Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi DEPRESSIYaNING KLINIK TURLARI

DEPRESSIYaNING KLINIK TURLARI


Depressiyaning ba’zi klinik turlari bilan tanishib chiqamiz.
      Kichik depressiya (subdepressiya, subklinik depressiya) – o‘ta engil ifodalangan depressiya. Undagi belgilar KXT-10 dagi F32.0 “Engil depressiv epizod”ga to‘g‘ri keladi (avvalgi sahifalarga qarang). Kichik depressiyani psixogen depressiya deb ham atashadi.
       Unipolyar depressiya – maniakal davrlarsiz kechadigan depressiya.
       Atipik depressiya – depressiya uchun xos bo‘lgan tipik simptomlar aniqlanmaydigan depressiya. Kayfiyat tez-tez o‘zgarib turishi, paradoksal angedoniya (paradoxical anhedonia), bezovtalik, ishtahasi ochilib ketib, ko‘p ovqatlanish (“kayfiyatimni ovqat eb ko‘taraman”) va shu sababli semirib ketish, ko‘p uxlash, og‘ir qadam tashlash (“yurganda oyoqlarim og‘ir bo‘lib qoladi”) va ko‘pchilikka qo‘shilib ketish qiyinligi bilan namoyon bo‘ladi. Ushbu somatik simptomlar va xarakterologik o‘zgarishlarga depressiyaning bir turi sifatida qarab “atipik depressiya” atamasi kiritilgan. Boz ustiga, ularga antidepressantlar yaxshi yordam beradi. Biroq aksariyat mutaxassislar bu terminni ma’qullashmaydi.
       Niqoblangan depressiya (somatizatsiyalashgan depressiya) – ruhiy buzilishga qaraganda somatoform buzilishning ustunligi bilan namoyon bo‘luvchi depressiya. Somatik buzilishlar niqobida namoyon bo‘layotgan ushbu depressiyaning klinik simptomlari KXT-10 bo‘yicha “depressiv epizodlar” klinikasiga to‘g‘ri keladi, biroq psixopatologik simptomlar sust ifodalangan bo‘ladi. Depressiya bilan kasallangan bemorlarning aksariyati tibbiy psixolog yoki psixiatrga emas, balki UAV yoki boshqa mutaxassislarga murojaat qilib yurishining asosiy sababi ham umumiy populyatsiyada niqoblangan depressiyaning ko‘p uchrashidir. Niqoblangan depressiya ko‘p hollarda uzoq davom etuvchi monosimptomlar bilan namoyon bo‘ladi. Masalan, doimiy bosh og‘riq, doimiy kardialgiya, abdominalgiya, artralgiya, tsistalgiya, nevralgiyalar. Niqoblangan depressiyaning klinik ko‘rinishlari haqida batafsil ma’lumot ushbu kitobning “Psixosomatik tibbiyot asoslari” bobida yoritilgan.
       Melanxolik depressiya – hech narsadan qoniqmaslik, ya’ni angedoniya va kayfiyatni ko‘taruvchi voqealardan rohatlanish hissining yo‘qligi bilan namoyon bo‘luvchi depressiya. Bunday depressiya, asosan, melanxolik tipdagi shaxslarda uchraydi. Ularning kayfiyati doimo past bo‘lib, atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalarga qiziqishmaydi, aqliy va jismoniy mehnat qilishga xohish-istak o‘ta sust bo‘ladi. Bunday toifaga kiruvchilar ertalab tushkun  kayfiyatda uyg‘onishadi, ishtahasi bo‘lmaydi va yuz-ko‘zidan hissiy karaxtlik yaqqol sezilib turadi.  
       Involyutsion depressiya lotinchadan involutio – teskariga rivojlanish, orqaga qarab ketish degan ma’nolarni anglatadi. Psixiatrlar involyutsion davrni ayollar uchun 45-55 yosh, erkaklar uchun 50-65 yoshdan so‘ng boshlanadi, deb hisoblashadi. Biroq JSST tasnifiga ko‘ra, bu davrlar o‘rta yoshga kiritilgan. Katta yosh – 60-75 yosh, keksalik davri – 75 – 89 yosh,  90 yoshdan oshganlar esa uzoq umr ko‘ruvchilar toifasiga kiritiladi. Involyutsion depressiya endokrin va jinsiy bezlar atrofiyasi boshlanishi bilan bog‘liq depressiv buzilishlar majmuasi bo‘lib, doimiy tushkun kayfiyat, qo‘rquv va xavotir, ipoxondriya, hayotga bo‘lgan ishtiyoq pasayishi, turli somatovegetativ buzilishlar va o‘z joniga qasd qilishga urinishlar bilan kechadi. Ba’zan kuchli psixopatologik o‘zgarishlar psixoz darajasigacha etadi. Bunday holatda involyutsion psixoz haqida so‘z boradi. Bunday holat, ayniqsa, jufti halolidan ayrilganlarda yaqqol namoyon bo‘ladi yoki kuchayadi.
        Postnatal depressiya (tug‘ruqdan keyingi depressiya) ayniqsa, bolasi o‘lik tug‘ilgan ayollarda rivojlanadigan affektiv buzilishlar bo‘lib, depressiyaning barcha alomatlari bilan namoyon bo‘ladi. Odatda, bu holat 1-3 oy davom etadi. Bunday depressiya bolasi sog‘lom tug‘ilgan ayollarda ham kuzatiladi, biroq uning belgilari bir necha kun ichida o‘tib ketadi.  
       Mavsumli depressiya (mavsumli affektiv buzilishlar) – yilning ma’lum bir mavsumida kuzatilib, boshqa paytlari o‘z-o‘zidan o‘tib ketadigan depressiya. Ushbu depressiya kuz yoki qish mavsumida kuzatiladi, bahor yoki yoz oyida o‘tib ketadi. Ba’zi odamlar mavsumli depressiyaga juda moyil bo‘lishadi. Bunday shaxslar yilning o‘sha mavsumida (masalan, qishda) depressiyaga tushib, mehnat faoliyatini umuman yig‘ishtirib qo‘yishadi. Ba’zan ularda psixomotor qo‘zg‘alishlar ham kuzatiladi. Depressiyaning qishda ko‘p uchrashi bu faslda yorug‘ kunlarning kamligi bilan izohlanadi. Shuningdek, depressiyada gelioterapiya, ya’ni quyosh nurlari bilan davolash samara berganligi uchun ham mavsumli depressiya rivojlanishiga bulutli kunlar turtki bo‘ladi, deb hisoblashadi. Shu bois ham qishda odamlar quyoshli o‘lkalarga intilishadi va depressiyaning engil hamda o‘rta darajadagi turlaridan bu darddan xalos bo‘lib qaytishadi.  Biroq shunday bo‘lsa-da, mavsumli depressiya klinik tashxis sifatida ko‘rsatilmaydi va uning mavjudligiga e’tirozlar bor.

Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив