KOMA VA ONA MEHRI


Komaga tushgan bemor parvarishi o‘ta murakkab jarayon bo‘lib, oila a’zolaridan juda katta chidam va sabrni talab qiladi. Men uzoq yillar komada yotgan qizini juda katta mehr va umid bilan parvarish qilgan bitta onani yaxshi bilaman (bundaylar ko‘p, albatta). Har gal ushbu xonadonga tashrif buyurganimda, u erdagi ajoyib bir vaziyat meni o‘ziga rom qilardi. Umuman tilsiz va unsiz yotgan bu qizning badani shu qadar toza, sochlari chiroyli qilib o‘rib taralgan, tirnoqlari tekis olingan bo‘lardi. Qizning badani iliq va undan yoqimli hid taralib turardi. Har gal onaning menga umidli ko‘zlari bilan qarashini ko‘rib, ezilib ketardim. U har doim meni kulib kutib olardi. “Zarifboy, uka, oxirgi umidim Sizdan” derdi. Uni yurtimizdagi barcha nevrolog-professorlar ko‘rgan va davolashga urinishgan, biroq kasallik og‘irligi sababli natija bo‘lmagandi. Mening ham qo‘limdan hech narsa kelmasdi. Tibbiyot yuz o‘girgan bu qizdan Ona hali umidini uzmagan edi. 
Ona meni tez-tez chaqirardi, kelib turing, derdi. Men har gal “Endi kelmay qo‘ya qolay, baribir foydasi yo‘q” degim kelardi-yu, biroq qandaydir kuch meni o‘sha xonadonga borishga undardi. Bu kuch – Ona mehri edi. Men bunday Onaga yo‘q deya olmasdim. Uning uchun ushbu xonadonga tinmay borishga tayyor edim. Mening tashriflarim Ona dardini engillashtirardi, biroq har gal men bu xonadondan og‘ir his bilan uyga qaytardim. Chunki men uning qiziga yordam bera olmasligimni bilardim. Oradan bir necha oylar o‘tib, Ona mendan xabar olmay qo‘ydi...


Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
             © asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив