DEPRESSIYaNI TEST ORQALI ANIQLASA BO‘LADIMI?
Ha, bo‘ladi. Psixologlar depressiyani aniqlovchi testlarning 2 xil turini yaratishgan. Biri har bir kishining o‘zi qo‘llay olishi mumkin bo‘lgan psixologik test. Masalan, Tsung so‘rovnomasi. Bu so‘rovnomani o‘zingiz to‘ldirib, depressiya bor-yo‘qligini va uning darajasini bilib olishingiz mumkin. Ikkinchisi, tibbiy psixolog yoki psixiatr ishtirokida to‘ldiriladigan test.
Mabodo Sizda Tsung testi natijalari depressiya borligini ko‘rsatsa, men depressiyaga tushibman deb siqilib o‘tirmang va tibbiy psixologga murojaat qiling. U Siz bilan psixologik suhbatlar o‘tkazadi va qo‘shimcha ravishda Gamilton shkalasini qo‘llab, sizda haqiqatan ham depressiya bormi-yo‘qmi yoki bu oddiy apatiyami (tushkun kayfiyat) aniqlab beradi. Demak, to‘g‘ri xulosani mutaxassis beradi.
Unda nima uchun oddiy odamlarga moslab bunday psixologik testlar o‘ylab topishgan? Ularni qo‘rqitish uchunmi? Aslo yo‘q. Bemor ba’zida doimo past kayfiyatda yuradi, fikrini bir joyga jamlay olmaydi, oilasiga va ishga ishtiyoqi so‘nadi va natijada o‘zini omadsiz inson deb yuradi. Oxir-oqibat u ishdan haydalishi mumkin, oilasi parchalanishi mumkin va h.k. Bu holat omadsizlik belgisi emas, balki yashirin kechayotgan depressiya bo‘lishi mumkin. Shuning uchun har bir inson o‘zida Tsung testini qo‘llab ko‘rib, uning natijasini tibbiy psixologga ko‘rsatishi lozim. Chunki depressiya aholi orasida keng tarqalgan. Faraz qiling, har bir inson o‘zida ushbu testni qo‘llab ko‘rdi va psixologga borib o‘z muammolarini hal qila boshladi. Natijada qanchadan-qancha insonlar tibbiy psixologlar yordamida yana sho‘x-shodon hayotga qaytadi, oilasini saqlab qoladi, suisidlar oldi olinadi, o‘sha odamning ish unumdorligi oshadi, jamiyat rivojlanadi.
Keling, endi ushbu so‘rovnoma haqida ma’lumot bersam va uning natijalarini tahlil qilishni o‘rgatsam.
Tsung so‘rovnomasi
(depressiyani aniqlab baholash uchun)
Ism-sharifi___________________________Tekshiruv sanasi____
Ko‘rsatma: Quyida keltirilgan har bir jumlani diqqat bilan o‘qing va aynan hozirgi paytda o‘zingizni qanday his qilayotgan bo‘lsangiz shunga mos javoblarni belgilang. Savollar ustida uzoq o‘ylanmang va xayolingizga kelgan birinchi javobni doira ichiga oling.
# | Savollar, vaziyatlar | Xech kachon | Bazan | Tez-tez | Deyarli xar doim |
1. | Men tushkunlikni his qilayapman | 1 | 2 | 3 | 4 |
2. | Ertalab men o‘zimni juda yaxshi his qilaman. | 4 | 3 | 2 | 1 |
3. | Men yig‘lab turaman | 1 | 2 | 3 | 4 |
4. | Men tunda yomon uxlayman. | 1 | 2 | 3 | 4 |
5. | Ishtaham yomon emas, ya’ni odatiy. | 4 | 3 | 2 | 1 |
6. | Menga yoqqan odamlar bilan suhbatlashgim, ularning yonida bo‘lgim keladi. | 4 | 3 | 2 | 1 |
7. | Men vaznimni yo‘qotayotganimni sezayapman. | 1 | 2 | 3 | 4 |
8. | Meni qabziyat bezovta qiladi | 1 | 2 | 3 | 4 |
9. | Yuragim odatdagidan tezroq uradi. | 1 | 2 | 3 | 4 |
10. | Men hech qanday sababsiz charchayman | 1 | 2 | 3 | 4 |
11. | Fikrlarim har doimgidek aniq va ravshan. | 4 | 3 | 2 | 1 |
12. | Qo‘limdan keladigan ishlarni osonlikcha bajaraman. | 4 | 3 | 2 | 1 |
13. | Bezovtalikni his qilayapman va bir joyda o‘tira olmayapman. | 1 | 2 | 3 | 4 |
14. | Menda kelajakka ishonch bor. | 4 | 3 | 2 | 1 |
15. | Jahlim odatdagidan tezroq chiqyapti | 1 | 2 | 3 | 4 |
16. | Menga bir qarorga kelish juda oson. | 4 | 3 | 2 | 1 |
17. | Men foydali va zarur ekanligimni his qilaman. | 4 | 3 | 2 | 1 |
18. | Men to‘laqonli hayot kechiryapman. | 4 | 3 | 2 | 1 |
19. | Men o‘lsam boshqalarga yaxshi bo‘lishini his qilyapman. | 1 | 2 | 3 | 4 |
20. | Meni avvallari xursand qiladigan narsalar hozir ham xursand qiladi. | 4 | 3 | 2 | 1 |
Ushbu jadvalda barcha savollar, ya’ni vaziyatlar “to‘g‘ri” va “teskari” turlarga ajratilgan. Depressiya uchun xos bo‘lganlari “to‘g‘ri”, xos bo‘lmaganlari esa “teskari” savollar toifasiga kiritilgan. Masalan, 1 raqami ostida berilgan jumlaga e’tibor qiling: “Men tushkunlikni his qilayapman”. Bu belgi depressiya uchun xos. Shuning uchun ham u “to‘g‘ri” savollar ichiga kiritilgan. Ana endi 14 raqami ostida berilayotgan jumlaga nazar tashlang: “Menda kelajakka ishonch bor”. Bu savol “teskari” savollar ichida o‘rin olgan. Chunki depressiyada kelajakka ishonch bo‘lmaydi, shu bois uni teskari savollar ichida ko‘rsatishgan.
To‘g‘ri savollar: 1, 3, 4, 7, 8, 9, 10, 13, 15, 19
Teskari savollar: 2, 5, 6, 11, 12, 14, 16, 17, 18, 20
Depressiya darajasi (DD) quyidagi formula orqali aniqlanadi:
DD = ∑to‘g‘ + ∑tes
Bu erda ∑to‘g‘ – belgilangan “to‘g‘ri” savollar yig‘indisi;
∑tes – belgilangan “teskari” savollar yig‘indisi.
Xulosa qanday? Agar to‘plangan ballar yig‘indisi 50 dan oshmasa, demak, Sizda depressiya yo‘q va mazmunli hayotingizni davom ettiravering. Mabodo, 50-59 ball to‘plasangiz Sizda engil depressiya bor va o‘z ustingizda ishlab, undan qutulishingiz mumkin. Bunday paytlarda tibbiy psixolog shart ham bo‘lmaydi. Agar to‘plangan ballar 60-69 orasida bo‘lsa, demak, Sizda o‘rta darajali depressiya bor va albatta tibbiy psixologga murojaat qiling. Ballar yig‘indisi 70 dan oshsa, bu og‘ir depressiya hisoblanadi. Siz vaqtni yo‘qotmasdan albatta tibbiy psixologga murojaat qiling. Tibbiy psixolog ushbu xulosaga aniqlik kiritish uchun Siz bilan suhbat quradi, boshqa psixologik testlarni yana qo‘llab ko‘radi. U Sizni qisqa muddatda ushbu darddan xalos etadi. Oddiy psixologlardan farqli o‘laroq, tibbiy psixologlar ham psixologik suhbatlar orqali, ham dori-darmonlar orqali davolaydi, zarurat shuni taqozo etsa, Sizni psixiatrga yuboradi.
Izoh sifatida. Bitta talaba mendan so‘rab qoladi: Ustoz, agar ushbu
testdagi savollarni psixologni sinash uchun atayin noto‘g‘ri belgilasamchi, unda nima bo‘ladi? Unda psixologni emas, avvalo, o‘zingizni aldagan bo‘lasiz. Axir Siz bosh og‘rig‘i sababli doktorga borsangiz, uni sinash uchun atayin qornim og‘riyapti demaysiz-ku! Psixologik test ham shunaqa. Agar Siz o‘zingiz haqingizda haqqoniy holatni bilmoqchi bo‘lsangiz, barcha savollarga to‘g‘ri javob berishingiz kerak. Yuqorida aytib o‘tganimdek, tibbiy psixolog qo‘shimcha suhbatlar va boshqa testlar orqali tashxisga yanada oydinlik kiritadi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha