‘zini ham kechirmaydi va suitsidga qo‘l uradi. Bunday shaxslarda depressiya rivojlanishi uchun kuchli stress yoki yoqimsiz munosabatlarning o‘zi kifoya. Albatta, bu erda doimiy psixoemotsional zo‘riqishlarning ahamiyati katta.
   Psixodinamik terapiyaning asosiy maqsadi – bemorda katarsis, ya’ni ruhiy poklanishga erishishni yuzaga keltirish. Buning uchun bolalik davrida boshidan kechirgan ruhiy jarohatlar va kechinmalar mukammal o‘rganiladi, ularning hozirgi davrda ro‘y berayotgan nevrotik buzilishlar, shu jumladan, depressiya bilan bog‘liqlik tomonlari yoritiladi. Psixoanalitik oldida bemor albatta barcha sir-asror va azobli kechinmalarni yashirmasdan ochib tashlashi kerak. Bu uslub to‘la katarsis ro‘y berguncha olib boriladi. Ijobiy natijaga bir necha seans ichida erishiladi. 
   Kognitiv psixoterapiya yoki kognitiv terapiya (ingl. . cognitive therapy), Bu yo‘nalish asoschisi – amerikalik mashhur psixoterapevt Aaron Bek (1921 tug‘ilgan). A.Bek psixoanalitik terapiya maktablarida taxsil oladi va psixoanalizga asoslanib, kognitiv psixoterapiya yo‘nalishini ishlab chiqadi. Bu usulni Bek depressiyani davolashda keng qo‘llaydi va yuqori samaraga erishadi. 
   Kognitiv psixoterapevtlar fikricha, nevroz, depressiya va fobiya negizida miyaga o‘rnashib olgan xato fikrlar va ularga ishonish yotadi. O‘ziga, boshqalarga va jamiyatda bo‘layotgan voqealarga yomon munosabatni shakllantirgan ushbu stereotip g‘oyalar bemorning xulq-atvorini, turmush tarzini, odamlarga va jamiyatga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirib yuboradi. Bemorga azob berayotgan kasallik alomatlaridan xalos bo‘lish uchun miyaga o‘rnashib olgan azobli g‘oya va fikrlardan xalos bo‘lishi kerak. Ushbu vazifani kognitiv psixoterapevt amalga oshiradi. 
    Kognitiv psixoterapevt bemor bilan ishlash jarayonida uni ayni paytda qiynayotgan azobli fikrlari, his-tuyg‘ulari, fantaziyalari, istaklari va amalga oshmayotgan orzu-umidlarini bilib, noto‘g‘ri qarashlarini  shu kundan boshlab engish va o‘ziga ishonch tuyg‘usini bemorning miyasiga singdirib boradi. Psixoterapevtik suhbatlar orasida erishilgan yutuqlar muhokama qilinadi va hali miyani tark etmayotgan azobli fikrlardan tozalab, ularning o‘rni yanada yangi niyat va g‘oyalar bilan to‘ldirib boriladi. 
   Psixoanalizda  davolash uslubi bemorga o‘tmishni, ayniqsa, bolalik davrini eslatishdan boshlansa, kognitiv psixoterapevt bugungi kun, ya’ni hozirgi payt bilan ishlaydi. A. Bek psixoanalizni tanqid qila turib shunday degan edi: “Kasal odamga o‘tmishdagi dardlarini eslatishga ne hojat,  axir bugungi kun bilan ishlab yuqori natijaga erishsa bo‘ladi-ku!”. Shunday bo‘ldi ham. O‘z natijalaridan zavqlangan A. Bek 1965 yili shunday qoidani o‘rtaga tashlaydi: “Shu erda va hozir”. Bu iboralar keyinchalik kognitiv psixoterapiya shioriga aylanadi.
   Bixevioral terapiya (ingl. behaviour – “xulq-atvor”). 1913 yili amerikalik psixolog Djon Uotson (1878–1958) bixeviorizm haqida o‘zining dastlabki maqolasini chop ettiradi. U shunday deb yozgan edi: “Odamning fikrini va ruhiyatini o‘zgartirmoqchi bo‘lsangiz, avvalambor uning xulq-atvorini o‘zgartiring”. Ushbu g‘oya asosida bixevioral psixoterapiya shakllandi va XX asrning 50–60-yillari o‘smirlardagi xulq-atvor buzilishlarini korrektsiya qilishda keng qo‘llana boshlandi va e’tirof etildi. Ushbu terapiya xulq-atvori o‘zgargan o‘smirlarda yuqori natija beradi, biroq katta yoshdagilarda ta’siri kam. Bixevioral terapiya nevroz, isteriya va depressiya tufayli o‘zgargan xulq-atvorni korrektsiya qilish hamda bunga muvofiq uquv va ko‘nikmalarni shakllantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Bixevioral terapiya o‘tkazilayotganda o‘smirdagi xulq-atvorning har bir ko‘rinishi tahlil etilib, korrektsiya qilib boriladi. 
     Bosqichma-bosqich o‘tkazilayotgan psixoterapevtik muolajalar paytida xulq-atvordagi patologik o‘zgarishlar sog‘lom xulq-atvor sifatlari bilan “almashtiriladi”. Demak, bixevioral terapiya depressiyaga olib kelgan sabablar ustida emas, balki shu sababli yuzaga kelgan patologik xulq-atvorni o‘zgartirish bilan ishlaydi. Sog‘lom xulq-atvor hamda o‘zini o‘zi boshqarish uquvlari shakllangan sayin o‘smirdagi depressiya va xavotir belgilari orqaga chekinadi, undagi fikr o‘zgaradi, o‘ziga ishonch paydo bo‘ladi va turmush tarzi o‘zgarib sotsial adaptatsiyaga erishadi. 
   Kognitiv-bixevorial psixoterapiya. XX asrning 60-yillarida kognitiv va bixevioral terapiya negizida kognitiv-bixevioral psixoterapiya yo‘nalishi paydo bo‘ldi. Ushbu metodlarning uchta o‘xshash va farq qiluvchi tomonlari nimalardan iborat? 
  1. ikkala metod ham o‘rgatish va o‘zgartirishga asoslangan. Kognitiv psixoterapiya fikrni, bixevioral psixoterapiya esa xulq-atvorni o‘zgartirishni maqsad qilib qo‘yadi. 
  2. ikkala metod ham kasallikni keltirib chiqargan sabablar bilan qiziqsa-da, o‘tmishni eslatib o‘tirmasdan hozirgi paytdagi muammo bilan kurashadi: kognitiv psixoterapevt – kasallikni yuzaga keltirgan fikrlarni o‘zgartirish ustida ishlasa, bixevioral psixoterapevt – kasallik tufayli o‘zgargan xulq-atvorni bartaraf etishga harakat qiladi. 
  3. ikkala metod ham o‘z mijozlariga uyga vazifa beradi, uning bajarilishini kuzatib boradi va rag‘batlantiradi. Kognitiv-bixevioral psixoterapiyani har qanday yoshda qo‘llasa bo‘ladi.
       Hozirda kognitiv-bixevioral terapiya dunyoning yirik psixoterapevtik maktablarida o‘qitiladi va deyarli barcha psixoemotsional buzilishlarni korrektsiya qilishda keng qo‘llaniladi.
      Ratsional-emotiv terapiya. 1955 yili Albert Ellis ratsional-emotiv terapiya nazariyasini ilgari surdi. Bu nazariyaning asosiy mohiyati ham kishining o‘zi, o‘zgalar va jamiyat haqidagi fikrlarini o‘zgartirishga qaratilgan. Bu nazariyaga binoan depressiya, xavotir, aybdorlik hissi va shu kabi boshqa psixologik muammolar ruhiy jarohat etkazuvchi omillar va vaziyatlar sababli emas, balki kishining ushbu omillar va vaziyatlarga nisbatan shaxsiy munosabati va qarashlari sababli yuzaga keladi. Masalan, sizni kimdir qattiq hafa qildi va bundan kayfiyatingiz tushib ketdi. Bu vaziyatda siz u odamni emas, balki o‘zingizni aybdor deb hisoblaysiz. Demak, siz tanqidga loyiqsizki, u sizni shu ko‘yga soldi. Aslida ayb sizda emas, balki sizni tanqid qilgan odamda yoki tanqid muhiti yaratilgan o‘sha vaziyatda. A.Ellis shunday deb yozadi: “Insonda o‘zi haqidagi bunday noto‘g‘ri tasavvurlar uzoq davom etaversa, unda turli xil ruhiy-hissiy buzilishlar, shu jumladan, depressiya rivojlanadi”. Ellis shunday qoidani o‘rtaga tashlaydi: “Aybdor sen emas, balki boshqalar”.
      Ellis ishlaridan ba’zi parchalarni keltirib o‘tamiz. “Atrof-muhitda ro‘y berayotgan asabingni buzadigan va hissiy zo‘riqishga majbur qiladigan voqea-hodisalar senga qaratilmagan, ular doimo ro‘y beraveradi. Kim tomonidan ko‘rsatilishidan qat’i nazar senga nisbatan bildirilayotgan ayblov va kamsitishlar aslida sening haqiqiy shaxsingni ifodalamaydi. Bu o‘sha odamning shaxsiy fikri. U o‘z dunyoqarishi va senga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqib shu fikrda. Aslida esa unday emas!
       Ellisning fikricha, quyidagi 3 qoidaga qat’iyan amal qilishga urinish kishini har doim xavotirda ushlaydi: 1) o‘ziga hadeb talab qo‘yaverish (“men unday bo‘lishim kerak, bunday bo‘lishim kerak”); 2) boshqalarning unga hadeb talab qo‘yaverishi (“sen unday bo‘lishing kerak, bunday bo‘lishing kerak”); 3)  uning boshqalarga hadeb talab qo‘yaverishi (“odamlar unday bo‘lishi kerak, bunday bo‘lishi kerak”). Mana shu uch “kerak” tamoyili – xavotir va depressiya manbaidir.
   Uchta “kerak” qoidasiga amal qilaverish odamda quyidagi fikrlarni shakllantiradi va xavotirga mezon yaratadi:
  1. Men shunday harakatlar qilishim kerakki, meni boshqalar tan olsin! Aks holda men hech kimman!
  2. Men qanday xohlasam, atrofdagilar meni shundayligimcha qabul qilishi kerak! Aks holda ular yomon odam va har qanday jazoga mahkum!  
  3. Men nimani, qachon va qaerda xohlasam, shunga ega bo‘lishim kerak! Menga kerak bo‘lmagan narsalarga toqatim yo‘q!
        Ratsional-emotiv terapiya o‘zi haqida insonning miyasiga o‘rnashib qolgan stereotip fikrlardan uni ozod etish va shu sababli o‘zgargan xatti-harakatlarni korrektsiya qilishga qaratilgan. Ratsional-emotiv terapiya uslubida ham kognitiv-bixevioral terapiyadagi kabi fikr va xulq-atvor parallel tarzda korrektsiya qilib boriladi. Biroq uslub boshqacha. Bu uslubda ham uyga vazifalar beriladi, uni bajarishga qiynalgan paytlarda yordam qilinadi, vazifalar to‘la bajarilsa, rag‘batlantiriladi. Biroq psixoterapevtik muolajalar paytida psixoterapevtning o‘zi ham “Kerak” iborasini mijozning miyasiga quyaverishdan ehtiyot bo‘lishi lozim.
       Shaxslararo (interpersonal) psixoterapiya insonning kayfiyati bilan uni o‘rab turgan ijtimoiy muhit orasida bog‘liqlik izlaydi. Shaxslar orasidagi kelishmovchiliklar, shaxsning ijtimoiy muhitga ko‘nikib ketishiga to‘sqinlik qilayotgan, uni xavotirga solayotgan, kayfiyatini buzayotgan va salbiy hissiy kechinmalar keltirib chiqarayotgan vaziyatlar birgalikda o‘rganib tahlil qilinadi. Psixoterapevtik muolajalar paytida shaxs o‘zini jamiyatda qanday tutishi, kimlar bilan qanday munosabatda bo‘lishi, qanday vaziyatlar va odamlardan yiroq yurishi yo‘llari tushuntiriladi, o‘rgatiladi. Ayniqsa, bu uslub nevrotik tipdagi shaxslar bilan ishlaganda va distimiyada keng qo‘llaniladi. 
        Oilaviy psixoterapiya avvalambor oila a’zolari bilan psixologik muhitni yaxshilashga qaratilgan. Bunda mijozning har bir oila a’zosi bilan bo‘ladigan munosabatlari o‘rganib tahlil qilinadi. Oiladagi kelishmovchiliklar qanday paytlarda yuzaga keladi, nima uchun kelib chiqadi, qaysi vaziyatlarda u o‘zini qanday tutadi kabi savollarga oydinlik kiritiladi, javob izlanadi va ushbu vaziyatlardan chiqish bo‘yicha mashqlar o‘tkaziladi. Bu maqsadda oila a’zolari bilan ham suhbatlar quriladi. Chunki psixologga murojaat qilib kelgan bemor deyarli har doim o‘zini  vaziyat qurboni deb biladi. Aslida esa unday bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun bemor haqida oila a’zolarining fikrini bilish ham o‘ta muhim. 
       Oilaviy psixoterapevt mijozning yaqinlariga uning oldida o‘zlarini qanday tutish lozimligini tushuntiradi. Bu o‘ta muhim. Chunki ba’zan oilada shunday motamsaro muhit yaratiladiki, bu faqat nevroz yoki depressiyadan aziyat chekayotgan odamning ahvolini og‘irlashtiradi va suitsidal urinishlarni kuchaytiradi xolos.
        Har qanday psixoterapevtik muolajada mijozga hadeb yonbosaverish ham, uning xulq-atvorini tanqid qilaverish ham mumkin emas. Undagi yomon fikrlar depressiya belgisi, bu belgilar vaqt kelib albatta o‘tib ketadi, kabi so‘zlar bilan taskin beriladi. Suitsidal fikrlar va urinishlar aniqlangan holatda uni yolg‘iz qoldirmaslik kerak. Oila a’zolari tomonidan nazorat shunday tashkil etilishi kerakki, bemorning o‘zi buni bilmasin. Chunki hadeb bemorni qo‘riqlayverish uning joniga tegadi. Bemorning ishonchini qozongan oila a’zolari bilan ko‘chaga chiqib aylanib kelish va sayr paytida, asosan, uni so‘zlatish va his-tuyg‘ulariga hamdard bo‘lish o‘ta muhim. 


Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b. 
         © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 312 b.     
             © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
             ©asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив