Kraniotserebral jarohatlarda bemorlar psixologiyasi
Kraniotserebral jarohatlar (KTsJ ) nafaqat turli darajada ifodalangan nevrologik, balki psixoemotsional buzilishlar bilan ham namoyon bo‘ladi. Psixoemotsional buzilishlar klinikasi va kechishi jarohat turi va og‘irligi, bemorning temperamenti va shaxs xususiyatlariga ko‘p jihatdan bog‘liq.
Kraniotserebral jarohatlar ichida bosh miyaning chayqalishi ko‘p uchraydi. Aynan mana shunday bemorlarda nevrologik buzilishlarga qaraganda, neyropsixologik va psixoemotsional buzilishlar ko‘p kuzatiladi va ular tibbiy-psixologik yordamga muhtoj. Oilaviy mojarolar sababli bosh miyasiga bir necha marotaba jarohat (masalan, ayollarda) olganlar ham shular toifasiga kiradi.
Posttravmatik tserebrasteniya. Tserebrasteniya KTsJ sababli rivojlanadigan eng ko‘p tarqalgan sindromdir. Uning uchrash darajasi haqida aniq bir statistik ma’lumot yo‘q. Chunki tserebrasteniya bilan aksariyat bemorlar vrachga murojaat qilishmaydi va bemordagi tserebrasteniya holatlari aynan u o‘tkazgan bosh miya jarohati bilan bog‘liqligini ko‘rsatib berish ham mushkul. Tserebrasteniya turli xil sub’ektiv simptomlardan iborat. Bular jizzakilik, jahldorlik, sabrsizlik, ruhan tez charchab qolish, parishonxotirlik, uyqu buzilishlari, bosh og‘riqlari va shu kabilar.
Ko‘p hollarda KTsJ dan so‘ng kuchli xavotir va fobiya rivojlanadi. Masalan, avtohalokat sababli jarohatlangan bemor ko‘chaga chiqishdan, piyodalar uchun mo‘ljallangan joydan o‘tishdan va hattoki avtotransportda biror joyga borishdan qo‘rqadi yoki unda o‘lim qo‘rquvi rivojlanadi.
Kraniotserebral jarohatlardan so‘ng apatiya holatlari ham ko‘p uchraydi. Klinik belgilari jihatidan depressiyaga yaqin bu holatni ba’zan to‘g‘ri aniqlash qiyin. Posttravmatik apatiya umumiy karaxtlik, bo‘shashish, atrofdagi voqealarga qiziqish yo‘qolishi, ba’zida xohish-irodaning so‘nishi kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Bemor biror bir ishni boshlab qo‘yib, oxiriga etkazmaydi yoki o‘sha ishi zarur bo‘lsa-da, u bilan shug‘ullanmaydi. Posttravmatik apatiyada diqqat tarqoqligi, eslab qolishning engil buzilishlari ham kuzatiladi.
Posttravmatik psixozlar. KTsJ sababli rivojlanadigan psixozlar o‘tkir va surunkali bo‘lishi mumkin. O‘tkir psixoz, odatda, KTsJ ro‘y bergandan so‘ng 2-5 kun o‘tgach boshlanadi va asosan, miyaning lat eyishi tufayli kuzatiladi. Ayniqsa, bosh miyaning peshona bo‘lagi jarohatlarida psixomotor qo‘zg‘alishlar kuchli ifodalangan bo‘ladi. KT yoki MRT tekshiruvlarida bosh miyaning peshona sohasida lat eyish belgilari yoki gematoma aniqlanadi. Bunday vaziyatda neyroxirurgik amaliyot bajarilishi kerak. Bosh miyaning biror qismi jarohatlanishi hisobiga kuzatiladigan o‘tkir psixozlar, odatda, nevrologik simptomlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi, ya’ni falajliklar, koordinator buzilishlar, bosh miya nervlari zararlanishi simptomlari va h.k. Shuningdek, oliy ruhiy funktsiyalar buzilishi, ya’ni afaziya, apraksiya va agnoziyalar ham kuzatilishi mumkin. Bunday bemorlarning ahvoli og‘ir bo‘lib, ular doimo nazoratda bo‘lishi kerak.
O‘tkir psixozlarda turli darajada ifodalangan hushning buzilishlari kuzatiladi, ya’ni hushning xiralashishidan tortib, to sopor holatigacha. Hush xiralashuvida bemor bilan muloqot buziladi, u savollarga aniq javob bera olmaydi, nutqi uzuq-yuluq va tartibsiz bo‘ladi, ba’zan tinmay gapiraveradi (logorreya). Logorreya, asosan, bosh miyaning chakka sohasi zararlanishi uchun xos. Bizning tajribada bosh miya jarohatining o‘tkir davrida 24 soat tinmay gapirgan bemor bo‘lgan va davolangan. Unga kuchli uxlatuvchi dorilar yuborilgach, uxlab, uyqudan uyg‘ongandan so‘ng yana bir necha soat tinmay gapiravergan. Ushbu bemorda logorreya kasallikning 5-kuni kamaygan. Miyaning zararlanish belgilari kamaygan sayin, logorreya holati ham o‘tib ketadi. Shuning uchun ham bunday paytlarda tinchlantiruvchi dorilar bilan chegaralanib qolmasdan, kasallikning o‘tkir davrida davolash standartida ko‘rsatilgan barcha muolajalar qilinishi kerak.
Ba’zan KTsJ o‘tkazgan bemor darrov uzoq vaqt uyquga ketadi. Bu, albatta, koma emas. Uzoq vaqt uyquga ketish bosh miyaning himoya funktsiyasidir. Bu fenomen to‘la o‘rganilmagan. Ba’zi mutaxassislar bosh miyaning og‘ir jarohatlarini o‘tkazgan bemorlarni uzoq vaqtgacha uxlatib (30-40 kunlab) davolashni tavsiya qilishadi. Ularning fikricha, bunday usul jarohatdan so‘ng kuzatiladigan og‘ir ruhiy o‘zgarishlar, ayniqsa, xotira buzilishini oldini oladi. Odatda, oilaviy bo‘lib avtohalokatga uchragan va oila a’zolari halok bo‘lgan bemorlarga ushbu usulni qo‘llashadi. Buning uchun shifoxonada barcha sharoit yaratilgan bo‘lishi, organizmning hayotiy muhim funktsiyalari faoliyati va yaxshi parvarish ta’minlanishi hamda etika tamoyillariga to‘la rioya qilinishi kerak.
Posttravmatik psixozlar ko‘pincha gallyutsinatsiya, illyuziya, deliriya va agressiv holatlar bilan ham namoyon bo‘ladi. Agressiv xolatlarda bemor jahl ustida o‘ziga va atrofdagilarga qattiq tan jarohati etkazib qo‘yishi mumkin. Psixozning bunday klinik ko‘rinishlarini kuzatgan vrach bemorni albatta psixiatr yoki psixonevrologga ko‘rsatishi zarur. Ba’zan posttravmatik psixozlarda puerilizm kuzatiladi, ya’ni kattalar o‘z yoshiga mos kelmaydigan va bolalik davri uchun xos bo‘lgan qiliqlar qiladi. Puerilizm, ayniqsa, o‘smirlik yoshida KTsJ o‘tkazganlarda aniqlanadi. KTsJ sababli isterik xulq-atvor shakllanadi, ba’zida esa giperseksualizm kuzatiladi. Giperseksualizm peshona bo‘lagi zararlanishi uchun xos.
Mast kishilarda rivojlangan KTsJ ro‘y bersa, psixozlar darajasi va sababini aniqlash biroz qiyin bo‘ladi. Ushbu bemorda psixoz KTsJ tufaylimi yoki o‘ta mastlik sabablimi, bu savolga javob topib bo‘lmay qoladi. Bunday holatlarda “Tez yordam” shifokorlari zudlik bilan KTsJ va bo‘yin umurtqalari jarohatini inkor qilishi kerak.
Korsakov sindromi og‘ir KTsJ sababli rivojlanadigan o‘tkir psixoz bo‘lib, uning klinik belgilari, odatda, bemor hushiga kelgandan so‘ng namoyon bo‘ladi. Bu sindromning asosiy belgisi – eslab qolishning buzilishidir. Bemor bo‘lib o‘tayotgan voqealarni esida saqlab qola olmaydi. Bemor kun, hafta, oy kunlari va o‘zi yotgan joyni eslay olmaydi. Bemor hushida bo‘lib, atrofdagilar bilan muloqoti saqlangan bo‘ladi, biroq o‘z ahvoliga nisbatan tanqidiy qarashi keskin pasayadi. Korsakov sindromi bir necha kundan bir necha oygacha davom etishi mumkin. Bu sindrom, ayniqsa, spirtli ichimliklarni suiiste’mol qiluvchilarda og‘ir kechadi. Korsakov sindromida xotiraning barcha turlari, ayniqsa, eslab qolish bosqichi buzilganligi uchun ham uni xotiraning birlamchi buzilishi deb atashadi.
KTsJ sababli xotira yo‘qolsa, u bir necha oylab, hatto yillab tiklanmasligi mumkin. Tiklanish davri ba’zida bemor umrining oxirigacha davom etadi. Hattoki, xotira tiklanishi kuzatilsa-da, u to‘la bo‘lmasligi mumkin.
Posttravmatik psixozning ba’zi turlarida hissiyot buzilishi ruhiy buzilishdan ustunlik qiladi. Masalan, asossiz ko‘tarinki kayfiyat, ya’ni eyforiya turli ko‘rinishda namoyon bo‘ladi: bemor ko‘p so‘zlaydi, bo‘lib o‘tgan jarohatlarni batafsil gapirib yuradi, qanday omon qolganini bayon qilishni xush ko‘radi. Odatda, eyforiya surunkali psixoz uchun xos. Ba’zan avval saxiy va betakalluf bo‘lgan odam bosh miya jarohatidan so‘ng ziqna va yaqinlariga e’tiborsiz bo‘lib qoladi.
Og‘ir kraniottserebral jarohatlarda, ayniqsa, ochiq jarohatlarda tutqanoq xurujlari yoki kuchli vegetativ paroksizmlar kuzatiladi. Posttravmatik epilepsiya, odatda, KTsJ dan so‘ng bir necha oy yoki yillar o‘tgach rivojlanadi. Ayniqsa, Jekson tipidagi xurujlar ko‘p uchraydi. Tez-tez hushdan ketish bilan kechuvchi tutqanoq xurujlari borib-borib, bemor xulq-avtorini patologik tarzda o‘zgartirib yuboradi.
KTsJ o‘tkazgan bemorlarda “avval ko‘rgan” yoki “hech qachon ko‘rmagan” fenomen rivojlanadi. Bemor o‘zi avval bormagan va ko‘rmagan joyda paydo bo‘lib qolsa, bu erga xuddi ilgari kelgandek, barcha narsalar tanishdek ko‘rinadi. Ba’zida esa avval borgan va bir necha bor ko‘rgan joyiga borsa, bu erda hech qachon bo‘lmagandek, barcha narsa va voqealar notanish tuyuladi. Bu fenomen mexanizmi to‘la o‘rganilmagan. KTsJ o‘tkazganlarda, ayniqsa, peshona va chakka bo‘laklarining ketma-ket ro‘y bergan jarohatlarida keyinchalik dementsiya rivojlanishi ham mumkin.
KTsJ dan so‘ng kuzatiladigan ruhiy buzilishlarning oldini olish uchun avvalambor bemorga kasallikning o‘tkir davridayoq neyropsixologik yordam to‘g‘ri tashkil etilishi zarur. Bunday bemorlar ular uchun ishlab chiqilgan maxsus neyropsixoreabilitatsiya dasturlari asosida neyropsixolog (tibbiy psixolog) nazorati ostida turib davolanishlari zarur.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha