Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi INTRAKRANIAL O‘SMALAR

INTRAKRANIAL O‘SMALAR


Bosh miya o‘smalari organizmda eng ko‘p uchraydigan o‘smalardan hisoblanadi va uchrashi bo‘yicha oshqozon, bachadon, o‘pka va qizilo‘ngach o‘smalaridan so‘ng 5-o‘rinda turadi. Bosh miya o‘smalari har qanday yoshda rivojlanadi.
Epidemiologiyasi. Barcha o‘smalar ichida nerv sistemasi o‘smalari 10% ni tashkil qiladi (1 va 2-jadvallar).

1-jadval
Bosh miya birlamchi o‘smalarining asosiy turlari
(R. Voltz va hammualliflar bo‘yicha, 2002)

O‘smalar    
Bosh miyaning barcha turdagi o‘smalari ichida uchrash darajasi,%

Gliomalar:
- glioblastoma
- astrotsitoma
- oligodendroglioma
- ependimoma
- medulloblastoma
- boshqa o‘smalar
49
22,6
15,5
3,2
2,3
1,8 
3,6
Meningioma    
24
Gipofiz adenomasi    
8
Nevrinoma
6,5
Limfoma    
4,
1
Kraniofaringioma
0,9
Gemangioblastoma    
0,9
Embrional hujayralardan o‘suvchi o‘smalar
0,6
Gemangioma    
0,3
Qon-tomir chigallari o‘smasi    
0,3
Epifiz o‘smasi
0,2
Xondroma/xondrosarkoma    
0,2
Boshqa o‘smalar    
5


    
                                                                                                                    2-jadval    
Neyroonkologik kasalliklar tasnifi (Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, 1993)*
I. Neyroepitelial to‘qima o‘smalari
Astrotsitoma
•    Glioblastoma
•    Oligodendroglioma
•    Ependimoma
•    Xorioid chigallar o‘smalari (papilloma, kartsinoma)
•    Neyroepitelial o‘smalar (astroblastoma, qutbli spongioblastoma, miya gliomatozi)
•    Neyronalglial o‘smalar (gangliotsitoma, ganglioglioma, neyrotsitoma, neyroblastoma)
•    Embrional o‘smalar (medulloepitelioma, nayroblastoma, retinoblastoma, medulloblastoma)
•    Aralash o‘smalar
II. Kranial va spinal nervlar o‘smalari
•    Nevrinoma (shvannoma, neyrolemmoma)
•    Neyrofibroma
•    Anaplastik neyrofibroma

III. Miya pardalari o‘smalari
•    Meningioma
•    Atipik meningioma
•    Anaplastik meningioma
•    Miya pardalarining nomeningial o‘smalari (suyak-tog‘ay o‘smalari, lipoma, xondrosarkoma, pardalar sarkomatozi, melanotsitoma, gemangioblastoma)
IV. Limfoma va qon ishlab chiqaruvchi to‘qima o‘smalari
•    Birlamchi xavfli limfoma
•    Plazmotsitoma
•    Granulotsitar sarkoma
V. Embrional hujayralardan o‘suvchi o‘smalar
•    Germinoma
•    Embrional kartsinoma
•    Xoriokartsinoma
•           Teratoma
VI. Miya kistalari va o‘smasimon jarayonlar
•    Ratke cho‘ntagi kistasi
•    Epidermoid kista
•    Dermoid kista
•    III qorincha kolloid kistasi
VII. Turk egari sohasi o‘smalari
•    Gipofiz adenomasi
•    Gipofiz kartsinomasi
•    Kraniofaringioma
VIII. Kalla suyagi va umurtqa pog‘onasi ichiga o‘sib kiruvchi o‘smalar
•    Paraganglioma
•    Xordoma
•    Xondroma
•    Kartsinoma
IX. Metastatik o‘smalar
X. Tasniflanmagan o‘smalar


     * qisqartirib keltirilgan.

Bosh miya o‘smalari bosh miya to‘qimasiga nisbatan joylashishi bo‘yicha 2 guruhga ajratiladi:
  1. Intratserebral – bosh miya to‘qimasida joylashgan o‘smalar. Ular bosh miya o‘smalarining 60% ini tashkil qiladi.
  2. Ekstratserebral – bosh miya to‘qimasidan tashqarida joylashgan o‘smalar. Ular bosh miya o‘smalarining 40% ini tashkil qiladi.
Xavfsiz o‘smalar etilgan hujayralardan o‘suvchi o‘smalar bo‘lib, ularning qaysi to‘qimadan o‘sganligini aniqlash imkoni bor. Bunday o‘smalar nisbatan sekin o‘sadi va ular uchun ekspansiv o‘sish, ya’ni atrofdagi to‘qimalarni surib o‘sish xos. Xavfsiz o‘smalar boshqa to‘qimalarga metastaz bermaydi, xavfli o‘smalar kabi organizmga umumiy ziyon etkazmaydi. Xavfsiz o‘smalar operatsiya yo‘li bilan olib tashlansa yoki boshqa usullar bilan davolansa, qaytadan paydo bo‘lmaydi. Biroq xavfsiz o‘smalar xavfli o‘smalarga aylanishi mumkin. Bunga malignizatsiya deb aytiladi.
Xavfli o‘smalar kam etilgan yoki etilmagan hujayralardan o‘suvchi o‘smalar bo‘lib, ularning qaysi to‘qimadan o‘sganligini aniqlash ancha mushkul. Xavfli o‘sma atrofdagi to‘qimalarni buzib tez o‘sadi (infiltrativ o‘sish), boshqa to‘qimalarga metastaz beradi, qayta paydo bo‘lish xususiyatiga ham ega. Xavfli o‘sma og‘ir kechadi va organizmga umumiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi hamda kaxeksiyaning tez rivojlanishi bilan ajralib turadi.
O‘sish ketma-ketligiga qarab bosh miyaning birlamchi va ikkilamchi o‘smalari ham farqlanadi:
  • Birlamchi – dastlab bosh miya va uning atrof to‘qimalarida paydo bo‘lgan o‘smalar;
  • Ikkilamchi – dastlab boshqa a’zolarda paydo bo‘lib, keyin bosh miya va uning atrof to‘qimalariga metastaz bergan o‘smalar.
Bosh miyada eng ko‘p uchraydigan o‘smalar – bular glioma, meningioma, nevrinoma va adenomalar.
Glioma – glial hujayralardan o‘suvchi va intratserebral joylashgan o‘sma. Ular eng ko‘p uchraydigan o‘smalardir, ya’ni bosh miyada joylashgan birlamchi o‘smalarning yarmidan ko‘pi glioma hisoblanadi. Gliomalar ichida multiform glioblastomalar ko‘p, medulloblastoma, astrotsitoma va oligodendrogliomalar esa kamroq uchraydi.
Multiform glioblastoma o‘ta xavfli o‘sma bo‘lib, ko‘pincha, bosh miya katta yarim sharlarida joylashadi. Bu o‘sma turli yoshda uchraydi, ammo katta yoshdagilarda ko‘p kuzatiladi. Multiform glioblastoma diffuz tarzda tez o‘sadi, katta hajmga etadi va metastaz berish xususiyatiga ega. Bu o‘smaga tez-tez qon quyilish ham kuzatilib turadi.
Medulloblastoma gliomalar ichida o‘ta xavfli o‘sma hisoblanadi. Ular juda tez o‘sadi va boshqa a’zolarga metastaz beradi. Asosan, bolalik davrida uchraydi va ko‘pincha, miyachada paydo bo‘ladi.
Astrotsitoma gliomalarning deyarli 30% ini tashkil qiladi va sekin o‘suvchi xavfsiz o‘smalar sirasiga kiradi.
Astrotsitomalar atrofdagi to‘qimalar ichiga o‘smaydi, balki ularni surib o‘sadi. Bu o‘smalar har qanday yoshda rivojlanadi, biroq ular 10–20 yoshlarda ko‘p uchraydi. Astrotsitomalar, asosan, miyachada joylashadi va kistaga aylanish xususiyatiga ega.
Oligodendroglioma ko‘pincha, bosh miya katta yarim sharlarida o‘suvchi nisbatan xavfsiz o‘sma hisoblanadi. Sekin o‘sadi va ularga kaltsinatlar yig‘ilib turadi. Anaplastik oligodendroglioma esa havfli o‘sma bo‘lib, tez o‘sadi.
Ependimoma – miya qorinchalari devorining etilgan ependimal hujayralaridan o‘suvchi o‘sma. Ependimoma bolalarda ko‘p uchraydi, sekin o‘sadi va, asosan, yon qorinchalarda joylashadi. Bu o‘sma III va IV qorinchalarda kam uchraydi. Ependimoma orqa miya markaziy kanalining ependimal hujayralaridan ham o‘sadi. Miya qorinchalarining etilmagan ependimal hujayralaridan o‘suvchi o‘smalar ham mavjud bo‘lib, ular o‘ta xavfli hisoblanadi. Ular ependimoblastomalar deb aytiladi. Ependimoblastomalar erta bolalik davrida ko‘p uchraydi.
Meningioma – miya pardalari ko‘pincha yumshoq parda hujayralaridan o‘suvchi o‘sma. Ular bosh miya o‘smalarining 12–14% ini tashkil qiladi. Bolalik va o‘smirlik davrlarida meningiomalar juda kam uchraydi. Yosh o‘tgan sayin meningioma bilan kasallanish ko‘paya boradi. Bu o‘sma ko‘pincha dumaloq shaklda o‘sadi.
O‘smaning chekkalari noto‘g‘ri shaklda bo‘lib, qo‘l bilan ushlaganda qattiqroq bo‘ladi. Ba’zida ularga kaltsinatlar yig‘iladi. Meningioma miya to‘qimasini buzib, uning ichiga o‘smaydi, balki uni itarib surib o‘sadi. Agar bu o‘sma bosh miya suyagi tomon o‘ssa, miya suyagi shaklini o‘zgartirib yuborishi va unda endostozlar hosil qilishi mumkin. Meningioma qon tomirlarga boy bo‘lib, ular o‘sgan joyda diploetik venalar kengayib ketadi. Bu holat araxnoidendoteliomalar uchun juda xos. Bunday o‘smalarni operatsiya qilib olib tashlash nisbatan oson bo‘lib, aksariyat hollarda operatsiyadan so‘ng miya to‘qimasi tuzilishi saqlanib qoladi.
Nevrinoma (shvannoma) – mielin bilan qoplangan nervlardan o‘suvchi o‘sma. Ushbu xavfsiz o‘sma eshituv nervida ko‘p uchraydi. Eshituv nervi nevrinomasi miyacha-ko‘prik burchagida joylashadi. Nevrinoma yaxshi rivojlangan kapsulaga ega bo‘lib, uni paypaslaganda qattiq bo‘ladi. Bu o‘sma sekin o‘sadi, juda kattalashib ketib, miya ustunini bosib va siljitib qo‘yadi. Nevrinoma xavfsiz o‘smalar sirasiga kiradi.
Gipofiz adenomasi – gipofizdan o‘suvchi xavfsiz o‘sma. Odatda, sekin o‘sadi. Gormon ishlab chiqarilishini kuchaytiradigan va kuchaytirmaydigan adenomalar farqlanadi. Gipofiz adenomasi intratsellyar va ekstratsellyar yo‘nalishda o‘sadi.
Limfoma – qon ishlab chiqarish a’zolaridan o‘suvchi o‘sma. Limfomalar 5–10% holatlarda nerv sistemasida joylashadi. Dastlab MNS da (asosan, bosh miyada) paydo bo‘lgan limfomalar birlamchi limfomalar deb ataladi. Ular immunitetning keskin tushib ketishi bilan namoyon bo‘luvchi virusli va sistem kasalliklarda ko‘p uchraydi. OITS, sistem kollagenozlar va surunkali virusli infektsiyalar bilan og‘riydigan bemorlar limfomalar bilan kasallanishga moyil bo‘lishadi. Birlamchi limfomalar miya parenximasida joylashib, yakka yoki bir necha tugunlar ko‘rinishida o‘sadi. Limfomalar bosh miya katta yarim sharlari, qadoqsimon tana va kam hollarda, miyachada joylashadi. Ular lokal nevrologik simptomlar, IKG, epileptik xurujlar va kognitiv buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi. Klinik simptomlarning qay tarzda namoyon bo‘lishi limfoma joylashgan joyiga bog‘liq.
MNS limfomalari organizmda uchraydigan retikulosarkoma, Xodjkin kasalligi (limfogranulematoz), leykoz kabi og‘ir kasalliklarda ham uchraydi. Bunday limfomalar MNS ning ikkilamchi limfomalari deyiladi. Ikkilamchi limfomalarda, odatda, miyaning yumshoq pardasi ham zararlanadi va u diffuz perivaskulyar infiltratsiya bilan namoyon bo‘ladi. Meningeal simptomlar ham paydo bo‘ladi. Miya asosida joylashgan limfomalarda kranial nervlar ham zararlanadi. Tana harorati 38°S gacha ko‘tariladi. Bunday paytda ikkilamchi limfomalar klinikasi xuddi sil meningitiga o‘xshab kechadi.
Limfomalar, asosan, bosh miyada uchraydi, ba’zida ular orqa miyada ham paydo bo‘lishi mumkin. Har qanday limfomalarda barcha a’zolar chuqur tekshirilishi lozim.
Gemangioblastoma (angioretikulema) – qon-tomir devorlari hujayralaridan o‘suvchi xavfsiz o‘sma. Bu o‘sma 35–45 yoshlarda ko‘p uchraydi. Gemangioblastoma, ko‘pincha miyachada, kam hollarda bosh miya va orqa miyada joylashadi. O‘sma qon tomirlarga juda boy bo‘lib, asosan, kista hosil qilib o‘sadi. Erta aniqlanmagan hollarda u juda katta hajmgacha etadi. Gemangioblastomaning o‘ziga xos xususiyatlari bor, ya’ni bu o‘sma aniqlangan bemorlarda ko‘z to‘r pardasi angiomatozi, ichki a’zolar kistasi va polisitemiya aniqlanadi. Bu belgilar Xippel-Lindau sindromini tashkil qiladi. Gemangioblastoma 10% holatlarda nasliy xususiyatga ega va autosom-dominant tipda nasldan-naslga uzatiladi.
Gemangioma – qon tomirlardan o‘suvchi xavfsiz o‘sma. Ushbu o‘smalarning xavfli turlariga gemangiosarkoma deb aytiladi.
Xorioidpapilloma – xorioidal chigallarning qon tomirlari epiteliyasidan o‘suvchi o‘sma. Miya qorinchalarida joylashgan bu o‘sma, asosan, bolalik va o‘smirlik davrida ko‘p uchraydi. Xorioidpapilloma xavfsiz o‘sma bo‘lib, kam hollardagina xavfli o‘smaga aylanadi. Bunday holatlarda o‘sma likvor yo‘llari orqali boshqa to‘qimalarga metastaz beradi.
Xondroma – suyak-tog‘ay to‘qimasidan o‘suvchi xavfsiz o‘sma bo‘lib, u ko‘pincha paranazal va sfenooksipital sinuslarda joylashadi. Demak, xondromalar ekstradural joylashgan bo‘ladi. Xondromalar o‘sgan joyda kalla suyagi destruktsiyaga uchraydi va o‘sha joylarga kaltsinatlar yig‘iladi.
Xondrosarkoma – suyak-tog‘ay to‘qimasidan o‘suvchi xavfli o‘sma bo‘lib, atrofdagi to‘qimalarga infiltratsiya berib tez o‘sadi, kalla suyagi tez destruktsiyaga uchraydi va halokatli holatlarga tez olib keladi. Ko‘pincha, retsediv beradi.
Etiologiyasi. Bosh miya o‘smalari etiologiyasi to‘la o‘rganilmagan. Ma’lumki, ular, asosan, etilmagan va kam hollarda etilgan hujayralardan rivojlanadi. Mutaxassislar fikricha, turli ekzogen (radiatsiya, ekologiya, travma, infektsiya, dorilar ta’siri) va endogen omillar etilmay qolgan hujayralarning proliferatsiyasi yoki etilgan hujayralarning o‘sma hujayralariga aylanishiga turtki bo‘ladi.
Bosh miya o‘smalarining, umuman, o‘smalarning kelib chiqishiga oid bir qancha nazariyalar mavjud.
Virusli-genetik nazariya. Ushbu nazariya tarafdorlari o‘smalar rivojlanishida viruslar ta’siriga katta urg‘u berishadi. Viruslar onkogen xususiyatga ega ekanligi isbot qilingan. Masalan, aksariyat limfomalar rivojlanishida ular etakchi o‘rin egallaydi. Viruslar hujayralarning genetik tuzilishini buzib, ularning atipik hujayralarga aylanishi, proliferatsiyasi va o‘smalar paydo bo‘lishiga turtki bo‘ladi. Mutaxassislar fikricha, o‘sma rivojlanib bo‘lgach, viruslarning onkogen xususiyati sustlashadi yoki yo‘qoladi.
Fizik-kimyoviy nazariya. Bu nazariya tarafdorlari o‘smalarning paydo bo‘lishini turli xil fizik va kimyoviy omillarning organizmga zararli ta’siri bilan bog‘lashadi. Radiatsiya, rentgen nurlari, gamma-nurlar va turli kimyoviy kantserogen moddalar organizmda atipik hujayralarning paydo bo‘lishi va ularning keyinchalik o‘smalarga aylanishiga turtki bo‘ladi.
Disgormonal kantserogenez nazariyasi o‘smalarning vujudga kelishini organizmda gormonal muvozanatning izdan chiqishi bilan izohlaydi.
Dizontogenetik nazariya tarafdorlari fikricha, to‘qimalar dizembriogenezi bilan tug‘ilganlarda turli salbiy omillar o‘sma shakllanishiga turtki bo‘ladi.
Polietiologik nazariya tarafdorlari har qanday o‘smani polietiologik kasallik deb hisoblashadi. Yuqorida keltirib o‘tilgan barcha nazariyalarni inkor qilmagan holda, o‘sma rivojlanishida bir nechta tashqi va ichki omillar o‘rnini ko‘rsatib o‘tish lozim (M. H. Qoriev, 2000).
Patogenezi. Bosh miya o‘smalari murakkab patogenezga ega. Patogenetik jarayon o‘sma turi, xavflilik darajasi, miyaning qaysi to‘qimasidan o‘sganligi, qon tomirlar va likvor yo‘llariga ta’sir qilish darajasiga bog‘liq. Infiltrativ tarzda o‘sadigan xavfli o‘smalar, ayniqsa, glial o‘smalar sog‘lom to‘qimalarni buzib o‘sadi. Shuning uchun ham KT va MRT tekshiruvlarida bu o‘smalarning haqiqiy hajmini aniqlash o‘ta mushkul.
Miya o‘smalari turli darajada miya shishi, bo‘kishi, ishemiyasi va nuqtasimon qon qo‘yilishlarni yuzaga keltiradi. Ushbu murakkab patofizilogik jarayonlar sababli o‘sma atrofida perifokal shish shakllanadi. O‘sma qon tomirlarga qancha yaqin bo‘lsa, perifokal shish shuncha tez rivojlanadi va kattalashadi. O‘sma ta’sir qilgan miya to‘qimalarida dastlab qaytuvchi morfofunktsional o‘zgarishlar vujudga keladi, keyinchalik, ya’ni o‘sma kattalashgan sayin zararlangan miya to‘qimalari butunlay nekrozga uchray boshlaydi. O‘sma nafaqat o‘zi o‘sayotgan to‘qimani, balki chekkaroqda joylashgan miya to‘qimalarini ham zararlaydi. Ayniqsa, qon tomirlar yonida o‘sgan o‘smalar ularni bosib qo‘yib, miyaning katta sohasida ishemik jarayonlarni yuzaga keltiradi.
O‘sma o‘sgan sayin miya hajmi kattalasha boradi, likvor yo‘llari bekiladi, arterial qon tomirlarda qon oqishi sekinlashadi, venalarda qon turib qoladi, qonning suyuq qismi perivaskulyar bo‘shliqqa sizib chiqadi, likvor bosimi oshadi, miya qorinchalari kengaya boradi va natijada gipertenzion-gidrotsefal sindrom rivojlanadi. Xavfli o‘smalarning parchalanib turishi sababli tsitotoksik ta’sirga ega zaharli moddalar ajralib chiqadi, miya to‘qimalarida moddalar almashinuvi keskin buziladi va og‘ir gipoksiya rivojlanadi.
Miya o‘smasida miya to‘qimasi qarshilik kam bo‘lgan tomon siljiy boshlaydi. Buning oqibatida dislokatsion sindrom yuzaga keladi. Albatta, miyaning qay tomonga qarab siljishi o‘smaning joylashgan joyi, hajmi, zichligi va likvor yo‘llarini qay darajada to‘sib qo‘yishiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Masalan, bosh miya katta yarim sharlari, ayniqsa, peshona sohasida joylashgan o‘smada gipertenzion-gidrotsefal sindrom kech rivojlanadi. Chunki bunday o‘smalar likvor yo‘llari teshiklaridan chekkaroqda joylashgan. Subtentorial o‘smalarda esa (masalan, miyacha o‘smasi) gipertenzion-gidrotsefal sindrom tez rivojlanadi. Chunki bu o‘sma Silviy suv yo‘li va Majandi teshigini tezda yopib qo‘yadi va natijada likvorning miya qorinchalaridan subaraxnoidal bo‘shliqqa o‘tishiga to‘siq paydo bo‘ladi. Bunday vaziyatlarda bemor hayoti uchun xavfli bo‘lgan Bruns sindromi rivojlanadi.
O‘sma atrofdagi to‘qimalarga mexanik ta’sir ko‘rsatibgina qolmasdan, undagi neyrodinamik jarayonlarni ham izdan chiqaradi, ya’ni nerv markazlari qo‘zg‘aladi yoki so‘nadi. Aksariyat hollarda, bu ikkala jarayon birgalikda ro‘y beradi. Nerv markazlari qo‘zg‘alishi epileptik xurujlarni yuzaga keltirsa, ularning so‘nishi – gemiparez, gemigipesteziya va shu kabi boshqa simptomlarni yuzaga keltiradi.
Klinikasi. Bosh miya o‘smasi simptomlari umumiy va o‘choqli simptomlarga ajratiladi. Umumiy simptomlarning paydo bo‘lishi miya ichi gipertenziyasi bilan bog‘liq bo‘lsa, o‘choqli simptomlarning paydo bo‘lishi miya to‘qimasining lokal zararlanishi bilan bog‘liq. Lokal simptomlarning mavjudligi topik tashxis qo‘yishni osonlashtirsa, umumiy simptomlar haqida bunday xulosaga kelish qiyin.
Bosh miya o‘smasining asosiy simptomlari:
  • Doimiy va zo‘rayib boruvchi bosh og‘rig‘i;
  • Tserebral qusish;
  • Ko‘z tubi dimlanishi va ko‘ruv nervi atrofiyasi;
  • Bosh aylanishi;
  • Epileptik xurujlar (ko‘pincha, Jekson tipida);
  • Psixik buzilishlar.
Bosh og‘rig‘i – bosh miya o‘smasining, odatda, erta paydo bo‘ladigan va deyarli doimiy tarzda uchraydigan asosiy simptomlaridan biri. Bosh og‘rig‘i boshning bir qismi bilan chegaralangan bo‘lishi yoki diffuz tarzda namoyon bo‘lishi mumkin. Bosh og‘rig‘i lokalizatsiyasi o‘smaning qaerda o‘sayotganiga ham bog‘liq. Masalan, kraniospinal o‘smalarda ensa va bo‘yin sohasida, peshona bo‘lagi o‘smalarida, peshona sohasida lokal og‘riqlar vujudga keladi. Bosh miyaning oldingi chuqurchasida joylashgan o‘smalarda og‘riq ko‘z soqqasiga beradi va o‘sma kattalashgan sayin ekzoftalm paydo bo‘la boshlaydi. O‘sma V nerv tuguni sohasida joylashsa, bir tomonlama kuchli nevralgik og‘riqlar paydo bo‘ladi. Diffuz tarzda namoyon bo‘luvchi og‘riqlar esa, ko‘pincha, miya qorinchalari o‘smalari uchun xos. Lokal og‘riqlar miya pardalari retseptorlari qo‘zg‘alishi bilan bog‘liq bo‘lsa, diffuz tarzda paydo bo‘luvchi og‘riqlar miya ichi gipertenziyasi bilan bog‘liq.
Odatda, bosh miya o‘smalari uchun erta sahardagi yoki tungi og‘riqlar xos. Ushbu og‘riqlar sababchisi venalarda qon turib qolishi va undagi baroretseptorlar ta’sirlanishi, likvor bosimi oshishi natijasida yumshoq pardadagi og‘riq retseptorlari qo‘zg‘alishidir. Odatda, bosh og‘rig‘i avvaliga xurujsimon tarzda vujudga keladi, jismoniy va ruhiy-hissiy zo‘riqishlarda kuchayadi. Bosh og‘riqlar, shuningdek, yo‘talganda, aksa urganda, yig‘laganda yoki qattiq kulganda, issiq dush qabul qilganda va shu kabi boshqa jismoniy zo‘riqishlarda kuchayadi. Chunki bunday paytlarda IKG zo‘rayadi va og‘riq retseptorlari yanada ko‘proq ta’sirlanadi. Bular esa bosh og‘riqni yanada kuchaytiradi.
O‘sma kattalashgan sayin bosh og‘rig‘i doimiy tus oladi. Bunday paytlarda bemor o‘tirganda, turganda, yurganda, zinapoyadan ko‘tarilganda, ya’ni tana vaziyatini har qanday holatga o‘zgartirganda ham bosh og‘riydi yoki kuchayadi. Ayniqsa, gorizontal holatda yoki past yostiq qo‘yib yotsa yoki boshni pastga engashtirsa bosh og‘riq kuchayib ketadi. Bemor biror ish bilan chalg‘isa bosh og‘rig‘ining biroz pasayganini sezishi mumkin. Albatta, bosh og‘riqlarning bunday tarzda namoyon bo‘lishi bosh miya o‘smalari uchun juda xos. Ammo bosh og‘rig‘ining boshqa turlarida ham, masalan, migren, yiringli frontit, surunkali idiopatik bosh og‘riqlar, venoz entsefalopatiya va arterial gipertenziyada ham bosh og‘riqlar yuqorida bayon qilingan tarzda namoyon bo‘lishi mumkin.
Miya parenximasidan o‘suvchi aksariyat o‘smalar bosh og‘riqsiz namoyon bo‘ladi. Har qanday holatda, hattoki bosh og‘rig‘i ob’ektiv nevrologik simptomlar bilan namoyon bo‘lgan taqdirda ham, KT yoki MRT tekshiruvlarisiz “Bosh miya o‘smasi” deb xulosa chiqarish mumkin emas. Bu og‘ir ruhiy jarohat, ya’ni yatropatiyaga sababchi bo‘lishi mumkin.
Qusish. Bosh miya o‘smalari 70% holatlarda qusish bilan namoyon bo‘ladi. Buni “tserebral qusish” deb atashadi. Chunki u bosh miyadagi qusish markazlari qo‘zg‘alishi hisobiga ro‘y beradi. Qusish bemorning ovqat egan yoki emaganligiga bog‘liq emas. Bu belgi, ayniqsa, bosh og‘rig‘i zo‘raygan paytlari vujudga keladi. Qusish bilan namoyon bo‘luvchi erta sahardagi bosh og‘riqlar bosh miya o‘smalari, ayniqsa, miya qorinchalari va kallaning orqa chuqurchasi o‘smalari uchun xos. Qusish, ko‘pincha, erta saharda och qoringa ko‘ngil aynimasdan to‘satdan ro‘y beradi. Uning sabablarini aniqlash uchun anamnez yig‘ilsa, bemorning ertalab nonushta ham qilmaganligi ma’lum bo‘ladi. Qusish bemor uyg‘ongan zahoti bosh og‘riq bilan birga ro‘y beradi. Ba’zida esa bemor o‘rnidan turib biroz yurgandan keyin boshlanadi. Demak, tongi qusish bosh miya o‘smalari (ayniqsa, kallaning orqa chuqurchasi o‘smasi) uchun xosdir. Bu simptom, ayniqsa, IV qorincha o‘smasida ko‘p uchraydi.
Ko‘ruv nervi diski dimlanishi va atrofiyasi. Bosh miya o‘smalarining deyarli 80% ida ko‘ruv nervi diski dimlanadi. Agar okulist bemorda ushbu belgini aniqlasa, uni nevropatolog yoki neyroxirurg ko‘rigiga yuborishi kerak. Ko‘ruv nervi diski dimlanishi ko‘p hollarda ikkala ko‘zda bir paytda rivojlanadi. Ko‘ruv o‘tkirligi uzoq vaqt pasaymay turadi. Keyinchalik ko‘ruv nervi tolalari atrofiyasi (ikkilamchi atrofiya) sababli ko‘ruv o‘tkirligi pasaya boshlaydi. Bora-bora ko‘ruv nervi tolalari to‘la atrofiyaga uchrab, ikkala ko‘zda ham ko‘rish qobiliyati butunlay yo‘qoladi. Kam hollarda ko‘ruv nervi diskining dimlanishi faqat bitta ko‘zda paydo bo‘ladi.
Ko‘ruv nervi yonida o‘sgan o‘smada esa ko‘ruv nervi diski dimlanmasdan turib atrofiya rivojlanadi. Bunga ko‘ruv nervining birlamchi atrofiyasi deb aytiladi. Ko‘ruv nervi atrofiyasi sababli rivojlangan amavroz qayta tiklanmaydi. Shu bois ko‘ruv nervlari atrofiyasi rivojlanmasdan turib, o‘smani davolashga kirishish kerak. Bir ko‘zda ko‘ruv nervi atrofiyasi, ikkinchi ko‘zda ko‘ruv nervi diski dimlanishi kuzatilsa, bunday holatga Foster-Kennedi sindromi deb aytiladi. Bu sindromning aniqlanishi juda katta diagnostik ahamiyatga ega. Foster-Kennedi sindromida ko‘ruv nervi atrofiyasi o‘sma bor tomonda rivojlanadi, o‘sma yo‘q tomonda esa disk dimlanadi. O‘sma bor tomonda bir tomonlama ekzoftalm ham yuzaga kelishi mumkin. Ko‘ruv nervining birlamchi atrofiyasi, ko‘pincha, turk egari sohasi o‘smasi, ya’ni gipofiz adenomasi yoki kraniofaringiomada kuzatiladi.
Epileptik xurujlar. Bosh miya katta yarim sharlari o‘smalarida, ayniqsa, konveksital joylashgan o‘smalarda fokal epileptik xurujlar ko‘p uchraydi. Meningioma epileptik xurujlar eng ko‘p kuzatiladigan o‘smalar sirasiga kiradi. Agar epileptik xurujlar 40 yoshdan keyin paydo bo‘lsa, bunday bemorda bosh miya o‘smasini izlash kerak. O‘sma sababli rivojlangan epileptik xurujlardan so‘ng monoparez yoki gemiparezlar rivojlanadi. Bu falajliklar biroz vaqtdan so‘ng o‘tib ketadi yoki uzoq vaqtgacha saqlanib qoladi. Idiopatik epilepsiyalarda esa xurujlardan so‘ng falajliklar rivojlanmaydi. Bosh miya o‘smalarida Jekson tipidagi xurujlar ko‘p kuzatiladi va bunday xurujlar topik tashxisni to‘g‘ri aniqlashga yordam beradi. Bunday paytda KT yoki MRT tekshiruvlari o‘tkazilib, o‘sma bor-yo‘qligi aniqlanadi.
Bosh aylanishi. Bu simptom subtentorial o‘smalarda ko‘p uchraydi va ular vestibulyar buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi. Bosh miya katta yarim sharlari o‘smalarida ham bosh aylanishlar kuzatiladi. Chakka bo‘lagida joylashgan o‘smalarda bosh aylanishlar psixosensor buzilishlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi.
O‘choqli nevrologik simptomlar. Sekin rivojlanuvchi o‘choqli nevrologik simptomlar, ya’ni monoparez, gemiparez, afaziya, ataksiya, astaziya-abaziya va shu kabi belgilar bosh miya o‘smalari uchun xosdir. Ular o‘sma bosh miyaning qaysi sohasida o‘sayotganligini ko‘rsatadi. Asta-sekin rivojlanayotgan va zo‘rayib borayotgan nevrologik simptomlar bosh miya o‘smasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Demak, o‘choqli nevrologik simptomlar topik tashxisni aniqlashga ham yordam beradi. Bosh miya o‘smalari uzoq vaqt nevrologik belgilarsiz ham kechadi. Masalan, subdominant yarim shar, peshona bo‘lagining oldingi qismi, ensa bo‘lagi, III qorincha va qadoqsimon tana o‘smalarida nevrologik simptomlar uzoq vaqt aniqlanmaydi. Bunday paytlarda o‘smalar boshqa maqsadda o‘tkazilgan KT yoki MRT tekshiruvlarida tasodifan aniqlanadi. Ammo bu o‘smalarni neyropsixologik tekshiruvlar yordamida aniqlab olish mumkin. Chunki bosh miya o‘smalarida nevrologik simptomlardan oldin ruhiy buzilishlar paydo bo‘lishi ham mumkin.
Ruhiy buzilishlar – bosh miya o‘smalarida eng ko‘p uchraydigan simptomlar. Ular ko‘pincha peshona sohasi o‘smalarida kuzatiladi. Peshona sohasi o‘smalari uchun xulq-atvorning shunday buzilishlari xoski, ular hatto “peshona psixikasi” nomini olgan. Peshona psixikasi xulq-atvor buzilishlaridan iborat bo‘lib, ular asta-sekin namoyon bo‘la boshlaydi. Dastlab bemorning xarakteri o‘zgaradi: bemor o‘ziga va atrofdagilarga befarq bo‘lib qoladi yoki, aksincha, o‘zini agressiv tarzda tutadi. Bemorning o‘z kasalligiga tanqidiy munosabati buziladi, xotirasi pasayadi, fikrlash doirasi torayadi. Unda eyforiya, bo‘lar-bo‘lmasga hazillashishlar va tuturiqsiz gap-so‘zlar paydo bo‘ladi, ustboshiga qaramay qo‘yadi, toza yurmaydi. Ba’zida bemor bir nuqtaga qarab yotaveradi, atrofdagilar bilan ishi bo‘lmaydi. Ba’zida o‘rnidan turib biron-bir ishni boshlamoqchi bo‘ladi-yu, keyin yana kelib o‘rniga yotib oladi.
Keyinchalik bemorning nutqi o‘zgara boshlaydi, ya’ni nutq akineziyasi yoki Brok afaziyasi paydo bo‘ladi. Shuningdek, unda apraksiya ham rivojlanadi, ya’ni maqsadga yo‘naltirilgan har qanday harakatlar noto‘g‘ri bajariladi. Masalan, bemor sigaret chekish uchun gugurt chaqmoqchi bo‘lsa, gugurt cho‘pini og‘ziga soladi, sigaretni esa gurut qutisiga urib chaqmoqchi bo‘ladi yoki tugmalarini noto‘g‘ri qadaydi, soqolini to‘g‘ri olmaydi, sochini taroqning teskari tomoni bilan taraydi, ovqatlanayotganda qoshiqni og‘zigacha keltirmay yoqasiga to‘kib yuboradi, kosaga qoshiqni to‘g‘ri olib bora olmaydi va h.k. Bemorning husnixati buziladi, oddiy qo‘shish-ayirishlarni to‘g‘ri bajara olmaydi, otini yoza olmaydi, geometrik shakllarni chiza olmaydi. Peshona sohasida ruhiy faoliyatni boshqaruvchi va nazorat qiluvchi 3-funktsional blok joylashgan. Shu bois peshona sohasi zararlanishi bir qator oliy ruhiy funktsiyalar buzilishi bilan namoyon bo‘ladi. Og‘ir holatlarda bemor ishtoniga siyib yuboradi yoki hojatga kirsa, u erdan ishtonini kiymay chiqadi. Peshona psixikasi uchun kuchli darajada ifodalangan psixomotor qo‘zg‘alishlar ham xos. Bu buzilishlar ba’zida to‘satdan paydo bo‘ladi va ko‘pincha, o‘smaga qon quyilishlarda ro‘y beradi. Ruhiy buzilishlar kuzatilgan bemor ba’zida adashib, ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqiziladi. Demak, bunday paytda MRT tekshiruvini o‘tkazib, ruhiy buzilishlarning asl sababini aniqlash lozim.
Ruhiy buzilishlar chakka sohasida joylashgan o‘smalarda ham kuzatiladi. Ammo ular peshona sohasi o‘smalaridagi kabi kuchli darajada bo‘lmaydi. Chakka sohasi o‘smasida psixosensor buzilishlar, sensor afaziya, akustik-mnestik afaziya, vegetativ buzilishlar (vegetativ markazlarning po‘stloq qismi) ham kuzatiladi. Ensa sohasi o‘smalarida esa ruhiy buzilishlar kam uchraydi, biroq ko‘ruv agnoziyasi ko‘p kuzatiladi. Ensa-tepa bo‘lagi o‘smasida optik-fazoviy agnoziya shakllanadi: bemor chap-o‘ng, tepa-past munosabatlari farqiga bormaydi, ko‘chaga chiqsa adashib qoladi, qaytib uyini topib kela olmaydi.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan barcha ruhiy buzilishlarni neyropsixologik tekshiruvlar yordamida aniqlab olish mumkin. Bunday tekshiruvlar nafaqat o‘smaning joylashgan joyi, balki oliy ruhiy funktsiyalarning qay darajada buzilganligini ham ko‘rsatib beradi.
Intrakranial gipertenziya va gidrotsefaliya bosh miya o‘smalari uchun juda xos bo‘lgan patologiyalardir. O‘sma bosh miyaning qaysi qismida joylashishidan qat’i nazar, ertami-kechmi IKG rivojlanadi. Biroq uning qay darajada namoyon bo‘lishi o‘smaning likvor yo‘llariga nisbatan joylashgan joyi, hajmi, turi va o‘sish tezligiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Miya parenximasida joylashgan o‘smada avval o‘choqli nevrologik simptomlar paydo bo‘lib, IKG keyinroq rivojlanadi. Miya qorinchalarida joylashgan o‘smada esa IKG erta rivojlanadi va kuchli bosh og‘riqlar bilan kechadi. Subtentorial o‘smalar, ayniqsa, IV qorincha o‘smasida, gipertenzion-gidrotsefal sindrom tez rivojlanadi. Chunki o‘sma Silviy suv yo‘li, Majandi va Lyushko teshiklarini tez yopib qo‘yadi.
Bolalarda IKG uzoq vaqtgacha sezilmaydi. Chunki ularda kalla suyagi hali to‘la qotishmagan va uning chovlari to‘la bitmagan bo‘ladi. Intrakranial gipertenziya kuchaygan sayin kalla suyagi chovlari ochilib, bolaning boshi kattalasha boradi. Bolalarda IKG uzoq vaqt bosh og‘riqlarsiz va ob’ektiv nevrologik simptomlarsiz namoyon bo‘ladi. Bolaning boshi kattalashib borayotganiga qarab ota-ona xavotirga tushib qoladi va uni vrachga olib boradi. Bola MRT tekshiruviga yuborilsa, unda miya qorinchalari va subaraxnoidal sisternalar kengaygan, kalla suyagi yupqalashgan va uning chovlari ochilganligi aniqlanadi. Bu holat, ayniqsa, yosh bolalarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Bunday bolalarda ob’ektiv nevrologik simptomlar hali paydo bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Biroq bolaning uyqusi buzilgan, injiq, lanj, ko‘p yotadigan va kamharakat bo‘lib qoladi. Ba’zida boshi kattalashayotgan bolada raxit bo‘lsa kerak, deb gumon qilinadi va unga raxitga qarshi dorilar berib yuriladi. Vrach boshi kattalashib borayotgan bolada, albatta, MRT tekshiruvini o‘tkazishi va bu holatning asl sababini aniqlashi kerak.
Yurak va nafas olish faoliyati buzilishi bosh miya o‘smalarining, odatda, kech paydo bo‘ladigan simptomlari sirasiga kiradi. Bu simptomlar miya ustunida joylashgan yurak va nafas olish markazlari faoliyati buzilishi sababli ro‘y beradi. O‘sma sababli paydo bo‘lgan IKG yoki o‘smaning o‘zi ushbu markazlarga ta’sir ko‘rsatsa yoki bevosita ularni zararlasa, yurak va nafas olish faoliyati izdan chiqadi. Supratentorial o‘smalarda bu simptomlar kech paydo bo‘ladi, subtentorial o‘smalarda esa ancha erta rivojlanadi. Hayotiy muhim funktsiyalar buzilishi, asosan, taxiaritmiya, bradiaritmiya va bradipnoe bilan namoyon bo‘ladi. Shuningdek, bemorda boshqa kardiovaskulyar va vegetativ buzilishlar vujudga keladi. Ba’zida bunday bemorlar yurak kasalliklari yoki klimakterik sindrom tashxislari bilan davolanib yurishadi. Demak, bunday holatlarda nevrologik tekshiruvlar ham o‘tkazish zarur.
Likvor tekshiruvi. Uzoq yillar mobaynida bosh miya o‘smalarida likvor bosimini aniqlash va likvor tarkibini o‘rganish o‘ta muhim diagnostik amaliyotlardan biri bo‘lgan. Tibbiy amaliyotga zamonaviy neyrovizualizatsiya tekshiruvlari (KT, MRT, PET, MRA) kirib kelishi tufayli bosh miya o‘smasini erta aniqlash imkoni paydo bo‘ldi. Shu bois likvorologik sinamalar juda kam qo‘llaniladi. Likvor tekshiruvi qiyosiy tashxis o‘tkazish maqsadida quyidagi holatlarda o‘tkaziladi: 1) infektsion kasalliklar qo‘zg‘atuvchisini aniqlash; 2) intrakranial gemorragiyani aniqlash; 3) meningoentsefalit va abstsesslarga gumon paydo bo‘lganda; 4) spetsifik infektsiyalarda (sil kasalligi, zahm, OITS).
Bosh miya o‘smalarida likvor bosimi ko‘tariladi, likvor rangsiz va tiniqligicha qoladi, oqsil miqdori oshadi, hujayralar soni esa o‘zgarmay qoladi yoki biroz oshishi mumkin. Bosh miya o‘smalari uchun (xuddi orqa miya o‘smalari kabi) oqsil-hujayra dissotsiatsiyasi xos, ya’ni likvorda oqsil miqdori undagi hujayralar soniga qaraganda ancha oshadi. Chunki likvor aylanishi sustlashsa, undagi oqsillar denaturatsiyaga uchraydi va likvorda oqsil miqdori oshadi. Nerv sistemasining infektsion kasalliklarida esa, aksincha, hujayra-oqsil dissotsiatsiyasi kuzatiladi, ya’ni likvordagi hujayralar soni oqsil miqdoriga qaraganda oshib ketadi.
Bosh miya o‘smalarida LP paytida likvor ninadan katta bosim bilan otilib chiqadi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun nina teshigini mandren bilan yarim bekitib, likvorni juda ehtiyotkorlik bilan olish kerak. Laborator tekshiruvlar uchun 5-7 ml likvor olishning o‘zi etarli. Agar bu qoidalarga amal qilinmasa, likvor bosimi to‘satdan tushib ketib, miya ustuni dislokatsiyasi kuchayishi va hayot uchun o‘ta xavfli vaziyat yuzaga kelishi mumkin. Bu holat, ayniqsa, miyacha o‘smalarida paydo bo‘ladi. LP paytida orqa miyaning subaraxnoidal bo‘shlig‘ida likvor bosimi pasayadi. Buning natijasida miyacha pastga qarab siljiydi va uzunchoq miya katta ensa teshigiga (foramen occipitalis magnum) tiqilib qoladi. Oqibatda uzunchoq miyada joylashgan yurak va nafas olishni boshqaruvchi markazlar faoliyati to‘xtaydi va bemor halok bo‘ladi. Shuning uchun ham subtentorial o‘smalarda LP qilinmaydi. Dislokatsion sindromning har qanday turi LP o‘tkazish uchun monelik qiluvchi holatlardir.
Likvor yo‘llaridan uzoqroqda joylashgan o‘smada (masalan, supratentorial o‘sma) likvor bosimi pasayishi xavfli emas. Chunki likvor bosimi saqlanib qolgan likvor yo‘llari va teshiklari orqali kompensatsiya qilinadi.


Manba:  ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              ©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi 
              ©asab.cc





Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив