IDROK


Sezgi negizida idrok shakllanadi. Sezgi bizni o‘rab turgan muhitdagi narsa va hodisalarning ayrim xususiyatlarini aks ettirsa, idrok esa xilma-xil xossalarni tartibga solib, birlashtirib ongimizda namoyon etadi, narsa va hodisalarning yaxlit obrazini yaratadi. Idrok sezgiga qaraganda murakkab jarayon. Idrok qilish odamning kasbi, hayot tajribasi, bilimi va ehtiyojiga bog‘liq. Rivojlanish jarayonida kishining idrok qilish qobiliyati takomillashib, saralanib boradi. Narsa va hodisalarni idrok qilish odamning dunyoqarashiga ham bog‘liq: bir xil narsa yoki voqeani ikki kishi bir xil idrok qilmasligi mumkin. Bolalarda sezish idrok qilishdan ustun turadi. Chunki ularda miyaning ba’zi tuzilmalari to‘la shakllanmaganligi sababli narsa va hodisalarning yaxlit obrazini yaratish qobiliyati sustroq. Insonning butun umri mobaynida idrok qilish jarayoni o‘zgarib boradi.

Idrokning asosiy xususiyati uning yaxlitligidir. Masalan, minbarda nutq so‘zlayotgan odamni idrok qilar ekanmiz, notiqning kiyim-boshi, minbarda o‘zini tutishi, kimligi, qancha vaqtdan buyon ma’ruza qilayotganligi va qachon tugatishi va hokazolarni umumlashtirib, u odamning ongimizda yaxlit obrazini yaratamiz, ya’ni idrok qilamiz. Biror narsa va hodisani yoki odamlarni idrok qilishda avvalgi tajribamiz muhim ahamiyat kasb etadi, ya’ni tajriba idrok etishni osonlashtiradi. Masalan, biz hayvonot bog‘iga borganimizda, avval ko‘rmagan hayvon yoki qushlarga sinchkovlik bilan nazar tashlaymiz, ularning barcha xususiyatlarini o‘rganib idrok qilamiz. Keyingi gal borganimizda esa ularni idrok qilishimiz ancha osonlashadi.

Idrok qilish ehtiyoj, mayl va istaklarga ham uzviy bog‘liq. Har qanday idrok saralash bosqichini o‘taydi. Masalan, biz o‘zimiz uchun ahamiyatsiz bo‘lgan narsani idrok qilmaymiz (uni sezib tursakda). Shu o‘rinda idrokning individualligini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Har bir kishi narsalarning o‘ziga kerakli xususiyatlarini yoki o‘zi tushungan jihatlarini idrok qiladi. Bunda idrokning individual xususiyatlari uning maqsadga yo‘naltirilganligi, hissiyligi va barqarorligida o‘z aksini topadi. Idrok qilishda kuzatuvchanlikning ahamiyati ham juda katta. Odam o‘zi kuzatmagan narsalar, voqealar va hodisalarni idrok qilmaydi. Demak, idrok sezgidan farqli o‘laroq, faol va ongli jarayondir. Idrok qilishda inson tafakkuri ham muhim ahamiyatga ega, masalan, tafakkuri buzilgan yoki aqli zaif odamda idrok qilish ham sust bo‘ladi.

Narsa va hodisalarni sezish kabi, ularni tasavvur qilish ham idrok jarayoni uchun zarur vositalardan biridir. Avvallari idrok qilingan obrazlarni ongimizda jonlantirish, ya’ni qayta tiklash tasavvur deb ataladi. Tasavvur bizning ongimizda to‘satdan paydo bo‘lishi ham mumkin. Tasavvur o‘ta individual bo‘lib, odamning shaxsiga bog‘liq. Odamning kasb-koriga qarab birovda ko‘ruv, boshqalarda esa eshituv a’zolari orqali tasavvur qilish yaxshi rivojlangan bo‘ladi.
Masalan, rassomlarda ko‘ruv tasavvuri kuchli rivojlangan. Ularning ba’zilari avval ko‘rgan narsasini fikrida to‘laligicha qayta tiklay oladi. Bu hodisaga eydetizm deb ataladi. Bastakorlarda esa eshituv tasavvuri yaxshi rivojlangan bo‘ladi. Xuddi shu qobiliyat Bax va Motsartda o‘ta kuchli bo‘lgan.

Idrok buzilishlari

Idrok buzilishi ayrim asab va ruhiy kasalliklarda kuzatiladi. Bularga gallyutsinatsiyalar, illyuziyalar va psixosensor buzilishlar kiradi. Gallyutsinatsiya deb, aslida bemor oldida mavjud bo‘lmagan ob’ekt va hodisalarni idrok qilishga aytiladi. Gallyutsinatsiyalar bosh miya po‘stlog‘ida inert qo‘zg‘alishning paydo bo‘lishi va uning dominantlik vazifasini bajarib turishi bilan tushuntiriladi. Inert qo‘zg‘alish bosh miya po‘stlog‘ining umumiy tormozlanishi oqibatida yuzaga keladi. Bosh miyada moddalar almashinuvi buzilishi ham gallyutsinatsiyaga olib kelishi mumkin. Ko‘rish, eshitish, hid va ta’m bilish hamda umumiy sezgi bilan bog‘liq bo‘lgan gallyutsinatsiyalar farqlanadi.

Gallyutsinatsiyalar soxta tasavvur hisoblanadi. Chunki ular atrof-muhitda mavjud bo‘lmasa ham bemor xayolida paydo bo‘laveradi. Ba’zan bemorga o‘zi idrok qilayotgan narsa, hodisalar haqiqatan ham bordek tuyuladi. O‘zi ham bunga ishonadi. Gallyutsinatsiyalar shizofreniya kasalligida ko‘p kuzatiladi. Nevroz bilan xastalangan va tez-tez affekt holatiga tushib turadigan bemorlarda ham gallyutsinatsiyalar bo‘lib turadi. Gallyutsinatsiyalar sog‘lom odamda ham kuzatilishi mumkin. Masalan, sahroda adashib qolib bir o‘zi ketayotgan odamga suv, qishloq, daraxtzor yoki u tomonga yurib kelayotgan odam ko‘rinadi. Ko‘ruv gallyutsinatsiyasida bemorning ko‘z oldida aslida yo‘q bo‘lgan narsalar namoyon bo‘ladi. Narsalar yo katta (makropsiya), yo kichik, (mikropsiya) bundan tashqari, bu narsalarning shakli ham qiyshiq va noaniq bo‘lib ko‘rinadi. Gallyutsinatsiyalar nafaqat psixoz yoki nevrozlarda, balki bosh miya po‘stlog‘ini ta’sirlantiruvchi organik kasalliklarda (masalan, o‘smalarda) ham kuzatilib, muhim diagnostik ahamiyatga ega.

Eshitish gallyutsinatsiyalari ham turli-tuman bo‘ladi. Eshitish gallyutsinatsiyasi deb, aslida yo‘q bo‘lgan tovushlar (gap, so‘z)ning bemor qulog‘iga eshitilishiga aytiladi. Tovushlar jarangdor, bo‘g‘iq, uzoq yoki yaqindan, pastdan yoki tepadan kelgandek bo‘lib tuyuladi. Shunga yarasha bemor boshini tovush kelgan tomonga buradi yoki yurib boradi. Verbal gallyutsinatsiyalar, ayniqsa, bemor uchun xavflidir. Har tomondan keluvchi ovozlar bemorga tahdid soluvchi, buyruq beruvchi tarzda bo‘lib, bemorni yurib borayotgan avtomobil tagiga tashlashni, tomdan sakrashni, o‘ziga yoki birovga pichoq sanchishni, sevimli farzandini o‘ldirishni buyuradi. Bular imperativ gallyutsinatsiyalardir. Bunday ovozlar hadeb takrorlanaversa, bemor uni bajarib qo‘yishi mumkin. Bu ovozlar tanish yoki notanish odamning, ayol yoki erkak kishining ovozi sifatida namoyon bo‘ladi. Ovozlar bir marta paydo bo‘lib, to‘xtab ham qoladi. Bemorning qilgan ishlarini ma’qullovchi yoki tanqid qiluvchi ovozlar ham eshitiladi. 

Taktil gallyutsinatsiyalarda bemor xuddi terisida biror narsa o‘rmalab yurgandek ust-boshini qoqaveradi. Hid va ta’m bilish gallyutsinatsiyalarida bemor badbo‘y narsalar hidi va ta’mini sezadi. Gipnogogik gallyutsinatsiyalar bemor ko‘zini yumib uxlamoqchi bo‘lganda kuzatiladi. Bunda uning ko‘z oldida har xil qo‘rqinchli narsalar, hayvonlar, yomon odamlar paydo bo‘ladi. Ko‘zini ochsa yo‘qoladi. Bu holat qo‘rqoq bolalarda ko‘p uchraydi.

Illyuziya deb, atrof-muhitda aslida mavjud bo‘lgan narsa va hodisalarni yanglish idrok qilishga aytiladi. Demak, gallyutsinatsiyadan farqli o‘laroq, illyuziyada idrok etilayotgan narsalar mavjud, lekin ular noto‘g‘ri qabul qilinadi. Masalan, erga tushib yotgan qora chopon uzoqdan xuddi uxlab yotgan itdek, do‘ppi esa mushukdek, qorong‘i xonada mixga ilingan palto xuddi o‘g‘ri turgandek tuyuladi. Illyuziyalar ham, xuddi gallyutsinatsiyalar singari ko‘ruv, eshituv, hid va ta’m bilish turlariga bo‘linadi. Illyuziyalar sog‘lom odamlarda ham uchrab turadi. Masalan, qurilish bo‘layotgan joyda yog‘ochlar uzoqdan xuddi egri joylashgandek, eshik va derazalar qiyshiq qo‘yilgandek, devordagi chiziqlar egri chizilgandek bo‘lib ko‘rinadi. Ba’zan, quruvchi bularning to‘g‘riligini maxsus elektron priborlar yoki dastgohlar orqali tekshirib ko‘radi. Illyuziyalar nevroz va psixozlarda ko‘p kuzatiladi. 
Verbal illyuziyalarda bir nechta odamning suhbati bemor uchun uning ustidan g‘iybat qilayotgandek yoki fitna uyushtirish uchun reja tuzilayotgandek eshitiladi. Illyuziyalar shizofreniya kasalligi xuruj qilganda, delirioz va oneyroid holatlar bilan kechuvchi kasalliklarda ko‘p kuzatiladi.

Psixosensor buzilishlar. Psixosensor buzilishlarga depersonalizatsiya, derealizatsiya, anozognoziyalar kiradi. Depersonalizatsiya sindromida bemor o‘z shaxsini yanglish idrok etadi, ya’ni uning tanasi ikkiga bo‘lingandek, go‘yo biri o‘ziga bo‘ysunmayotgandek va boshqa odamning tanasidek his qiladi. Ularda tana tuzilishini to‘g‘ri idrok qilish ham buziladi: qo‘li yoki oyog‘i kattalashib ketgandek, birovning qo‘lidek, yotgan paytlari yonida qo‘l emas, xuddi yog‘och yotgandek tuyuladi. Bemorga «axir bu qo‘lingiz-ku, yog‘och bunaqa bo‘lmaydi-ku, desa, to‘g‘ri, lekin men qo‘limni xuddi yog‘ochdek his qilyapman», deydi. Demak, ularda tanqidiy fikr saqlangan bo‘ladi. Depersonalizatsiya sindromi bosh miyaning o‘ng yarim shari (o‘naqaylarda) zararlanganda kuzatiladi.

Derealizatsiya – bemorlar borliqdagi narsalar va vaziyatni taniydilar, biroq bu vaziyat ularga boshqacha tuyuladi. Atrof-muhitdagi hamma narsa noaniq, begona, tushunarsiz, go‘yoki parda bilan o‘ralgandek go‘yo, o‘zi yashayotgan joy va u erdagi tanish odamlarni ham begonadek his qiladi. Depersonalizatsiya va derealizatsiya shizofreniya, epilepsiya kasalliklarida, depressiv holatlarda ko‘p uchraydi.

Anozognoziyalar. Anozognoziya o‘z kasalligi belgilarini anglamaslik, degan ma’noni bildiradi. Bosh miya o‘ng yarim sharining parietal sohasi zararlanganda kuzatiladigan bu holatda bemor o‘z tanasidagi kamchiliklarni idrok qilmaydi, ya’ni inkor qiladi. Chap tomoni ishlamay yotgan bo‘lsa-da, men hozir yurib keldim, deb uqtiradi.


Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc)




Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив