KRANIOTsEREBRAL JAROHATLARDA DAVOLASh TAMOYILLARI
Nafas yo‘llari o‘tkazuvchanligini ta’minlash. Bu muolaja o‘tkir gipoksiyaning oldini olish uchun o‘tkaziladi. Buning uchun og‘iz bo‘shlig‘i va yuqori nafas yo‘llari zudlik bilan so‘lakdan, shilliqdan tozalanadi va havo o‘tkazgich qo‘yiladi. Hushning yengil buzilishlarida kislorodli niqob yoki nazal kateter orqali kislorod yuboriladi. Hushning og‘ir buzilishlarida esa traxeya intubatsiya qilinadi va sun’iy nafas oldirish sistemasi ulanadi. Bu muolajalardan oldin bo‘yin umurtqalari holati tekshirib ko‘riladi. Ovqat qoldiqlari aspiratsiyasining oldini olish uchun oshqozon nazogastral zond orqali tozalanadi.
Gemodinamikani ta’minlash. Qon yo‘qotish, qusish, AQB tushib ketishi sababli gemodinamika keskin buziladi va miyada total o‘tkir ishemiya rivojlanadi. Buning oldini olish uchun zudlik bilan natriy xloridning fiziologik eritmasi kuniga 1,5–2 l miqdorda venadan tomchilatib qilinadi. Perfuzion bosimni ta’minlash uchun boshqa kolloid eritmalar ham venadan yuboriladi. Biroq glyukozaning fiziologik eritmasi ham, gipertonik eritmasi ham qilinmaydi. Chunki glyukoza metabolizmi sababli ortiqcha suv paydo bo‘lib, (gipergidratatsiya) miya bo‘kishi va shishi kuchayishi mumkin.
AQB keskin tushib ketsa, vazopressorlar qilinadi. Buning uchun 200 mg dopamin natriy xloridning 400 ml fiziologik eritmasiga qo‘shib venadan juda sekin tomchilatib qilinadi. Shuningdek, deksametazon kuniga 8–16 mg yoki prednizolon 120–180 mg venadan tomchilatib yuboriladi. Agar AQB juda ko‘tarilib ketsa β-blokatorlar, AAF ingibitorlari, diuretiklar qilinadi. Biroq AQB ni keskin tushirib yuborishdan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki og‘ir KSJ da tserebrovaskulyar autoregulyatsiya buzilgan bo‘ladi va AQB tushib ketsa, bosh miyada qon aylanishining o‘tkir ishemik buzilishi ro‘y beradi. Bu holat, ayniqsa, gipertoniya va ateroskleroz kasalliklari bilan og‘rigan yoshi kattalarda xavflidir.
Intrakranial gipertenziya, miya shishi va bo‘kishini oldini olish va bartaraf etish tadbirlari. Karovatning bosh qismi 15–30° ga ko‘tariladi. Bu intrakranial bo‘shliqdan venoz qonning oqib chiqishini osonlashtiradi. Bir kunda quyiladigan suyuqliklar miqdori 1,5–2 l dan oshmasligiga e’tibor qaratiladi. Qondagi elektrolitlar miqdorining normal ko‘rsatkichlari va kislota-ishqor muvozanati ta’minlanadi. Tana harorati oshib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Qo‘shimcha infektsiyalar oldi olinadi yoki tugatiladi. Qon tomirlarni kengaytiruvchi dorilar qilinmaydi. AQB nazoratga olinadi. Miya gipoksiyasiga sabab bo‘luvchi omillar bartaraf etiladi. Katta miqdorda sedativ va uxlatuvchi dorilar qilinmaydi.
Osmodiuretiklar. Ular to‘qimalar orasidagi suyuqlikni katta miqdorda qonga o‘tishini ta’minlaydi va buning natijasida miya shishi hamda IKG tezda kamaya boshlaydi. Osmodiuretiklardan, asosan, mannitol qo‘llaniladi. Mannitolning 10–15–20% li tayyor eritmalari 200, 400 va 500 ml flakonlarda ishlab chiqariladi. Uning ta’siri 4–6 soat davom etadi. Bu vaqt o‘tgach dori ushbu dozada qayta qilinishi mumkin. Mannitol kuniga 1 kg tana vazniga 1 g dan venaga tomchilatib qilinadi. Miya shishi va IKG belgilari kamaygach, uning dozasi ham kamaytirib boriladi. Katta miqdorda berilayotgan mannitolni birdan to‘xtatish mumkin emas. Chunki qon tomirlarga o‘tgan suyuqlik yana qaytadan miya parenximasiga sizib o‘tib, miya bo‘kishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Qonning osmolyarlik darajasi ham tekshirib turiladi. Agar mannitolni kamaytira boshlashga qaror qilinsa, uni 1-jadvalda ko‘rsatilgan tartib bo‘yicha amalga oshirish tavsiya etiladi.
1-jadval
Mannitol dozasini kamaytirib borish tartibi
Kunlar | Dozasi, 1 kg tana vazniga | Kuniga necha mahal qilinishi |
1-kun | 0,25 g | 4 |
2-kun | 0,25 g | 3 |
3-kun | 0,25 g | 2 |
4-kun | 0,25 g | 1 |
Keyin butunlay to‘xtatiladi |
Mannitolga qaraganda kuchsizroq osmodiuretik – bu glitserol. Bu dori sekin ta’sir qiladi va uning ta’siri 12 soatgacha davom etadi. Glitserolning 10% li eritmasi 250 ml dan har 2 soatda venaga tomchilatib yuboriladi. Biroq u ko‘pincha ichish uchun beriladi. Buning uchun glitserol 1 kg tana vazniga 0,5–1 g dan meva sharbatiga qo‘shib, kuniga 2–3 mahal ichishga beriladi yoki nazogastral zond orqali yuboriladi.
Boshqa diuretiklar. Asosan, laziks (furosemid) qo‘llaniladi. Laziks kuniga 20–40 mg dan m/i yoki v/i ga qilinadi. Zaruratga qarab uning dozasi oshirilishi mumkin. Keyinchalik yengilroq diuretiklarga o‘tiladi, ya’ni diakarb 250 mg dan kuniga 2–4 mahal beriladi.
Kortikosteroidlar. Asosan, deksametazon qo‘llaniladi. Uning kundalik dozasi miya shishi va IKG darajasiga bog‘liq. Biroz yengil holatlarda deksametazon 8–12 mg dan kuniga 2 mahal yoki 6 mg dan 4 mahal venaga tomchilatib yuboriladi. Deksametazon, ayniqsa, vazogen shishlarni yaxshi bartaraf etadi.
Psixomotor qo‘zg‘alishlar va epileptik xurujlarni bartaraf etish. Kuchli psixomotor qo‘zg‘alishlarni bartaraf etish uchun 20% li 10 ml oksibutirat natriy yoki 0,5% li 1–2 ml galoperidol qilinadi. Psixomotor qo‘zg‘alishlar to‘xtagach bu dorilarni yuborishni, albatta, to‘xtatish lozim. Chunki ortiqcha miqdorda berilgan sedativ dorilar bemorning hushini to‘g‘ri baholash, shakllanayotgan gematomalarni o‘z vaqtida aniqlash va to‘g‘ri tibbiy yordam ko‘rsatishni qiyinlashtiradi. Shuningdek, kuchli sedativ dorilar ta’sirida miya ustunidagi hayotiy muhim markazlar faoliyati susayadi va natijada AQB tushib ketadi, bradikardiya va bradipnoe rivojlanadi. Bu esa bemor hayoti uchun xavflidir.
Epileptik xurujlarni bartaraf etish. Bu maqsadda 0,5% li 2 ml relanium (diazepam, valium, sibazon) venadan qilinadi. Bemor hushida bo‘lsa karbamazepin 200 mg dan 3 mahal ichiriladi yoki kukun holida nazogastral yo‘l orqali ovqatga qo‘shib beriladi.
Og‘riqlarni bartaraf etish muolajalari. Bu maqsadda analgetiklar (analgin, baralgin, morfin) qilinadi.
Antibiotiklar. Antibiotiklar ochiq jarohatlar va likvorreyalarda profilaktik maqsadda beriladi. Yopiq jarohatlarda antibiotiklar tavsiya etilmaydi.
Bemorni ovqatlantirish. Bemor 2-kundan boshlab ovqatlantira boshlanadi. Agar u hushsiz bo‘lsa, ovqat nazogastral zond orqali beriladi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha