Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi KOMADA TAShXIS QO‘YISh VA DAVOLASh TARTIB-QOIDALARI

KOMADA TAShXIS QO‘YISh VA DAVOLASh TARTIB-QOIDALARI


Likvor tekshiruvi. Koma etiologiyasi va intrakranial gipertenziya darajasini aniqlashda likvor tekshiruvlarini o‘tkazish katta ahamiyatga ega. Lekin buning uchun LP o‘tkazishga monelik qiluvchi holatlar aniqlab olinadi.
Lyumbal punktsiyani o‘tkazishga monelik qiluvchi holatlar:
  1. Orqa kranial chuqurchada joylashgan kasalliklar (subtentorial o‘sma, miyacha gematomasi). Bunday paytda yaqqol ifodalangan nistagm va Bruns sindromi paydo bo‘ladi.
  2. Bosh miyaning kuchli shishi, bo‘kishi va dislokatsion sindrom belgilari. Bunday paytda bemor chuqur komada bo‘ladi, ko‘z olmalari suzib turadi, Gertvig-Majandi va Parino sindromlari paydo bo‘ladi.
  3. Davomli epileptik xurujlar. Avval xurujlarni bartaraf etib, keyin LP qilish mumkin.
  4. Yurak va nafas olish faoliyatining keskin buzilishlari (AQB tushib ketishi, bradiaritmiya, bradinpnoe).
     Yuqorida ko‘rsatilgan holatlar e’tiborga olinmasdan LP qilinsa, miya ustuni pastga siljib katta ensa teshigiga o‘tirishi va bemor to‘satdan o‘lib qolishi mumkin. Miya shishi yaqqol ifodalangan paytda giperosmolyar dorilar va diuretiklar qilib, keyin LP muolajasi o‘tkaziladi.
Aksariyat komalarda likvor bosimi oshib ketadi. Ayniqsa, bosh miya o‘smasi, meningit, abstsess, gemorragik insult va bosh miyaning og‘ir jarohatlarida kuchli likvor gipertenziyasi aniqlanadi. Likvor gipertenziyasi, shuningdek, uremiya, eklampsiya va shunga o‘xshash bir qator toksik-metabolik komalarda ham aniqlanadi. Likvoreya bilan namoyon bo‘ladigan kraniotserebral jarohatlarda esa likvor bosimi pasayadi. Diabetik komada ham likvor bosimi pasayishi mumkin.
Infektsion etiologiyali komalarda likvor rangi loyqalanadi, gemorragik insultda likvor qizg‘ish tusga kiradi. Bosh miya jarohati, qonab turuvchi o‘sma, uremik va eklampsik komalar, paximeningit va subdural gematomalarda likvor rangi ksantoxrom tusda bo‘ladi. Qon elementlarining likvor yo‘llariga sizib o‘tishi bilan namoyon bo‘luvchi har qanday komada likvor rangi ksantoxrom tusga kiradi.
Infektsion etiologiyali komada likvorda hujayra-oqsil dissotsiatsiyasi kuzatilsa, miya o‘smasi oqsil-hujayra dissotsiatsiyasi kuzatiladi. Sil meningitida likvor bosimi biroz oshadi, limfotsitar pleotsitoz kuzatiladi, qand va xloridlar miqdori pasayadi. Probirkada bir necha soat turgan likvor yuzasida yupqa fibrin halqasi paydo bo‘ladi.
Komada topik diagnostika. Ma’lumki, aksariyat komalar gemorragik insult sababli rivojlanadi. Har doim ham patologik o‘choqni aniqlash uchun KT yoki MRT tekshiruvlarini o‘tkazish imkoni bo‘lavermaydi. Shu bois har bir nevropatolog komada yotgan bemorda bosh miyaning qaysi sohasi zararlanganligini nevrologik tekshiruvlar yordamida aniqlay olishi kerak.
Gemorragik insult sababli rivojlangan komada topik tashxis qo‘yish qoidalari.
  • Subaraxnoidal qon quyilishda koma epileptik xurujlar va psixomotor qo‘zg‘alishlar bilan boshlanadi. Meningeal simptomlar kuchli ifodalangan bo‘ladi, pay reflekslari so‘nadi. Falajliklar kuzatilmaydi yoki reflektor gemiparez aniqlanadi.
  • Ventrikulyar gemorragiyada (yon, III va IV qorinchalar) komaning dastlabki soatlaridayoq gormetonik sindrom rivojlanadi, muskullar kontrakturasi shakllanadi, avtomatlashgan harakatlar, patologik reflekslar va himoya reflekslari vujudga keladi. IV qorincha tubiga qon quyilishlar deyarli har doim o‘lim bilan tugaydi.
  • Miya ustuniga qon quyilsa, Gertvig-Majandi, Parino va alternirlashgan sindromlar paydo bo‘ladi, yurak va nafas olish faoliyati keskin buziladi. Korneal reflekslar asimmetrik tarzda pasayadi, bir yoki ikki tomonlama mioz paydo bo‘ladi.
  • Miyachaga qon quyilishlar miyacha, miya ustuni va IV qorincha zararlanishiga xos simptomlar bilan namoyon bo‘ladi. Uning asosiy belgilari – ensa sohasida kuchli bosh og‘riq, o‘tkir bosh aylanishi, qusish va Bruns sindromi, nistagm va boshqa koordinator buzilishlar, barcha muskullar gipotoniyasi. Agar qon miyachaning yuqori oyoqchasi sohasiga quyilsa, Gertvig-Majandi sindromi paydo bo‘ladi. Meningeal simptomlardan ensa mushaklari rigidligi kuchli, Kernig simptomi esa kuchsiz ifodalangan bo‘ladi.
  • Ekstrapiramidal sohalarga qon quyilishida qarama-qarshi tomonda turli xil giperkinezlar (xoreoatetoz, gemiballizm, gemitremor) paydo bo‘ladi, muskullar tonusi plastik tarzda oshadi. Ekstrapiramidal yadrolarga quyilgan qon yon qorinchalarga yorib o‘tishi mumkin. Bunday holatda ventrikulyar gemorragiyaga xos belgilar paydo bo‘ladi va bemorning ahvoli yanada og‘irlashadi.
  • Talamusga qon quyilsa, qarama-qarshi tomonda giperpatik tipda sezgi buzilishi, muskullar kontrakturasi bilan namoyon bo‘luvchi falajlik, avtomatlashgan harakatlar va himoya reflekslari paydo bo‘ladi. Talamus III qorinchaning devorini tashkil qilgani uchun qon ko‘pincha ushbu qorinchaga yorib o‘tadi va bemorning ahvoli yanada og‘irlashadi.
  • Ichki kapsulaga qon quyilsa, medial gematoma shakllanadi, qarama-qarshi tomonda atonik gemiplegiya rivojlanadi, patologik reflekslar, himoya reflekslari va avtomatlashgan harakatlar paydo bo‘ladi. Gematomaning yon qorinchalarga yorib o‘tish xavfi juda yuqori.
  • Peshona sohasiga qon quyilsa, psixomotor qo‘zg‘alishlar, nigoh falaji, ushlab olish fenomeni, gormetonik sindrom, psevdobulbar sindrom, psevdokernig simptomi, operkulyar tutqanoq xurujlari, keskin ifodalangan spastik falajliklar, patologik reflekslarning erta vujudga kelishi, klonuslar va patologik sinkineziyalar paydo bo‘ladi.
  • Parietal sohaga qon quyilishlar qarama-qarshi tomonda gemianesteziya, afferent tipdagi atonik falajliklar, pay reflekslari yo‘qolishi va himoya reflekslarining paydo bo‘lishi bilan namoyon bo‘ladi. Bemorning hushi tiklansa, optik-fazoviy buzilishlar ham aniqlanadi.
  • Ensa bo‘lagiga qon quyilishlar (ko‘pincha posttravmatik gematomalar). Nevrologik simptomlar kam kuzatilganligi sababli komada yotgan bemorda oksipital gemorragiyani aniqlash o‘ta mushkul.
Komani aniqlash va tashxis qo‘yishda yuqorida keltirilgan klinik simptomlardan foydalaniladi. Koma darajasini baholashda esa Glazgo shkalasi ko‘p qo‘llaniladi (18.1-jadval).

                                                                                                                       18.1-jadval
             Koma darajasini baholash bo‘yicha Glazgo shkalasi
Belgilari
Reaktsiyasi
Ball
Ko‘zni ochish    
                 To‘satdan
                Tovushga (ovozga)
                  Og‘riqqa
               Ko‘zini ochmaydi
4
3
2
1



Harakat reaktsiyalari    
Ko‘rsatmalarni to‘g‘ri bajaradi
Nina sanchgan joyni qo‘li bilan himoya qiladi
Nina sanchganda oyoq-qo‘llarini tortib oladi
Nina sanchganda oyoq-qo‘llari tonik yozilib qotib qoladi (detserebrasion rigidlik)
Nina sanchganda oyoq-qo‘llari tonik bukilib qotib qoladi (dekortikasion rigidlik)
Yo‘q
6
5
4

3

2
1
Verbal reaktsiyalar    
Nutq buzilmagan
Nutqi chalkashgan
So‘zlarda bog‘liqlik yo‘q
Uzuq-yuluq nutq tovushlari
Yo‘q
5
4
3
2
1

    


                                                                                                 
                                                                                                               18.2-jadval 
Glazgo shkalasi ko‘rsatkichlari va hush buzilishining an’anaviy atalishi
Glazgo shkalasi bo‘yicha
yig‘ilgan ballar
Hush buzilishining
an’anaviy atalishi
15
              Hushi buzilmagan
13 – 14
               Karaxtlik
9 – 12
Sopor
4 – 8
                          Koma
3
                      Miya o‘limi



Davolash. Hushsiz holatlar bilan bemorlarga yordam ko‘rsatish va davolash tamoyillari insult, meningit, kraniotserebral jarohatlar, epilepsiya va miasteniyalar yoritilgan boblarda keltirilgan.


Manba:  ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              ©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
              ©Z. Ibodullayev. Insult va koma, Toshkent, 2013., 193 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi ©asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив