DEPRESSIYaDA DAVOLAShNING BOShQA USULLARI
Jismoniy tarbiya va sport. Harakatga bo‘lgan motivatsiyaning so‘nishi depressiyaning jiddiy simptomlaridan biridir. Avvallari bemorlarni depressiyadan chiqarishda jismoniy tarbiya imkoniyatlariga jiddiy e’tibor qaratilmagan. 2005–2010 yillarda bir qator davlatlarda o‘tkazilgan randomizatsiyalashgan klinik tadqiqotlar natijasi shuni ko‘rsatdiki, depressiyani davolashda jismoniy tarbiya imkoniyatlari psixoterapiya va farmakoterapiya bilan bir qatorda turadi. Hatto 2015 yili Evropalik mutaxassislar o‘tkazgan tajribalar jismoniy tarbiyaning o‘zi bilan bemorni depressiyaning engil turlaridan butkul chiqarish mumkinligini isbotladi. Jismoniy tarbiya va sportni musiqaterapiya bilan birgalikda olib borish esa davolash samaradorligini yanada oshiradi.
Shuningdek, depressiyada kuzatiladigan psixosomatik buzilishlar, ayniqsa, doimiy bosh og‘riq hamda arterial gipertenziya belgilari yugurish, suzish va engil badantarbiya bilan shug‘ullana boshlaganda 2-3 oy ichida barham topadi. Jismoniy harakatlar bilan depressiya orasida qanday bog‘liqlik bor?
Jismoniy tarbiya va sport orqali depressiyadan xalos bo‘lish mexanizmlari quyidagilardan iborat:
- Jismoniy harakatlar miyada kayfiyat gormonlari hisoblanmish endorfin va serotonin miqdorini oshiradi.
- Arterial gipertenziya rivojlanishida asosiy omillardan biri bo‘lgan qondagi adrenalin va kortizol miqdorini pasaytiradi.
- Organizmning vegetativ tonusi maromlashib, vegetativ hamda somatoform buzilishlar barham topadi.
- Organizmda T- va V-limfotsitlar miqdori oshib, immunitet mustahkamlanadi va virusli infektsiyalarga chidamlilik oshadi.
- Psixoterapevt bilan o‘zaro muloqotga bemor osongina kirishib keta oladi va davolash samarasi tez ko‘zga tashlanadi.
- Qabul qilinayotgan antidepressantlar miqdori kamaytiriladi va davomiyligi qisqartiriladi.
- Shaxslararo munosabatlar yaxshilanib, sotsial adaptatsiya kuchayadi va bemorning ish faoliyati qayta tiklanadi.
Uyqu deprivatsiyasi. Inglizchadan sleep deprivation – uyqudan mahrum qilish. Bu usul qachon qo‘llaniladi? Depressiyaning tinmay uyqu bilan kechadigan turlari bor. Ana shunday bemorlarni depressiyadan chiqarish uchun uyqu deprivatsiyasi usulidan foydalaniladi. Biroq bu usulni insomniya, ya’ni uyqusizlik bilan kechuvchi depressiyada qo‘llab bo‘lmaydi.
Nima uchun depressiyaga tushgan bemorlar ko‘p uxlaydi yoki ko‘p uxlashni ma’qul ko‘radi? Chunki ularning ong tubiga quyidagi fikrlar yashiringan bo‘ladi: “Mening depressiyaga tushishimga ushbu bevafo dunyo va undagi yashayotgan odamlar sababchi. Yaxshisi, ko‘zlarimni yumib, ularni ham, o‘zimni ham ko‘rmay”. O‘zini yomon ko‘rish, odamlarni yomon ko‘rish va tashqi olamdan qochish – bilamizki, depressiyaga xos belgilar. Fikrimizcha, ular ushbu uchta muammoni bitta o‘q, ya’ni uyqu bilan hal qilib qo‘ya qolishadi. Uyqu ham o‘limning bir turi. Uyqu – o‘limning bu dunyodagi kichik bir shakli. Depressiyada uyquni ma’qul topish (ular ba’zida uyqusi kelmasa ham yotaveradi, chunki shunisi ma’qul) va o‘z joniga qasd qilishga urinish tagida bir xil fikr yotadi – bu dunyodan, odamlardan va hatto o‘zidan qochish. Bu fikrlar uning ong tubida depressiya boshlanishidan oldin qo‘nim topgan bo‘lishi mumkin.
Uyqu deprivatsiyasi texnikasi quyidagilardan iborat: bemor uchun maxsus dastur tuziladi va u psixoterapevt tomonidan nazorat qilib boriladi. U 1-2 kun mobaynida tunda ham, kunduzi ham uxlamasligi kerak. O‘sha kunlari unga faol jismoniy harakatlar, ya’ni sportning har qanday engil turlari bilan shug‘ullanish tavsiya etiladi. Buni uyda ham yoki tunda faoliyat ko‘rsatadigan psixoterapevtik klinikalarda ham amalga oshirish mumkin. Albatta, bu usul maxsus klinikalarning sport zalida musiqaterapiya bilan birgalikda olib borilsa, samarasi juda yuqori bo‘ladi. Ushbu terapiya orada 3-5 kunlik tanaffus bilan 1 oy mobaynida olib boriladi. Uyqu deprivatsiyasi bilan davolash usuli suitsidal fikrlarni ham bartaraf etishga yordam beradi.
Transkranial magnit stimulyatsiya (TMS). Bir qator nevrologik kasalliklarni davolashda qo‘llaniladigan ushbu usul depressiyani davolashda ham tavsiya etiladi. Oldinroq yaratilgan TMS metodi 2000 yildan keyin tibbiy amaliyotda keng qo‘llanila boshlandi. AQSh da 2008 yili TMS metodi depressiyada qo‘shimcha davolash usuli sifatida qo‘llashga ruxsat berilgan. TMS noinvaziv davolash usuli bo‘lib, unda miyaning chuqur neyronal tuzilmalariga magnit to‘lqinlari orqali ta’sir o‘tkaziladi. Ushbu terapiya tarafdorlari fikricha, TMS o‘tkazilgan bemorlarning miyasida kayfiyatni ko‘taruvchi neyromediatorlar faollashadi, neyronlararo impulslar o‘tkazuvchanligi yaxshilanadi va depressiya hamda uning somatik belgilari kamayadi.
Depressiya profilaktikasi. Depressiya rivojlanishini oldindan bilish qiyin. Vrach faqat endi rivojlanayotgan depressiya alomatlarini o‘z vaqtida ilg‘ab olishi mumkin. Depressiya takrorlanishi, vaqti-vaqti bilan klinik belgilarining kuchayib turishi va surunkali kechishi bu kasallik bilan og‘rigan bemorni doimiy nazoratga olishni taqozo etadi. Davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat ko‘rsatadigan vrachlar depressiya belgilaridan voqif bo‘lishlari kerak. Depressiyaning engil turlari, ayniqsa, somatik buzilishlar bilan namoyon bo‘lgan turlari bilan murojaat qilgan bemorlarni terapevtlar mustaqil ravishda davolay olishlari lozim. Albatta bunday paytlarda tibbiy psixolog konsultatsiyasidan ham foydalaniladi. Doimiy jismoniy faollik, sog‘lom turmush tarzi, psixologik treninglarga qatnab turish, vaqtida dam olish, sihatgohlar va sayohatlarga tez-tez borish ham depressiya rivojlanishining oldini oladi va hatto uning engil turlarini bartaraf etishga yordam beradi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Asab va ruhiyat. 4-nashr. Toshkent. 2019. 312 b
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha