Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi DIABETIK POLINEVROPATIYa

DIABETIK POLINEVROPATIYa


Qandli diabetda periferik nervlar zararlanishi juda ko‘p uchraydi. Diabetik polinevropatiyalar patogenezining asosini surunkali davom etuvchi metabolik va mikrotsirkulyator buzilishlar tashkil etadi. Shu bois yil o‘tgan sayin periferik polinevropatiyalar bilan kasallanganlar soni oshib boradi va 80–100% ga etadi. Ammo tez-tez kuzatilib turuvchi gipo- va giperglikemik holatlar diabetik polinevropatiyalar rivojlanishini jadallashtiradi.
       Klinikasi. Diabetik polinevropatiya klinikasi, odatda, simmetrik tarzda yuzaga keladi va, asosan, sensor, vegetativ va harakat buzilishlaridan iborat bo‘ladi. Harakat buzilishlari kam kuzatiladi. Oyoqlarda polinevropatiyalar ko‘p uchraydi va ko‘pincha periferik nervlarning distal qismi zararlanadi. Demak, distal simmetrik polinevropatiya diabet uchun juda xosdir.
       Oyoqlarning distal qismida dizesteziya, paresteziya va kam hollarda og‘riqlar paydo bo‘ladi. Nevrologik tekshiruvlar paypoq tipida yuzaki sezgi buzilishlarini ko‘rsatadi. Chuqur sezgi buzilishlari keyinroq vujudga keladi va ular kuchaygan sayin sensitiv ataksiya rivojlana boshlaydi. Pay reflekslari, ayniqsa, axill refleks erta so‘nadi. Bu paytga kelib vegetativ-trofik buzilishlar ham kuchayadi, oyoq panjalarida trofik yaralar paydo bo‘ladi. Harakat buzilishlari distal muskullar atrofiyasi va gipotoniyasi bilan namoyon bo‘ladi. Chuqur sezgi buzilishi va distal amiotrofiyalar oyoq bo‘g‘imlari deformatsiyasiga sabab bo‘ladi, ya’ni diabetik artropatiyalar rivojlanadi. Ushbu buzilishlar “diabetik oyoq panjasi” sindromini yuzaga keltiradi. Artropatiya rivojlanishida bo‘g‘imning o‘zida kuzatiladigan metabolik buzilishlarning ham o‘rni katta.
       Davosi. Davolash muolajalari metabolik va mikrotsirkulyator buzilishlarni korrektsiya qilishdan boshlanadi. Buning uchun deyarli barcha turdagi vitaminlar (V1, V6, V12, E, nikotin kislotasi), tioktasid, antiagregantlar (pentoksifillin) tavsiya qilinadi. Diabetik og‘riqlarni bartaraf qilishda karbamazepin va tebantin ko‘p qo‘llaniladi. Trofik yaralar rivojlanmasligi uchun terini toza tutish va ular rivojlangan taqdirda, albatta, xirurgik muolajalar o‘tkazib turish zarur. Chunki trofik yaralarning kattalashib ketishi xavflidir.


Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
                    © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив